Post Views:
2 816

Ijtimoiy-siyosiy harakat sifatida paydo bo‘lgan “Yosh buxoroliklar” partiyasi 1910 yildayoq o‘zlarini alohida tashkilot sifatida e’lon qilgan edilar. Buxorodagi jadidchilik harakatidan o‘sib chiqqan Yosh buxoroliklarning faoliyati 1917 yilga kelib ancha kuchaygan edi. Shu yilgi fevral inqilobi Buxoro amirligiga ham ta’sir etmasdan qolmadi. Mart oyining boshlarida Yangi Buxoro, Termiz, Chorjo‘y va Karkida ishchi, soldat va dehqon sovetlari tuzildi. Bunday sharoitda “Yosh buxoroliklar” mavjud monarxiya tuzumi doirasida demokratik islohotlar o‘tkazish, konstitutsion monarxiyani o‘rnatish orqali amirning mutlaq hokimiyatini cheklab qo‘yish tarafdori bo‘ldilar.

Demokratik kuchlarga tayangan “Yosh buxoroliklar”ning qat’iy talablari asosida Buxoro amiri Sayyid Olimxon 1917 yil 7 aprelda mamlakatda islohotlar o‘tkazish to‘g‘risida farmon chiqardi. Ushbu islohotda amirlikdagi o‘rta asrlar boshqaruvi tizimiga o‘zgartirishlar kiritish, amaldorlarni saylab qo‘yish tizimiga o‘tish, amirlik poytaxtida amaldorlar, savdogarlar va dindorlar tarkibida shahar xo‘jaligi, xalq ta’limi va sog‘liqni saqlashni boshqarish uchun majlis tuzish, shariatni adolatni amalga oshiruvchi va soliqlarni muqobillashtirib turuvchi yagona huquq sifatida e’tirof etish, aniq davlat byudjeti o‘rnatish, savdo-sotiqni har tomonlama rivojlantirish, aniq fanlarni rivojlantirish kabilar ko‘zda tutilgan edi. Ammo, bu islohot amalda joriy etilmadi.

1917 yil 9 aprelda jadidlar Buxoro shahrida islohotlarni hayotga tadbiq etishni talab qilib namoyish o‘tkazdilar. Ammo, namoyishchilar amir hukumati tomonidan tarqatib yuborildi va “Yosh buxorolik”larning ko‘pchiligi jazolanib, ta’qib ostiga olindi. Bu voqyealardan so‘ng, 14 aprelda amir Olimxon islohotlar o‘tkazishni rad etdi.

Oktyabr inqilobidan so‘ng sovet Rossiyasi bilan Buxoro amirligi o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashib ketdi. Turkiston Respublikasining bolsheviklardan iborat rahbariyati Buxoro amirligining mustaqilligini rasman tan olishiga qaramay, amalda uning ichki ishlariga doimiy ravishda aralashib turdi. Bu paytga kelib “Yosh buxoroliklar” partiyasi ichida turli guruhlarning mavjudligi, qarashlarining xilma-xilligi tufayli partiyaning yagona dasturini tuzishga ehtiyoj paydo bo‘ldi. “Yosh buxoroliklar” partiyasining markaziy komiteti bu vazifani 1917 yil noyabrida Fitratga topshirdi. Abdurauf Fitrat tomonidan tayyorlangan “Yosh buxoroliklar” partiyasining Dasturi 1918 yil yanvarida partiyaning markaziy komiteti tomonidan tasdiqlandi va islohot loyihasi sifatida e’lon qilindi.

Ushbu dasturda Buxoro amirligida konstitutsion monarxiya o‘rnatish, Buxoroning iqtisodiy, siyosiy va harbiy mustaqilligini ta’minlash, madaniy taraqqiyotga erishish, dehqonchilik va soliq tizimiga alohida e’tibor qaratish, Buxoroda zamonaviy armiyani tashkil etish, ikki yillik majburiy harbiy xizmatni joriy etish, davlat hisobidan maktablar va oliy o‘quv yurtlari ochish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlangan edi. Shuningdek, ushbu loyihada Buxoroda 10 ta nozirlikdan iborat Nozirlar SHo‘rosi tuzish taklif etildi.

Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Qizil yulduz ordeni
Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Qizil yulduz ordeni

Turkiston XKS Buxoro amirligiga qarshi zimdan kurash olib bordi, amir hukumatini kuch bilan ag‘darib tashlashga urindi hamda bolsheviklar shu maqsadni ko‘zlab buxorolik jadidlarni qo‘llab-quvvatladilar. 1918 yil mart oyida Turkiston o‘lkasi XKS raisi F.Kolesov boshchiligidagi qizil askarlar Buxoro shahriga hujum uyushtirdilar. Ushbu hujum muvaffaqiyat bilan tugamagan bo‘lsa-da, Buxorodagi siyosiy tuzumni o‘zgartirish uchun harakatlar to‘xtamadi. Sayyid Olimxon esa Buxoro jadidlarini kuchli ta’qib ostiga oldi. Natijada buxorolik jadidlar Samarqand, Toshkent va Moskvaga jo‘nab ketishga majbur bo‘ldilar.

1920 yil 13-14 iyunda “Yosh buxoroliklar” partiyasining Turkiston Markaziy byurosi birlashgan konferensiyasida Fayzulla Xo‘jayev tuzgan Dastur qabul qilindi. Ushbu dasturda amirlikni kuch bilan ag‘darib tashlash va Buxoroni Demokratik xalq respublikasi deb e’lon qilish talabi qo‘yildi. “Yosh buxoroliklar” yirik boylar qo‘lidagi yerlarni musodara qilish, bepul boshlang‘ich ta’lim joriy etish, qishloq xo‘jaligi, hunarmandlar sanoati, ichki va tashqi savdoning ahvolini yaxshilash yo‘lida amaliy chora tadbirlar ko‘rish zarurligini ta’kidlagan edilar.

1920 yilning 2 sentyabrida M.Frunze boshchiligidagi qizil armiyaning shafqatsiz hujumlaridan so‘ng amirlikning poytaxti Buxoro shahri bosib olindi va Amir Olimxon taxtdan ag‘darildi. Shundan so‘ng, qizil armiya amirlikning barcha bekliklarini birin-ketin egallab, amirlikka butunlay barham berdi.

1920 yil 14 sentyabrda Xalq Nozirlar SHo‘rosi, Buxoro muvaqqat inqilobiy qo‘mitasi va Buxoro Kompartiyasi MK ning umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 9 kishidan iborat Abduqodir Muhiddinov raisligida Butunbuxoro inqilobiy qo‘mitasi va 11 kishidan iborat respublika hukumati – Fayzulla Xo‘jayev raisligidagi Xalq Nozirlar SHo‘rosi tuzildi. Buxoro Xalq Nozirlari SHo‘rosining tarkibi quyidagicha edi:

Fayzulla Xo‘jayev – rais, xorijiy – tashqi ishlar noziri;

Qori Yo‘ldosh Po‘latov – maorif noziri;

Muxtor Saidjonov – doxiliya – ichki ishlar noziri;

Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev – moliya ishlari noziri;

Najib Xusainov – davlat nazorati noziri;

Yusuf Ibrohimov – favqulodda komissiya noziri;

Mukammil Burxonov – adliya noziri;

Bahovuddin Shahobuddinov – harbiy ishlar noziri;

Abdulqodir Muhiddinov – yer-suv ishlari noziri;

Mirzo Muhiddin Mansurov – savdo va sanoat ishlari noziri.

1920 yilning 6-8 oktyabr kunlari Buxorodagi Sitorai Mohi Xosada Butunbuxoro xalq vakillarining I qurultoyi chaqirilib, unda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) tuzilganligi e’lon qilindi. Bu respublika davlat tuzumi jihatidan xalq demokratik hokimiyati edi. Qurultoy davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi oliy organi bo‘lgan Buxoro inqilobiy qo‘mitasi va dastlabki hukumat tarkibi bo‘lgan Buxoro Xalq nozirlar SHo‘rosini o‘zil-kesil tasdiqladi. Ularning vakolat muddati II qurultoygacha o‘zaytirildi.

1920 yil oktyabrda BXSR bilan Rossiya o‘rtasida muvaqqat harbiy-siyosiy bitim tuzildi. 1921 yil 4 martda esa har ikkala davlat o‘rtasida Ittifoq shartnomasi imzolandi. Ushbu shartnomalar yosh Buxoro davlati arboblarining mustaqil siyosat yuritishga qaratilgan harakatlari faoliyatini ma’lum darajada cheklashga olib keldi. Chunki, ittifoq shartnomasi mustaqil Buxoro davlati hududida sovet qo‘shinlari saqlanishini qonuniy qilib asoslab berdi. Bu esa Rossiyaning BXSR ichki ishlariga harbiy jihatdan qurolli aralashuvi edi.

Buxoro Xalq Sovet Respublikasining ma’muriy-hududiy bo‘linishi (1920-1924 yy.)

