Post Views:
7 741
«TOSHKENT – ISLOM MADANIYATI POYTAXTI» – mamlakatimizda islom madaniyati hamda ma’naviy qadriyatlarni tiklash va saqlab qolish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning xalqaro ko‘lamdagi e’tiroflaridan biri. 2007 yil yanvarda Islom konferensiyasi tashkiloti tarkibidagi muassasalardan biri – Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha xalqaro islom tashkiloti (ISESCO) Toshkentni islom madaniyatining poytaxti, deb e’lon qildi. Toshkent bilan bir qatorda Fes (Marokash), Tripoli (Liviya), Dakar (Senegal) shaharlari ham «Islom madaniyatining poytaxti», deb e’lon qilindi. Prezident Islom Karimov bu e’tirofni «o‘zbek xalqining islom madaniyati rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasiga berilgan munosib baho», deb ta’rifladi.
Shu munosabat bilan shaharda bunyodkorlik ishlari yanada avj oldirildi. Jumladan, qisqa muddatlarda Hazrati Imom majmuasi tubdan qayta ta’mirlandi, yangi minora, masjid, xiyobonlar bunyod etilib, unda ko‘plab shaharliklar o‘z beminnat mehnatlari bilan hissa qo‘shdilar. Ko‘kaldosh madrasasi (16-asr), Shayx Zayniddinbobo (13–19-asrlar), Zangiota (14–20-asr), Xo‘ja Alambardor (19-asr), Shayx Xovandi Tohur (15-asr), Yunusxon (15-asr) maqbaralari, Abulqosim madrasasi (19-asr) va boshqalar ta’mirlandi. 2007 yil 14–15 avgustda Toshkent, Samarqand shaharlarida «O‘zbekistonnning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi» mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/toshkent-islom-madaniyati-poytaxti/