QAZGʻANTOV KONI — Sulton Uvays tizmasining markaziy qismida (Qad. Xorazm) joylashgan qadimiy talk koni. Kon hududida qiya shtolnya va shurflar, karyersimon oʻra va chuqurlar boʻlib, ular talkli jinslar koʻp boʻlgan zonalar boʻylab 5—10 m chuqurlikkacha — grunt suvlari sathigacha qazilgan. Kovlangan joylar yonida qadimiy konchilar yashagan tosh uylarning qoldiqlari saqlangan; sopol buyumlar, tangalar ham topilgan. Shu topilmalarga koʻra kon 10, 12—14-asrlarga oid deb hisoblanadi. Bu davrda Oʻrta Osiyoda talkdan ishlangan buyumlar keng tarqalgan. qadimiyda talkli jinslar olovbardosh va oson ishlanadigan material sifatida yuqori baholangan.
Talkdan qozon va boshqalar idishlar yasashda foydalanilgan. Oʻrta asr olimlari Maqdisiy, Beruniy va boshqalar asarlarida koʻrsatilishicha, Xorazm talk qazib olinadigan markazlardan biri boʻlgan.