Qadimda zamonaviy kosmetologiyaning botoks, fotoyoshartirish, teri mezoterapiyasi, lifting kabi muolajalari bo’lmasa ham ayollar hamisha sohibjamol va maftunkor ko’rinishga ega bo’lishgan. Bu borada ularga zaytun moyi yordamga kelgan.
Kleopatrani kashf etgan go’zallik
Misr malikasi Kleopatraning husnu jozibasi hanuzgacha go’zallikka oshno qalb sohiblari tillarida doston bo’lib kelmoqda. Uning dilbarlikda tengsizligi va sarvqomati siri bilan qiziqqan olimlarning aytishicha, sohibjamol malika bo’ynida osib yuradigan marjon shodalari orasida kichik shisha idishchada zaytun moyi olib yurgani haqida qadimgi bitiklarda qayd etilgan. Qadimgi misrliklar ham bu moydan keng foydalangan. Xususan, zaytun yog’i yordamida teri, sochni parvarish qilishgan. Asrlar davomida yig’ilgan ushbu go’zallik usullari o’ta maxfiy saqlangan va faqat zodagon tabaqa vakillariga xos bo’lgan.
Sochlari sumbul malak
Agar sochlaringiz quruq va nursiz bo’lsa, issiqqina zaytun moyini soch ildizlariga surting va aylanma harakatlar bilan engil uqalang. Vitaminlar yaxshi singib, soch ildizlari mustahkamlanishi uchun sochlaringizni yig’ib, boshga polietilen xalta kiyib, so’ng yumshoq sochiq bilan o’rab qo’ying. Niqobni 1-1,5 soatdan so’ng, shampunda bosh terisiga yoqadigan iliq suvda yuvib tashlashingiz mumkin. Muolajadan tez-tez foydalansangiz, soch to’kilishining oldini olasiz va tez orada uzun, jilokor va mustahkam sog’lom sochlar sohibasiga aylanasiz.
Muntazam ravishda foydalanadigan soch balzami hamda shampuningizga zaytun moyidan qo’shing (500 ml miqdoriga 2 osh qoshiqda zaytun moyi).
Yuzimga qarang, olmadek tarang
Ayol lobarligining asosiy belgilaridan biri — sog’lom va silliq yuz terisidir. Har kungi nonushtada zaytun mevasi yoki zaytun yog’i bilan sedana qo’shib iste’mol qilishni odat qilsangiz, tez orada bunga osongina erishasiz.
1 osh qoshiq zaytun yog’iga, 3 osh qoshiq miqdordagi suv aralashtiring va 5-6 dona uzum mevasidan solib, past olovda dimlang. So’ng uzumni ezib, bo’tqasini yuzingizga surting. 15-20 daqiqa o’tgach, yuqoridagi zaytunli qaynatmaga botirilgan tampon (paxta) yordamida yuzdagi niqobni artib oling. Bu niqob teridagi chuqur ajinlarni silliqlab, mimik ajinlar tushishining oldini oladi.
Shuningdek, iliq sutga 4-5 tomchi zaytun moyidan tomizing va maxsus pardoz diski yoki paxta yordamida toza yuz, bo’yin, qo’l terisi sohalarini artib chiqing. Muolaja terining namlik darajasini oshirib, teri osti qavatidagi kichik kapillyar tomirlaridagi qon aylanishini yaxshilaydi, yuz tarangligini oshirib, etarlicha vitaminlar bilan to’yintiradi.
Kamon qoshlar, uzun kipriklarga ega bo’lay desangiz
Bunda sizga kipriklar uchun mo’ljallangan eski tush yoki tish cho’tkasi qo’l keladi. Uyquga ketishdan oldin har kuni kiprik va qoshlaringizga shifobaxsh moydan surtishni kanda qilmang. Shunda to’kilishga moyil va siyraklashgan qosh hamda kipriklar salomatligini saqlab qolasiz.
Go’zal va betakror bo’lish uchun ozroq qunt, vaqt topsangiz bo’lgani. Qolganiga tabiat in’omlari ko’makka keladi.
loading…