O‘zbekiston Respublikasi
Xalq ta’limi vazirining
2022-yil 28-iyuldagi
246-son buyrug‘iga
1-ILOVA
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining
ichki tartib va odob-axloq qoidalari
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining ichki tartib va odob-axloq qoidalari
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Ta’lim to‘g‘risida”, “Yoshlarga
oid davlat siyosati to‘g‘risida”, “Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”, “Voyaga
yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi
to‘g‘risida”, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunlari
hamda Vazirlar Mahkamasining “Barkamol avlodni tarbiyalashda oila instituti
va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ta’lim muassasalari bilan
o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori
va umume’tirof etilgan ma’naviy-axloqiy tamoyillar asosida ishlab chiqilgan.
2. Ichki tartib qoidalari — umumiy o‘rta ta’lim muassasasida xodimlar
va o‘quvchilar tomonidan ta’limga oid normativ-huquqiy hujjatlarda va muassasa
Ustavida belgilab qo‘yilgan ta’lim jarayonida rioya etilishi shart bo‘lgan tartib
va qoidalar.
Odob-axloq qoidalari — umumiy o‘rta ta’lim muassasasida milliy
va umuminsoniy qadriyatlar asosida xodimlar, o‘quvchilar va ota-onalar uchun
belgilangan xulq-atvor me’yorlari.
3. Mazkur ichki tartib va odob-axloq qoidalari umumiy o‘rta ta’lim
muassasasining ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishidagi faoliyati bilan bog‘liq asosiy
tamoyillarni o‘z ichiga oladi hamda umumiy o‘rta ta’lim muassasasi jamoasi
va o‘quvchilari rioya etishlari uchun majburiy hisoblanadi.
4. Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining ichki tartib va odob-axloq qoidalari
(keyingi o‘rinlarda – Qoidalar) ta’lim muassasasi rahbariyati, pedagog va texnik
xodimlari (keyingi o‘rinlarda – jamoa a’zolari) hamda o‘quvchilari, ularning
ota-onalari (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) uchun o‘zaro munosabatlarda
odob-axloq, xulq-atvor me’yorlariga qo‘yiladigan minimal talablarni belgilaydi.
5. Ushbu Qoidalar umumiy o‘rta ta’lim muassasasida (keyingi o‘rinlarda
– ta’lim muassasasi) ta’lim va tarbiyaning o‘zaro uyg‘unligini ta’minlash,
o‘qituvchi mavqeyining daxlsizligini e’tirof etish, do‘stona muhitni yaratish,
o‘quvchilar tomonidan o‘quv dasturini muvaffaqiyatli o‘zlashtirish, inson va uning
huquqlariga hurmatni oshirish, odob-axloq va muloqot madaniyatini
rivojlantirishga qaratilgan.
2
6. Mazkur Qoidalar Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi ta’lim muassasalarida
tatbiq etiladi, nodavlat va boshqa ta’lim muassasalari uchun tavsiyaviy xususiyatga
ega.
7. Qoidalarning joriy etishdan maqsad ta’lim muassasasida sog‘lom
ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirish, o‘quvchilarga zamon talablari va milliy
qadriyatlar asosida ta’lim-tarbiya berish, shaxs va uning huquqlarini hurmat qilish,
odob-axloq va muloqot madaniyatini rivojlantirish, yuksak ma’naviy-axloqiy
fazilatlarini shakllantirish, o‘quvchilar sog‘lig‘ini saqlash, ta’lim muassasasi mulki,
o‘quv jihozlari va xodimlar xavfsizligini ta’minlashga imkon beradigan do‘stona
muhitni yaratishdan iborat.
8. Qoidalar jamoa a’zolarining ta’lim muassasasi hududida, dars va darsdan
tashqari mashg‘ulotlar, tanaffus vaqtlarida, ta’lim va tarbiya bilan bog‘liq
tadbirlarda o‘zlarini tutishini tartibga soladigan me’yorlar hisoblanadi.
9. Mazkur qoidalar jamoa a’zolari va o‘quvchilar uchun ta’lim muassasasi
hududida majburiy hisoblanadi.
10. Qoidalarga amal qilish yuzasidan jamoatchilik, ota-onalar, ta’lim
muassasalari pedagog xodimlari orasida ijtimoiy tarmoqlar orqali keng targ‘ibot
qilinadi.
2-bob. Ichki tartib qoidalariga rioya qilishi
11. Ta’lim muassasasida shaffoflik, hamjihatlik, o‘zaro ishonch, izzathurmat,
bir-biriga g‘amxo‘rlik qilish, zo‘ravonlikni oldini olish, do‘stona muhitni
yaratish hamda ahil-inoqlik jamoa a’zolarining o‘zaro munosabatlaridagi muhim
shartlardan biri hisoblanadi.
12. Ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan pedagoglar har bir
o‘quvchiga e’tiborli munosabatda bo‘ladi, o‘qitish jarayonida barcha o‘quvchilarga
teng imkoniyatlarni yaratadi va vujudga keladigan muammolarni, shu jumladan,
nizoli holatlarni qonunlarga muvofiq tasdiqlangan (va barcha manfaatdor
tomonlarga ma’lum qilingan) qoidalar, ta’lim muassasasining ichki tartibiga ko‘ra
hal etadi. O‘quvchilar shaxsiga oid ma’lumotlar maxfiyligini saqlashga qat’iy amal
qilinadi.
13. Irqi, millati, diniy e’tiqodi, jinsi, oilaviy ahvoli, ijtimoiy kelib
chiqishiga ko‘ra, o‘quvchini o‘quv jarayonidan chetlatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shu bilan birga, qoidalarni buzganlik majburiy ta’limdan chetlatishga yo‘l
qo‘yilmaydi (Sud qarorlari bilan maxsus ta’lim muassasasiga yuborish holatlari
bundan mustasno).
14. Jamoa a’zolari ta’lim muassasasida quyidagilarga rioya etishlari
talab etiladi:
— pedagog sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilgan holda o‘qituvchilar o‘zaro
munosabatlarda bir-biriga “Siz” deb murojaat etishlari;
— rahbar, pedagog xodimlar o‘zaro munosabatlarda yagona jamoa sifatida
hurmat, do‘stlik, hamjihatlik va adolat tamoyillariga rioya etishlari;
3
— jamoa a’zolari orasida turli xil zo‘ravonlik va kamsituvchi (bulling)
xatti-harakatlariga yo‘l qo‘ymaslik;
— jamoa a’zolari tasdiqlangan mashg‘ulotlar jadvali asosida ishga o‘z vaqtida
kelishlari;
— ta’lim muassasasi hududi va yo‘laklarida o‘ng tomonidan yurishlari;
— jamoa a’zolari bir-biriga duch kelganda salomlashishlari, bunda, kichik
yoshdagilar katta yoshdagilarga birinchi bo‘lib salom berishlari (ushbu holatlarda
qo‘l berib so‘rashish istisno bo‘lib, yoshi katta shaxslar yoki xotin-qizlar birinchi
bo‘lib qo‘l uzatganidan keyingina ularga javoban qo‘l uzatishlari tavsiya etiladi);
— jamoa a’zolari ish vaqtida erkin harakatlanish uchun qulay va estetik did
bilan kasbga mos holda kiyinishlari;
— kiyimlarning toza va dazmollangan bo‘lishi hamda kiyimlarning o‘ta tor
yoki o‘ta keng bichimda bo‘lmasligi;
— erkaklar mavsumga qarab – klassik uslubdagi shim, kostyum-shim (imkon
qadar qora, to‘q ko‘k rangdagi), ko‘ylak (oq, havorang va shu kabi), bo‘yinbog‘,
poyabzal (qora rangda bo‘lishi tavsiya etiladi) kiyishi;
— ayollar mavsumga qarab – klassik uslubdagi yubka, kostyum-yubka
(imkon qadar qora, to‘q ko‘k rangdagi), havo haroratiga qarab klassik uslubdagi
shim (imkon qadar qora, to‘q ko‘k rangdagi), tanani ochiq ko‘rsatib turmaydigan
kofta (oq, havorang va shu kabi), ko‘ylak, past poshnali poyabzal (qora rangda
bo‘lishi tavsiya etiladi) kiyishi;
(Muassasa ustavi bilan ta’lim muassasasi rahbariyati va pedagog xodimlari
formasining rangi va qo‘shimcha belgilariga mazkur nizom talablaridan kelib
chiqqan holda o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.)
