“Yangi Toshkent”. Madaniy hayot. Xalq maorifi


Post Views:
523

Toshkent Rossiya tomonidan bosib olinganidan so‘ng chor hukumati yangi shaharning siyosiy va iqtisodiy sohalari bilan bir qatorda o‘z bolalari uchun maktablar tashkil etish ishlarini jadallik bilan olib bordi. Tub aholining maorif sohasiga nazar tashlasak, bu yerda deyarli xar bir mahallada joylashgan masjidlarda boshlang‘ich ma’lumot beruvchi maktablar mavjud bo‘lgan. 13-14 yoshlarda bu maktablarni tugatgan o‘quvchilar madrasalarda o‘qishni davom ettirishlari mumkin bo‘lgan. Madrasalarda talabalarga ilmiy va diniy fanlardan ta’lim berilgan. Turkiston o‘lkasi aholisining asosiy maorif negizi aynan mana shu maktab va madrasalarga borib taqalgan.

Chor hukumati mustamlaka boshqaruvining dastlabki yillaridayoq Toshkent shahrining eski qismidagi maktab va madrasalarning rolini zaiflashtirish va o‘lkada rus maktablarini joriy etish ishlarini rejalashtirgan edi. Eski shahardagi o‘quv dargoxlari o‘quvchilariga mustamlakachilik siyosatiga qarshi turuvchi guruxlar sifatida qaralardi. Dastlabki yillarda chor hukumati tub aholiningg maorif sohasiga aralashmagan bo‘lsada, uni domiy ravishda nazorat ostiga olgan. U yerdagi o‘quv sistemasini sekin-astalik va ehtiyotkorlik bilan tugatishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Turkiston o‘lkasining general-gubernatori K.P.Kaufman ham aynan shu siyosatning asoschilaridan biri edi. U «mahalliy maktablarni kuch bilan, ya’ni zo‘ravonlik bilan yo‘q qilish xavfli bo‘lsa, ularni sezilarli darajada yo‘q qilib borish biz uchun shunchalik foydali va manfaatlidir» – deb bejiz aytmagan edi.

Asrlar davomida o‘z milliy qadriyati, an’analari va ilm dargohlariga ega bo‘lib kelgan xalq mustamlakachilarning siyosiy, itqtisodiy-ijtimoiy, jumladan madaniy sohadagi yangi qonun va tartiblarini tan olmadi. Tub aholi uchun musulmon maktablari keyinchalik ham asosiy ta’lim muassasalari bo‘lib qolavergan.

K.P.Kaufman tomonidan tashkil etilgan Xalq ta’limi Maxsus (Osobaya) komissiyasi «xalq ta’limining rivojlanishi rus manfaatlariga xizmat qilishi kerakligini» aloxida ta’kidlab o‘tgan.

Eski shahar yonginasidagi barpo etilgan yangi shaharda tashkil etilgan dastlabki maktablarda asosan rus harbiylarning bolalari taxsil olgan.

Toshkent shahri «yangi» qismidagi maktab ta’limining rivojlanishiga Juykova degan ayol ixtiyoridagi o‘g‘il va qiz bolalar uchun 1866 yil 1 iyulda birinchi rus maktabining ochilishi asos bo‘ldi. Bu yerda zobitlarning bolalaridan tashqari unter-zobitlar, mirzalar, askarlarning bolalari ham o‘qir edilar. 1867 yilda bu maktabda 11 qiz va 7 o‘g‘il bola o‘qigan. Ularga duolar, qisqacha din tarixi, yozuv va qo‘l hunarmandchiligi o‘rgatilardi. 1869 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, bu maktab ixtiyoriy xayr-exsonlar va qisman davlat hisobidan ta’minlanib turilgan.

1869 yilda oliy nasabliklarning har ikkala jinsdagi bolalarining IV sinfli bilim yurti, gimnaziyaga kirishlari uchun tayyorlaydigan Paxertning xususiy pansioni ochilgan edi. O‘qituvchilar amaldorlar, zobitlar va ularning xotinlaridan iborat bo‘lib, u yerda 50 ta o‘quvchi taxsil olgan.

1870 yilda Toshkentda Turkiston o‘lkasida maktab ishini tashkil etish haqidagi masalani muhokama qilish uchun hay’at tuzildi. Ular tomonidan tuzilgan loyiha bo‘yicha:

1) oddiy rus kishilarining bolalari uchun bilim yurti ochish, bunda bolalarga boshlang‘ich (elementar) ta’lim berish;

2) Gimnaziya ta’limini olishni xoxlagan amaldorlar, savdogarlar va boshqa shaxslar bolalari uchun bilim yurti ochish, oddiy bolalar esa tub aholi uchun ochilgan maktablarda o‘qishlari mumkin» degan maqsad ilgari surilgan edi.

1871 yilda shaharning yangi qismida hunarga o‘rgatiladigan uch sinfli xalq maktabi faoliyat ko‘rsata boshladi.

1876 yilda erkaklar va ayollar gimnaziyasi ochilib, unda 1878/79 o‘quv yilida quyidagi fanlar o‘qitilgan: rus, fransuz, nemis, lotin, yunon tillari, din aqidalari, matematika, tarix, jo‘g‘rofiya, chiroyli yozuv va rasm. Ayollar kichik gimnaziyasida mazkur fanlarga qo‘shimcha ravishda qo‘shiq va musiqa, gimnastika va raqs, shuningdek, hunar bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borilgan. Keyinchalik o‘quv dasturi kengaytirilgan. Unda fizika, geometriya, algebra, botanika, mineralogiya, zoologiya kabi fanlar kiritilgan.

1881 yildan erkaklar kichik gimnaziyasi sakkiz sinfli gimnaziyalarga aylantirilgan, 1887 yildan esa ayollar kichik gimnaziyasi – yetti sinfli gimnaziyaga aylantirilgan. Bu har ikki gimnaziya o‘rta ta’lim maktabiga to‘g‘ri kelgan. Shuni ta’kidlash joizki, shaharning «yangi» qismini kengayib borishi va aholi sonini ko‘payishi gimnaziya tarmoqlarini rivojlanishini talab qilsada, bu muammo hal etilmadi. Masalan, agar 1877 yilda erkaklar gimnaziyasida 96 odam o‘qigan bo‘lsa, 1891 yilda – 279, 1910 yilda esa – 500 ta o‘qigan. Ayollar gimnaziyasidagi o‘quvchilar 1877 yildagi 100 tadan 1910 yilda 700 taga o‘sgan.

1877 yilda o‘lkada xalq o‘quv yurtlari noziri (inspektori) lavozimi ta’sis etildi. U Turkiston o‘lkasi boshlang‘ich xalq bilim yurtlari, rus va boshqa quyi o‘quv yurtlariga mudirlik qilgan. Shu munosabat bilan general-gubernator qoshidagi o‘quv ishlari bo‘yicha maxsus topshiriqlarni bajaruvchi katta chinovnik lavozimi tugatildi. O‘lkada o‘quv ishlari bo‘yicha boshqarma Xalq ta’limi vazirligi ixtiyorida bo‘lgan, bu xalq ta’limining bir oz bo‘lsada rivojlanishiga imkon tug‘dirgan.

Turkiston o‘lkasi o‘quv yurtlari boshqaruvi shtat bo‘yicha quyidagilardan: bosh nozir, kotib va kotib yordamchisi (yillik maoshi 7 800 rubl bo‘lgan) iborat bo‘lgan.

Turkiston o‘lkasida o‘qituvchilar tayyorlaydigan yagona o‘qituvchilar seminariyasi mavjud edi. U 1879 yil 30 avgustda Toshkentda ochilib, bu o‘quv yurti Turkiston o‘lkasi rus va rus-tuzem boshlang‘ich maktablari uchun o‘qituvchilar tayyorlashi kerak bo‘lgan. O‘quv yurtini ta’sis qilar ekan, chor hukumati, birinchidan, o‘lkada boshlang‘ich maktablar o‘qituvchilariga bo‘lgan taxchillikni to‘ldirishni, bu faoliyatga mahalliy yoshlarni jalb etishni, ikkinchidan, “ma’rifat yo‘li bilan mahalliy aholini rus aholisi bilan yaqinlashtirish va bu bilan o‘lkada rus fuqaroligini joriy qilishga imkon tug‘dirishni” ko‘zda tutgan edi.

Seminariya ochilishida bosh nozirni ta’kidlashicha, bilim yurtining vazifasi rus ma’rifatini yoyish yo‘li bilan “o‘zga nasabli aholi (tub aholii nazarda tutilmoqda) bilan hamkorlik qilib, uni rus xalqi bilan yaqinlashtirish…, tayyor o‘qituvchilarni o‘lka quyi bilim yurtlariga yetkazib berish, toki ularning shogirdlari o‘qishi tugagandan keyin o‘zga nasab (tub aholii nazarda tutilayapti – J.I.) ta’limi ishida bemalol ishlab keta olsinlar.

