Bachadondan qon ketishi (Yuvenil qon ketish) – sabablari, belgilari va davosi

Yuvenil qon ketishi balog’at yoshiga yetgan qiz bolalarda bachadondan atsiklik ravishda qon ketishi, tuxumdonlar funksiyasining buzilishi bilan bog‘liq holat bo‘lib ginekologik kasalliklarning qariyb 10% ni tashkil etadi.

bachadondan qon ketishi

Bachadondan qon ketishi sabablari

Kasallik rivojlanayotgan organizmda salbiy ta’sirlarning bo‘lishi bilan bog‘liq, asosan o‘tkir va surunkali infeksion kasalliklar va intoksikatsiyalar, (angina, surunkali tonzillit, gripp, revmatizm, pnevmoniya), turmush sharoiti, noto‘g‘ri ovqatlanish (gipovitaminozlar), fizik va asabning zo‘riqishi, ko‘ngilsiz voqealar – doimiy psixik jarohatlar, charchash hollari, qo‘rquv, cho‘chish, bir paytning o‘zida psixik o‘zgarishlar, yurak, o‘pka va boshqa a’zolarning patologik holatlari sabab bo‘lishi mumkin.

Turli kasalliklar va zararli ta’sirlar organizmning adaptatsion holatlarini pasaytirishi, jinsiy a’zolarning faoliyatini buzilishini, shuningdek gormonal balans va endometriy holatini o‘zgartirishiga olib keladi. Bunda endogen va ekzogen omillar ontogenez davrida gipotalamus hujayralarining retseptor faoliyatiga ta’sir etishiga ko‘ra uning markazining ta’sirchanligi oshadi. Gipotalamus bu holda gipofizga to‘liq ta’sir ko‘rsata olmaydi, gonadotrop gormoni kam ajraladi. Bu o‘z navbatida tuxumdonda follikullar yetilishiga ta’sir etib, anovulyatsiyani yuzaga keltiradi. Yuvenil qon ketishida anovulyatsiyaning o‘ziga xos turi, follikullar atreziyasi (yorilmay qolishi) yoki kistaga aylanib qolishi kuzatiladi.

Estrogenlar uzoq vaqt davomida, progesteron oz miqdorda ajraladi. Bu hol endometriyda proliferatsiya xolatini keltirib chiqaradi. Giperplaziya yuzaga kelib, bez kistali o‘zgarishlar yuz beradi. Bu hol qon—tomirlar o‘zgarishiga, nekroz holatiga va qon ketish holatini yuzaga keltiradi.

Yuvenil qon ketishiga anovulyator tipdagi qon ketish xarakterlidir, ya’ni follikullar ovulyatsiya bosqichiga yetmay yetiladi. Follikullar shakillanadi, lekin yetilmay regressiyaga uchraydi. Atreziyalangan follikullar eriydi va ularda uzoq vaqt follikulyar suyuqlik (kistoz atreziya) saqlanadi. Doimiy tuxumdonlarda ko‘p atreziyalangan follikullar to‘planadi. Follikullardagi to‘plangan gormonlar endometriydagi proliferatsiya protsessini stimulyatsiya qiladi, shuning uchun giperplaziya sodir bo‘ladi, lekin endometriy sekretor transformatsiyasi sodir bo‘lmaydi.

Bachadondan qon ketishi klinikasi

Yuvenil qon ketish klinika belgisi davomiy, uzoq muddat, ko‘p miqdorda, atsiklik qon ketish bo‘lib, (7 kun va undan ko‘p) qon ketishi bilan xarakterlanadi. Ko‘pincha hayz sikli to‘xtab qolgandan keyin (1,5 — 6 oy) qon ketib, qizni kamqonlik kasaligiga olib kelishi mumkin.

