XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Toshkent bozorlari


Post Views:
632

Toshkent Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan O‘rta Osiyoning qadimiy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ma’rifiy markazlaridan biri bo‘lgan. Shahar muhim geografik o‘rinda – Sharq va G‘arb mamlakatlari bilan savdo-sotiq yo‘lida joylashganligi sababli, bu yerga har yili yuzlab savdo karvonlari kelib turgan.

Toshkentni istilo qilishda qatnashgan rus rassomi V. Vereshchaginning yozishicha, «Men ko‘rgan Sharq shaharlarining hech birini kengligi jihatidan Toshkentliklarning bozoriga tenglashtirib bo‘lmaydi. Undagi do‘konlar kichkina bo‘lsada, son-sanoqsiz. Aytish qiyin, Toshkentda do‘kondorlik hunari bilan shug‘ullanmaydigan biron-bir kishi bormikan? Tushda bozor rosa qiziydi, savdo ishlari yanada jonlanadi, odam juda tiqilinch bo‘lib ketadi, ko‘chalarda eshak, ot va tuyalarning ko‘pligidan yurish qiyinlashadi….»

“Umuman savdo masalasiga kelsak,” – deb yozadi Vereshchagin “Toshkentning raqibi yo‘q. U O‘rta Osiyoning asosiy savdo yo‘li ustida joylashgan bo‘lib, Buxoro va Qo‘qondan Rossiyaga va aksincha o‘tadigan karvonlar to‘xtab o‘tadigan shahardir.”

1813 yili Toshkentda bo‘lgan elchi Filipp Nazarov esa shaharni turli mamlakatlardan tinmay karvonlar kelib-ketadigan yirik savdo punkti deb ta’riflaydi.

Rus tarixchisi V. Masalskiy Eskishahar bozorining 1908-1910 yillardagi ko‘rinishini quyidagicha tasvirlaydi. Bir qismi timdan iborat bozorda 4500 ta do‘kon, choyxona, oshxona, ustaxona va karvonsaroy borki, ular bozor kunlari nihoyatda tiqilinch bo‘ladi. Bozorga tutashgan ko‘chalar va bozorning o‘zi shaharliklar, daladan kelgan dehqonlar, tuya karvonlari, otliqlar, aravalar bilan shu qadar to‘lib ketganki, yurishga iloj bo‘lmay qoladi. Allofu qandolatchi, kallapazu kaboppaz, bazzozu somsapaz, misgaru chilangar, novvoy-yu holvafurushlarning baqiriq chaqirig‘i, gadolarning xayru sadaqa tilashi, qalandaru maddohlarning qiroatli o‘qishlari, tuyalarning bo‘kirishi-yu, eshaklarning hangrashi aralash-quralash bo‘lib ketadida, bu mahobatli guldiros bozordan olis-olislargacha eshitilib turadi.

Bozor faqat savdo-sotiq bilan xizmat qilibgina qolmay, shahar xalqi hordiq chiqaradigan joy ham edi. Shahar hokimining turli farmonlari masjidlarda ma’lum qilingandan tashqari, yana bozorda jarchilar tomonidan e’lon qilinardi. O‘rta Osiyoning boshqa yirik shaharlarida bo‘lgani kabi bu yerda ham, hayit va ro‘za kunlari bozorshab (kechki bozor) o‘tardi. Bozorshabda shaharning markaziy ko‘chalaridan biri, yoki maydoni bezatilib, ko‘chaning ikki chetidagi choyxona va do‘konlar oldiga chorpoyalar qo‘yilib, har xil meva-cheva, oziq-ovqatlar sotilgan. Karnay-surnay va nog‘oralar chalinib, maxsus jarchilar odamlarni bozorshabga chorlab turgan. Bir tomonda dorbozlar, masxarabozlik va ko‘g‘irchoqbozlik, bir tomonda kurash va o‘rgatilgan hayvonlar tomoshasi bo‘lib turgan. Choyxonalarda sozanda, xonanda, askiyachi, qiziqchi va raqqoslar o‘z hunarlarini namoyish qilganlar.

XIX asrning o‘rtalarida Rossiya va boshqa Yevropa savdogarlarining Toshkent bozoriga intilishi natijasida Eskijo‘va bozori yanada gavjumlashadi. Natijada, turli savdo firmalari bu bozorda o‘z idora va magazinlarini quradilar. Jumladan, savdogar Yaushevlarning Mahsido‘zlik ko‘chasidagi mahalliy firmasi va ular bilan ish olib borgan (2005 yilda buzilib ketgan) Emil Sindelning gazlama firmasining idorasi uchun qurilgan binosi kabilar. Bino keyinchalik xalq orasida «Sindel dom» nomi bilan mashhur topgan. 1928 yilda «Sindel» firmasi joylashgan binoda «Yosh tomoshabinlar teatri» tashkil qilindi.

