Bachadon bo‘yni eroziyasi haqida so‘z yuritishdan oldin, avvalo, bachadonning tuzilishini o‘rganib olish kerak.
Bachadon qanday a’zo?
Bachadon kovak a’zo bo‘lib, mushaklardan tuzilgan. U kichkina chanoq bo‘shlig‘ida, qovuq bilan to‘g‘ri ichak orasida joylashib, shakli nokka o‘xshash, bo‘shlig‘i uchburchaksimon, bir burchagi bachadon bo‘yni kanaliga, ikkinchi burchagi esa bachadon tubiga, pastki burchagi bachadon bo‘yni kanalining ichki teshigiga qaratilgan. Yuqoridagi ikki burchak bachadon naylarining teshigiga to‘g‘ri keladi. Bachadon devori – ichki shilliq qavat (endometriy), o‘rta – mushak qavat (miometriy) va tashqi seroz qavat (qorin pardasi)dan iborat. Homiladorlikda mushak tolalarining yo‘g‘onlashishi va yangi tolalarning paydo bo‘lishi hisobiga bachadon kattalashib, shakli o‘zgaradi. Tug‘ruqdan keyin esa qisqarib, asl holiga qaytadi. Ayol keksaygan sari (ayniqsa, hayz ko‘rish butkul to‘xtaganda) bachadon kichraya boshlaydi. Bachadon judayam harakatchan bo‘lib, to‘g‘ri ichak to‘lganda yoki peshob yig‘ilib, qovuq kattalashganda osongina o‘z hajmini o‘zgartira oladi.
Eroziya nima?
Bachadon bo‘yni eroziyasi ginekologik kasalliklar orasida eng ko‘p uchraydi. Eroziya – lotincha so‘z bo‘lib, “yuzaning jarohatlanishi” degan ma’noni anglatadi. Bizga ma’lumki, bachadon bo‘yni uch qavatdan iborat bo‘lib, uning tashqi shilliq qavati ko‘p qavatli yassi epiteliy hujayralardan tashkil topgan. Bachadon bo‘yni ichki kanalining qavati esa bir qavatli silindrsimon epiteliy hujayralardan tarkib topgan. Bu ikkala hujayralarning chegarasi, ya’ni birikish joyi bachadon bo‘ynining o‘tish qismida to‘qnash keladi. Bachadon bo‘yni shilliq qavatining yuza qismi shikastlanishi oqibatida eroziya vujudga keladi. Bunda asosan bachadon bo‘ynining atrofi qizaradi.
Bachadon bo‘yni eroziyasini keltirib chiqaruvchi omillar talaygina. Eng asosiy sababchilardan biri – jinsiy a’zolardagi yallig‘lanishlar. Chunki yallig‘lanishda bachadondan chiqindi ko‘p ajraladi. Bundan tashqari, bachadon bo‘ynidagi bezlar ham ko‘p shilliq ajratadi va natijada shilliq qavat yuzasi bichilib, shilinadi.
O‘sha tashqi ko‘p qavatli yassi epiteliy hujayralarning shikastlanishi natijasida chin eroziya paydo bo‘ladi. Keyin uning bitishi jarayonida ichki silindrsimon epiteliy bilan qoplanishi natijasida chin eroziya soxta eroziyaga aylanadi.
Eroziya turlari
Eroziyalar tug‘ma, chin va soxta bo‘lishi mumkin.
Tug‘ma eroziya
Tug‘ma eroziya yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda to balog‘at yoshiga yetguncha kuzatiladi. Tug‘ma eroziyaga ona qornida rivojlanayotgan homilaning jinsiy a’zolari yetilayotgan paytida ayoldagi gormonal o‘zgarishlar sabab bo‘ladi. Masalan, 16-17 yoshli qizlarda o‘sha ko‘p qavatli yassi epiteliyning joyini silindrsimon hujayralar egallagan bo‘ladi. Lekin bu jarayonda yetuklik davrigacha, ya’ni balog‘atga o‘tish davrida bo‘ladigan gormonal o‘zgarishlar sabab bachadon bo‘yni yetilishining to‘liq shakllanishi inobatga olinadi. Shuning uchun ham yosh qizlarda tug‘ma eroziya aniqlangan taqdirda ham, darrov davo choralari ko‘rilmaydi. Chunki yetilish jarayonida (20-22 yoshgacha davom etadi) tug‘ma eroziya o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketishi mumkin.
Chin va soxta eroziyalar ko‘proq balog‘atga yetgan qizlardan tortib 18-36-40 yoshgacha bo‘lgan ayollar orasida ko‘p uchraydi. Chunki bu paytga kelib jinsiy hayot boshlanadi, shu bilan birga, homiladorlik, tug‘ruqlar davri ham hisoblanadi.
