👶🏻 Spazmofiliya — bolalarda talvasalash kasalligi
♻️ Spazmofiliya (spasmophilia) – bu bolalarni birinchi 6-18 oy hayoti davomida uchraydigan talvasa va spastik talvasalanish sindromi bilan kuzatiladigan va raxit bilan bog‘liq bo‘lgan kasallikdir. Ko‘proq bu kasallik o‘g‘il bolalarda uchraydi. Shuningdek xastalik bahorda ko‘proq kuzatiladi. Spazmofiliyaning ikkita shakli bo‘lib, u yaqqol va yashirin ko‘rinishda bo‘ladi. Kasallik talvasalanish, tomir tortishish xuruji, laringospazm, nafas to‘xtashi, hushidan ketish bilan kuzatiladi. Agar vaqtida bemorga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilmasa alohida holatlarda bu kasallik mudhish holatlarga ham olib kelishi mumkin. Uzoq muddatli talvasalar markaziy asab tizimining shikastlanishiga va bolani ruhiy rivojlanishdan orqada qolishiga olib keladi. Spazmofiliya o‘tkir gipokalsiyemiya (kalsiy –1,7 mmol/dan kamayib ketadi) sababli, organizmda elektrolit disbalansi va alkaloz vujudga kelganda ro‘y beradi. Qonda tezkor, deyarli to‘satdan D vitaminining faol metaboliti miqdori oshib ketganida yoki bunday vaziyat katta miqdorlarda D2 yoki D3 vitamini qabul kilganda, hamda uzoq muddat yalong‘och terida radiatsiyasi yuqori bo‘lgan joylarda ultrabinafsha nurlarni qabul qilish bilan vujudga keladi. Gipokalsiyemiya qalqonsimon bezlar faoliyati buzilganda, kalsiy miqdorining ichakda so‘rilishi pasayib ketganda yoki peshob bilan kalsiyni ko‘p miqdorda ajralishi bilan ham vujudga keladi. Bundan tashqari, talvasa sindromi ko‘pincha bolalarda qonda magniy, natriy, xloridlarni, B1 va B6 darmondorilari miqdori pasayib ketganda ham rivojlanadi. Spazmofiliyani yaqqol ko‘rinishida laringospazm, barmoq mushaklari va oyoq mushaklarining tomir tortishishlari, talvasalar bilan farqlanadi.
🔰 Laringospazmda bemorning tovush chiqaruvchi teshiklari toraygani sababli nafas qisiladi, sershovqin nafas olish, ko‘karish, kuchli qo‘rqish, muzdek ter bosish, havoni yutoqib yutish, qisqa muddat hushdan ketish bilan kuzatiladi. Laringospazm xuruji tugayotganda asta-sekin nafas olish tiklanadi, keyin bola tezda uxlab qoladi. Qo‘l va oyoq mushaklarini tomir tortishishlarida yelkalar tanaga yopishib, barmoqlar musht bo‘lib tugilishi– I-IV, V barmoqlar bukilib qolishi, II va III qo‘l barmoqlari ochilib qolishi (akusher qo‘li simptomi) alomatlari kuzatiladi. Qo‘l va oyoq mushaklarini tomir tortishishlarida (spazmlari) bolani kiyintirayotganda,bir necha lahzadan bir necha daqiqagacha, bir necha soat va kunlargacha kuzatilishi mumkin. Oyoq kafti va panjalarda qattiq shishlar ham kuzatiladi. Kloniko-tonik talvasalar (eklampsiya) spazmofiliyani eng kam uchraydigan va yoqimsiz shaklidir. Bolada kloniko-tonik talvasalar xuruji bilan boshlanib hamma mushaklarning tortishishini o‘z ichiga oladi. Mimik mushaklar tortishishi bilan boshlanib, qo‘l va oyoq tomir tortishishlarini, nafas qisilishi, nafas ritmi buzilishini ham o‘z ichiga oladi. Bunda bola ko‘karishni boshlaydi, hushini yo‘qotadi. Lablarda ko‘pik paydo bo‘lib, axlat va peshob ajralishi kuzatiladi. Uzoq kechadigan talvasalarda tana harorati ko‘tariladi. Talvasalar bir necha daqiqadan bir necha soatlargacha kechishi mumkin. Shunday vaqtda yurak yoki nafas to‘xtashi mumkin. Bir yoshgacha bo‘lgan bolalarda klonik talvasa tortishishlari, kattaroq yoshdagi bolalarda faqat tonik mushak tortishishlari kuzatiladi. Bolalarning birinchi olti oyligida eklampsiya laringospazm bilan, ikkinchi yarim yilligida qo‘l va oyoq mushak tortishishlari kuzatiladi.
🔅 Yashirin spazmofiliyada bola ko‘p bezovtalanadi, oyoq titrashlari, dahanining titrashi, nafas ritmining buzilishlari kuzatiladi. Bunday holatlarda albatta qondagi kalsiy, fosfor, kislotalar va asosi muvozanatini aniqlash lozim. Yashirin spazmofiliyadagi xarakterli belgilaridan biri ko‘z hamda va lab burchagining barmoq tekkizilganda tortishishi bilan kuzatiladi. Qonni biokimyoviy tekshirish ham gipokalsiyemiyani, giperfosfatemiyani va alkalozni aniqlashga yordam beradi.
Manba© @pediatronline