SARATONLAR, jizildoqlar, sikadalar (Cicadinea) — tengqanotlilar turkumiga mansub hasharotlar kenja turkumi. 17 ming turi maʼlum. Oʻzbekistonning Fargʻona vodiysida 342 turi aniklangan (G. K. Dubovskiy, 1966). Gʻoʻza, beda, mevali daraxtlar, oʻrmon daraxtlari va b. ga zarar keltiradigan oʻnlab turlari bor. S. juda serharakat. Tanasi uz. 25—50 mm, boshi koʻkrak qismiga harakatsiz birikkan. Murakkab koʻzlaridan boshqa yana 2—3 ta oddiy koʻzi ham bor. Qanotlari birbiriga taxlanib yopiladi; oldingi juft qanotlari orqa qanotlarga nisbatan qalinroq. Moʻylovli va panjasi uch boʻgʻimli. Lichinkalik davri 5 yoshdan iborat, tuprokda yashab, oʻsimlik ildizlari bilan ovqatlanadi, koʻpchilik turlari bir yilda 1—2 avlod beradi. Rivojlanish sikli 4 yil [gʻoʻza saratoni (S. ochreata Mel.)], baʼzilariniki 17 yil (kuylovchi saraton) davom etadi. Daraxt, buta, oʻsimliklarning barg shirasini soʻrib zarar keltiradi. Ayrim turlari oʻsimlik poyasiga tuxum qoʻyish (100—200 dona) davrida uning oʻtkazuvchi naylarini tilib shikastlaydi. Natijada oʻsimlikning ayrim qismlari nobud boʻladi. Saratonlarning koʻp turlari har xil virusli kasalliklarni tarqatishi mumkin. 10 dan ortiq turi gʻoʻzaga zarar yetkazadi. Ayniqsa, sariq jizildoq xavfli.
Kurash choralari: zararkunanda lichinkalari ulgʻayadigan makon (yantoqzor, qizilmiya chakalaklari)ni yoʻq qilish, ekinlarga zaharli dustlar, insektitsidlar bilan ishlov berish.