Post Views:
21
BOZORSHAB, b o z o r i sh a b (forscha tungi bozor) – o‘tmishda Turkistonning yirik shaharlarida, jumladan Toshkentda, odatda, ko‘proq bayram va ro‘za kunlari uyushtirilib, ommaviy ko‘ngil ochish kechalari bilan qo‘shib o‘tkazilgan. Bozorshab paytida Shayxontohur majmuasi (hozirgi Navoiy ko‘chasi o‘rni), Chorsu maydoni (Registon) bezatilgan, turli xil shirinlik-qandolat, meva-cheva, oziq-ovqat mahsulotlari, hunarmandchilik buyumlari sotilgan. Karnay, surnay va nog‘oralar odamlarni Bozorshabga chorlagan. Maydonlarga dorlar qurilib, masxarabozlar, qo‘g‘irchoqbozlar o‘yin ko‘rsatgan, o‘rgatilgan hayvonlar, ayniqsa, ayiq o‘yini namoyish qilingan, polvonlar kurashgan. Choyxonalarda sozanda, xonanda, askiyachi, qiziqchi, raqqoslar san’atlarini namoyish qilgan.
1829 yil Toshkentga kelgan rus zobiti N. Potaninning yozishicha, «ro‘za oyi tugab, hayit bayrami boshlanganda, shahar atrofidagi tepaliklarga chodirlar o‘rnatilgan, ko‘plab aholi bir hafta mobaynida musiqa, raqs, kurash, tuyalarni choptirish va urishtirish, taka, qo‘chqor, bedana, kaklik urishtirish bilan mashg‘ul bo‘lishgan».
Bozor iqtisodiyotiga o‘tish munosabati bilan Toshkentdagi ayrim bozorlarda Bozorshabga o‘xshash tadbirlar o‘tkazish rasm bo‘lmoqda.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/bozorshab-2/