— umume’tirof etilgan milliy an’analarga, shakllarga va ma’naviy-axloqiy
tarbiyaga zid kelmaydigan yoki sport (dars jarayonida maxsus yoki sport kiyimida
jismoniy tarbiya va chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanlari
o‘qituvchilarining yurishiga ruxsat beriladi, shuningdek, ta’lim muassasasi
hududida o‘tkaziladigan turli sport va ko‘ngilochar tadbirlar bundan mustasno)
kiyimlarida bo‘lmasligi;
xodimlarning tashqi ko‘rinishi bo‘yicha quyidagi talablar belgilanadi:
— tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirilmagan yoki pirsing qilinmagan
bo‘lishi, sochi tartibga keltirilgan va yorqin (g‘ayrioddiy) ranglarga bo‘yalmagan
bo‘lishi;
— ayollar quloq va barmoqlardan tashqari tananing turli qismlariga zirak yoki
metall buyumlar taqib yurmasligi, yuzini ko‘zga tashlanadigan darajada pardoz
qilmasligi, tirnog‘ini uzun qilib o‘stirmasligi;
— xodimlar boshqa tashkilotlar xodimlari bilan xizmat doirasidagi o‘zaro
samarali hamkorlikka erishish uchun o‘zlarining namunali xulq-atvorini namoyon
etishi;
— xodimlar o‘z faoliyatida manfaatlar to‘qnashuviga sabab bo‘ladigan
shaxsiy manfaatdorlik holatlariga yo‘l qo‘ymasliklari;
— har bir xodim o‘zining pedagogik va psixologik sohadagi ko‘nikma
va bilimlarini doim takomillashtirib borishi, shu bilan birga, malakasini hamda
4
professionallik darajasini oshirishga ko‘mak beradigan tadbirlarda muntazam
ishtirok etishlari;
— jamoada huquqiy ong va huquqiy madaniyatni shakllantirishga qaratilgan
O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmon va qarorlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining
qarorlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlari bilan tanishib borishi va ularga
og‘ishmasdan amal qilishi, mavjud barcha standartlar, bayonlar, tavsiyalardan
xabardor bo‘lishi hamda professionallik darajasini oshirib borishi;
— mehnat faoliyatini amalga oshirishda qiyinchiliklarga duch kelganda
pedagog xodimga hamkasblariga yordam so‘rab murojaat qilishi yoki unga
murojaat qilgan hamkasblariga yordam berishi;
— o‘qituvchilar va ota-onalar o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro hurmat,
ishonch va shaffoflik tamoyillariga asoslanishi;
— xodimlar bir-biriga kasb etikasi doirasida hurmat bilan munosabatda
bo‘lishi, o‘z bilim, ko‘nikma hamda tajribalarini beminnat va beg‘araz ulashishga
tayyor bo‘lishi;
— jamoa a’zolari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatda tanqidiy fikrlarni to‘g‘ri va
asosli qabul qilishi, tanqid qilayotgan xodimning zarur va kerakli tavsiyalariga
rioya qilishi;
— ta’lim muassasasi rahbari ta’lim muassasasi faoliyatining shaffof va ochiq
ravishda tashkil etishi masalalari yuzasidan fuqarolar (ota-onalar) murojaatini
ko‘rib chiqishda alohida e’tibor qaratishlari shart.
15. Ta’lim muassasasi hududida jamoa a’zolarining ota-onalar (ularning
o‘rnini bosuvchi shaxslar) bilan munosabatlari o‘zaro hurmat va xushmuomalalik
tamoyillariga asoslanishi lozim, biror bir taraf tomonidan boshqasining
shaxsiyatiga zo‘ravonlikni aks ettiruvchi va kamsituvchi (bulling)
xatti-harakatlarning sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
— mutasaddi tashkilotlar va ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)
ta’lim muassasasidagi dars jarayoniga aralashishiga qat’iyan yo‘l qo‘yilmaydi,
tomonlar o‘rtasida yuzaga keladigan har qanday nizoli vaziyatlar faqatgina
muassasa rahbariyati (direktor va uning o‘rinbosarlari) hamda muassasa psixologi
bilan dars jarayoniga xalaqit bermagan holatda hal etiladi;
— ota-ona va pedagog o‘rtasida shunday ziddiyat ro‘y bergan holda
o‘qituvchi ta’lim muassasasi ma’muriyatiga xabar beradi;
— tomonlar yuqoridagi talablarga rioya etmagan holatlarda vaziyatni
barqarorlashtirish uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakili va
ta’lim muassasasiga biriktirilgan ichki ishlar organlarining inspektor-psixologiga
murojaat etiladi;
— ta’lim muassasasi o‘quvchi manfaatlari yo‘lida oshkor etilishi kerak
bo‘lgan barcha ma’lumotni o‘quvchining ota-onasiga (oilasiga) kelishilgan holda
yetkazishi;
— o‘qituvchi mamlakatda, jamiyatda, ta’lim muassasasida va sinfdagi
mavjud qadriyatlar, an’analar hamda madaniyatlarni tushunish va hurmat qilishga
5
intilishi;
— o‘qituvchi ta’lim muassasasi, oila va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarda
pozitiv va faolligini namoyish etishi lozim.
