LIBIDO

LIBIDO (lot. libido — mayl, istak, ehtiros) — seksologiyada jinsiy mayl. 3. Freyd psixologik tahlilining asosiy tushunchalaridan biri, koʻproq gʻayrishuuriy jinsiy maylni, umuman sevgi, istakni anglatadi. Bunday mayl murakkab psixik oʻzgarishlarga olib kelishga qodir. Libido tushunchasi tibbiy, falsafiy va psixologik adabiyotlarda 19-a. ning 2-yarmida M. Benediktning «Elektroterapiya» (1868), A. Mollning «Shahvoniy libidoni tadqiq qilish» (1898) va b. asarlarda jinsiy istak yoki jinsiy instinktni ifodalash uchun qoʻllanilgan. 20-a. boshida bu atama keng tarqaldi. U ongsizlikning psixologik taxlil nazariyasida atroflicha tavsiflab berilgan. Individning ongsizlikdagi ruhiy quvvati batamom sirli koʻrinishga ega boʻlib, u L. da mujassamlashadi. Individning barcha jinsiy xatti-harakatlarining namoyon boʻlishi Libido orqali tushuntiriladi. Xuddi shu bois Libido inson xulqining ustuvor motivi sifatida baholanadi. Hatto shaxs ijodiyotini uning Libido quvvati natijasi deb izohlanadi. Libidoning muayyan qismi muhabbat va doʻstlikka asoslangan juftlikka yoʻnaltiriladi, qolganlari esa shaxsning oʻziga qaratilishi bilan tavsiflanadi.

Ergash Gʻoziyev.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x