KEYPTAUN, Kapstad — JARning jan.-gʻarbiy qismidagi shahar, Yaxshi Umid burni yaqinida. Kap provinsiyasining maʼmuriy markazi va mamlakat parlamentining qarorgohi. Axolisi 1,9 mln. kishi (1990-y. lar oʻrtalari, shahar atrofi b-n).
Keyptaunga 1632-y. da Ost-Indiya kompaniyasi asos solgan. Kap mustamlakasining maʼmuriy markazi boʻlgan. 1806-y. da inglizlar bosib olgan. Jan. Afrika Ittifoqi tuzilgandan boshlab (1910), uning Kap provinsiyasi tarkibida.
Keyptaun —transport yoʻllarining yirik tuguni. Xalqaro aeroport bor. Afrikadagi eng katta portlardan. Mamlakatning muhim sanoat, savdo-moliya markazi. Mashinasozlik muhim ahamiyatga ega. Metallsozlik, kemasozlik, neftni qayta ishlash, vagonsozlik, yogʻochsozlik, avtomobilsozlik korxonalari bor. Sement, toʻqimachilik mahsulotlari, konserva ishlab chiqariladi, olmosga sayqal beriladi. Un-t, Jan. Afrika muzeyi, Milliy galereya, astronomiya rasadxonasi, botanika bogi bor. 17 — 18-a. larga oid meʼmoriy yodgorliklar saklangan. Keyptaun yaqinida Afrikada birinchi AES qurilgan.