16. O‘quvchilarga ta’lim muassasasida quyidagilar taqiqlanadi:
— ta’lim muassasasi Ustavida belgilangan formadan tashqari qiyofada,
jumladan, o‘g‘il bolalar kalta shim, futbolka, shippakda va qiz bolalar kalta, ochiq,
tor va tanani shaffof ko‘rsatuvchi kiyimda kelishi hamda bo‘yni va barmoqlariga
turli xil taqinchoqlar taqishi;
— o‘zaro munosabatlarda inson shaxsiyatini va qadr-qimmatini kamsitish
(bulling), haqorat qilish va behayo so‘zlarni ishlatishi, turli xil (jismoniy, ruhiy
va boshqa) zo‘ravonlik ko‘rsatish;
— qonun bilan taqiqlangan, milliy va umumbashariy qadriyatlarga xos
bo‘lmagan yoki ta’lim muassasasining ichki munosabatlariga tegishli, shuningdek,
ta’lim muassasasi va o‘qituvchi obro‘sini tushirishga qaratilgan munosabatlar aks
etgan audio hamda videomateriallarni turli ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishi yoki
undan turli g‘arazli maqsadlar yo‘lida foydalanishi;
— dars jarayonida quloqchinlar (naushnik) orqali uyali aloqa vositalari va
turli xil audio qurilmalardan foydalanishi, dars jarayonini uyali aloqa vositasining
kamerasi orqali suratga olishi;
— ta’lim muassasasi kompyuterlarida ta’lim muassasasiga tegishli bo‘lmagan
ma’lumotlarni, shuningdek, qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan bolalarning yosh
xususiyatlariga mos bo‘lmagan turli videomateriallar, behayo suratlar, milliy, irqiy,
etnik, diniy adovatni, zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi, pornografik xarakterdagi har
qanday video, audio va fotomateriallarni tayyorlash, saqlash, foydalanish va targ‘ib
etish.
17. Ta’lim muassasasi hududida har bir o‘quvchi o‘z uyali aloqa vositalarini
o‘chirib qo‘yishi, pedagog va texnik xodimlar hamda tashrif buyuruvchi boshqa
shaxslar o‘z uyali aloqa vositalari qurilmalarini chaqiruv ovozini to‘liq o‘chirib
qo‘yishi (“Ovozsiz” holatga o‘tkazishi) shart.
Ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan o‘quv mashg‘ulotlari va tadbirlar
(saflanish, tarbiyaviy soatlar, bayram, sport tadbirlari) boshlanishidan oldin ta’lim
oluvchilar telefonini o‘chirib qo‘yishi hamda telefonini sumkasiga solib qo‘yishi
shart (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 21-maydagi
139-son qarori bilan tasdiqlangan “Ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan
foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom”).
18. O‘quvchi tomonidan ogohlantirilishiga qaramasdan dars jarayonida
telefondan foydalanish holatlari davom etgan holatda sinf rahbari va muassasa
rahbariyati o‘quvchining telefoni (smartfon, planshet va boshqa qurilmalar)
o‘rnatilgan tarzda olib qo‘yiladi, holat yuzasidan o‘quvchining ota-onasi
ogohlantiriladi. Holat bo‘yicha inspektor-psixolog tomonidan o‘quvchining
ota-onasi (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ni Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi
“Oila-mahalla-ta’lim muassasasi” hamkorligi Jamoat kengashi va kuzatuv
kengashlari doirasida muhokama etilib, tegishli tushuntirishlar olib borgandan
6
so‘ng telefon (mobil aloqa vositalari) o‘quvchining ota-onasi (ularning o‘rnini
bosuvchi shaxslar)ga qaytarib beriladi.
Shunday holat o‘quv yili davomida takrorlanganda o‘quvchi ichki ishlar
organlarining profilaktik ro‘yxatiga olinadi.
19. O‘qituvchilarga quyidagilar taqiqlanadi:
— jamoa a’zolari va boshqalarning shaxsiyatini, qadr-qimmatini kamsitish,
ruhiy va jismoniy zo‘ravonlik ko‘rsatish;
— o‘quvchilarni dars mashg‘ulotlaridan asossiz chiqarib yuborish yoki
kiritmaslik;
— “Chiqish” qo‘ng‘irog‘i chalingandan keyin o‘quvchilarni sinfxonada
ushlab o‘tirish;
— ta’lim muassasasiga va dars mashg‘ulotlariga spirtli ichimliklar iste’mol
qilgan, soch-soqolni tartibga keltirmagan va kiyinish odobiga rioya qilmagan holda
kelish;
— ta’lim muassasasi hududi va binosida spirtli ichimliklar va tamaki
mahsulotlarini iste’mol qilish;
— muassasa hududi va binosida o‘quvchilarning ta’lim-tarbiyasiga aloqasi
bo‘lmagan turli xil tadbirlar (tug‘ilgan kun, yubiley, iftorlik va boshqa tadbirlar
bilan bog‘liq bayramona dasturxonlar)ni tashkil etish;
— ta’lim muassasasida o‘tkaziladigan barcha tadbirlar va ularga tayyorgarlik
ishlari dars mashg‘ulotlari vaqtida o‘tkazilishi taqiqlanadi.
20. Ta’lim muassasasi rahbariyati va pedagog xodimlarning ish faoliyatiga
doir masalalar bo‘yicha hamkorlik qilishda bir tarafning boshqa tarafga tazyiq
o‘tkazishiga yoki shunga harakat qilishiga, shuningdek, adolat tamoyillariga yoki
ta’lim muassasasi manfaatlariga zid bo‘lgan qarorlar tayyorlanishiga yo‘l
qo‘yilmaydi.
