ATTILA

ATTILA Mundsuk oʻgʻli (Esela, Otilaxon, Etilli; laqabi — «Xudoning gʻazabi») (? — mil. 453) — gunnlar podshohi. Mil. 433-y. amakisi Rutila vafot etgach, birodari Bleda (Bilada) bilan birga taxtga oʻtirgan; lekin 445-y. Bledani qatl etib, hokimiyatni yakka boshqargan. Attila oʻzining zafarli yurishlari bilan saltanat hududini nihoyatda kengaytirgan. Attila davlati Sharkda — Kavkaz, Gʻarbda — Reyn daryosi, Shim. da — Daniya o. lari, Jan. da — Dunay daryosining oʻng sohilini qamrab olgandi. Attila qudratli hukmdor boʻlgan, shu tufayli koʻpgina xalqlar unga oʻz ixtiyorlari bilan boʻysoʻnganlar. Attila xalqlarning kuchli ittifoqini tashkil qilib, uning tarkibiga: ostgotlar, gepidlar, tyuringiyaliklar, gerullar, rugiylar, xazarlar va b. ni kiritgan. Attilaning qarorgohi Vengriyaning shim. dagi Tokay mavzeida boʻlgan. Attila dastlab Dunayning quyi oqimidagi soʻl qirgʻoq yerlarni oʻz hokimiyatiga boʻysundirgan. Miziya, Frakiya, Illirikani talon-taroj qilib, to Konstantinopolga qadar yetib borgan va Vizantiya imperatorini juda katta toʻlovlar toʻlashga (447) majbur etgan. 450-y. A. 500 ming kishilik qoʻshin toʻplab gʻarbga yurish qilgan. A. Germaniyadagi Reyn daryosidan oʻtib Trir, Mes, Arras va b. shaharlarni vayron qilgan. Orlean sh. ni qamal qilganda shaharga yordamga Gʻarbiy Rim imperatori Valentinian III ning sarkardasi Aesiy va vestgotlar podshohi Teodorix yetib kelgan. Attila qamalni boʻshatib 451-y. kuzda Trua sh. yaqinidagi Katalaun maydoniga kelib joylashadi. Mana shu maydonda xalqlarning buyuk jangi sodir boʻlgan (q. Katalaun jangi). A. kuchi bu jangdan soʻng ancha zaiflashgani tufayli oldinga qarab yurishni davom ettirmay, Reyn ortiga, Germaniyaga qaytadi. 452-y. u yangidan safar uyushtirib, Sharqiy Alp togʻlari orqali Italiyaga bostirib kirib Akvileyani vayron qiladi, Altinum, Paduya, Milan va b. koʻpgina shaharlarni egallagan; Rim va butun Italiya xavf ostida qoladi; lekin Attila oʻzining zafarli yurishini tuxtatib sulh bitimi tuzadi. Attila 453-y. Pannoniyaga qaytib kelib, shu yerda vafot etgan. Attilaning vafoti bilan gunnlarning jahonshumul davlatining qudrati singan; uning oʻgʻli Ernak davrida, Netad daryosi (Pannoniyada) boʻyidagi jangda german va skif qabilalari oʻz mustaqilliklarini qaytarib olganlar. Gunnlar barpo etgan davlat parchalanib ketgan. Attila haqidagi koʻplab qoʻshiq va rivoyatlar uzoq vaqtlargacha saqlanib qolgan.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x