MALOMATIYLAR (arab. – taʼna axli, taʼnaga qoluvchilar) — sufiylik tarikatlaridan birining tarafdorlari. Malomatiylar taʼlimotining asosiy qoidalarini Hamdun alkassor (884-y. v. e.) ishlab chiqqan. Al-Muhosibiy (857-y. v. e.), Boyazid Bistomiy va Saxl at-Tustariy (taxm. 818—896) kabi Iroq zohidlarining qarashlari mazkur taʼlimotning shakllanishida muhim rol oʻynagan. Malomatiylar harakati umuman yagona tashkiliy tuzilmaga ega boʻlmay, mustaqil mahalliy toʻgaraklar shaklida edi. Dastlab Nishopurda yuzaga kelib, gʻarbga — Iroq va Suriyaga, sharqqa — Movaro-unnahr va Turkistonga tarqalgan. Malomatiylar fikricha, sufiy ezgu amallarini boshqalarga oshkor etmasligi, ular maqtovga emas, balki zarur boʻlsa, taʼnamalomatga ham sabab boʻladigan xatti-harakat qilishi, oʻziga nisbatan gʻazabnafrat uygʻotadigan tarzda hayot kechirishi ayb sanalmaydi. Bu yoʻldan borgan sufiylar odamlar orasida be-odobligi, xunuk qiliqlari, oʻzini yomon tutishi bilan malomat orttirib yurgan. Tariqatning nomi shundan olingan. Malomatiylar ayrim ruhoniylarning oʻz taqvodorligini boshqalarga pesh qilib, ibodat va marosimlarni yuzaki, namoyishkorona bajo etishiga eʼtiroz bildirishgan. Vaqt oʻtishi bilan Malomatiylar tariqati yoʻqolib, uning tarafdorlari qolmadi. Bu taʼlimotning baʼzi jihatlari naqshbandiylik tariqatida namoyon boʻlgan.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые