AL-ASMO al-HUSNO (arab. – goʻzal ismlar) — Allohning ismlari boʻlib, mazmunan uning sifatlari, fazilatlarini ifodalaydi. Qurʼonda Allohni shu ismlar bilan yodga olish buyuriladi: «Allohning goʻzal ismlari bordir. Bas, Uni oʻsha ismlar bilan chorlanglar (yod etinglar), Uning ismlarida haqdan ogʻib (nooʻrin joylarda ularni qoʻllaydigan mushrik) kimsalarni tark qilinglar» («Aʼrof» surasi, 180-oyat); «Alloh, deb chorlangiz, yoki Rahmon — Mehribon, deb chorlangiz. Qanday chorlasangizlarda (joizdir). Zero, U zotning goʻzal ismlari bordir» («Al-isro» surasi, 110-oyat). Bu ismlar — 99 ta. Ular musulmon ilohiyotida muhim oʻrin tutadi. Alloh ismlari koʻp duolarda qoʻshib aytiladi. Soʻfiylar oʻz zikrlarida ham bu ismlarni kamolatga erishishning timsoli sifatida ishlatadilar. Allohni va uning ismlarini iloji boricha koʻproq eslab turish taqvodorlik namunasi hisoblanadi. Odatda tasbih donalari soni Alloh ismlari soni bilan tengdir. Al-Asmo Al-Husno al-H. dan duoxonlar tumorlar sifatida foydalanishadi. Musulmon ilohiy adabiyotida Alloh ismlarini talqin qiluvchi risolalar koʻp, ismlar roʻyxati duo toʻplamlaridan joy olgan. Nomlarning aksariyati Abdurahmon, Abdusamad («Allohning quli») kabi eng keng tarqalgan ismlarning tarkibiy qismi hisoblanadi.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые