Sut bezlarini to‘g‘ri parvarish

Ayolning tashqi qiyofasi, uning ko‘rkam bo‘lishi nafaqat gavda tuzilishiga, balki ko‘kraklarining ko‘rinishiga ham bog‘liq. Agar sut bezlari chiroyli shaklda, bo‘liq bo‘lsa ayolning husniga husn qo‘shadi.

Ko‘kraklar salomatligi uchun…

Turlicha jiddiy xastaliklarning oldini olish uchun har bir ayol sut bezlarini to‘g‘ri parvarish qilib borishi zarur.

Ayollar har yili 1-2 marotaba mammolog mutaxassis huzurida bo‘lib, sut bezlarini maxsus tekshiruvlardan o‘tkazishlari lozim. Ayol profilaktik ko‘rikdan o‘tib, hech qanday kasallik yo‘qligiga ishonch hosil qilgandan so‘ng sut bezlari parvarishiga kirishishi mumkin. Buni uy sharoitida bajarsa bo‘ladi.

Masalan, ertalab iliq dush qabul qilish, sovuq suvga ho‘llangan dag‘al sochiq bilan badanni ishqalab artish sut bezlari faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Badantarbiya mashqlari juda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda e’tiborni asosan ko‘krak qafasini qoplab turuvchi mushaklarni rivojlantirishga qaratish kerak. Suv muolajasi paytida esa sovuqroq dush teri tonusini yaxshilaydi, mayinligini saqlaydi. Goh sovuq, goh issiq (kontrast) dush qabul qilinsa, sut bezlari to‘qimalaridagi qon aylanishi hamda limfalar ishi yaxshilanadi, modda almashinuvi faollashadi.

Siynalarni xavfli o‘smalardan himoyalash uchun

Sut bezlarini xavfli o‘smalardan himoyalash uchun quyidagi tavsiyalarimizga amal qilganingiz ma’qul. Ikkala qo‘l kaftlarini bosh orqasiga qo‘yib, gavdaning beldan yuqori tomonini avval o‘ngga, keyin chapga buring. Bu vaqtda bel va ko‘krak qismining ohista harakatlanishiga erishing.

Mashqlar dastlab 2-3 marotaba, keyingi kunlarda asta-sekin ko‘paytirib boriladi.

Qo‘l kaftlarini bosh orqasiga qo‘yib, goh oldinga, goh orqaga egiling. Bunda ham bel va ko‘krak qismi harakatda bo‘lsin. Qo‘llarni “F” harfi shaklida belga qo‘ying. Shu holatda o‘ng va chap tomonlarga ikki martadan burilasiz.

Mashqni keyingi kunlarda asta-sekin ko‘paytiring. O‘zingizni bo‘sh qo‘ying. Barmoqlaringiz uchlari bilan sut bezlari atrofini xuddi doira chertayotgandek harakatlantiring.

Mashqni besh daqiqalik tanaffusdan keyin yana takrorlang.

Qo‘l kaftlariga yumshatuvchi krem surting. Keyin kaftlaringiz bilan sut bezlari atrofini galma-gal shapatilang. Barcha mashqlarni bajarish jarayonida ochiq havoda ko‘proq sayr qilishga odatlaning. Sof havo ayol chehrasini tiniqlashtiradi, tana holatini yaxshilab qon yurishishini me’yorga soladi.

Salqinroq xonada uxlang. Bunda moddalar almashinuvi yaxshilanadi, sut bezlari rivojlanishida ham bu narsa ijobiy naf beradi.

Me’yorida ishlab, vaqtida dam oling. Negaki, jisman va ruhan toliqish ham organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

To‘g‘ri ovqatlaning. Agar qirq yoshdan oshgan bo‘lsangiz, sariq rangdagi meva sabzavotlarni ko‘proq iste’mol qiling. Bu sizga ko‘rkamlik baxsh etadi. Shuningdek kaliy va magniyga boy mahsulotlarni yeb turing. Tekis o‘rinda uxlang. Uxlash paytida kiyimingiz havo o‘tkazuvchan matodan (ip, zig‘ir, paxta tolasidan) keng-mo‘l qilib tikilgan bo‘lsin. Yostiqlar unchalik baland bo‘lmagani ma’qul.

Lola ALIMXO‘JAYEVA, onkomammolog, tibbiyot fanlari doktori. “Sihat-salomatlik” jurnali. Sihat-salomatlik.zn.uz

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x