Post Views:
788
MASJID, Machit (arab tilida «sajda qilinadigan joy») – shaharda dastlabki Masjid Binkatda bunyod etilgan. Lekin bu haqda batafsil ma’lumotlar yetib kelmagan. 9–10-asr arab tarixchilari Istaxriy, Maqdisiy va ibn Havqal shahar arki yonidagi jome masjidini tilga olib o‘tgan. 13-asr muallifi Jamol Qarshiy o‘zining «Mulhaqat bi-s-suroh» asarida Shoshda ko‘plab Masjidlar bo‘lganligini ifodalash uchun «mahallalarida minglab masjidlar bor» deya ta’rif bergan edi. 13–18-asrlar davomida Toshken muhim ijtimoiy-siyosiy va madaniy-ma’naviy shaharlardan biri bo‘lib, shaharda oldingiga qaraganda ko‘proq Masjid faoliyat yuritgan.
19-asrga kelib shaharda Masjidlar soni yanada ortgan. Buning sababi, bir tomondan, shaharning kengayib borishi va undagi mahallalar sonining ortishi bilan bog‘liq. Shuning uchun ham 19-asrda Toshkent shahridagi Masjidlar soni to‘g‘risida manbalarda turlicha ma’lumotlar berilgan. Xususan, 1866–1868 yillarda Toshkentda bo‘lgan rus sayyohlari P.I. Pashino va A.P. Xoroshxin yoki ularning ma’lumotlariga tayanib izlanish olib borgan nemis tadqiqotchisi F. Hyellvald 19-asrning 60-yillari 2-yarmida Toshkentda 280–310 atrofida Masjid bo‘lganligini qayd etgan. Toshkent shahri tadqiqotchilaridan N. Mayev 1876 yilda e’lon qilgan «Osiyo Toshkenti» nomli maqolasida Beshyog‘och dahasida 68 ta, Shayxontohur dahasida 60 ta, Ko‘kcha dahasida 51 ta, Sebzor dahasida 10 ta Masjid borligini qayd qilgan. Toshkent tadqiqotchilaridan A.I. Dobrosmislov esa 20-asr boshida Toshkentdagi Masjidlar soni 400 ga yaqinligini ta’kidlagan.
Bu davrda shahardagi Masjidlar soni avvalgiga qaraganda tez o‘zgarib turgan. Buni arxiv hujjatlarida qayd qilingan 1868 yilda 297 ta, 1873 yilda 248 ta, 1889 yilda 180 ta (faqat vaqfli Masjidlar), 1911 yilda 345 ta, 1912 yilda 333 ta Masjid bo‘lganligidan bilish mumkin. 19-asrning boshlaridan shaharning yevropaliklar yashaydigan qismida ham Masjidlar ko‘payib borib, 1911 yilda ularning soni 12 taga yetgan.
Masjidning asosiy qismi an’anaviy tarzda to‘g‘ri to‘rtburchak yoki to‘rtburchak tarhda, usti yopiq inshoot – xonaqoh, minora, mezana, ayvon va darvozaxonadan iborat bo‘lgan. Toshkentda Qanoat otaliq qurdirgan Balandmasjid, Gulbozor, O‘razaliboy, Fo‘lodboy Tinchbofiy, Sharafiboy, Qaffol Shoshiy mozoridagi jome Masjid, Xoja Ahror Valiy jome masjidi va boshqa aksariyat jome Masjidlar katta gumbazlar bilan yopilgan. Jumladan, Balandmasjidning gumbazi 8 burjli hashamatli qilib ishlangan. Rus sayyohi P.I. Pashinoning yozishicha, shahardagi Masjidlarining aksariyati minorali bo‘lgan.
19–20-asr boshlaridagi Toshkent Masjidlarini bir necha guruhga bo‘lish mumkin: jome Masjidlar, mahalla Masjidlari, guzar Masjidlari, madrasalar tarkibidagi Masjid, mozor-ziyoratgohlar qoshidagi Masjid, bozor va rastalardagi Masjid.
Bundan tashqari, shaharda aholi namozgohlar va iydgohlarda ham jamoat bo‘lib namoz o‘qigan. Ayrim yirik Masjidlar qoshida madrasalar faoliyat ko‘rsatgan. Shayxontohur dahasida «O‘qchi» mahalla masjidi, Sebzor dahasida «Taxtapul» mahallasidagi Jumanbiy masjidi, «Qang‘iroqko‘cha» mahallasidagi masjid, Ko‘kcha dahasining Tursunota mahallasidagi Olimbek, Beshyog‘och dahasidagi Mulla Otaboyhoji mahalla Masjidi shular sirasiga kirgan.
