Tarixi jahonnamoyi (2-qism)


Post Views:
65

O‘RUS KOFIRLARGA QARSHI IKKINCHI YURISHGA SOHIBQIRONNING FARMON (BERISHI) VA IQON MAVZEIGA KELIB KUFFOR BILAN QILG‘ON URUSHI HAQIDA

Janob sohibqiron (Sulton Said xon) davlati azmga (Xo‘qandga) qaytdilar. Shum kofirlar mahzul va marhum bo‘lib Avliyootaga keldilar. Bir necha kun osotishtalik bilan harb olt-asbobini yangitdan taxlab, vaqtni g‘animat bilib yana Chimkent irodasini qilib, Chimkent qal’asiga yaqinlashib qoldilar.

Kofirlarning dabdabali tarzda kelayotgani haqida xabar Mirzo Ahmad qushbegiga ma’lum bo‘ldi. Mirzo Ahmad – zog‘ kaklik raftoriga taqlid qilib, ertasi behisob lashkar ila kofirlarning yo‘lini Saddi Iskandardek olish uchun Chimkent qal’asidan xiromon chiqdi… (Ular) tez kofirlarning makoniga kelib, raqibga qarshi muqobil saflandilar. Kofirlar bundan xabar topdi, ammo ular shuni biladilarki, nobakor Mirzo Ahmad qushbegi kurashiga bel bog‘lagan bo‘lsa ham aslida u xo‘roz emas, makiyonidir. Kofirlarning g‘ayrati qaynab, xavfli va xatarli ahvolda o‘zlarini yo‘qotmasdan to‘pu tufanglari ila urushga kirishdilar.

Ikki tomon ham sa’yi harakat ila kamoli pahlavonlik ko‘rsatib, sabtu qaror qadamini bosib, bir-birlari bilan jang qildilar. Oqibatda xuda amri ila kofirlarning qo‘li baland keldi va musulmonlar orqaga chekinishga majbur bo‘lib, Chimkent sari yo‘l oldilar.

Mirzo Ahmad shu yerning sipohsolari bo‘laturib, jur’atsizlik va qo‘rqoqlik qildi. Chimkent qal’asida panoh topmay, Toshkandga qaytdi.

Piyoda islom askarlari imkon qadar kofirlarga qarshi kurashib, murosizlikdan tushkunlikka tushgan holda nobakorlar o‘qidan halok bo‘laverdilar. Ular (o‘ruslar) 1281 yil jimod ul-avval oyining uchinchisida, seshanba kuni Chimkent qal’asiga kirib, behisob bedodlik va yovuzlikni musulmon ahliga ravo ko‘rdilarkim, bu ishlarga aql bovar qilmaydi.

Ba’zi shohidlarning guvohligiga qaraganda, o‘ruslar urushdan so‘ng shahid bo‘lgan musulmonlarning jasadlarini sanab chiqqan ekanlar. Aytishlaricha, kattayu kichik, erkak va ayollardan 1376 kishi maqtul bo‘lgan. Sipohning hamma asbob-aslahasi, bir qancha g‘alla to‘la ombor kofirlar qo‘liga o‘tdi. Yana ular vaqtni boy bermay, qochoqlarni ta’qib etib, Toshkand viloyatiga yetib kelib, Toshkand qal’asini qamal qilishdi. Bir necha kun dam olishgandan so‘ng shaharga yaqinlashib, shunday yovuz bosqinchilik qilishdiki, odamzod aqli kofirlarning bunday jur’atiga hayron qoldi.

Ba’zi qo‘rqoqlar qochib qoldilar, shijoatli kishilar esa hoziru nozir bo‘lib, kofirlarning boshiga to‘pu tufanglardan jaladek o‘q yog‘dirdilar va askar kofirlarni yer bilan yakson qilib, ming azobu mashaqqat ila o‘z qo‘shlariga qaytdilar.

