QADIMGI FORS TILI — jan. gʻarbiy guruhga mansub oʻlik eroniy til. Oʻrta fors tili, fors, tojik va dari tillari Qadimgi fors tilining bevosita davomchilari hisoblanadi. Dastlab Eron (Fors) ning jan. gʻarbida (hoz. Eronning Fors viloyati hududida) tarqalgan. Axomaniylar sulolasiga mansub qadimiy hukmdorlar uchun ona tili maqomida boʻlgan bu til mil. av. 6—4-asrlarda Axomaniylar davlatining butun hududiga yoyilgan. Qadimgi fors tili dagi mixxatlar hoz. Eron, Turkiya, Misr hududlaridan topilgan va matnlarning barchasi elam, akkad, oromiy kabi tillarga tarjimasi bilan yonmayon berilgan.
Qadimgi fors tilida dialektal tafovutlar boʻlmagan. Fonetik xususiyatlari oʻrta fors tilidagiga oʻxshash. Til qurilishi sintetik, flektiv xususiyatga ega. Morfologik birliklarning 3 xil turi (oʻzak morfemalar, affiksal morfemalar, fleksiya) kategorial maʼnolarni ifodalagan. Gapda soʻz tartibi nisbatan erkin boʻlgan (ular, oʻzaro boshqaruv, moslashuv, bitishuv usullari bilan birikkan). Leksikasida qadimiy eroniy (mas, midiya) va noeroniy (mas, oromiy) tillardan oʻzlashgan soʻzlar boʻlgan.
Qadimgi fors tilining harfboʻgʻinli yozuvi akkad tilining boʻgʻinli mixxat alifbosi bilan oʻxshash. Eng qadimiy yodgorliklari Doro I ning mil. av. 521—486-yillardagi yozuv (bitik)laridir. Bu yozuvlarni oʻqishni 1802-yilda nemis olimi G. F. Grotefend boshlab bergan.
Ad.:Sokolov S. N., Drevnepersidkiy yaznk. V kn.: Osnovn iranskogo yaznkoznaniya. Drevneiranskiye yaznki, M., 1979.
Anvar Ismoilov.