Kalamush poygasi – bu cheksiz davom etadigan, kishini holdan toydiradigan ma’nosiz harakat. Ibora odamlarga nisbatan ishlatilganda kichik va arzimas manfaatga yetishish uchun mashaqqatli harakat qilishni anglatadi.
Zamonaviy dunyoda bu poyga kam miqdordagi oylik maosh uchun ertayu-kech tinim bilmay ko’p mehnat qilish ma’nosida ishlatilishi mumkin. Kalamush poygasida yutib chiqishning iloji yo’q. Faqat poygani tashlab, undan chiqib ketganlargina muvaffaqiyatga erisha olishadi.
Kalamush poygasi haqida YouTubeda juda ajoyib video bor ekan. Videoda zamonaviy dunyoning baxt uchun kurashi, moliyaviy erkinlik uchun ma’nosiz harakat yorqin tasvirlangan.
O’zim bir necha yil oldin kalamush poygasining sodiq ishtirokchilaridan bo’lganman. Hatto poygaga o’zimni bag’ishlagan, hayotimning mazmuni shu poyga ekanligiga ishongan vaqtlarim ham bo’lgan. Poygadan chiqib keta olganimdan keyingina uning qanchalar ma’nosiz bo’lganini, aslida shuncha vaqt faqat zararimga harakat qilganimni tushunganman.
Kalamush poygasi qanday boshlanadi?
Kimdir ilojsizlikdan, yana kimdir esa yetarli bilimga ega emasligidan arzonga ko’p ishlashni tanlashadi. Imkonsizligi sababli kam haq evaziga bo’lsa ham ko’p mehnat qiladiganlar haqida hech narsa deya olmayman. Yaqin kishisi bemor bo’lganligi sababli davolanish uchun pul kerak bo’lganlar bor, yaxshi niyatiga erishish umidida qo’lidan kelganicha harakat qilayotganlar bor. Imkonsizlik ayb emasligi sababli ushbu maqolada faqat bilimsizlik sababli, chiqib ketishga imkoni bo’la turib yetarlicha tushunchaga ega emasligi sababidan poygada qatnashayotganlarga ma’lumot bermoqchiman.
Kalamush poygasida ishtirok etish real hayot haqida yetarlicha haqiqatlarni bilmaslikdan boshlanadi. Hayot – bu o’yin. Uning qoidalari ba’zan qoidadan tashqarida o’ynashdek bo’lib ko’rinadi. Ammo ko’pincha “qoida asosida o’ynash” – bu qoidalarni yaxshi bilmaslik va aldanib yashash hisoblanadi. Keling, sizga o’zim bilgan hayotning ba’zi achchiq haqiqatlarini aytib o’taman.
Mehnatning tagi – mehnat!
Bizga yoshligimizdan mehnat qilish, tinimsiz ter to’kish kerakligi haqida o’rgatishgan. Aytishlaricha, mehnatning tagi rohat emish. To’g’ri, mehnatsiz nimagadir erishish qiyin. Lekin ko’pincha mehnatning o’zi yetarli emas. Faqat mehnat qilgan, ammo faoliyatiga bir oz tadbirkorlik, bir oz ayyorlik, bir oz keng fikrlilik va yana boshqa zaruriy xususiyatlarni qo’sha olmaganlar butun umr mehnat qilib, uning rohatiga erisha olmay o’tishadi. Bu haqiqatdan yaxshi xabardorlar esa, yetarli darajada mehnatni qilib bo’lishganidan so’ng hayotlarining keyingi bosqichlarida “ishlamagan tishlaydi” usulida rohat ko’rishadi. Shunday ekan, faqat mehnat qilish emas, kallani ham ishlatish kerak!
Professor emas, etikdo’z bo’lgan afzal
Hamma farzandini maktabda a’lo baholarga o’qishini xohlaydi. Ota-onalar nazdida akademik jihatdan ilg’or bilimga ega bo’lish bola hayotidagi moliyaviy muvaffaqiyatning yagona sharti hisoblanadi. Ammo real hayot bunday emas. Ko’pincha inson moliyaviy mustaqillikka ilmiy salohiyati sababli emas, yaxshi kasbiy ko’nikmasi sababli erishadi. Bu bilan maktabda yomon baholarga o’qish kerak, yoki umuman o’qimasa ham bo’laveradi, demoqchi emasman. Yaxshi o’qish juda kamdan-kam holatlardagina kishini boy qila oladi. Ko’p olimlar, professorlar, ilm-fan yulduzlarini kalamush poygasida aziyat chekayotgan holda ko’ramiz. Nimaga uchun? Chunki ilmning yolg’iz o’zi tadbirlik harakatsiz hech qanday amaliy natija bera olmaydi. Real hayotdagi jamiyatda professorlarga nisbatan oddiy etikdo’zlar moliyaviy jiyatdan yaxshiroq ta’minlanganini ko’rishimiz mumkin. “Avval iqtisod, keyin siyosat” deyishgani shu bo’lsa ajab emas.