Shu voqyealar ichida janobi sohibqironning kelish xabari ma’lum bo‘ldi. Kofirlar (o‘z joylariga) qaytib ketishdi. Toshkandliklar bu fathu zafarni eshitib, janobi sohibqironga behisob lashkar bilan bir necha kofirning boshini hadya va sovg‘a sifatida jo‘natdilar. 19-jumodul-avval, chahorshanba kunida bu bashoratli xabar ul xosiyatsiz boshlar bilan birga Xo‘qandi latifga keldi.

Kabiru sag‘ir, fuqarolar bir necha kun xursandchilik qildilar. Ketma-ket kelayotgan sovuq xabarlarni eshitib toqati toq bo‘lgan sohibqiron viloyatning har tomoniga mag‘rub nomalar yuborib, o‘zi bir necha kishi bilan o‘n to‘rtinchi jumod-ul-avval kuni tezda Toshkandga yetib keldi. Kofirlarning ketganini bilib, Toshkandni o‘ziga maskan qildi. Qo‘shin ahli ham birma-bir sohibqiron huzuriga kelib qo‘shildilar. Kofirlar sohibqirondan qo‘rqib, Chimkent qal’asiga kirib yashirindilar.

Shunday qilib, qish ham kirdi. Kundan kunga havo sovib, qoru yomg‘ir yog‘ib, yer yaxlab, qorning balandligi otu tuyaning ko‘kragiga tegadigan bo‘ldi. “Tuf desangiz muzlaydigan” havoda janob sohibqironning g‘ayrati tushib, lashkar safidan 12 ming yosh yigitni tanlab, ularga Mulla Alimqulni sardor qildi va rajab oyining o‘n to‘rtinchisi, dushanba kunida Turkistonga kofirlarga qarshi jangga borishlarini buyurdi.

Shu vaqt havoning sovuqligidan his va harakat ruhi badandan soqit bo‘lib, nafas tanadan xuddi po‘st tashlaydigan ilonga o‘xshab zo‘rg‘a chiqardi. Ayniqsa, Toshkanddan chiqib Qayrag‘och mavzeiga yetib kelgan kun tunda shunday shamol ko‘tarildiki, Od qavmini yo‘q qiladigan to‘finga o‘xshardi… (Musulmonlar)dan bir necha nafarining oyoq-qo‘lini sovuq urdi, ba’zilarni yuzlari, ko‘zlari muzladi, ba’zi kishilar esa aqldan ozib safdan chiqdilar. Bir g‘aroyib ahvol yuz berdi. Lashkar tez sur’atlar bilan harakat qilib Chulek mavzeiga keldi. Odamlar manzil qilgan shu joyda kofirlar ham kichik qo‘rg‘on bino etib, bir dasta sarbozlarini himoya uchun qoldirgan ekanlar. Shu qavmdan qariyb 50 kishini o‘ldirib, xotirlarni toza va musaffo qilib, Iqon qal’asi oldida qo‘sh urdilar. Chun zim-ziyo tun qop-qora mag‘ribga g‘arq bo‘ldi va zarnigor oftob maliki jabbor amri ila mashriqdan chiqdi, qal’ada g‘aflat uyqusida qolgan odamlar devorlardan qarab, istirohat qilayotgan bir olam nusratasar askarlarni ko‘rdilar. Ular vaziyat qanchalik og‘irligini bilib, dushmanni ushlashdan boshqa chora yo‘qligini fahmladilar. Qal’adagilar bir necha xiyonatkorni bog‘lab, uzur so‘ratish uchun janobi sulton Said xon xizmatiga (huzuriga) olib keldilar. Ularning har biri o‘z qilmishlariga yarasha xoqon marhamatiga sazovor bo‘ldi. Janobi oliy farmoyishlar ila bandilarning aksariyatini asfoli jahannamga jo‘natib, shu kuni dam olmoqqa azm etti…