Toshkentdagi Masjidlar boshqa joylardagi kabi, nafaqat hokimlar va amaldorlar tomonidan, balki tasavvuf vakillari, shaharlik boylar hamda mahalla aholisi vakillari tomonidan ham qurilgan. Jumladan, imom Zayniddinxo‘ja Azamatxo‘ja o‘g‘li, Podshohxo‘ja O‘zbekxo‘ja o‘g‘li, Yusufxon eshon Mansurxon eshon o‘g‘li, Fo‘lodboy Tinchbofiy, Sharafiboy Zaynobidin o‘g‘li, Zohidjonboy Mullajonboy o‘g‘li, Qosimboy Qoratutiy kabi shaxslar shaharda bir necha Masjid qurib, ularga vaqf mulklari ajratgan. Shuningdek, Masjid qurishda aholining quyi qatlami va boshqa shaharlik kishilar qatnashgan. Ayrim Masjidlar esa o‘ziga to‘q ayollar mablag‘i evaziga bunyod etilgan. Eskijo‘vada joylashgan qadimiy Masjidlardan Xotin masjidi, Ko‘kcha dahasining «Chuqurqishloq» mahallasida Tugma xotin, Beshyog‘och dahasining «Qo‘g‘urmoch» mahallasidagi Ochildiboy ayoli bino qilgan Masjidlar shular jumlasidandir. Bundan tashqari, ayrim mahallalar va bozorlar yaqinidagi Masjidlarni mahalla odamlari va bozor ahli yig‘ilib bunyod etgan.
Masjidlarda imom, muazzin, mutavalli; yirik Masjidlarda esa farrosh, sartarosh va qorovul xizmat qilgan. Ular Masjidning vaqf mulkidan belgilangan tartibda mablag‘ bilan ta’minlangan. Masjidning vaqflari avvalo Masjid quruvchisi, qolaversa, hokimlar va o‘ziga to‘q kishilar tomonidan ajratilgan. Masjid vaqflarini, asosan, shahardagi do‘konlar va yerlar tashkil qilgan. Bozorlardan tashqari, Masjidga tutash yerda va Masjid hovlilarida ham vaqf sifatida do‘konlar ishga tushirilgan va ularda Masjid so‘fisi yoki mutavallisi savdo qilgan. Bundan tashqari, karvonsaroylar, tegirmonlar, objuvozlar, ekinzorlar, bog‘lar, daraxtzorlar, hovlilar va pul mablag‘lari ham egalari tomonidan belgilangan shartlar asosida vaqf qilingan. Vaqf mulklarini nazorat qilish Masjidning xo‘jalik ishlari yurituvchisi – mutavalli tomonidan olib borilgan. Bu ish ko‘p hollarda Masjid quruvchi hamda vaqf qiluvchining o‘zi yoki uning avlodlari qo‘lida bo‘lgan.
Toshkent Masjidlari ham, mintaqaning boshqa shaharlarida bo‘lganidek, o‘tmishda jamiyat hayotida muhim ijtimoiy-siyosiy vazifalarni bajarish bilan birga madaniy-ma’naviy markazz vazifasini ham o‘tagan. Xususan, shahardagi jome Masjidlarda hukmdorlar va hokimlar farmon va buyruqlarini xalqqa e’lon qilish, aybdorlarni jazolash ishlari o‘tkazilgan. Shu bilan birga Masjidlarda madrasa va maktablar mavjud bo‘lib, ta’lim-tarbiya maskanlari sifatida ham faoliyat yuritgan.
1918 yil 13 may Turkiston XKS buyrug‘i bilan diniy muassasalar faoliyatini markazlashtirishda katta rol o‘ynagan «Ulamo» musulmonlar tashkilotining tugatilishi natijasida, butun o‘lkada bo‘lganidek, 1918–20-yillar Toshkent shahridagi Masjidlar faoliyatida ham beqaror davr bo‘ldi. Ayni paytda Toshkentda tashkil etilgan «Diniya boshqarmasi» («Mahkamai sha’riya») rasman 1921 yil boshida ish boshlagan bo‘lsa-da, O‘lka vaqf boshqarmasi sifatida keng ko‘lamda faoliyat olib bordi. Bu paytga kelib Toshkentda faoliyat yuritayotgan Masjid soni 1917 yildagiga nisbatan ancha kam bo‘lsa-da, 1925 yilda O‘zbekiston sobiq ittifoq tarkibiga kiritilgach, dinlarga xususan, islom diniga bo‘lgan munosabat keskin o‘zgardi. 1927 yil O‘zbekiston kompartiyasining 3-s’yezdida «Din va dinga munosabat» masalasida rezolyutsiya qabul qilinib, dinga qarshi tashviqotlar boshlandi. O‘zbekistondagi, jumladan Toshkent shahridagi deyarli barcha Masjid yopilib, binolari boshqa maqsadlarda foydalanishga topshirib yuborildi.