Asiklik qon ketishi menarxe vaqtidan boshlanishi yoki menarxedan 1,5 – 2 yil keyin, biron infeksion kasallikdan keyin, aqliy jismoniy charchash tufayli yuzaga keladi. 87% hollarda endometriyda giperplastik o‘zgarishlarni, adenomatoz va atipik giperplaziya xolatlarini ko‘rish mumkin, shifokor bunday holatlarga e’tiborli bo‘lishi kerak.

Yuvenil qon ketish klinikasida qancha miqdorda qon yo‘qotganligiga bog‘liq boladi: tez charchash, xolsizlik, ishtaxaning yo‘qligi, bosh og‘rishi, yurakni vaqti-vaqti bilan og‘rish hollari, taxikardiya kuzatiladi. Qon analizida trombotsitlar miqdorining o‘zgarganligi, fibrinogen konsentratsiyasi pasayishi, qonning ivish qobiliyati pasayishi kuzatiladi.

Yuvenil qon ketishda tekshirish usullari:

  1. Bazal (to‘g‘ri ichak) haroratini o‘lchash.
  2. UTT o‘tkazish.
  3. To‘g‘ri ichak orqali tekshirish.
  4. Umumiy qon va trombotsitlar sonini tekshirish.
  5. Qonda progesteron miqdorini tekshirish.
  6. Gonadotrop gormonlar (FSG, LG) konsentratsiyasini aniqlash.

Tegishli maqola: Qanday holatlarda ayollar gormonlarini tekshirtirishi kerak?

Differensial tashxis

Bachadondan qon ketishi bir qancha boshqa kasalliklarda ham kuzatilib, buning differensial tashxisida quyidagi patologik holatlarni e’tiborga olish kerak bo‘ladi:

  1. Tuxumdonning granulyoz hujayrali va mezodermal o‘smalari
  2. Bachadon va qindagi xavfli o‘smalar
  3. Jinsiy a’zolar sili
  4. Gemorragik diatez
  5. Trombotsitopeniya
  6. Gemofiliya S (qiz bolalarda X omilning yetishmasligi natijasida qonning ivishi ancha sust bo‘ladi).
  7. Angiogemofiliya Villebrand – Yurgens kasalligi – bunda qon ivishida ishtirok etuvchi VIII omil bo‘lmagani uchun qon ketishi uzoq davom etadi.
  8. Kapillyarlar toksik va allergik o‘zgarganda.
  9. Bo‘qoq bezi, buyrak usti bezi, diyensefal patologi

Davolash

Bachadondan yuvenil qon ketishni davolash usullari shu patologik holatni vujudga keltirgan sabablarni aniqlab, shu asosda davo choralarini qo‘llashdan iborat. Davolashni asosan ikki bosqichga bo‘lish mumkin:

– qon ketishini to‘xtatish;

– hayz siklini tartibga solish;

Agar kasalxonaga murojaat qilgan qiz bolada o‘tkir kamqonlik belgilari kuzatilsa: arterial qon bosimi pasaygan, taxikardiya, xolsizlik, gemoglobin miqdori 70 g/litrdan past bo‘lsa, gematokrit 20% – bu holda SZP 300-400 ml, ifezol va qon o‘rnini bosuvchi eritmalar quyish zarur, keyin gormonal gemostaz usuli va siklik yoki sintetik progestin bilan terapiya o‘tkaziladi.

Dispanser kuzatuvi oyiga bir marta hayz sikli barqarorlashguncha amalga oshiriladi, exografiya kamida 6-12 oyda bir marta amalga oshiriladi. Umuman olganda, yuvenil bachadondan qon ketishini davolashda bir qator mutaxassislar, jumladan pediatr , endokrinolog , gematolog, nevropatolog va oftalmolog kabi tor doira mutaxassislar konsultatsiyasi ham zarur. Shuningdek, bemor qizga psixologik maslahat berish ham tavsiya etiladi .

Ginekologiya » Bachadondan qon ketishi (Yuvenil qon ketish) – sabablari, belgilari va davosi

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x