Shunigdek, Eskijo‘va bozori hududida Graxovskiy, Nikifrov, Zaxo, Yu.Davidov va Shamsi Asatulla o‘g‘illarining turli mahsulotlar bilan savdo qiluvchi magazinlari va idoralari o‘z ishlarini boshlaydi. Eskijo‘va bozori davriga qarab turli nomlar bilan atalgan. Quyida ana shu Eskijo‘va bozorining turli davrdagi nomlarini izohlashga harakat qilamiz:

Registon (forscha) – O‘rta Sharq shaharlaridagi maydon. Turkiyda qumloq ma’nosini anglatadi. Nomiga ko‘ra bu bozorning dastlabki nomi. Chunki O‘rta Osiyoda odatda bozorlar unumsiz qumloq va toshloq joylarda tashkil qilingan. Labzak yoki Jangob arig‘ining hozirgi bozor markazidan o‘tadigan joylar pastlik va toshloq joylar bo‘lgan. Shuningdek, O‘rta Osiyo shaharlarida markaziy maydonlar Registon deb yuritilgan. Bu bozor haqida X asr tarixchisi Makdusiyning yozishicha, “Toshkentdan boshqa shaharlarga temir buyumlar, egar-jabduqlar va boshqa hunarmandlik mahsulotlari olib ketilardi, Toshkent kamonlari va nafis idish-tovoqlari bilan shuhrat qozongan edi.

Qo‘shbozor. XV-XVI asrlarda shahar hududi hozirgi O‘rda va Beshyog‘och tomon kengayib boradi. Binkat nomi bilan kelgan Toshkentning shahristoni nurab borardi. Natijada, o‘z davri talablariga javob bera oladigan yangi xon o‘rdasi va shahristoni hozirgi Qoratosh va Olmazor mahallalari o‘rnida quriladi. Bo‘shab qolgan eski o‘rda va shahriston o‘rnida yangi bozor vujudga kela boshlaydi. Yangi bozorda kulollar, misgarlar, taqachilar, to‘qimachilar kabi qator ustaxonalar joylashib, Registon bozori bilan parallel ravishda savdo-sotiq ishlarini davom ettira boshlaydi. Bu har ikki bozor qo‘shilib, bir qancha muddat Qo‘shbozor nomi bilan atala boshlangan.

Chorsu – dastlab Beshyog‘och dahasining qadimiy mahallalaridan biri bo‘lgan. Mahalla sifatida XI asrda vujudga kelgan. Unga shaharning asosiy darvozalaridan yo‘llar kelib tutashgan.

O‘rta asr sharq shaharlarida 2 yirik ko‘cha kesishgan joy – Chorsu deyilgan. Bunday joylarda odatda savdo rastalari, kosiblarning do‘konlari joylashgan. Tabiiyki, bozor bilan chegaradosh bo‘lgan bu mahalla o‘z-o‘zidan Registon bozoriga qo‘shilib ketgan. Qadimiy manbalarda Chovursuk (to‘rt tomonlama), Chorsuk, Chorbozor ko‘rinishlarida ham uchraydi. Suq so‘zi arabchada bozor ma’nosini anglatgan. Keyinchalik og‘zaki so‘lashuvda Chorsu shaklini olgan.

Eskijo‘va Sebzor dahasining qadimiy mahallalaridan biri bo‘lgan. Mahsido‘zlik ko‘chasida mahalla hunarmandlarining asosiy qismi joylashgan bo‘lib, savdo-sotiq qaynagan joylardan biri hisoblangan. Vaqtlar o‘tib bu qadimiy mahalla ham markaziy bozorning bir qismi va keyinchalik bozorning asosini tashkil qilib, Eskijo‘va nomi bilan atala boshlangan.

Prof. X.X. Xasanov “Eskijo‘va” – mahalla nomi, harbiy aslaxalar ombori (jo‘vaxona) bo‘lganidan bu joy shunday nom olgan deydi. Xaqiqatan ham jiba “sovut” degan so‘z. (S.Qorayev).

Qadimshunos olima V.A. Bulatova esa taniqli olima O.Smirnova asarlarida “eski” – so‘zi so‘g‘d tilida “baland” degan ma’noni anglatishini uchratib qolganligini yozadi. Bu termin qadimiy Toshkentga juda mos degan xulosaga kelib, Eskijo‘va – “baland bozor” degani deydi va isboti tariqasida “Toshkent” yetti soy va yetti tepalikdan qad ko‘targan, degan afsonani keltiradi.

