Sport pasporti nima va u qaysi tashkilot tomonidan beriladi?
Oʻzbekistonda 2015-yilning 4-sentyabrida “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq mamlakatimizda sportchilarning sport pasporti joriy etilgan.
Sport pasportini berish, yuritish, almashtirish, hisobga olish yagona tizimining amal qilish tartibini belgilab berish “Sport pasporti toʻgʻrisidagi Nizom”ga (Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 22-noyabrda 2949 raqami bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan) asosan amalga oshiriladi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yana-da takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 24-yanvardagi 5924-sonli Farmoniga asosan mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni 2025-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasining maqsadli koʻrsatkichlari sifatida sport pasportini berish orqali sportning maʼlum bir turi bilan muntazam ravishda shugʻullanib kelayotgan va sport musobaqalarida doimiy ravishda ishtirok etuvchi sportchilarning yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirish belgilab qoʻyildi. Sport pasporti yagona namunadagi hujjat boʻlib, u sportchining biror bir jismoniy tarbiya va sport tashkilotiga mansubligini hamda uning sport malakasini tasdiqlaydi. Nizomga muvofiq sport pasportini rasmiylashtirish, berish va hisobini yuritish hamda yagona axborot-maʼlumot tizimiga kiritish Turizm va sport vazirligining “Sport va turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan amalga oshiriladi. Sport pasportidan: sportchining bir jismoniy tarbiya-sport tashkilotidan boshqasiga oʻtishi; sportchining sport musobaqalarida ishtirok etish uchun roʻyxatga olinishi; sportchining tibbiy tekshiruvdan oʻtishi; sportchi tomonidan sport unvonlari va sport razryadlarini olish uchun zarur boʻlgan normalar hamda talablarni bajarilishi; shuningdek, qonunchilikda belgilangan boshqa holatlarda foydalaniladi. Sport pasportini yuritish orqali Respublika sportchilarining yagona roʻyxatdan oʻtkazish tartibi, ularning faoliyati va erishgan natijalarning doimiy monitoringi taʼminlanadi. Shuningdek mazkur hujjatda sportchilarning sport razryadi, musobaqalardagi ishtiroki, sport tashkilotlariga aʼzoligi, tibbiy koʻrik natijalari, ularning murabbiylari toʻgʻrisida maʼlumotlar oʻrin oladi. Sportchilarning diskvalifikatsiya qilinishi, davlat va boshqa turdagi mukofotlar bilan ragʻbatlantirilishi boʻyicha mamlakatdagi barcha sportchilarning yagona elektron bazasi yaratiladi. Natijada sportchilarni saralash ishlari markazlashgan holda tizimli ravishda amalga oshiriladi va milliy terma jamoani sifatli sportchilar zaxirasi bilan taʼminlashga erishiladi.