21. O‘qituvchi va o‘quvchilarning ta’lim-tarbiya jarayonidagi o‘zaro
munosabatlari “Ustoz-shogird” an’anasi asosida tartibga solinadi.
O‘qituvchilar tomonidan tashkil etiladigan har bir dars mashg‘ulotlarini
o‘quvchilarning ma’naviy dunyoqarashini shakllantirishga oid hayotiy misollar
bilan boyitishga e’tibor qaratadi.
O‘qituvchilar metod kunlari maktabda o‘z ustida ishlashi, o‘z faniga oid
yangiliklar bilan muntazam tanishishi va dars jarayonlariga tatbiq etishi, maktab
jamoat ishlarida faol ishtirok etishlarini ta’minlaydi.
22. Ta’lim muassasasida dars mashg‘ulotlarining boshlanishi va tugashi
“Kirish” va “Chiqish” qo‘ng‘iroqlari bilan tartibga solinadi. “Kirish” qo‘ng‘irog‘i
dars boshlanganligini bildiradi, u chalinishi bilan barcha o‘quvchilar dars jadvalida
belgilangan tegishli sinf xonalariga fan o‘qituvchilaridan oldin kirishadi.
23. Ta’lim muassasasida o‘tkaziladigan dars mashg‘ulotlari boshlanishida:
o‘qituvchi sinfga kirib kelishi bilan o‘quvchilar hurmat yuzasidan
o‘rinlaridan turgan holda kutib olishlari, bir ovozdan “Assalomu alaykum” (rus tili
yoki chet tili fanlarida tegishli tilda salomlashish) deb salom berishlari;
o‘qituvchi “Va alaykum assalom” (rus tili yoki chet tili fanlarida tegishli
tilda salomlashish) deb alik olishlari va uning ruxsatidan so‘ng o‘quvchilar
o‘rinlariga o‘tirishlari, bunda 1-4-sinf o‘quvchilari o‘quv kunining birinchi dars
7
soatida, 5-11-sinf o‘quvchilari har bir darsda sinfga kirgan fan o‘qituvchisiga
xuddi shunday tartibda munosabatda bo‘lishi lozim.
24. Ta’lim muassasasida “Chiqish” qo‘ng‘irog‘i chalinishi bilan o‘quvchilar
o‘qituvchining ruxsati bilan sinf xonasini tark etadilar. O‘z navbatida, o‘qituvchi
dars mavzusini akademik soat reglamentiga muvofiq to‘g‘ri taqsimlashi talab
etiladi.
O‘qituvchi sinfdan chiqayotganda o‘quvchilar o‘rinlaridan turishlari,
“Xayr, salomat bo‘ling!” deb hurmat ko‘rsatishlari lozim.
Dars vaqtida o‘quvchiga o‘qituvchining ruxsatisiz sinf xonasidan chiqib
ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
25. O‘qituvchilarga o‘quvchilar bilan munosabatda quyidagilarga yo‘l
qo‘yilmaydi:
— o‘quvchilarni jazolash maqsadida ularga nisbatan jismoniy kuch ishlatish
yoki ruhiy tazyiq o‘tkazish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik;
— ichki tartib va kiyinish madaniyatiga rioya qilmaydigan o‘quvchilarni
sinfdoshlar yoki muassasa jamoasi oldida muhokama qilmaslik;
— o‘quvchilar tomonidan uyga vazifani bajarmay kelgan o‘quvchini
ommaviy izza qilish holatlarini uyushtirmaslik;
— chet elga noqonuniy ravishda chiqib ketgan o‘quvchilar to‘g‘risidagi
ma’lumotlarni muassasa rahbariyatidan yashirmaslik;
— o‘quvchining ota-onasi yoki qonuniy vakillari bilan shaxsiy adovatga
bormaslik;
— mazkur qoidalarga rioya qilishda o‘quvchilarga ibrat bo‘lib, shaxsiy
namuna ko‘rsatish, ular bilan do‘stona munosabatda bo‘lish;
— ta’lim muassasasi manfaatlariga zid bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilish;
— biror-bir noxush voqea yoki hodisa ro‘y bersa, zudlik bilan ta’lim
muassasasi rahbariyatini xabardor qilish;
— ta’lim muassasasining sha’ni va nufuziga dog‘ tushiradigan har qanday
holatlarning oldini olish;
— ta’lim muassasasi to‘g‘risidagi axborotlardan uning manfaatlari
va obro‘siga ziyon yetkazish uchun yoki o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmaslik;
— mazkur qoidalarni barcha ta’lim muassasalarida har oyning birinchi haftasi
juma kunlarida o‘tkaziladigan “Ma’naviyat va ma’rifat soat”larda keng tushuntirib
borish;
yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularni zararli
odatlardan va boshqa turli halokatli tahdidlar hamda jamiyatimiz uchun yot
bo‘lgan diniy va ekstremistik ta’sirlardan, past saviyali “ommaviy madaniyat”
xurujlaridan ogoh etib borish.
