Xo‘jayev Toshxo‘ja Umarovich

Tarjimai hol

Toshxo‘ja Xo‘jayev 1950-1960 yillarda Hamza nomidagi O‘zbek Davlat akademik drama teatrida rejissyor, bosh rejissyor, 1957-1970 yillarda Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutida pedagog, 1970-1975 yillarda «O‘zbekfilm»da aktyorlar studiyasiga rahbar vazifasida ishlash bilan birga bir qancha filmlarda rollar ijro etgan.

San’atkor ilk bor Molerning «Skapenning nayranglari» asarini, so‘ngra A. Qahhorning «Shohi so‘zana» (A. Ginzburg bilan hamkorlikda), B. Rahmonovning «Yurak sirlari», A. Shteynning «Shaxsiy ish», Oybekning «Qutlug‘ qon» (Instsenirovka muallifi T. Xo‘jayev), E. Vohidovning «Oltin devor», Uyg‘unning «Hurriyat» kabi o‘ttizga yaqin spektakllarni sahnalashtirgan.

«Men Sharif Qayumov, Aleksandr Ginzburg, Toshxo‘ja Xo‘jayev, Shukur Burhonov, Sa’dixon Tabibullayev kabi ustoz san’atkorlardan ko‘p narsa o‘rganganman»,- deydi O‘zbekiston xalq artisti To‘lqin Tojiyev buyuk san’atkor haqida xotirlarkan.

Toshxo‘ja Xo‘jayev faqat Hamza teatridagina emas, balki respublikamizning turli teatrlarida hamda chet el mamlakatlarida bir necha spektakllarni sahnalashtirgan.

U M. Gorkiy nomidagi Toshkent Davlat rus akademik drama teatrida Nozim Hikmatning «Bayramning birinchi kuni», Muqimiy nomidagi musiqali drama va komediya teatrida A. Bobojonning «G‘azal fojiasi» va boshqa spektakllarni sahnaga qo‘ygan. T. Xo‘jayev Ch. Aytmatovning «Sarviqomat dilbarim» asarini Tatariston teatrida muvaffaqiyatli sahnalashtirgani uchun 1966 yilda Abdulla To‘qay nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

T. Xo‘jayev o‘zi sahnaga qo‘ygan bir necha spektakllarda qator obrazlar yaratgan, rejissyorlik va aktyorlikni pedagogik faoliyat bilan baqamti olib borgan iste’dodli san’atkordir. U ko‘p yillar Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutida pedagoglik qilib, iste’dodli teatr va kino aktyorlarini tarbiyalab voyaga yetkazdi.

Taniqli rejissyor, aktyor va pedagog Toshxo‘ja Xo‘jayev ijodiy faoliyati «O‘zbekiston xalq artisti» (1959) faxriy unvoni va O‘zbekiston Davlat mukofoti (1970) bilan taqdirlangan. U 1975 yilda Toshkent shahrida vafot etgan.

Toshxo‘ja Xo‘jayev Hamza nomidagi va boshqa qator teatrlar sahnasida «Yurak sirlari», «Qutlug‘ qon», «Oltin devor», «Yo‘lchi yulduz», «Sarviqomat dilbarim» kabi spektakllarni mohirona sahnalashtirgan iqtidorli teatr rejissyori sifatida o‘zbek teatri tarixida munosib o‘ringa ega.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x