Namozi asr va shom vaqti orasida ketma-ket shunday xabar keldikim, bir necha yuz o‘rus kofirlari dabdaba bilan yaqinlashib kelmoqdalar. Bu xabarni eshitib, sohibqironning g‘aflat uyqusi boshidan uchdi. Mardlik g‘ayrati uning hamma payu suyaklarida harakatga kelib, ahli lashkarini qurollantirib, kofirlar yo‘lini to‘sish uchun jo‘natdi. Sarbozlar dushman yo‘lini har tomonlama bosib oldilar. Qoru muz otlarning ko‘kragiga tegar, havo sovuqligi esa ifrot haddiga yetardi. Shu kechani sarbozlar ot ustida o‘tkazdilar, ularning ko‘pchiligini sovuq urdi. Kofirlar esa o‘zlari kovlagan xandaqlarga kirib, yuz ming ranju azob ila kechani kunduz qildilar.

Quyosh maliki farhang amri ila mashriqdan bosh chiqarib, qorong‘u zulmatni yorutdi. Islom lashkarining g‘oziylari to‘rt tomondan kofirlarga qarata o‘q yomg‘irini yog‘dirdilar. Yosh pahlavon yigitlar otlarga minib, har tarafga chopib ketdilar, kofirlar esa vahimaga tushib, ularni o‘zlariga yaqin yo‘latmasdilar, shunday qilib kechgacha jang qilsalar-da, hech bir natijaga erisholmadilar. Kofirlar tog‘dek mustahkam edilar. Aqlli odamlar o‘z rasmu oyinlariga qarab, maslahat qilib, hiyla yo‘lini tuttilar. Ular bir kecha-kunduzdan keyin har xil narsalar – namat, daraxt shoxlari, qoru muzdan qorabuyra yasab, uni oldilariga qo‘yib, yumalatib kofirlar mavzeiga yaqinlashdilar. Ularning orqasidan panalap kelgan navkarlar to‘satdan dushmanga hujum qilib, kofirlarni parishon holida nobud etdilar…

Battollardan o‘ttiz-qirq kishi ot va tuyalarga minib, Turkiston sari qochishga tushdi. Mard sarbozlar bundan xabardor bo‘lib, ularga yetib olib, aqlsiz kofirlarni miltiq bilan otib o‘ldirishdi. Ming xil hiyla va nayrang bilan shu qavmdan 3-4 nafari qutulib, Turkiston qal’asiga yetib bordilar. Sohibqiron (Sulton Said xon)ning kelishi ul razil qavmga ma’lum va oshkor bo‘ldi. Turkiston qal’asining darvozasini uch kun ochmasdan ular kechayu kunduz hozir va nozir turdilar.

Janobi sohibqiron fathu zafardan keyin Turkiston qal’asiga nazar tashlamasdan, o‘ljaga tushgan qancha narsa, to‘pu tufangni olib, mol, otu tuyalarni haydab kelib, saodatmandlik bilan podshohlik taxtiga o‘ltirib, qaror va osoyish topti. Agar u Turkiston qal’asiga (yana yurish qilib) borsa edi, kuffor va islom diyorining o‘rtasida yana qirg‘in va vayronagarchilik yuz berardi.

Qariyb olti oy poytaxtda turib, viloyatning har chekkasidan nodir moniysirat hunarmand ustalarni chiqarib, kechayu kunduz nayzayu tig‘ va boshqa urush aslahalari yasaldi. Tez orada 70-80 to‘pi jangiy muhayyo qilindi, bir necha ming sakkiz – o‘n qarich keladigan sultoniy miltiq ham yasaldi. Qurol-yarog‘larning adadi ahli hisobga ham ma’lum bo‘lmadi. Shunday kuch-qudrat bilan dushmanga qarshi borishga qaror qilindi. Nihoyat,o‘n ikkikchi zu-l-hijja oyida kofirlarning Niyozbek qal’asini olganligi to‘g‘risida xabari hamma joyga tarqaldi. Bu voqyeaning bayoni shunday. Shanba kuni tunda (o‘ruslar) o‘g‘ridek qal’a devorlaridan chiqib, to‘pu tufanglaridan sozu navo chiqarib, g‘aflatda yotganlatni uyg‘otdilar. Tun zim-ziyo bo‘lgani uchun kulfazada kishilar bu dahshatli voqyeadan xabar topib, ba’zilari o‘zlarini daryoga, ba’zilari qal’a devoridan pastga tashladilar, ko‘plari kofirlarga asr tushdilar.

