QOʻTIRBULOQ MAKONI — 1) mustye davriga oid qad. manzilgoh (mil. av. taxm. 33-ming yillik). Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon sh. dan 20 km gʻarbda, Charxin qishlogʻi yaqinidagi Qoʻtirbuloq nomli buloq atrofida joylashgan.
Manzilgoh 1971-y. da Yu. F. Buryakov boshchiligidagi arxeologlar guruhi tomonidan aniqlangan. Dastlab 1971—90 y. lar davomida manzilgohda N. X. Toshkenboyev arxeologik qazuv ishlarini olib bordi. Keyingi yillarda manzilgohda Q. Shimchak boshchiligidagi Oʻzbekiston-Polsha qoʻshma ekspeditsiyasi ish olib borgan.
Qoʻtirbuloq makonida mustye davriga oid 5 ta madaniy qatlam aniqlangan; chaqmoqtosh, diorit, kvarsit, kvars va daryo toshlaridan yasalgan qirgʻichlar, oʻtkir uchli paykonlar, teshgichlar, 2 tomo-niga ishlov berilgan bargsimon qurol, daryo toshlaridan yasalgan tosh qurollar topilgan. Manzilgoh sohiblari qurol yasash uchun xom ashyoni Zi-rabuloq togʻlari va Zarafshon daryosi qirgʻoqlaridan olganlar. Manzilgohdan, shuningdek, turli hayvon suyaklari ham topilgan. Bundan koʻrinadi-ki, qoʻtirbuloqliklar xoʻjalik hayotida ovchilik katta ahamiyat kasb etgan. Manzilgoh tosh qurollarini oʻrganish Qoʻtirbuloq madaniyatining paleolit davri manzilgohlari (Teshiktosh, Obirahmat va b.) madaniyati bilan oʻxshash ekanligini koʻrsatdi;
2) samarqand viloyati Nurobod tumanidagi Sazagʻon qishlogʻida joylashgan buloq. Sazagʻonsoyning soʻl qirgʻogʻida tosh qoʻrgʻonlardan iborat nekropol mavjud; qabrlar ustiga 15—16-a. larga oid qabrtoshlar qoʻyilgan. Buloq yaqinida, shuningdek, ilk oʻrta asrlarga oid Sartepa, ilk antik davrga mansub Boysaritepa bor. 2003—05 y. larda Boysaritepada Oʻzbekiston-Italiya arxeologiya ekspeditsiyasi ish olib borgan.