Toshkent zilzilalari


Post Views:
1 335

ZILZILA, Toshkent zilzilalari – Toshkent seysmik jihatdan xavf­li Toshkent-Piskom seysmogen zonasida joylashgan. Toshkentda so‘nggi 150 yil davomida 10 ga yaqin kuchli zilzila (1866 yil aprel, 1868  yil 4 fevral va 4 aprel, 1886 yil 29 noyabr, 1924 yil 7 iyun, 1959 yil 24 oktyabr,1966 yil 26 aprel, 1980 yil 11 dekabr, 2008 yil 22 avgustdagi zilzilalar) bo‘lib o‘tgan. Shuningdek, O‘ratepa (1897), Namangan (1942), Chatqol (1946), Qo‘shtepa (1965) zilzilalari ham Toshkentga talafot yetkazgan. 19-asrda yashagan toshkent­lik tarixchi Muhammad Solihxo‘ja 1866 yil aprelda Toshkentda sodir bo‘lgan kuchli zilzila shohidi bo‘lgan va bu haqda mashhur «Tarixi jadidayi Toshkand» («Toshkent­ning yangi tarixi») asarida (687-bet) yozib qoldirgan. Uning guvohlik berishicha, 1866 yil 26 apreldan 27 aprelga o‘tar kechasi (1282 hijriy yilning 10-11 zulhijjasi)da Toshkentda kuchli zilzila sodir bo‘lgan. Xoja Ahror jome masjidi gumbazi, aholi istiqomat qilayotgan imoratlar qulashi natijasida aksariyat qurbonlar bo‘lgan. 1868 yil 4 aprel­dagi zilzila natijasida shahardagi ko‘plab imoratlar buzilgan, 50 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Tebranish 15 sekundga yaqin davom etgan.

1966 yil 26 aprel soat 5 dan 22 minut 52 sekund o‘tganda Toshkentda qattiq yer qimirlash ro‘y berdi. Zilziladan avval kuchli portlashdagi kabi tovush eshitilib, shahar chekkasida shafaq ko‘rindi. Ilmiy tekshirishlarning natijalariga ko‘ra, shafaqning kelib chiqishiga sabab, yer ostida yig‘ilgan tektonik kuchlanishning yer yuzasiga chiqishi vaqtida elektr energiya­siga aylanishidir. Zilzila o‘chog‘i 5-10 km chuqurlikda joylashgan. Zilzila energiyasi 1014 joulga yaqin, epitsentrda uning kuchi 8 ballga yetgan. Zilzila markazi (Qashqar mahallasi va Labzak o‘rnida) vertikal zarblar kuchining magnitudasi (M) 5,3 ga, silkinish 8 balldan ziyod, maksimal vayronalik zonasi 10-12 km2 ga teng bo‘lgan. Zilzila o‘chog‘i cho‘ziqroq shaklda bo‘lib, shimoli-g‘arbdan janubi-sharqqa yo‘nalgan. Zilzila natijasida atrofga seysmik to‘lqinlarning so‘nib borishi natijasida 8, 7, 6 balli maydonlar ajratilgan. 9 maydan 10 mayga o‘tar kechasi, 24 may va 5 iyunda kuchli (6-7 ball) silkinishlar takrorlangan. Zilzila natijasida 2 mln. m2 dan ziyod turar joy, 236 ma’muriy bino, 700 ga yaqin savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari, 26 kommunal xo‘jalik korxonasi, 180 ga yaqin o‘quv yurti, 8 ming o‘rinli maktablar, 36 madaniy-maishiy muassasa, 185 tibbiyot va 245 sanoat korxonasi binolari zarar ko‘rdi, 78 ming oila yoki 300 ming kishi boshpanasiz qoldi, qurbonlar bo‘ldi. Asosiy tebranish 1966-68 yillar mobaynida bir qancha aftershoklar bilan davom etdi. Markaziy seysmik stantsiya birinchi kuchli zarbadan so‘ng silkinishlarning 2500 dan ortiq takrorlanganini qayd qildi. Zilziladan zarar ko‘rgan Toshkentga sobiq ittifoqdagi respublikalar xalqi katta yordam ko‘rsatdi. Qisqa muddat ichida (3,5 yilda) zilzila oqibatlari bartaraf etildi. Yangi dahalar, yo‘ldosh shahar – Sergeli bunyod etildi. 300 ming toshkentlik uy-joy bilan ta’minlandi, 3200 ming m2 turar joy qurildi.

