Pedagoglarga attestatsiyadan o‘tganlik to‘g‘risidagi sertifikat elektron shaklda beriladi.
Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Hukumat qarori (572-son, 17.09.2021 y.) qabul qilindi.
🔰 Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan:
➖ pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) hamda ta’lim muassasalari miqyosidagi attestatsiya komissiyalarini tuzish va yig‘ma jild orqali hujjat topshirish amaliyoti bekor qilinadi;
➖ pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish ularning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligini baholash hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovini o‘tkazish orqali amalga oshiriladi;
➖ pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifasi (lavozim) berish bo‘yicha hujjatlarni qabul qilish DXM yoki YAIDXP yoxud Ta’lim inspeksiyasi rasmiy veb-saytidagi maxsus portal orqali amalga oshiriladi;
➖ pedagog kadrlarga qog‘oz shaklidagi attestatsiyadan o‘tganlik to‘g‘risidagi sertifikat berish amaliyoti bekor qilinib, elektron shakldagi sertifikat berish tartibi joriy etiladi;
➖ pedagog kadrlarga bungacha berilgan sertifikatlar o‘z kuchida qoladi va amal qilish muddati tugagunga qadar sertifikatda ko‘rsatilgan malaka toifasi (lavozimi) bo‘yicha bazaviy tarif stavkalari asosida haq to‘lashda hisobga olinadi.
🗓 2022 yil 1 yanvargacha “pedkadr.tdi.uz” platformasi ishlab chiqiladi.
💰 Pensiya yoshiga to‘lgan pedagog kadrlar navbatdagi attestatsiyaga jalb etilmaydi, attestatsiyadan o‘tganlik muddati tugashidan qat’i nazar ularning amaldagi malaka toifasi (lavozimi) saqlab qolinadi hamda mazkur malaka toifasi bo‘yicha haq to‘lanadi.
☑️ Pensiya yoshiga to‘lgan pedagog kadrlar o‘z xohishiga ko‘ra navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tib, malaka toifasi oshirilgan taqdirda, ularga yangi tasdiqlangan malaka toifasi bo‘yicha haq to‘lanadi.
📋 Qaror bilan shuningdek, maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.