SAFAVIYA — sufiydarvishlik tariqati. 13-a. oxirida Eron Ozarbayjonida paydo boʻlgan. Asoschisi — shayx Safiuddin Isʼhoq (1252—1334). Safaviya dastlab oʻz tarafdorlarini hukmdorlarning jabrzulmlaridan himoya qiladigan diniy jamoa sifatida shakllangan.
15-a. da Safaviya rahbarlari Ardabil hukmdorlariga, Safaviya esa ular hokimiyatining tayanchiga aylandi. Qizilboshlilar S. shayxlarining harbiy tayanchi boʻlgan. Safaviya tarafdorlari shialikdan mafkuraviy qurol sifatida foydalangan. 1499-y. Ismoil I (1487— 1524) boshchiligida Safaviya tarafdorlarining Oq qoʻyunli davlatiga qarshi harakatlari gʻalaba qilgandan soʻng safaviylar davlati (1502—1736) tashkil topdi, shialik bu davlatning rasmiy dini deb eʼlon qilindi. Safaviylar davlati tarkibiga Ozarbayjon, Armanistonning bir qismi, Eron, hoz. Afgʻoniston (Balx viloyatidan tashqari), Iroq Arabistoni (vaqtvaqti b-n) va b. hududlar kirgan edi. Bu davlat Usmonli turk imperiyasi va oʻzbek xonlari bilan uzluksiz urush olib borgan.