Sanobar bugun maktabdan kech qaytdi. Ustini apil-tapil almashtirib, oshxonaga chopdi. Uning oyisi oshxonada shoshib ovqat tayyorlayotgan edi.
– Oyijon, tezroq ovqat bering, qornim juda ochib ketdi, – dedi Sanobar.
Dildora opa esa:
– Qizim, ovqatim hali tayyor bo‘lmagandi. Non bilan tokchada turgan murabbodan yeya qol, – dedi.
Bu gap Sanobarga yoqmadi.
– Non ham ovqatmi? – deb oldida turgan yarimta nonni hovliga olib chiqib kuchukka berib yubordi. O‘zi esa xonasiga kirib ketdi. Dildora opa qizidan xafa bo‘lib qoldi. Chunki bugun o‘zi ham ishdan kech qaytganligi tufayli ovqati hali tayyor bo‘lmagan edi. Shu payt Sanobarning dadasi ham ishdan keldi. Dildora opa bo‘lgan barcha voqealarni Davron akaga aytdi. Davron aka biroz o‘ylanib turdi, so‘ng menda zo‘r fikr bor, deb Dildora opaga bir nimalarni tushuntirdi.
Oradan bir kun o‘tdi. Bugun ham Sanobar xuddi kechagidek maktabdan kech qaytdi. Ustini almashtirdi-yu, oshxonaga kirdi. Barcha oila a’zolari – dadasi, oyisi, ukasi Dilshod ham dasturxon atrofida tushlik qilishayotgan ekan. Sanobar o‘z o‘rniga o‘tirdi-yu, oyisidan ovqat so‘radi. Oyisi uning oldiga bir kosa sho‘rva olib keldi. Sanobar ovqatdan ozgina ichib, dasturxondan bir narsani izlay boshladi. Ammo u stol ustida yo‘q. Sanobar oyisidan non so‘radi. Oyisi esa:
– Sanobar, uyda non tugab qoldi, dadangga aytgan edim, non olib kelish yodidan ko‘tarilibdi, men esa xamirni endi qordim. Kecha nonni tashlab yubormaganingda hozir yetar edi. Bizlar yarimta nonni bo‘lib yedik, senga esa qolmadi, – dedi.
Shunda Sanobar:
– Menga ham olib qolsalaringiz bo‘lar edi-ku! – dedi.
Dildora opa esa:
– Kecha o‘zing non ham ovqatmi, degan eding-ku! – dedi. Shu payt Sanobar qilgan ishidan pushaymon bo‘lib, yig‘lab yubordi. Bir ozdan so‘ng Dildora opa qutida turgan ikkita nonni Sanobarning oldiga qo‘ydi. Qiz esa hech narsaga tushunmay hayron bo‘lib qoldi.
– Bizlar sening non qadrini anglab yetishingni istagan edik, – dedi dadasi.
Malika TO‘G‘IZOVA,
Jizzax viloyati G‘allaorol tumani 10-maktab 8-sinf
manba:gulxan.uz