XVI asrda Toshkentning o‘rdasi eski shahar qismidan Beshyog‘och tarafga ko‘chirildi. Tabiiyki, uning qurol-aslaha saqlaydigan ombori ham yangi joyga ko‘chiriladi. Eski omborxona esa eski jiba, ya’ni eski omborxona nomida qoladi. Vaqtlar o‘tishi bilan jiba, jo‘va ko‘rinishini olib Eskijo‘va deb atala boshlangan.

Pastbozor. Bozorni xalq hozirgi kunlarda ham “Pastbozor” deb aytadi, sababi bozor pastlikka joylashgan. Qadimiy turkiy tilimizda suvloq pastlik yerni “Choch” deb atashgan, shaharning Choch degan nomi ana shu holatdan kelib chiqqan, degan xulosaga keladi A.Ibrohimov.

Oktyabr bozori. SHo‘rolar davrida bozorning qoq o‘rtasidagi restoran Oktyabr nomi bilan ataldi. So‘ng Eskijo‘va mahallasi o‘rnida Kalinin haykali o‘rnatilib, maydon nomi Kalinin nomi bilan o‘zgartirilgan edi. Xullas, bozor nomi ham Oktyabr nomi bilan atala boshlandi. Ammo, 70 yil davomida bu nom xalq ongiga singmadi. Baribir Chorsu, Eskijo‘va yoki Pastbozor nomi bilan atalib kelinaverdi.

Oloy bozori (Amir Temur ko‘chasi). Dastlab bir necha yillar davomida norasmiy kichik chakana bozor sifatida chorva va dehqonchilik mahsulotlari bilan oldi-sotdi qilinib tupgan joy. 1928 yildan Oloy bozori nomi bilan rasmiy ravishda bozorga asos solingan va keyingi mustaqillik yillarida zamonaviy bozor tariqasida qayta qurilgan.

Ayrim qadimshunoslarning fikricha, XIX asrning 80 – yillarida O‘rta Osiyo ayollaridan birinchi bo‘lib «dodxo» unvonini olgan, «Oloy malikasi» nomi bilan mashhur bo‘lgan, Oloy viloyatining hokimi Qurbonjon dodxo o‘z o‘g‘illari bilan mustaqillikka erishish maqsadida «Po‘latxon» qo‘zg‘oloni ishtirokchilari tomoniga o‘tadi. 1876 yil 25 aprelda M.D. Skobelev qo‘shiniga kuchli zarba bergan, biroq, keyinchalik xoinlik natijasida mag‘lubiyatga uchragan. Odamlarining ayrimlari asirga tushgan, ayrimlari turli tomonlarga qochishga majbur bo‘lgan. Shularning bir qismi hozirgi Toshkentning Oloy bozori hududidan manzil topgan va savdo-sotiq bilan shug‘ullanishgan. Bozorning Oloy deb nomlanishi shundan.

Ammo, ayrim havaskor atamashunoslar matbuot sahifalarida e’lon qilingan maqolalarida keltirishlaricha – Oloy so‘zi Aloe o‘simligi nomidan kelib chiqqan deyishadi. Aytishlaricha, bir vaqtlar bu yerda aloe o‘simligi bilan savdo qilishgan. Shu sabab bo‘lsa kerak, Oloy bozori, ya’ni “Alayskiy rыnok” bo‘lib ketgan, – degan fikrni bildiradilar.

Piyonbozor – 1866 yilda o‘sha davrdagi shaharning ruslar yashaydigan qismi chekkasida Yakshanba bozor (Voskresenskыy bazar) ochiladi. Savdoning asosiy qismini spirtli ichimliklar bilan savdo qiluvchi do‘konlar, mayxonalar tashkil qilgan. Mahalliy aholining ayrim boyvachchalari, bu joyga kelib kayfu safo qilib turishgan. Mahalliy xalq iborasi bilan Piyon bozor deb nomlanishi shundan. Bozor 1930 yilgacha mavjud bo‘lgan. Keyinchalik bu hududda Alisher Navoiy nomli teatr qurilgan. 1947 yildan bu hudud Teatr maydoni nomi bilan atala boshlangan.

Qaymoqbozor – Eskijo‘va bozoridan keyingi eng katta bozor hisoblangan. Toshkent hokimi Yunusxo‘ja hukmronligi davrida qurilgan va 1810 yilda Qo‘qon xonligi bosqini davrida vayronaga aylantirilgan Kichik o‘rda deb nomlanuvchi o‘rda vayronalari tepaligi o‘rnida bo‘lgan. Shayxontohur darvozasiga yaqin bo‘lgan. Asosiy savdosi chorva mahsulotlari bo‘lgan. Bozorning «Qaymoqbozor» deb nomlanishi shundan. Bozor tahminan Shayxontoxur, A.Navoiy, A.Qodiriy va Anhor kanali oralig‘ida bo‘lgan.

Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/xix-asr-oxiri-xx-asr-boshlarida-toshkent-bozorlari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x