1966 yildagi zilzila seysmik xavfi bo‘lgan rayonlarning yer qa’ri tuzilishini o‘rganish va zilzilaning geologik sabablarini aniqlash maqsadida maxsus kompleks tad­qiqotlarni tashkil qilish uchun turtki bo‘ldi. Toshkent va unga tutash hududlarning yer qimirlash xavfini aniqlashga doir keng ko‘lamda tadqiqot ishlari olib borildi. Yirik shaharlar va qurilishlarga xavf tug‘dirayotgan seysmik o‘choq zonasi yer po‘stini geologik-geofizik tadqiq qilishni kuchaytirish zarurligi tan olindi. Umumiy seysmik ra­yonlashtirish xaritasi kuchli yer qimirlaganda yer po‘sti yorilishi xavfi bo‘lgan trassalar sxemasi bilan to‘ldirilib va seysmotektonik tadqiqotlar asosida unga aniqlik kiritib boriladi. Bu ishlarni olib borish uchun «Toshkent» seysmik stantsiyasi bazasida O‘zbekiston FA Seysmologiya instituti tashkil etildi (1966).

O‘tgan yillarda Toshkent seys­mik stantsiyasi seysmograflari bu yerda 2, 3, 4 balli kuchsiz silkinishlar bo‘ladi, deb bir necha marta qayd qilganlar. Lekin manbai bevosita shahar ostida bo‘lgan kuchli zilzila bu yerda yuz yildan beri bo‘lmagan edi. 1868 yilning 4 fevralida ro‘y bergan silkinishning kuchi 7 ballga yetgan, xolos. Shundan keyin Toshkentda sodir bo‘lgan zilzilalarning kuchi past bo‘lgan.

Olingan seysmik materiallarni sinchiklab o‘rganish va ularni Toshkentoldi hududining tektonik tuzilishi bilan bog‘lash natijasida shu narsa aniqlandiki, Toshkent va uning atrofida ro‘y bergan zilzilalarning kuchi 8 balldan oshmaydi. Shunga ko‘ra zilzila ehtimoli bo‘ladigan seysmogen zonalar asosida tuzilgan mukammal seysmik rayonlashtirish xaritasida Toshkent 8 balli zonaga kiritilgan.

Seysmomikrorayonlashtirish natijasida shahar relefi, muhandislik-geologik sharoitini nazarga olgan holda, 7, 8, 9 balli maydonlarga bo‘lindi.

Keyingi yillarda olib borilgan geologik, geofizik tadqiqotlar Toshkentda hech qanday vul­qon otilib chiqmasligi, shahar ostida bo‘shliq yo‘qligi, aksincha, qatlamlar juda ham zich joylashganligini va seysmofaol siniqlar borligini ko‘rsatdi.

Toshkent tektonik jihatdan Tyanshan tizma tog‘larining g‘arbidagi Toshkent-Mirzacho‘l tog‘oldi cho‘kmasida joylashgan. Bu cho‘kma, asosan, mezozoy va kaynozoy cho‘kindi tog‘ jinslari bilan to‘lgan bo‘lib, pastdan yuqoriga qarab paleozoy, yura, bo‘r, paleogen, neogen va to‘rtlamchi davr qatlamlaridan iborat. Cho‘kindi tog‘ jinslarining Toshkent-Mirzacho‘l cho‘kmasidagi maksimal qalinligi taxminan 3000 m. Bu tog‘ jinslari ostida paleozoy davri yotqiziqlari bo‘lib, ular faqat Chatqol va Qurama tog‘larida yer yuzasiga chiqib, juda ham qattiq, zich jins­larni tashkil etadi. Cho‘kindi jinslar tog‘ tizmalariga yaqinlashgan sari yupqalashib, qiyalanib boradi. Shuningdek, Toshkent atrofida, ayniqsa, shimoli-sharq tomonda qatlamlar qalinligi 3000 m dan 1200-1500 m ga tushadi. Bu kamayish, asosan, yosh qatlamlar, ya’ni neogen va to‘rtlamchi davr cho‘kindilari hisobiga bo‘ladi. Bunday holat Toshkentning shimoli-sharq tomonida yosh antiklinal burmalarning o‘sib borayotganligi natijasida sodir bo‘lmoqda. Yosh antiklinal burmalar shimoli-sharq­dan janubi-g‘arbga qarab Mayskiy, Poltaratskiy, Eshonqo‘rg‘on, Tentaksoy, Yangiyo‘l, Chinoz va Sirdaryo adirlarini o‘z ichiga oladi. Ular Korjontovning davomi bo‘lib, Sirdaryo, Poltaratskiy antiklinal zonasini hosil qiladi. Bu antiklinal zonaning ko‘tarilishi hisobiga Toshkent-Mirzacho‘l tog‘oldi cho‘kmasi neogen davrining boshidan sekin-asta cho‘kishni davom ettirmoqda. Tektonik nuqtai nazardan, bu joylardagi yer osti siniqlari doim faol; ularning faollashishida hozirgi zamon tektonik harakatlarning ham vertikal, ham gorizontal kuchlarining ta’siri katta. Bu jarayonning bo‘lib turishi Yer sathining o‘zgarishiga va yosh ko‘tarilma adirlarning o‘sishiga olib keladi.

