BURHONOV Mutal (Mutavakkil) Muzayyinovich (1916.5.5, Buxoro) — kompozitor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1964), Uzbekiston xalq artisti (1974). Uzbekistonda a kapella janri asoschilaridan. Samarqand musiqa va xoreografiya in-tida (1928 — 32), Moskva konservatoriyasida (193941, 194649) taʼlim olgan. Oʻsha yillari «Alisher Navoiy» dramasi (Uygʻun va I. Sulton, 1943)ga musiqa, qator kamervokal va kamer cholgʻu asarlar yaratdi. 2-jahon urushida Moskva mudofaasi qatnashchisi (1941). Oʻzbekiston radiosida badiiy rahbar (1949—51), Uzbekiston Kompozitorlar uyushmasi boshqaruvining raisi (1955— 60). Ijodida vokal musiqasi, ayniqsa, romans, joʻrsiz xor va vokalsimfonik janrlar asosiy oʻrin tutadi: «Tabassum qilmading», «Namedonam Chi nom dorad», «Ishqida» va b. romanslari, «Alisher Navoiyga qasida» (A. Oripov, 1968) va b. Sharq xalklari qoʻshiqlarini joʻrsiz xor uchun mahorat b-n, milliy musi qaga xos nafislik va jozibalilikni toʻla saqlagan holda qayta ishlagan: qozoqcha «Dudaray», eroncha G«oʻle gandum», oʻzbekcha G«oʻzal qizga», afgʻoncha «Chashmi siyoh» va b. Koʻpgina bolalar qoʻshiqlari, qator filmlar («Surayyo», «Abu Ali Ibn Sino», «Maftuningman», «Orol baliqchilari», «Boy ila xizmatchi» kabi)ga musiqa bastalagan. «Alisher Navoiy» operasi (1986), «Abadiy xotira» rekviyemi (1996), «Koʻngil xazinasi (Burhonnoma)» kitobi (1998) muallifi. Uzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi musiqasini yozgan [1992; Oʻzbekistonning ilgarigi Davlat madhiyalari (1947, 1978) musiqasini ham Burhonov yaratgan]. Berdaq nomidagi Qoraqalpogʻiston Davlat va Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofotlari laureati (1964, 1970). «Elyurt xurmati» ordeni bilan mukofotlangan (2001).
Ad.: Yanov-Yanovskaya N., Mutal Burxanov, T., 1999.