1943 yil Toshkentda Eshon Boboxon tashabbusi bilan rasman O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlar idorasi tashkil etilgach, Toshkent masjidlar faoliyati yana jonlandi. Diniy idora tomonidan shahardagi ayrim Masjidlar ta’mirlandi. 1951 yilgi rasmiy qaydnomaga ko‘ra, Toshkentda 1944–46 yillarda qaytadan ochilib ishga tushirilgan Tillashayx, Mo‘g‘ulko‘cha, Allon, Chig‘atoy-Chaqar, Mahkama, Shayx Zayniddin, Qizil Tovush, Sarichopon, Xoja Alambardor, Novza, Yakkasaroy, Rakat, Qiyot, Mirza Yusuf, Otchopar, Olmazor, Orqako‘cha Masjidlari faoliyat yuritgan.
Biroq oradan ko‘p vaqt o‘tmay yana butun respublika bo‘ylab Masjidlarni yopish boshlandi. Birgina Toshkent shahrining o‘zida 1951 yilda jome Masjidga qo‘shib yuborish yo‘li bilan 8 ta Masjid yopildi. Jumladan, Mo‘g‘ulko‘cha, Chig‘atoy, Oqilon, Chaqar Masjidlari Tillashayx masjidiga, Olmazor va Mahkama Masjidi Sarichopon masjidiga qo‘shib yuborildi. Ularning binolari esa foydalanish uchun tuman ijroiya komitetlariga berildi. Natijada Toshkent shahridagi ko‘plab Masjid binolaridan ko‘rlar jamiyatlari, turli artellarning sexlari, omborxonalari, choyxonalar, yotoqxonalar, klublar sifatida foydalanildi.
Tadqiqotchi I.F. Borodinaning qayd qilishicha, 1954 yilda Toshkent shahridagi 60 ga yaqin Masjid binolari turli muassasalar ixtiyorida bo‘lgan va ularning ko‘pchiligi o‘zining asl holatini yo‘qotgan edi. Ayrim Masjidlar esa 30–40-yillardayoq buzib tashlangan.
20-asrning 60–70-yillarida Toshkent shahridagi Masjidlarning ko‘pchilik qismi xarobaga aylangan yoki ularning binosidan boshqa maqsadlarda foydalanish davom etgan (ayrimlarigina tarixiy yodgorlik sifatida saqlab qolingan). 1966 yilgi Toshkent zilzilasi va shaharda olib borilgan qurilish ishlari jarayonida ham ko‘plab eski Masjidlar buzib tashlandi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng dinga va dindorlarga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi. Hukumat tomonidan tarixiy yodgorliklarni asrab-avaylash va asl holida ta’mirlash borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida, boshqa shaharlarda bo‘lganidek, Toshkent shahridagi saqlanib qolgan Masjidlar ta’mirlanib shaharliklar ixtiyoriga berildi. Xususan, Shayx Zayniddin va Xoja Ahror jome Masjidlari ayni shu yillarda o‘z faoliyatini qaytadan boshladi.
Shu bilan birga shaharning turli tumanlarida yangi Masjidlar qurilib, ishga tushirildi. Ayniqsa, 2007 yilda Toshkentning islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilinishi bilan Hazrati imom majmuasida ta’mirlash ishlari olib borilib, Hastimom jome masjidi sharqona uslubda qaytadan bunyod qilinib, mahalla ahliga foydalanishga topshirildi.
Toshkentda tarixiy ahamiyatga ega Masjidlardan Xoja Ahror Valiy jome masjidi, Mo‘yi Muborak («Ukkosha») jome masjidi, Kohota Buzruk jome masjidi, Xo‘ja Alambardor jome masjidi, Suzukota jome masjidi, Qo‘yliqota jome masjidi, To‘xtaboy jome masjidi, Eshonguzar jome masjidi, Imom at-Termiziy jome masjidi, Hazrati imom jome masjidi va boshqalarni ko‘rsatish mumkin.
Toshkent shahrida O‘zbekiston musulmonlar diniy idorasi tizimida rasmiy ravishda ro‘yxatdan o‘tgan jami 114 masjid faoliyat yuritadi (2008).
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/toshkent-masjidlari-tarixidan/