26. Ota-onalarga belgilangan talablar:
— ta’lim muassasasi ichki tartib qoidalari bilan tanishish;
— o‘qituvchi sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi, dars jarayonlarida
aralashmasliklari, pedagoglarni haqorat qilmasliklari;
8
— farzandini dars jarayonida ta’lim muassasasining ichki tartib va odob-axloq
qoidalari talablariga rioya etishini nazorat qilish;
— farzandini darslarga to‘liq qatnashishini (davomat) hamda fanlar bo‘yicha
ish daftarlari va ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan boshqa barcha jihozlar bilan
ta’minlash;
— farzandini muassasaga darslik, o‘quv qurollari bilan kelishini ta’minlash;
— farzandining ta’lim olishiga to‘sqinlik qilmaslik, uning ta’lim muassasasiga
o‘z vaqtida kelishi, darsdan keyin farzandini bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish;
— sinf rahbari va fan o‘qituvchilari bilan farzandining xulqi va davomati
yuzasidan aloqada bo‘lish;
— farzandi darslarga kelmay qolishi mumkin bo‘lgan paytlarda ta’lim
muassasasiga (sinf rahbariga) uning sabablarini bildirgan holda ma’lum qiladi;
— ta’lim muassasasining taklifiga asosan muassasada o‘tkaziladigan otaonalar
yig‘ilishi, suhbat va turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etish.
3-bob. Odob-axloq qoidalariga rioya qilishi
27. O‘quvchilarning odob-axloq qoidalariga rioya etish talablari:
a) ta’lim muassasasi binosi va uning hududida:
— ta’lim muassasasiga mashg‘ulotlar boshlanishidan 10-15 daqiqa oldin,
ta’lim muassasasi Ustavida belgilangan o‘quvchilar formasida kelish.
Bunda, davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida maktab formasi
2022-2023-o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich, 2025-yildan boshlab esa
to‘liq joriy etilishini inobatga olish;
— toza va orasta kiyinish, sochlarni ozoda va tartibga keltirilgan holda tutish;
— o‘zidan kichiklarga nisbatan izzatda bo‘lish, kattalarga esa hurmat
ko‘rsatish;
— o‘qituvchilar va ta’lim muassasasiga kelgan mehmonlar bilan
uchrashganda salom berish;
— ta’lim muassasasi mulki (parta, stol, stul, doska, o‘simliklar, hayvonot
dunyosi va hokazolar) va o‘quv jihozlari (kompyuter texnikasi, laboratoriya
jihozlari, sinfxonalardagi stend va bannerlar)ga ehtiyotkorona munosabatda
bo‘lish;
— ta’lim muassasasi mulkiga zarar yetkazilgan hollarda ota-onalar (ularning
o‘rnini bosuvchi shaxslar) tomonidan qoplanishi;
— ta’lim muassasasi yo‘laklarida tinchlikni saqlash, ichki tartib va odob-axloq
qoidalariga qat’iy rioya qilish;
— ta’lim muassasasiga o‘quv-qurollari, dars jadvalida belgilangan darsliklar
va daftarlar bilan kelish (o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan zarur o‘quv
qurollarining bo‘lishi);
9
— ta’lim muassasasi hududida telefonini o‘chirib, (smartfon, planshet
va boshqa qurilmalar) portfel yoki sumkasi va shu kabilarga solib qo‘yish;
chiqindilarni muassasa binosi va hududidagi maxsus belgilangan idishlarga
tashlash;
b) dars mashg‘ulotlarida:
— tegishli darslik va zarur o‘quv qurollari bilan ishtirok etish;
— vaqtini va diqqatini o‘quv jarayoniga tegishli bo‘lgan maqsadlarga sarflash
va qaratish;
— o‘qituvchiga murojaat qilmoqchi yoki savoliga javob bermoqchi bo‘lganda
qo‘lini ko‘tarib ruxsat so‘rash;
sanitariya-gigiyena va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilish;
d) tanaffusda:
— o‘z o‘qish joyini toza saqlash va tartibga keltirish;
— navbatdagi dars bo‘ladigan sinf xonasiga o‘z vaqtida o‘tish;
— fan o‘qituvchisining ko‘rsatmasi bo‘yicha sinfni kelgusi darsga tayyorlash;
— katta tanaffus vaqtida navbatchi o‘quvchilar tomonidan sinf xonasining
tozaligini ta’minlash;
e) ta’lim muassasasi oshxonasida:
— ovqatlanishdan oldin va keyin qo‘llarini yuvish;
— umumiy ovqatlanish joylarida belgilangan tartib qoidalarga rioya qilish;
— taomlarni olishda “navbatga turish” tartibiga rioya qilish va imkoni boricha
ijtimoiy masofani saqlash;
— tirbandlik holatida ustozlar, o‘zidan kichiklarga va qizlarga hurmat
ko‘rsatish;
— ovqatlanish vaqtida shovqin solmaslik;
— issiq va suyuq ovqatlarni olishda va iste’mol qilishda ehtiyotkor bo‘lish;
— oshxonadan olingan ovqat va ichimliklarni oshxonaning o‘zida iste’mol
qilish;
— ovqatlangandan so‘ng idishlarni yig‘ishtirib qo‘yish;
f) ta’lim muassasasi kutubxonasida:
— kutubxona xodimlari bilan xushmuomalada bo‘lish;
— kitoblar va jihozlarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish;
— kitoblarni olish va topshirish tartib-qoidalariga rioya qilish;
g) sport zali (majmuasi)da:
— sport zaliga xos bo‘lgan kiyim va poyabzalda kirish;
— sport inventarlaridan oqilona va samarali foydalanish;
— mashg‘ulotlardan keyin sport inventarlarini belgilangan joylarga qayta
topshirish;
— sport majmuasining belgilangan tartib-qoidalariga to‘liq rioya qilish.