Ertasiga rango-rang quyosh Olloh amri ila osmon darichasidan chiqarib, atrofni sof va nuroniy qildi. Har tarafga parishon ahvolda tarqalgan sarbozlar 19-zu-l-hijja, yakshanba kuni bu xabarni Xo‘qandga yetkazdilar.

Zamona umarolari va fuqaroning katta-kichigi bu dahshatli voqyeadan xotiralari parishon bo‘ldi. Mazkur oyining yigirmanchisida janobi Sulton Said xon sur’at ila Toshkandga yo‘l olishga farmon berdi. (Xo‘qandliklar) chahorshanba kunida To‘ytepaga yetib keldilar va bir shu yerda dam olib, orqadan kelayotgan lashkarni kutdilar. Juma kuni lashkar ila Farak, hozir Chirchiq nomi bilan mashhur, daryosidan o‘tib, o‘ylamasdan dushman sari yo‘l oldilar…

Ahli kuffor musulmonlarning himmat va g‘ayrat bilan kelayonganini eshitdi, islomning shukuhi kofirlar qalbini bosdi. Ular o‘z joylaridan ko‘chib, bir manzil orqaga SHo‘rtepa mavzeiga kelib, o‘zlariga qarorgih qurdilar.

Janobi xon amirlashkari bilan birga kelib, Mingo‘rik manzilida nuzul qildi. Kechani istirohatda o‘tkazib, ertasi shanba kuni Xovari a’zam (quyosh) maliki farhang amiri ila mashriqdan urushni niyat qilib bosh chiqarganidanoq janobi shoh nusratpanoh lashkari bilan dabdaba-yu shavkat ila SHo‘rtepaga yaqin keldilar. Ular uzoqqa otadigan to‘pu to‘pxona, sakkiz-o‘n qarich keladigan qora qo‘ndoqli miltiqlarni olib, sharhi yo‘q saltanat ila sultoniy ko‘slarni chalib, kofirlar tomon yo‘lga tushdilar…

Mulla Alimqul amir lashkar Sulton Said xon fotihasini olib, dushman yoqasini mahkam tutib jangga kirishdi. Filni yiqitadigan shergir dilovarlar dushmanga qarshi bahri Xazarga o‘xshab mavj urub, fitna va osho‘bga azm qildilar. Ertadan kechgacha ul nomsizlar bilan urushib, daryo mavjidek g‘alayon ko‘tardilar. Kech kirdi va kofirlar qaytish uchun nog‘ora chalib, baxllar qabridan ham tor bo‘lgan bir chuqur joyga (okoplarga – Sh. V.) qaytdilar. Islom lashkari kechani uxlamasdan o‘tqazib, mal’unlar manzilini halqadek bosib olib, subhi sodiqqacha barqaror turdilar.

Davlat arkonlari beodoblik ila arz qildilarkim, “askarlar hammasi tashna bo‘lib och qoldilar, o‘z qo‘shlariga qaytib dam olishlari zarur, ertasi yana bu jamoaning boshiga yetib kela olamiz”. Mulla Alimqul amirlashkar bu nasihatlarga quloq solmadi va o‘z so‘zida tog‘dek mahkam turdi. Bayt (mazmuni):

Nasihatga quloq solgil, jonim, jondan ham yaxshi ko‘rar-
Saodatmand yoshlar dono pirlarning o‘gitini.