Geologik, geofizik materiallarni tahlil qilish va Toshkent hamda uning atrofidagi tektonik harakatlarni sinchiklab o‘rganish natijasida, 1961 yilda O.A.Rijkov, A.A.Yurev, R.N.Ibragimovlar tomonidan bu rayonning geologik rivojlanish tarixi yoritilib, uning seysmik jihatdan faolligi hamda Toshkent va uning atrofida 7  va undan ortiq balli zilzilalar bo‘lishi mumkin ekanligi birinchi marta ilmiy asosda ko‘rsatib berildi. 1966 yil 26 aprelda bo‘lib o‘tgan 8 balli Toshkent zilzilasi olimlarning fikrini tasdiqladi.

1980 yil 11 dekabrda mahalliy vaqt bilan soat 20 dan 35 daqiqa o‘tganda Toshkentning g‘arb tomonida Nazarbek zilzilasi sodir bo‘ldi. Bu yerda ham shafaq ko‘rindi. Avvaliga momaqaldiroq kabi gumburlagan kuchli tovush bir zumda ko‘pchilik diqqatini o‘ziga tortdi, to‘satdan yer go‘yo «tut qoqqandek» silkindi. O‘zbekiston FA qoshidagi Seys­mologiya institutining Toshkent seys­mik observatoriyasi markaziy pult tablosida «kuchli zilzila» degan signal – yozuvlar paydo bo‘ldi va Samarqand, Farg‘ona, Namangan va boshqa seysmik stantsiyalardan olingan ma’lumotlarni chuqur o‘rganish natijasida zilzila o‘chog‘ining parametrlari belgilandi. Zilzila epitsentrining Toshkent markazidan 15 km g‘arbda joylashganligi aniqlandi. Epitsentrda tebranish kuchi 8 ball, magnitudasi 5,5 bo‘lib, energiyasi 1014 joulga yaqinlashdi. Ro‘y bergan zilzila o‘chog‘i Toshkent viloyatining Nazarbek qishlog‘i ostida, 10-15 km chuqurlikda joylashgan. Kuchli silkinishlar bir necha km2 maydondagi imoratlarga shikast yetkazdi. O‘sha yilning 30 dekabrda kuchli zilzilaning qaytalanishi zarar ko‘rgan binolarning butunlay buzilishiga sabab bo‘ldi. Bu tebranishning kuchi 7 balldan oshiqroq bo‘lib, epitsentri birinchi zilzila markazidan 1-2 km narida joylashganligi zarar ko‘rgan maydonni ancha kengaytirdi.

Nazarbek zilzilasining kuchi Toshkent zilzilasidan bir oz ko‘proq bo‘lgani uchun Farg‘ona vodiysida, Samarqand, Chimkent shaharlarida 2-3 ball bilan sezildi. Ilmiy tekshirish ishlari Nazarbek zilzilasi ba’zi bir xususiyatlari jihatidan 1966 yilning 26 apreldagi Toshkent zilzilasiga o‘xshashligini ko‘rsatdi. Bu esa zilzila o‘choqlarini oldindan aytib berish imkoniyatini yaratadi. Shuni qayd etish joizki, 1966 yil 26 apreldagi yer qimirlashdan keyin qurilgan bino va inshootlar, Toshkent metropoliteni bu sinovdan o‘tdi.

2008 yil 22 avgust soat 13 dan 29 minut o‘tganda sodir bo‘l­­gan Toshkentdagi sezilarli zilzila aytilgan bashoratlarni yana bir bor isbotladi. Yer ostidan tik yo‘nalishda zilzila o‘chog‘idan kelgan zarba nisbatan kuchli bo‘ldi. Uning magnitudasi (M) 4,7 bo‘lib, intensivligi shaharni 6-7; 5-6 balli zonalarga ajratdi. Bu zilziladan keyingi yillarda 6-7 balli zonalarda seysmobardosh qurilish uchun ko‘rsatilgan seysmik xavf borligini va tuproq sharoitini inobatga olmay  qurilgan imoratlar jiddiy talafot ko‘rdi.

Toshkent va unga tutash zonalarga xos «xususiy» zilziladan tashqari «tranzit» zilzilalar ham kuzatiladi. Ba’zi hollarda ularning tezligi ortib, shahar ancha kuchli silkinishlar maydoniga aylanadi. Shularni e’tiborga olib, Toshkent hududining seysmik mikrora­yonlashtirish xaritasi tuzildi. 1970 va 1984 yillar bu xarita O‘zbekiston Davlat qurilish komiteti tomonidan me’yoriy hujjat sifatida tasdiqlandi. Qurilish ob’yektlarini joylashtirishda shu xaritaga amal qilinadi. Muhandislik-geologik sharoitlar xususiyatiga qarab, shahar hududi 8 va 9 balli qism­larga bo‘lingan. 1980 yil ro‘y bergan Nazarbek zilzilasi silkinishlardagi bu farqlilikni amalda isbotladi.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/toshkent-zilzilalari-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x