1881 yil 28 yanvarda Turkiston o‘qituvchilar seminariyasida qozoq tili fani kiritildi. Kaufman so‘zlari bo‘yicha, mazkur tilning kiritilishiga sabab qozoqlar bolalarini o‘quv yurtlariga jon deb beradilar, ular ko‘chmanchi hayot tarzi kechirsalarda, madaniy jihatdan o‘zbek va tojiklarga qaraganda ancha kirishimliroq. Uning fikricha, qozoq tili turkiy tillarga mansub bo‘lib, uni o‘zbeklar ham, tojiklar ham bemalol tushunadilar. Biroq Kaufmanning umidlari oqlanmadi, zero 1898 yilda yangi general-gubernator Rozenbax o‘zining xalq ta’limi vaziriga bildirgisida:

“Sart (o‘zbek – I.J.) va fors (tojik – I.J.) tillarini o‘rganmay turib, mahalliy maktabda o‘qituvchilarning bir narsaga erishishlariga ko‘zim yetmaydi… Rus-tuzem maktablari tizimi tajribasi ko‘rsatdiki, faqat qirg‘izlar (qozoqlar) biz bilan yaqinlashishga ishtiyoqmand emas, balki sartlar ham shunday… Bu tillarning foydaligi to‘g‘risida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Turkiston o‘lkasi hududlarida asosan ikki til iste’mol qilinadi, bular o‘z adabiyotiga ega bo‘lgan sart va fors tillaridir. Aytib o‘tganimdek, bu tillarni bilish ham mavjud, ham endi ochiladigan tuzem (mahalliy) maktablar o‘qituvchilari uchun zarur”.

Rozenbaxning bu jonli mulohazalarini hukumat qabul qiladi va o‘sha yiliyoq qozoq tili o‘rniga dasturga o‘zbek va tojik tillari kiritiladi. Seminariya o‘qishi 4 yilga mo‘ljallangan edi. Bu yerda quyidagi fanlar o‘qitilardi: din aqidalari, rus, slavyan tillari, matematika, arifmetika, fizika, algebra, jo‘g‘rofiya, tarix, chiroyli yozuv, chizmachilik, rasm, qo‘shiq, gimnastika, musiqa; shuningdek, muqovasozlik, duradgorlik, etikdo‘zlik, bog‘bonchilik, polizchilik bo‘yicha ham mashg‘ulotlar olib borilgan. Seminariya qoshida kutubxona ishlab turgan. Uning bisotida 8 239 jild kitob bo‘lgan. 1888/89 yillarda u yana 50 nomdagi kitob olgan. Fizika xonasi 250 uskuna bilan jihozlangan. Tarix, jo‘g‘rofiya va rasm bo‘yicha 399 o‘quv qo‘llanmasi bo‘lgan. Seminariya faoliyat ko‘rsatgan 19 yil mobaynida (1879-1898 yy.) 308 yoshlarga ta’lim bergan, shulardan ruslar – 259 (84 %), o‘zbeklar – 6 (2 %), qozoqlar 40 – (15 %), tatarlar – 2 (0,7 %), nemislar – 1 (0,5 %)kishidan iborat bo‘lgan.

1987 yilda seminariya va erkaklar gimnaziyasida uchtadan o‘zbek o‘qigan xolos.

Ijtimoiy tarkibi bo‘yicha seminariyadagi o‘quvchilar 1879-1898 yillar mobaynida quyidagicha bo‘lgan: savdogarlar va boylarning bolalari 101 (39 %), dvoryan va amaldorlarning bolalari – 54 (17 %), tub aholining bolalari – 46 (15 %), qozoqlar – 44 (14 %), askarlarning bolalari – 38 (12 %), dehqonlarning bolalari – 18 (5 %), ruhoniy shaxslarning bolalari – 7 (2 %).

Shunday qilib, seminariyada asosan hukmdor sinf bolalari o‘qigan. Garchi tub aholi bolalarining tabaqalari ko‘rsatilmagan bo‘lsada, ularning ko‘pchiligi mahalliy amaldorlarga tegishliligi o‘z-o‘zidan ayon.

Seminariya bitiruvchilarini ish bilan ta’minlanishlari ham qiziqarli, albatta. Masalan, 1898 yildagi bitiruvchilardan 113 (42 %) nafari o‘qituvchi bo‘lib, 113 nafari yordamchi o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. 73 (27 %) nafari zobit, turli banklarda, xazinalarda, davlat va jamoat muassasalarida, xususiy shaxslarda xizmatchi bo‘lgan, 24 (9 %) nafari tarjimon bo‘lgan, 9 (3 %) nafari ishga joylashmagan, 12 (14 %) nafari xalok bo‘lgan. Binobarin, bitiruvchilarning talay miqdori o‘qituvchilik bilan mashg‘ul bo‘lgan.

1879 yilga kelib shaharning “yangi” qismida 5 o‘quv yurti faoliyat ko‘rsatgan: erkaklar va ayollar gimnaziyasi, o‘qituvchilar seminariyasi, 4 sinfli bilim yurti, ayollar bilim yurti. Ularda 543 o‘quvchi ta’lim olgan. Shu yili xususiy maktablar paydo bo‘lishi hisobiga o‘quv yurtlari 7 tagacha ko‘paygan.