Ertasi yakshanba kuni quyosh mashriqdan jang tolibi bo‘lib, g‘alayon qilib,boshini gardun chashasoridan chiqarganda ahli islom kofir lashkariga himmatini qaratib, to‘pu to‘fangni ishga solib jang boshladilar. Kofirlar bu hujumga toqat qilolmasdan sarosimaga tushib, tor xandaqlaridan chiqib, ming hiylayu nayrang bilan o‘zlarini tepaliklarga oldilar…

Shu payt Olloh amri ila 1281 yil, zu-l-hijjaning 26-kunida kofirlar safidan bir o‘q otildi va u Mulla Alimqul amir lashkarga tegib, uni yarador qildi va u otdan yiqilib tushdi. Shul sabab lashkari islom parokandalikka tushib, hamma o‘z jonini o‘ylab parishonlika berildi. Sarbozlar janobi amrlashkarani otga mindirib, hamma asbobu yarog‘, to‘pu to‘fanglarni olib Toshkand qal’asiga yetib keldilar. Alimqul amirlashkar hushdan ketib yotgan edi. Hoziq tabiblar va jarrohlarni topib keldilar. Ular amirlashkarning jarohatini ko‘rub, mulojaga ojuz edilar. uning ahvoli har dam og‘irlashardi. Insonning tadbirkorligi taqdir oldida zaif edi va har soatda o‘lim alomati uning yuzida zohir bo‘lardi. Buni hamma ko‘rib turardi. Nazm (mazmuni):

Agarda biron podshohning ajali kelmasa,
Xudo bo‘lishga ham da’vo qilardi.
Hyech kim abadiy yashayolmaydi,
Faqat xudodir olamda abadiy,
Bu jahon hech kimga vafo qilgan emas,
Olamni yaratgan faqat xudo qolar, bas.

Bu uqubatsiz hol ahli davlatga va kattayu kichikka ma’lum bo‘ldi. Qirgiz va qipchoqlar vaqtni g‘animat bilib, jangalni mardlik sheridan xoli deb, buzmachilikni o‘zlariga pesha qilib, Qurama tomon yo‘l oldilar. Tilov manzilgohiga yetib kelib otdan tushdilar. Aqlu tamiz ularning miyalarida yo‘qligi uchun (keyinroq) ko‘z ochib, hushlarini yig‘ib ko‘rsalarki, ajab bir qabohatli ishni boshlagan ekanlar. (Misra’) “nechuk oqil qilur shunday ishkim, yana pushaymonlikka sabab bo‘lsa”.

Shu joyda qo‘yunib, kechayu kunduz o‘zaro maslahat qildilar, ammo bir qarorga kelolmadilar. Oxiri orqaga qaytib To‘ytepaga yetib kelib, Sulton Said Muhammad xon nomiga bir uzrnoma yozib, Toshkandga yubordilar. Ularning qosidi (elchisi) ancha yo‘l bosib, Toshkandga keldi, nomani Sulton Said Muhammad xonga topshirdi. Arkoni davlat va a’yoni saltanat ul odamlarning so‘zlaridan qanoatlanmadilar va qosidni murodsizlik ila qaytardilar. Bayt (mazmuni):

Mazlumlarning jazosini berib, marhumlar maqsudin chiqar,
Dinu dodu hush ila obod qilgil dunyoni.

Ul nomurod qosid (elchi) o‘z lashkariga qaytib, hamma ko‘rgan-kechirganini shul toifaning sardori va mingboshisi bahodir qipchoq Bek Muhammad ibni Xol Muhammad ibni Muhammad Nazar Ko‘ro‘g‘li ibni Sanjarga aytib berdi. Qipchoq va qirg‘iz ulusining hammasi mahzun va xafa bo‘lib, boshqa chora topmasdan bu manzildan ko‘chdilar. Har bir yangi joydan ko‘chganlarida o‘zaro maslahatlashardilar, ammo hammasi natijasiz edi. Ular bir-birlari bilan mojaro qilib Sayhun daryosining bo‘yiga yetdilar. Undan o‘tib, Turk va Saroy qishlog‘ida to‘xtadilar.

Endi Sulton Said xon ibni Malla Bahodurxon haqida ozgina eshiting.