10
28. O‘quvchilarga odob-axloq qoidalari doirasida quyidagilar
taqiqlanadi:
a) ta’lim muassasasida va uning hududida:
— o‘zgalarga nisbatan jismoniy kuch ishlatish yoki ruhiy tazyiq o‘tkazish;
— dars mashg‘ulotlari vaqtida ta’lim muassasasi hududida sababsiz yurish;
— ta’lim muassasasi yo‘laklari, sinf xonalari, oshxona va kutubxonasida
asossiz ravishda baland ovozda gaplashish;
— ta’lim muassasasi hududida baland ovozda so‘zlashish, qog‘oz va boshqa
chiqindilarni (belgilangan joylardan tashqarida) qoldirib ketish;
— muqovasida ma’naviyatga zid bo‘lgan tasvirlar tushirilgan yozuv
daftarlaridan foydalanish;
— turli narkotik va psixotrop moddalar, spirtli ichimliklar va tamaki
mahsulotlarini iste’mol qilish hamda tarqatish;
— ta’lim muassasasi hududiga turli xil pirotexnika vositalari, pnevmatik
qurollar, o‘tkir kesuvchi va tig‘li buyumlarni olib kelish;
— uyali aloqa vositalari orqali “ommaviy madaniyat”, turli xil yot g‘oyalarni
targ‘ib etuvchi va terroristik-ekstremistik xarakterdagi audio va video materiallar
hamda pornografik xarakterdagi ma’lumotlarni ko‘rish va tarqatish, kiberbullingni
o‘tkazish;
— uyali aloqa vositalarini bo‘yniga osib olishi, ko‘ylak, shim, yubkalari
cho‘ntaklarida va shu kabilarda saqlash;
b) dars mashg‘ulotlari (sinf xonalari)da:
— dars vaqtida o‘rinsiz gaplashish, ovqatlanish, saqich chaynash;
— qog‘oz va boshqa keraksiz narsalarni qoldirib ketish;
— mashg‘ulotlar yakunlangunga qadar ta’lim muassasasi hududidan
o‘qituvchilar ruxsatisiz tashqariga chiqish;
— yozma ishlar va oraliq nazoratlarni bajarish vaqtida chetdan yordam
so‘rash;
— boshqa o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan topshiriqlar yoki yozma
ishlarni o‘z nomidan topshirish;
— telefondan (smartfon, planshet va boshqa gadjet qurilmalar) foydalanish,
uni parta ustiga qo‘yish.
4-bob. Rag‘batlantirish va ta’sirchan choralar ko‘rish tartibi
29. O‘quv yili davomida yuksak ma’naviy axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan,
namunaviy xulqi va jamoat ishlaridagi faolligi uchun hamda mazkur ichki tartib va
odob-axloq qoidalariga to‘liq rioya qilgan, ta’lim muassasasida ijobiy sog‘lom
muhitning qaror topishiga va yanada mustahkamlanishiga xizmat qilgan jamoa
a’zolari quyidagicha moddiy va ma’naviy jihatdan rag‘batlantiriladi:
— mahalla raislari bilan birgalikda namunali ota-onalarga “minnatdorchilik
xati”ni yuborish;
11
— ta’lim muassasasi buyrug‘i bilan o‘qituvchilarga “Faxriy yorliq”,
“tashakkurnoma” e’lon qilish, ularni tarmoq va davlat mukofotlariga tavsiya qilish;
— esdalik sovg‘alar bilan taqdirlash;
— muassasa radiouzel va ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilish;
— “Eng faol o‘quvchi”, “Eng faol sinf” nominatsiyasi bilan taqdirlash;
— o‘quvchilarning yashash manziliga, ularning ota-onasining ish joyiga yoki
mahalla fuqarolar yig‘iniga tashakkurnoma yuborish;
— “Har bir nuroniy – o‘smir yoshlarning g‘amxo‘r murabbiyi” tamoyili
asosida tarbiyasi og‘ir o‘quvchilar mahallada katta hurmatga ega bo‘lgan
nuroniylarning tarbiyasiga biriktirish.