ViloyatlarTumanlar va kentlar
1BoysunBoysun, Darband, Qumqo‘rg‘on
2QarshiBeshkent, Koson, Chim
3BuxoroVobkent, Boyoviddin, G‘ijduvon, Qorako‘l
4G‘uzorG‘uzor, Tangatushar, Yangi, Qamashi
5KarmanaZiyoviddin, Karmana, Xatirchi
6NurotaQo‘shrabot, Nurota, Naymantopdi
7SariosiyoSariosiyo, Yurchi, Qoratog‘
8ShaxrisabzKitob, Chiroqchi, Shaxrisabz, Yakkabog‘
9SherobodTermiz, Sherobod, Kalif
10GarmGarm, Darvoz, Jirgitol, Xaid, Qal’ai Labiob
11DushanbeHisor, Dushanbe, Fayziobod, Yavan, Yangibozor
12Ko‘lobKo‘lob, Mo‘minobod, Xovalang
13Qo‘rg‘ontepaKobadiyon, Qo‘rg‘ontepa, Saroy
14KarkiQiziloyoq, Karki, Xaloch, Xojamboz
15Chorjo‘yDenov, Chorjo‘y, Sayot, Farob

1920 yilning kuzida Buxoro Xalq Respublikasida dastlabki ma’muriy-hududiy bo‘linish o‘tkazilib, u viloyatlar, tumanlar, kentlar va qishloqlarga ajratildi. Respublikaning poytaxti Buxoro shahri muhim siyosiy-ma’muriy markaz bo‘lib, bu yerda mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotini iqtisodiy va madaniy rivojlanishini boshqaruvchi barcha tashkilotlar to‘plangan edi. Ta’kidlash joizki, Buxoro respublikasidagi ma’muriy-hududiy bo‘linish ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy vaziyatga qarab tez-tez o‘zgarib turgan. Misol uchun, BXSR da 1922 yilda 7 ta, 1923 yilda 8 ta, 1924 yilda 15 ta viloyat mavjud edi.

1924 yil 1 oktyabrda Butunbuxoro MIK qarori bilan Buxoro respublikasida ma’muriy-hududiy bo‘linish qayta o‘tkazilib viloyatlar o‘rniga quyidagi 5 ta okruglar tuzildi:

  1. Zarafshon okrugi – Buxoro, Karmana, Nurota viloyatlari;
  2. Qashqadaryo okrugi – Qarshi va Shaxrisabz viloyatlari;
  3. Surxondaryo okrugi – Sherobod, Termiz, Boysun, Qarluq, Qobadiyon, Qo‘rg‘ontepa tumanlari;
  4. Turkman (Amudaryo) okrugi – Karki va Chorjo‘y viloyatlari;
  5. Sharqiy Buxoro okrugi – Ko‘lob, Boysun, Sariosiyo, Garm, Dushanbe, Qo‘rg‘ontepa viloyatlari.

Buxoro respublikasi Afg‘oniston davlati, Xorazm respublikasi va Turkiston ASR bilan chegaradosh bo‘lib, unda mustaqil davlatchilikning Konstitutsiya, bayroq, gerb, poytaxt, milliy valyuta, qo‘shin kabi belgilari mavjud edi. Respublikada 1921 yil 11 martda o‘zbek tili davlat tili deb e’lon qilingan.

Buxoro Xalq Sovet Respublikasi
Buxoro Xalq Sovet Respublikasi

BXSR ning oliy organi Umumbuxoro qurultoyi hisoblangan. Umumiy MIK oliy nazorat organi sifatida Buxoro Respublikasining hukumati Xalq Nozirlar SHo‘rosi ustidan ham faoliyatni amalga oshirgan. Xalq Nozirlar SHo‘rosi davlat boshqaruvining oliy organi bo‘lib, ijro-farmoyish sohasida keng vakolatlarga ega bo‘lgan. Mahalliy hokimiyat organlari viloyat, tuman, kent xalq sho‘rolarining kengashlari va ularning ijroya qo‘mitalaridan tashkil topgan.

BXSRdagi qishloq, ovul doirasidagi mahalliy hokimiyat qishloq va ovul aholisining umumiy yig‘ilishi orqali amalga oshirilgan. U oqsoqol tomonidan chaqirilgan va oqsoqol qishloq, ovul aholisi umumiy yig‘ilishi tomonidan bir yil muddatga saylangan.

1921 yil 18-23 sentyabrda Butunbuxoro xalq vakillarining II qurultoyi bo‘lib o‘tdi va unda BXSR Konstitutsiyasi qabul qilindi.

Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Konstitutsiyasi
Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Konstitutsiyasi

Kirish, 16 ta bob, 5 ta bo‘lim va 79 moddadan iborat ushbu konstitutsiya BXSR fuqarolarining huquq va erkinliklarini qonun yo‘li bilan mustahkamladi. Unda davlatni idora etish uchun xalqning barcha vakillari ishtirok etishi alohida ta’kidlab qo‘yildi, xususiy va savdo erkinliklari o‘z ifodasini topdi.

Konstitutsiya BXSR hududida yashovchi barcha fuqarolarga teng siyosiy huquqlar berdi. Konstitutsiyaga ko‘ra, BXSRning oliy organi – Butunbuxoro xalq vakillari qurultoyi bo‘lib, u har 2000 saylovchiga bir vakil saylanadigan 350 a’zodan iborat edi.

Qurultoy har yili bir marta chaqirilar, unda respublika konstitutsiyasini qabul qilish va unga o‘zgartirishlar kiritish, hukumatning hisoboti va davlat byudjetini tasdiqlash kabi muhim masalalar ko‘rilar edi. Konstitutsiyaga ko‘ra, qurultoylar o‘rtasida qonun chiqaruvchi va nazorat qiluvchi oliy organ Butunbuxoro MIK hisoblanib, Xalq Nozirlar SHo‘rosi davlat hokimiyatini ijro qiluvchi va boshqaruvchi oliy organ sifatida o‘z vazifasini saqlab qoldi. Xalq Nozirlari SHo‘rosi tarkibiga rais va xalq nozirlari kirgan. Xalq nozirliklari – adliya, ichki ishlar, harbiy ishlar, maorif, sog‘liqni saqlash, mehnat va ijtimoiy ta’minot, savdo va sanoat, moliya, dehqonchilik, davlat nazorati tarkibida tashkil etilgan.

Q.Rajabov tadqiqotlariga ko‘ra, BXSRning hududi 182,2 ming km² bo‘lib, 1920 yilda aholisi qarib 3-3,5 mln., 1922 yilda 2,8 mln. kishi bo‘lgan. Buxoro respublikasida asosan 65% o‘zbeklar, shuningdek, 14% tojiklar, 9% qozoqlar, 7% turkmanlar, 1,1% forslar va boshqa xalqlar yashaganlar.

BXSRda 1920 yil sentyabrida boshlab milliy valyuta muomalaga kiritilib, 1922 yil oxirida pul islohoti o‘tkazilgan bo‘lsa-da, 1923 yil yozidan boshlab milliy valyuta Rossiya rubliga almashtirildi.

BXSR hukumati jamiyatni demokratik tarzda yangilash uchun soliq tizimini isloh qildi. Amirlik davridagi turli soliq va o‘lponlar bekor qilindi. 1921 yil 26 noyabrda Butunbuxoro MIK “BXSRdagi davlat soliqlari to‘g‘risida qonun” qabul qilib, unga ko‘ra, 5 ta soliq turi – ushr (hosilning undan bir qismi), zakot (chorvaning qirqdan bir qismi), hunarmandchilik ustaxonalari uchun soliq, savdogarlardan bojxona solig‘i, turli hujjat va shartnomalar tuzilganda maxsus soliq olinadigan bo‘ldi.

Rossiyadagi bolshevistik hukumat BXSR hukumatiga doimiy ravishda tazyiq o‘tkazib keldi. 1923 yil 3 iyunda Moskvadan kelgan bir guruh komissiya BXSR hukumati ishlaridan qoniqmayotganligi hamda “sotsialistik o‘zgarishlarni” jadallashtirish lozimligini ta’kidladilar. Buxoro hukumatida kommunistlarning ta’siri tobora kuchayib borib, hukumat tarkibi “tajribali sovet xodimlari” bilan to‘ldirib borildi. Natijada 1924 yil 18-20 sentyabrda bo‘lib o‘tgan Butunbuxoro xalq vakillarining V Qurultoyida BXSR Buxoro Sovet Sotsialistik Respublikasiga aylantirildi. BSSRning tuzilishi komunistlar tomonidan sun’iy tarzda amalga oshirilgan hodisa bo‘ldi. Oqibatda taraqqiyotning demokratik yo‘li inkor etilib, “sotsialistik yo‘nalish” tanlandi. 1924 yil noyabrida BSSR tugatilib, uning hududlari O‘zSSR va TSSR tarkibiga kiritildi.

Bohodir Eshov,
«O‘zbekiston davlatchiligi va boshqaruvi tarixi»,
Toshkent-2012

https://shosh.uz/uz/buxoro-xalq-sovet-respublikasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x