Qirg‘iz va qipchoqlar vafosizlik qilib, Xo‘qondi latifga ketgan kunlarida sartiya aholisi zamon xoniga vafodorlik ko‘rsatib, amirlashkar bilan qoldilar. (Qipchoq va qirg‘izlar) xiyonati amirlashkarga ham ma’qul bo‘ldi. Bundan dard chekib (Alimqulning) kasalligi yana og‘irlashdi va peshindan keyin uning ruh qushchasi tananing tor qafasidan xalos bo‘lib, jannat olamining fazosiga uchib ketdi, jonni jon ato qilganga berib, shahodat darajasiga yetdi…

Amirlashkarning farzandlari, xotunlari va tobe’lari bu ahvolni mushohada qilib, majruh qalblari yana mahzun bo‘ldi. Sabru qaror jilovini qo‘lidan berib, g‘am va qayg‘u tariqasiga o‘tdilar. Arkoni davlat, a’yoni shavkat sartiya mamlakatining akobiru ashroflari, Toshkandning kattayu kichigi, tojiku turk hamma qayg‘uga tushub yig‘ladilar. Ularning ko‘zlaridagi yoshlar durga o‘xshab oqardi…

Alqissa, ul jamoatning nolayu faryodi foyda qilmadi va bu dardi bedavoga iloj ham topilmadi. Nihoyat, fohira dunyoning oriyat libosini amirlashkar tanidan echib oxirat libosini kiyintirdilar. Arkoni davlat va a’yoni mamlakat qaysi makonga Mulla Alimqulxon jasadini qo‘yaylik deb mashravat qilib, bir qarorga kelolmadilar. Shu mahal amirlashkarning bir necha ishonchli kishisi o‘zaro maslahat qilib, ittifoqlikda jasadni fozillar quyoshi hazrati Shayx Xovand Tahur mozorida dafn qildilar…

Shundan keyin Mulla Alimqul arvohiga fotiha o‘qidilar. Mulla Alimqul lashkarning tarjimai holi. U Husanboy o‘tarchi, ya’ni baytorning o‘g‘lidir. Andijon tobe’laridan bo‘lgan qirg‘iz qipchoq qabilasidandur. Yoshligida otasi uni ilm tahsili uchun Andijonga muhtasibga shogirdlikka berdi. 3-4 yildan keyin shu shaharning muhtasibi Mulla Alimqulni “giranda” (oluvchi) lavozimiga qo‘ydi. Xudoyorxon o‘zining akasi Mallaxonni avf etib, Buxorodan Xo‘qondga olib keltirib, umarolar qatorida unga vazifa va maosh tayinlagandan so‘ng Mulla Alimqul Mallaxonga mulozim bo‘lub xizmatga kirdi. Mallaxon ikkinchi marta o‘z ukasi Xudoyorxonga muholifat qilib, Andijonga qochib ketganda Mulla Alimqul Mallaxonni Po‘lodbiy qirg‘iz oldiga bordi. Po‘lodbiy qirg‘iz savsamir qabilasining mo‘tabir raisi edi. Fitna va fasod ra’iyasiga ega bo‘lgan Po‘lodbiy Mallaxon qadamini muborak deb, o‘z qabilasi ila uning xizmatiga bel bog‘ladi-da, Qorasuvga bordi. Bu yer Mulla Alimqul va uningqavmi uchun vatan edi. Shu atrofdagi Alimqulning qavmi-urug‘lari ham Mallaxon Xizmatiga o‘tdi. Mallaxon Alimqulni elchilik uchun ko‘p joylarga yuborib, odamlarni o‘ziga tobe’ bo‘lishga undadi. Alimqul bu ishda ko‘p sa’y va harakat qilib, Qorasuv va uning atrofidagi qabilalarni Mallaxonga yordam berishga chorladi va uning oldiga olib keldi. Mallaxon Farg‘onaning hukmronlik taxti va farmondorlik avrangiga o‘turganidan so‘ng Alimqul xizmatlarini e’tiborga olib, unga eshikog‘asi hamda miri ponsond unvonini berdi. Shundan keyin u Chimyon navohisining hokimi bo‘ldi. O‘ratepani fath qilgan paytda ham Alimqul jasorat ko‘rsatgan edi. Mallaxon xukmdorligining oxirlarida Marg‘ilonda vali (hokim) bo‘ldi. Sulton Said xon o‘z hukmronligi davrida unga Farg‘ona sipohsolori va lashkarboshilik mansabini berdi.