30. O‘quvchilar ichki tartib va odob-axloq qoidalarini buzgan taqdirda
ko‘riladigan choralar:
o‘quvchining qog‘oz yoki elektron kundaligiga tanbeh yozish;
qoida buzilish holatlari takroran kuzatilganda, o‘quvchini muassasa ichki
nazorat ro‘yxatiga olish va yakka tartibda shug‘ullanish;
ota-onasi (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ni muassasaga taklif qilish,
“Oila-mahalla-ta’lim muassasasi” hamkorligi jamoat kengashi doirasida
muhokama qilish;
farzandi tarbiyasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashayotgan ota-onalar
(ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ning ish joyiga yoki mahalla fuqarolar
yig‘iniga ma’lumot yuborish;
ota-onasi (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ga nisbatan muassasaga
biriktirilgan inspektor-psixolog tomonidan tegishli ma’muriy javobgarlik
choralarini qo‘llash.
31. Mazkur qoidalarga rioya etmaganlik holatlari ta’lim muassasasidagi
Kuzatuv kengashlarida ham muhokama qilinishi mumkin.
32. Ta’lim muassasasiga biriktirilgan inspektor-psixolog odob-axloq
qoidalarining buzilishi holatlarini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha pedagogxodimga
nisbatan intizomiy yoki boshqa tarzdagi qoida buzilishlarining mavjudligi
(mavjud emasligi) to‘g‘risida dalolatnoma tayyorlanadi.
Qoidalar buzilishi holatlari aniqlangan taqdirda qoidani buzgan pedagog
xodimni javobgarlikka tortish to‘g‘risida muassasa rahbariga taklif kiritiladi.
Bunda yo‘l qo‘yilgan qoida buzilishining xarakterini hisobga olgan holda pedagog
xodimga nisbatan odob-axloq qoidalarining buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik
to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan cheklanishi mumkin.
pedagoglar o‘zlari yo‘l qo‘ygan qoida buzilishi, qoida buzilishining ko‘rib
chiqilishi jarayoni haqida axborotni olish va o‘zini himoya qilish uchun dalillarni
taqdim etish, shuningdek muassasaning qarorlari yuzasidan belgilangan tartibda
shikoyat qilish huquqiga ega.
33. Jamoa a’zolari ichki tartib va odob-axloq qoidalarini buzganida ularga
nisbatan mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda intizomiy jazo choralari
qo‘llaniladi.
12
4-bob. Yakuniy qoidalar
34. Mazkur qoidalar bilan har o‘quv yili boshida o‘quvchilarning ota-onasi
(yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ga hamda ta’lim muassasasi pedagog
xodimlari tanishtiriladi (tanishtirish varaqasi namunasi ilova qilinadi).
35. Odob-axloq qoidalarida aks ettirilmagan masalalar yuzasidan vujudga
kelgan nizoli vaziyatlar amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
36. Mazkur Qoidalar ta’lim muassasasi hududida amal qilinishi lozim
bo‘lgan minimal talablar hisoblanib, muassasa tomonidan qabul qilinadigan
Ustavda ushbu qoidalar qat’iy belgilangan holda kiritiladi va uning ijrosi shaxsan
ta’lim muassasasi rahbari tomonidan ta’minlanadi.
13
“Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining ichki
tartib va odob-axloq qoidalari”ga
ILOVA
“Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining ichki tartib va odob-axloq qoidalari”
bilan maktabning pedagogik jamoasi, o‘quvchilar va ularning
ota-onalarini tanishtirish
JADVALI
a) pedagogik jamoa uchun
________________ viloyati _______________ tumani ______-sonli maktab pedagogik jamoalari
qoidalar bilan tanishtirildi.
Ichki tartib va odob-axloq qoidalari bilan tanishdim va unga rioya etilishini ta’minlayman.
№ F.I.SH.
Lavozimi
(dars berayotgan fani)
Imzo
(tanishganligi to‘g‘risida)
b) ota-onalar uchun
________________ viloyati ________________ tumani ______-sonli maktabning ______-sinf
o‘quvchilarining ota-onalari qoidalar bilan tanishtirildi.
Ichki tartib va odob-axloq qoidalari bilan tanishdim va farzandim hamda Men unga rioya
etilishini ta’minlayman.
№ O‘quvchining F.I.SH.
Ota-onasining familiyasi,
ismi sharifi
Imzo
(tanishganligi
to‘g‘risida)
www.idum.uz
Telegramda @talim_obrazovaniye «Таълим / Образование» kanali –
o`qituvchilar uchun xujjatlar, dars ishlanmalar, testlar, tarqatma materiallar,
attestatsiya savollari namunalari