Post Views:
43
DAHKET – ilk o‘rta asrlarda Iloq shaharlaridan biri (7–16-asr). Dahket xarobalari Angren shahri shimolida, Ohangaron daryosi irmog‘i Dukentsoyning o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan. Qo‘rg‘on-qal’a (balandligi 6–18 m, diametri 60 m dan ortiq) va shahriston (maydoni 10 gektardan ortiq)dan iborat. Dahketdagi eng qadimiy hayot izlari 7–8-asrlarga oid, shahar 10–12-asrlarda ravnaq topgan. Mahobatli inshootlar xarobalari saqlangan. Topilmalar orasida – kumush tangalar xazinalari, kumush bilaguzuklar va ajoyib sirlangan sopol idishlar ajralib turadi. Dahketning shakllanishiga uning qulay geografik o‘rni: uch tomondan tog‘lar va soyning qiya, tik qirg‘oqlari bilan o‘ralganligi imkon bergan. Dahket Janubiy Chatqoldagi yirik oltin konlariga boradigan yo‘lni qo‘riqlab turuvchi kuchli qal’a bo‘lgan. Sharq muarrixlari uni Choch mulki chegarasiga yaqin joylashgan shahar sifatida ta’riflaydilar. «Hudud ul-olam» (10-asr) muallifining so‘zlariga ko‘ra, «Dahket tog‘laridan doru-i-mush» – «xafaqon dorisi» keltirilgan. Mo‘g‘ullar istilosi (13-asr boshi)dan so‘ng Dahket tog‘dagi karvon yo‘lidagi shaharcha-qal’a sifatida saqlangan. Undan 13–14, 15–16-asrlarga oid kumush va mis tangalarning yirik xazinalari topilgan. Hozirda uning o‘rnida Dukent qishlog‘i joylashgan.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/dahket-2/