Alqissa, sozning qisqasi shuki, janobi Sulton Said xon saltanat shavkatiga yarasha zeb-ziynat berib, sartiya umarosi yordamida mamlakatni himoya qilib yashar edi.

Kundan-kunga kofirlar ning qo‘li baland kelib, hech qayerdan umid (va yordam) daragi bo‘lmadi. Qirg‘iz va qipchoqlar esa muruvvatsizlik va yovlik tuprog‘ini o‘z boshlariga sepib, qochib ketdilar.

…Elchilarning uning (amir Muzaffarning) oldiga tez-tez borib turardilar. Har daf’a, Toshkand viloyatining ulamo va oqsoqollari Buxoroga kelib bizni duo qilsun, degan so‘zni aytardi. Uning so‘zini qabul qilib, viloyat ulug‘larini ul malomatzadayi falokat oldiga jo‘natgan edilar.

Ular yetib borgandan keyin izma-iz boshqa ruq’alar yetib keldi. “Unda Sulton Said Muhammad xon ham kelsun” deb yozilgan edi. Bu amrni ijro etish Sulton Said xon odalari uchun juda og‘ir edi. Umaro va fuqaro o‘zaro maslahat va mashvarat qildi, ammo hech naf bo‘lmadi. Borishdan o‘zga chora qolmagan edi. Nihoyat, (Sulton Said xon) safar asboblarini yig‘ib hozirlashga buyurdi, mulkni xudoga topshurub, Buxoro sari yo‘l oldi. Qancha yurib ul ikki ayolmand hezpeshalarning oldiga etib borishdi. Uni (Sulton Said xonni) ham ushlab, qaytishga ijozat bermadilar. Toshkand mamlakati behokim va egasiz qoldi…

Alqissa, musulmonlar besaranjom bo‘lub, boshsiz qoldilar. Har bir firqa o‘z holicha edi. Bunga qo‘shimcha yana Toshkand fuqarosi navbat bilan ilg‘or uchun qoldirishgan bir necha ming xo‘qndlik sarbozlarni boqardilar. Safar oyining 4-seshanba kuni o‘rus kofirlarning lashkari subhu sodiqda Kamolon darvazasini bosib olib, shaharga kirdilar. Xo‘qand sartiyalarining 6-7 ilg‘or dastalari qal’a yoriqlaridan chiqib, har xil yo‘llar bilan qochib ketdi. Ba’zilar Chirchiq daryosiga cho‘kib o‘ldilar. Toshkand fuqarosi esa ikki kechayu ikki kunduz kofirlar bilan urushib, ularni Masjidi baland xonaqohiga qamadilar. Bir kecha kunduz ahli islom ularni muhosara qilib, xonaqoh atrofini yoqmoqchi bo‘ldilar. Kofirlar bundan xabar topib, eski o‘rdaga o‘tdilar va yo‘lda bir necha mahallani yondirib yubordilar. Shaharga sho‘ru g‘avg‘a tushdi, uning har tomonidan odamlar Buxoro podshosining oldiga, beparvo qipchoqlar huzuriga jo‘nashib, ulardan yordam so‘radilar, ammo barchasi foydasiz edi. Oxiri kuffor bilan sulh tuzub ulaning hamma shart-sharoitlariga rioya qilishga majbur bo‘ldilar.

Junayd Mulla Avaz Muxammad ibn Mulla Ro‘zi Muxammad Sufiy Attor

https://shosh.uz/uz/tarixi-jahonnamoyi-2-qism/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x