DUTOR (fors — ikki tor) — 1) torli chertma milliy musiqa cholgʻusi. Oʻzbek, tojik, uygʻur, turkman, qoraqalpoq xalqlari orasida keng tarqalgan. Oʻzbek Dutori muloyim, nafis va shi-rali ovozi b-n boshqa cholgʻulardan aj-ralib turadi. U asosan tut, oʻrik yogʻochlaridan yasaladi. Cholgʻuning kosaxonasi (rezonatori) 8—12 ta yupqa, bir-biriga yonmayon yopishtirilgan taxtacha (qovurgʻa)dan ishlanadi. Kosaxonaning ustki, ochiq qismiga yupqa qopqoq yopiladi va kosaxona boʻgʻiz orqali dastaga ulanadi. Dutorning uzun va ingichka dastasiga 13—17 ta parda bogʻlanadi. Kosaxona va dastaga suyak va sadafdan ishlangan bezak naqshlar oʻyib yopishtiriladi. Torlari ipak iplaridan eshiladi. Ular Tanavor sozi (kvarta), Munojot sozi (kvinta), Qoʻshtor sozi (unison)ga sozlanadi. Uygʻurlarda Dutor kattaroq shaklda, Turkmanistonda fakat oʻyma (qazma) turi, Xorazm va Qoraqalpogʻistonda kosaxonasi qovurgʻalik Dutorlar bilan birga hajmi kichik, oʻyma xillari ham uchraydi. Dutor yakkanavoz va joʻrnavoz cholgʻu sozi boʻlib, sozandadan katta ijro mahoratini talab etadi. Dutorda yakka zarb, qoʻshzarb, bilak zarb, bidratma, teskari zarb kabi ijro usullari mavjud. Dutor haqidagi dastlabki yozma maʼlumotlarni Navoiyning zamondoshi Zaynulobidin al-Husayniy «Musiqaning ilmiy va amaliy qoidalari» nomli risolasi (16-bobi)da uchratamiz. 16—17-a. larda «Dutoriy» ta xallusi bilan ijod etgan (hirotlik Yusuf Mavdudiy Dutoriy, mashhadlik Mirquliy Dutoriy kabi) sozandalarning nomlari manbalarda saqlangan. Hozirda milliy Dutor ijrochiligining oʻziga xos uslublari 4 ta asosiy (Andijon, Toshkent, Samarqand va Xorazm) maktablari orqali namoyon boʻladi. 20-a. da Andijon maktabi namoyandalaridan Dorip dutorchi, M. Najmiddinov, O. Rustamov, K. Jabborov, Fargʻonada Qoʻzixon Madrahimov ijrosida «Nolish», «Choʻpon», «Andijon Kurdi», «Andijon Sayqali», «Tuya boʻzloq», «Qoʻshtor»; Toshkent maktabi yirik vakillaridan Solixon Hoji, A. Vahobov, F. Sodiqov, M. Yunusov, T. Alimatov, 3. Obidov, S. Yoʻldoshevlar talqinida «Sharob 1, 2», «Shafoat 1, 2, 3», Toshkent Sayqali», «Toshkent Kurdi», «Rajabiy 1, 2», «Kurash», «Dutor Bayoti», «Dutor Navosi»; Samarqand maktabi ustozlaridan Hoji Abdulaziz, Qori Siroj Yusupovlar ijrosida «Guluzorim», «Bebokcha», «Bozurgoniy», «Gullar vodiysi»; Xorazm maktabi vakillaridan N. Boltayev, Yu. Jabborovlar ijrosida «Koradali», «Aliqambar», «Saqili Navo» singari mumtoz kuylarda oʻz ifodasini topgan. 1970-y. lardan yakka Dutorda Shashmaqom cholgʻu va ashula yoʻllari ham ijro etila boshlandi. Oʻzbek bastakorlaridan N. Hasanov «Gilos», F. Sodiqov «Dutorim», S. Yoʻldoshev «Dil kuylasin», 3. Obidov «Togʻ goʻzali», O. Qosimov «Yangra sozim» kabi asarlarni Dutor uchun yaratganlar;
2) dutor-alt — anʼanaviy Dutorni 1930-y. larda qayta ishlash natijasida paydo boʻlgan turi. Torlari kapron (yoki boshqa polimer iplari)dan ishlanadi. Dastasiga xromatik tartibda joylashgan yogʻoch yoki suyak pardalari yelimlab yopishtiriladi. Repertuaridan asosan oʻzbek kompo-zitorlari tomonidan qayta ishlangan (garmonizatsiyalashgan) xalq kuylari, fortepiano joʻrligida ijro etilayotgan asarlar oʻrin olgan. Mazkur Dutor asosida (Oʻzbek xalq cholgʻulari orkestriga moslab) turli hajmdagi Dutor xillari (D. — bas, Dutor — kontrabas) ishlandi.
Jasur Rasultoyev, Abdurahim Hamidov.