Chin eroziya
Har bir tug‘ruq, har bir bachadon ichiga qilingan muolajalar, abortlar, tug‘ruqdan keyingi jarohatlar, jinsiy a’zolardagi turli yallig‘lanishlar, virus, bakteriya, zamburug‘lar, jinsiy yo‘l bilan yuquvchi kasalliklar, gormonal muvozanatlarning buzilishi, immunitetning pasayishi va tug‘ruqdan keyingi shikastlarning hammasi chin eroziya paydo bo‘lishiga turtki bo‘ladi. Bu sabablar natijasida bachadon bo‘ynining yassi qavati shikastlanadi va jarohatlangan joy chin eroziya deyiladi. Lekin chin eroziya yakka o‘zi kechmaydi, unga, albatta, yallig‘lanish jarayoni ham qo‘shiladi. Yallig‘lanish jarayonida shilliq parda qizaradi, shishadi, bel va qovuq sohasida og‘riq paydo bo‘lishi mumkin. Jinsiy a’zoda aloqa vaqtida og‘riqlar kuzatiladi. Qindan yiringli va boshqa oqmalar ajraladi. Chin eroziyada bachadon bo‘ynining tashqi teshigini qoplagan yassi epiteliy bo‘lmaydi. Epiteliysiz yuzalar va ularning atrofida yallig‘lanish jarayonlari kuchayadi.
Shu soha shishib, so‘ng qattiq bo‘lib qoladi. Leykotsit va limfotsitlardan iborat bo‘lgan mayda hujayrali infiltratsiya yuzaga kelib, jarohatlangan joydagi qon tomirlar kengayadi va qonga to‘ladi. Endi jarohat joyi tiklanishi kerakku, tiklanish judayam sust bo‘ladi, chunki yallig‘lanish surunkali holatda kechadi, shuning uchun bu o‘rinni yassi epiteliy hujayradan oldin bachadon ichki kanalida joylashgan silindrsimon epiteliy tez qoplab oladi. Natijada chin eroziya soxta eroziyaga aylanadi.
Soxta eroziya
Soxta eroziya surunkali yallig‘lanish jarayoni bo‘lgani sabab endi u o‘z-o‘zidan tiklanib, sog‘aymaydi. Shuning uchun bachadon bo‘yni eroziyasi aniqlanganida ayol, albatta, to‘liq davo choralarini qo‘llashi kerak. Yuqorida aytilganidek, bachadon bo‘yni eroziyasi og‘riqlar, qindagi ajralmalar, jinsiy yaqinlikdagi og‘riq va, hattoki, qonli ajralmalar bilan ham kelishi mumkin. Lekin 50 foiz ayollarda kasallik alomatlari namoyon bo‘lmasligi ham mumkin. Shuning uchun har bir ayol yiliga 1 2 marta ginekolog tekshiruvidan o‘tib turishi lozim.
Bachadon bo‘yni eroziyasini hozirgi kunda aniqlash va tashxislash quyidagi usullar orqali olib boriladi. Birinchi, qin oynasi orqali ko‘rish, keyin bachadon bo‘ynining tasvirini kattalashtirib beradigan asbob bor, bu kolposkop, uning yordamida qin bo‘yni tekshiriladi. Bu kolposkopiya usuli deyiladi. Keyin bachadon bo‘ynining shikastlangan joyidan surtma olinib, hujayralar qanaqa ahvolda, o‘zgarish bor-yo‘qligini bilish uchun sitologik tekshiruvdan o‘tkaziladi. Agar lozim topilsa, shikastlangan joydan, ya’ni hujayradan kesib olinib, gistologik tekshiruv ham amalga oshiriladi.
Bachadon bo‘yni eroziyasi asoratlari
Bachadon bo‘yni eroziyasi aniqlanganidan keyin har bir ayol, albatta, davo choralarini boshlashi shart. Chunki bachadon bo‘yni eroziyasida odam papilloma virusi joylashadi. Papilloma virusi joylashgan hujayralar ma’lum muddat ichida, bachadon bo‘yni kasalliklaridan oddiy kondilomadan tortib bachadon bo‘yni saratonigacha olib kelishi mumkinligi aniqlangan. Dunyo aholisi ayollari orasida bachadon bo‘yni saratoni ko‘krak bezi saratonidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Shuning uchun bu kasallik aniqlanganidan keyin, albatta, zudlik bilan davo choralarini boshlash kerak.
Davo usullari
Hozirgi kunda tibbiyotda bu kasallikni davolashda ham bir qancha usullar mavjud bo‘lib, ulardan qaysi birini qo‘llashni shifokor kasallik darajasiga qarab belgilaydi. Birinchi o‘rinda, yallig‘lanish jarayoniga qarshi, ya’ni infeksiya qo‘zg‘atuvchisi aniqlanganidan keyin konservativ antibakterial terapiya kursi olib boriladi. Undan keyin operativ usullarga diatermokoagulyatsiya (ya’ni yuqori harorat yordamida kuydirish), kriodistruksiya (ya’ni muzlatib qo‘yish) va oxirgisi jarrohlik lazeri yordamida davolash. Hozirgi kunda jarrohlik lazeri ancha keng qo‘llanilayotgan va eng samarali usul hisoblanadi. Unda kuydirilganidan keyingi bitish jarayoni juda tez yakunlanadi. Misol, diatermokoagulyatsiya, kriodistruksiya. Tiklanish, ya’ni bitish to‘rt haftadan sakkiz haftagacha davom etsa, lazer yordamidagi usulda 3-4 hafta ichida bachadon bo‘yni butunlay sog‘ayadi.