BILYARD, billiard (frans. billard; bille — shar) — gorizontal yuzasiga movut qoplangan toʻgʻri toʻrtburchak stol, shuningdek shu stolda oʻynaladigan oʻyin. B. Hindiston va Xitoyda kelib chiqqan; 16—18-a. da Yevropa (Fransiya) da tarqaldi. Bilyard stolining toʻrt burchagi va ikki yonining oʻrtasi teshik boʻlib, teshiklarga toʻr xaltacha osilgan. Bilyard oʻyinida fil suyagidan yoki mastikadan qilingan shar (diametri 61—61,5 mm) pishiq yogʻochdan yasalgan tayoqcha — kiy (uzunligi 140—150 sm) bilan urib teshikka tushiriladi. Ikki yoki toʻrt kishi tarafmataraf boʻlib oʻynaydi. Hoz. vaqtda «amerikanka», «moskvacha», «piramida», «snuker» oʻyinlari keng rasm boʻlgan.
Oʻzbekistonda 1989-y. B. sporti federatsiyasi tuzilgan. Oʻzbekiston chempionligi va kubogi uchun musobaqalar muntazam oʻtkaziladi. Bu musobaqalarda Rustam Usmonov bir necha bor gʻolib chiqqan. Oʻzbekistonlik Dmitriy Xan (marhum) Vengriyada oʻtkazilgan musobaqada jahon chempioni unvoniga sazovor boʻlgan (1996). Bilyard chilarimiz 1998-y. Bangkok (Tailand)da boʻlib oʻtgan Osiyo oʻyinlarida qatnashishdi.