SHASHKA (arab. — naqsh tosh; ing. draught — reja) — sport turi. Oʻyindan maqsad raqib donalarini tugatish yoki ularni yura olmaydigan holatga tushirish. Ikki xil (oq va qora) rangdan teng katakli taxta (sath)da ikki xil rangdagi donalarda oʻynaladi. Shashkaning taxtadagi kataklar, donalar soni va oʻyin qoidalariga qarab turli xillari bor. Ular ichida eng keng tarqalgani rus, ingliz, nemis, ispan Shashkasi (64 xonali taxta, 12 tadan dona), xalqaro Shashka (100 katakli taxta, 20 tadan dona), Kanada Sh. si (144 xonali taxta, 30 tadan dona) dir. Shashkada donalar diagonal boʻyicha qora kataklar boʻylab oldinga bir katak suriladi. Rakib donalarini oldinga va orqaga urish mumkin. Gorizontal soʻnggi qatoriga chiqqan dona damka hisoblanadi. Damka taxta boʻylab istalgan masofaga yura oladi.
Shashka mil. av. 2700-yilda Misrda maʼlum boʻlgan. qadimiy Rim va Yunonistonda ham Shashkaga oid maʼlumotlar saqlanib qolgan. Yunon mutafakkirlari Gomer va Platon oʻz asarlarida Shashkaga oʻrin berishgan. Gerodotning yozishicha, Lidiya shohligida ekin bitmay ocharchilik boʻlganda, odamlar Shashka oʻynab ochlik azobini unutganlar. Aleksandr (Iskandar) Maqduniy va Rim imperiyasi davrida Sh. Yevropa, Osiyo va Afrikaning boshqa davlatlariga tarqalgan. Shashka toʻgʻrisidagi ilk kitob 15-asrda Ispaniyada yozilgan. 18-asrda Buyuk Britaniyada chop etilgan kitoblarda Shashka haqida keng maʼlumotlar berilgan. 19-asrdan Yevropa mamlakatlarida Shashka musobaqalari oʻtkazila boshlandi. 1894-yildan xalqaro Shashka boʻyicha erkaklar (1974-yildan ayollar) oʻrtasida jahon chempionati uyushtiriladi. 1947-yilda Jahon Shashka federatsiyasi (FMJD) tuzildi. Unga 52 ta davlat (Oʻzbekiston 1993-yildan) aʼzo (2004). 1985-yildan 64 katakli Shashka boʻyicha jahon chempionati tashkil qilindi. Xalqaro Shashka boʻyicha 1986-yildan olimpiada, 2001-yildan jahon kubogi musobaqalari oʻtkaziladi.
Oʻzbekistonda Shashka qadimdan oʻynalgan. 64 katakli Shashka boʻyicha 1934-yildan erkaklar (1936-yildan ayollar) oʻrtasida, xalqaro Shashka boʻiicha 1954-yildan erkaklar (1971-yildan ayollar) oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati oʻtkazib kelinadi. Shuningdek, turli toifadagi musobaqalar uyushtiriladi. Sharifjon Yoqubov, Sergey Davidov, Sergey Gulyayev, Ozoda Ahmedova, Karima Mirzayeva, Zaynab Safina kabi Shashka chilar bu oʻyinning ommalashishiga hissa qoʻshishdi. Nikolay Mishchanskiy olimpiada (1986) va Osiyo chempionati (1993) ning oltin, jahon chempionatining kumush (1996) va bronza (2000) medallari bilan takdirlangan. Markiel Fozilov ikki bor jahon chempionatida gʻolib chiqqan (1992, 2000). Alisher Ortiqov Osiyo chempionatining oltin, Madina Bahronova bronza medaliga sazovor boʻlgan (2002). Shashka musobaqalarida koʻrsatgan yuqori natijalari uchun N. Mishchanskiy, M. Fozilov, A. Ortiqovga xalqaro grossmeyster, Abduqodir Toshtemirovga grossmeyster unvoni berilgan. Hoz. vaqtda Toshkent, Samarqand, Andijon, Fargʻona, Sirdaryo viloyatlaridagi bolalaroʻsmirlar sport maktablarida Shashka boʻlimlari faoliyat koʻrsatyapti. Respublikadagi 65 ta Shashka boʻlimi va toʻtaraklarida 27 murabbiy qoʻl ostida 874 kishi (229 tasi ayol) Shashka bilan shugʻullanadi. Ulardan 245 nafari Shashka darajasi va unvonlariga ega (2003).
Ad.: Boruxov S, Xeyf L., Shashka sirlari, T., 1967.