Kamroq sarflash emas, ko’proq topish muhim
Tejamkorlik yaxshi. Ammo gap moliyaviy mustaqillikka erishish, kalamush poygasidan chiqib ketish haqida ketganda kamroq sarflash, mavjud mablag’ni tejashga harakat qilish orqali hech narsaga erishib bo’lmaydi. E’tiborni tejashga emas, ko’proq topishga qaratish kerak. Sizdan ketayotganiga hech ham parvo qilmang. Qo’lingizda borini ushlab qolishga emas, ko’proq kirim qilishga intilishingiz kerak. Siz topayotgan mablag’ tejamasdan ishlatgandagi ehtiyojlaringizdan ortib qolish darajasida bo’lishi zarur.
Qoidalar ularni buzish uchun o’ylab topilgan
Qonun himoyachilarining o’zlari qonunni buzishlariga, tartib-qoidalar haqida ko’p gapiradiganlar aslida parda ortida o’z gaplariga butkul teskari ishlar qilishiga ko’p guvoh bo’lganmiz. Kishi hayotda ba’zan chizilgan chiziqdan chiqib turishni ham bilishi kerak. Har doim qoidalar asosida o’ynayman desangiz, yutqizib qo’yasiz. Qoidalar mo’min-qobil yuvvoshlarni bir chetda ushlab turib, asosiy raqiblar sonini cheklab turish uchun o’ylab topilgan. Hayotda har xil balandparvoz chiroyli gaplarga ishonavermang. Unutmang, har qanday chiroyli tovlanadigan tovus dumining tagida, oddiy tovuqning quyrug’i yashiringan bo’ladi. Hech kim farishta emas. Ishinigizni yaxshi bilib qiling, maqsadingizga erishish yo’lida aql ishlatib harakatda bo’ling. Qo’lga tushmadingizmi, demak siz aybdor emassiz (juda ko’pchilik boshqalar singari)!
Poygadan chiqishning asosi nima?
“Azizim, shoirona gaplarga kiyim qilib bo’lmaydi, shoirona gaplarga osh pishmaydi. Pul kerak, pul! Tilni sayratadigan ham, dilni yayratadigan ham, oilaga totuvlik, maza kirgizadigan ham, gina-kudrat, janjal, g’alvani kushandasiyam pul! Pul topishni yo’llarini axtarish kerak. Pul, pul, pul!!!” (“Parvona” spetaklidan)
Kalamush poygasining asosiy maqsadi pul topish. Har kuni millionlab odamlar tongga uyqularidan kechib sariq chaqa ishlab topish uchun, mazmunsiz va foydasiz kalamush poygasiga kirishishadi. Agar siz ham shu poygaga aralashib qolgan bo’lsangiz, umringizni o’tkazib yuborishdan oldin ko’proq pul topish yo’llarini qilib tezroq poygadan chiqib ketishingiz kerak. Ishoning, faqat kunlik xarajatlaringiznigina qoplaydigan oylik miqdoricha pulni boshqa usulda, o’zingizni har kunlik qiynashlarsiz ham topishingiz mumkin.
Jazavaga berilmang, kam oylikka bo’lsa ham ishlab turmasam ochimdan o’lib qolaman, deb o’ylamang! Mayli bir-ikki oy qiynalarsiz, lekin shoshmasdan aqlni ishlating. Uzoq yillarga tatiydigan kuchli rejalar tuzing. Hozirgidan bir necha o’n barobar ko’proq pulni ishlab topish uchun nimalar qila olishingizni, nimalar qilishingiz kerakligini o’ylab ko’ring.
Siz kalamush poygasidan chiqib keta olasiz. Bir marta beriladigan bu hayotda siz poygadan yuqorisiz. O’zingizga ishoning. Kimligingizni eslang!
Manba: Azamat.uz