MAKSVELL TENGLAMALARI — makroskopik elektrodinamikaning ixtiyoriy muhitda sodir boʻlayotgan elektromagnit hodisalarni ifodalaydigan asosiy tenglamalari. Maksvell tenglamalari, odatda, integral koʻrinishda yoziladi, ammo differensial tenglamalar koʻrinishida ham yozilishi mumkin. 19-a. 60-y. larida J. K. Maksvell elektr va magnit maydonlar haqidagi Maksvell tenglamalari Faradey gʻoyalariga asoslangan holda tajriba yoʻli bilan aniqlangan qonunlarni umumlashtirib, ixtiyoriy zaryadlar va toklar tizimi hosil qiluvchi elektromagnit maydonning tugallangan nazariyasini yaratdi. Maksvell nazariyasi klassik fizikaning rivojlanishiga qoʻshilgan ulkan hissa boʻldi. Mexanikada Nyuton qonunlari qanday ahamiyatli boʻlsa, makroskopik elektrodinamikada Maksvell tenglamalari ham shunday ahamiyatlidir. Maksvell tenglamalarining birinchisi Faradeyning elektromagnit induksiya krnunining matematik ifodalanishidan iborat.
Maksvell tenglamalarining ikkinchisi J. B. Bio, F. Sa-var, P. Laplasning tajribalarga tayanib yaratgan magnit maydonni tokli oʻtkazgichlar yaratishi haqidagi qonunini umumlashtirish asosida olingan. Mas, ixtiyoriy berk kontur boʻyicha magnit maydon induksiyasi vektorining sirkulyatsiyasi shu kontur oʻrab olgan yuzadan oʻtuvchi hamma toklarning algebraik yigʻindisiga teng.
Maksvell magnit maydonni faqat oʻtkazgichdan oʻtayotgan toklar hosil qilibgina qolmay, balki uni har qanday muhitda vujudga kelgan oʻzgaruvchan elektr maydoni ham hosil qilishi haqidagi gipotezani ilgari suradi. Bu gipoteza tajribalar orqali toʻla tasdiklangan.