Post Views:
1 341
SHAYXZODA, Maqsud Shayxzoda [1908.25.10 (7.11) – 1967.19.2] – shoir, dramaturg, adabiyotshunos, tarjimon, pedagog. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1964). Bokudagi dorilmualliminni tugatgan (1925). 1927 yilda aksilinqilobiy tashkilot a’zosi sifatida hibsga olinib, 1928 yil fevralda Toshkentga surgun qilingan. O‘rta Osiyo universitetining Sharq fakultetida qisqa muddat o‘qigani (1928)dan keyin «Sharq haqiqati» (1929–32), «Qizil O‘zbekiston», «Yosh leninchi» gazetalari (1932), «Guliston» jurnali (1933–34) tahririyatlarida xizmat qilgan. Boku pedagogika institutini tugatgan (1934). Toshkentda Til va adabiyot institutida ilmiy xodim bo‘lib ishlagan (1935 –38). 1938 yildan Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika institutida o‘qituvchi.
«O‘n she’r» (1932), «Undoshlarim» (1933), «Uchinchi kitob» (1934), «Yangi devon» (1937), «Jang va qo‘shiq», «Ko‘ngil deydiki…» (1943), «O‘n besh yilning daftari» (1947), «Yurt she’rlari» (1948), «Yillar va yo‘llar» (1961), «She’rlar» (1964) va boshqa she’riy to‘plamlari nashr etilgan. U doston janrida «Meros», «Tuproq va haq» (1936), «Ovchi qissasi», «Iskandar Zulqarnayn» (1940), «O‘n birlar» (1943), «Ahmadjonning hikmatlari», «Uchinchi o‘g‘il» (1944), «Nurmat otaning tushi» (1947) singari liro-epik asarlar yozdi. Shayxzoda qofiyaning yangi badiiy imkoniyatlarini kashf etib, o‘zbek she’riyatiga yangi vazn va shakl ko‘rinishlarini olib kirgan. Shoir ijodiga xos bu tamoyil uning, ayniqsa, «Toshkentnoma» (1958) lirik dostonida yorqin ifodasini topgan.
«Jaloliddin Manguberdi» (1944), «Mirzo Ulug‘bek» (1961) tragediyalari, bir qancha ilmiy maqolalar, monografiyalar («Genial shoir», 1941) muallifi. U Sh. Rustavelining «Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon» (hamkorlikda) eposi, U. Shekspirning sonetlari, A.S. Pushkinning she’rlari, «Mis chavandoz» dostoni, «Motsart va Salyeri» tragediyasi, M.Yu. Lermontovning she’rlari va «Kavkaz asiri» dostonini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Shayxzoda 1952 yilda hibsga olinib, 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan va 1954 yilda ozod etilgan. Chig‘atoy qabristoniga dafn etilgan. «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan (2001). Toshkentdagi ko‘chalardan biri Shayxzoda nomi bilan atalgan.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/maqsud-shayxzoda/