1871-1891 yillarda shaharda faqat bitta, 1892 yilda esa Marchevskaya va Zolotovaga qarashli ikkita xususiy maktab ishlagan. 1896 yilgi ma’lumotlarga qaraganda, bu maktablarda xammasi bo‘lib 66 ta o‘quvchi taxsil olgan.

Bundan tashqari Mixaylovskaya va Suravetskayaning xususiy maktablari ham paydo bo‘ldi. Mazkur maktablar uchinchi toifali bilim yurtiga to‘g‘ri kelgan.

80-yillarda shaharning “yangi” qismi Turkiston o‘lkasidagi yirik ma’rifat markaziga aylandi. Jumladan, Sirdaryo viloyatida 27 o‘quv yurti bo‘lib, 1680 o‘quvchi o‘qirdi, uning qariyb yarmi Toshkent “yangi” qismiga to‘g‘ri kelgan. Bu yerda 2 gimnaziya, o‘qituvchilar seminariyasi va 839 o‘quvchisi bo‘lgan 8 boshlang‘ich maktab bor edi.

Bu davrda o‘quv yurtlarining umumiy moliyaviy harajati 180 293 rublni tashkil etgan, shu jumladan xazinadan 119 195 rubl ajratilgan, aholidan yig‘iladigan soliq 44 129 rubl bo‘lgan, shahar byudjeti harajatlari 16 969 rublni tashkil etgan. Dastlabki mablag‘ ichida xalq ta’limi vazirligi smetasi bo‘yicha assignatsiya (91 771 rubl) va harbiy vazirlikdan ajratilgan mablag‘ (27 424 rubl) ham bo‘lgan.

Shunday qilib, xalq ta’limi vazirligi mablag‘ning yarmidan ko‘prog‘ini asosan yangi shahardagi maorifni rivojlantirishga sarflagan.

YUqorida aytib o‘tkanimizdek, XIX asr oxirida shahar “yangi” qismi hududi va aholisining miqdori ortgan. Bir vaqtning o‘zida o‘lkani mustamlakaga aylantirish ham kuchayib borgan. Bu xalq ta’limi tarmog‘ini yanada kengayishiga olib kelgan, 1887 yilgi ma’lumotlar shundan dalolat beradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, eng yirik o‘quv yurti ayollar gimnaziyasi bo‘lgan. Undan keyin erkaklar gimnaziyasi kelgan. O‘quvchilarning talay miqdori Real va 4 sinfli erkaklar shahar bilim yurtlariga to‘g‘ri kelgan. hunar bilim yurtida duradgorlar, temirchilar, tokarlar va chilangarlar tayyorlanib, keyinchalik ulardan paxta tozalash zavodlarida foydalanganlar.

Sirdaryo viloyati sharhi ma’lumotlariga ko‘ra, 1893 yilda o‘quv yurtlari o‘quvchilari tarkibi (shu jumladan 4 rus-tuzem maktablari) diniy e’tiqodlar bo‘yicha quyidagidek bo‘lgan: pravoslavlar – 79 %, musulmonlar – 12,04 %, yahudiylar – 6,58 %, katoliklar – 2,62 %, lyuteranlar – 0,8 %.

Shunday qilib, o‘quvchilar asosan ruslar, qisman o‘zbeklar va qozoqlardan iborat bo‘lgan. Bunday hol keyinchalik ham saqlanib qolgan. Jumladan, 1899 yilda 2115 o‘quvchidan 1638 tasi provaslav, 301 tasi musulmon, 121 tasi yaxudiy, 40 tasi katolik, 15 tasi lyuteran bo‘lgan.

Shaharda xalq ta’limining yo‘lga qo‘yilishi va rivojlanishiga Duma o‘z hissasini qo‘shib kelgan. U nafaqat uning faoliyatini nazorat qilgan, balki uning xarajatlariga mablag‘ ham ajratgan. Masalan, 1886 yilda Duma o‘z byudjetidan xalq ta’limiga 10410 rubl ajratgan .

1885 yilda shaharning “yangi” qismida sinagog tasarrufidagi rus-yahudiy maktabi ochildi. Biroq 1886 yil 15 mayda o‘quvchilarning noqobilligi va ota-onalarining kambag‘alligi tufayli u yopildi. Shu bilan birga boshqa rus-yahudiy maktabi ham bor edi. 1885 yilda unda – 32 ta, 1897 yilda – 51 ta, 1898 yilda esa – 55 ta o‘quvchi o‘qigan. 1898 yilda Marovskaya va Mixaylovskayaga qarashli xususiy maktablar ham ishlab turgan.

Jannat Ismoilova

O‘zR FA Tarix instituti
O‘zR FA O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi
Toshkent – “Fan va texnologiya” — 2004

Ushbu qimmatli manbaning elektron variantini taqdim etgani uchun monografiya muallifi J.Ismoilovaga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

https://shosh.uz/uz/yangi-toshkent-madaniy-hayot-xalq-maorifi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x