SHAXSIY GIGIYENA — gigiyenaning bir boʻlimi; shaxsiy hayot va mehnat faoliyatida amal qilinishi zarur boʻlgan gigiyenik rejim yoʻli bilan odam sogʻligʻini saqlash va mustahkamlash masalalarini ishlab chiqadi. Shaxsiy gigiyena har bir kishining oʻziga va yoshiga bogʻliq boʻlib, aqliy va jismoniy mehnatni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, jismoniy tarbiya bilan shugʻullanish, vaqtida ovqatlanish, miriqib uxlash, mehnat va dam olishni toʻgʻri uyushtirishdan iborat. Tor maʼnoda badan (teri, soch, tirnoq, tishlar), kiyimkechak, poyabzal, koʻrpatoʻshak, turar joy, ovqat tayyorlash gigiyenasi va h. k. ham Shaxsiy gigiyenaga kiradi. Birinchi navbatda, badanni ozoda saqlashga eʼtibor berish zarur. Ayniqsa, badanning ochiqjoylari, shuningdek, tirnoq osti tez kirlanadi, shuning uchun qoʻlni botbot sovunlab yuvib turish, tirnoqlarni toʻgʻri parvarish qilishga odatlanish kerak. Uyda ovqat tayyorlaganda ham qoʻlning tozaligiga eʼtibor berish lozim. Shaxsiy gigiyena qoidalariga bolalar juda yoshligidanoq odatlanishi zarur.
Kuniga dush qabul qilish yaxshi odat. Uyda dush boʻlmasa, badanning ochiq, ayniqsa, koʻp terlaydigan joylarini, qoʻltiq va koʻkrak ostini issiq suv bilan sovunlab yuvish lozim. Oʻringa yotishdan oldin oyoqni yuvish, agar barmoq burmalarida chaqalangan, bichilgan joylar boʻlsa davolatish kerak.
Ogʻiz boʻshligʻini toza tutish faqat tishlarning sogʻlom boʻlishini taʼminlabgina qolmay, balki ichki aʼzolardagi kasalliklarning oldini olishda ham muhim. Tishni har kuni ertalab yuvishga, shuningdek, ovqatlangandan keyin ogʻizni chayishga odatlanish kerak; agar ogʻiz hidlansa, darhol vrachga koʻrinish zarur.
Shaxsiy gigiyenaga umumiy gigiyena tadbirlaridan tashqari, jinsiy aʼzolar parvarishi ham kiradi; buni bola balogʻatga yetganida emas, aksincha, bola tugʻilganidanoq muntazam amalga oshirish kerak.
Ichki kiyim toza boʻlishi, har kuni yoki kunora paypoqni almashtirib turish Shaxsiy gigiyenada juda muhim; badan, kiyimkechak, turar joy, oshxona, ish joyi va boshqalarning toza boʻlishiga eʼtibor berish kerak (q. Gigiyena).
Har bir oila aʼzosining sochigʻi, koʻrpatoʻshagi alohida boʻlishi, koʻrpayostiq jildi, choyshabni haftada bir almashtirib turish zarur. Uyquga yotishdan oldin ichki kiyimni almashtirish lozim. Shaxsiy gigiyenaga oid tadbirlarni, ayniqsa, oila aʼzolaridan biror kishi ogʻriganda qatʼiy amalga oshirish talab etiladi, aks holda kasallik atrofdagilarga, xususan bolalarga tez yuqishi mumkin (q. Bemorni parvarish qilish). Qiz va oʻgʻil bolalar parvarishining oʻziga xos tomonlari bor (q. Goʻdak, Bolalar va oʻsmirlar gigiyenasi). Sh. g. qonunqoidalari barchaga tegishli boʻlishi bilan birga, uni kishining yoshiga, erkak va ayolning anatomikfiziologik xususiyatlariga bogʻliq tomonlari ham bor. Jinsiy aʼzolar va jinsiy hayot gigiyenasi (q. Jinsiy gigiyena) masalalari bilan seksologiya shugʻullanadi. Mehnat jarayonida Shaxsiy gigiyenani toʻgʻri tashkil etish ishini mehnat gigiyenasi oʻrganadi.