Raqamlar bir kuni jam bo’ldi,
Birdan tortib to’qqizga qadar.
Eng birinchi bo’lib bir keldi,
Eng so’nggida to’qqiz darbadar.
Nolni taklif qilmadilar ham,
Uni raqam bilmadilar ham.
Maqtandilar rosa o’zaro,
Kelib chiqdi oxir mojaro.
Bir raqamlar boshiman, derdi,
To’qqiz zo’rdek ko’ksini kerdi.
Yetti esa sirliman, dedi,
Olti undan qolishmas edi.
Sakkiz, besh, to’rt, ikki hamda uch,
Maqtandilar ne so’z bo’lsa duch.
Xullas kalom, eng kichik bo’lib,
Ikkidan ham teng kichik bo’lib,
Bir sharmanda sharmisor bo’ldi,
Barcha raqam ustidan kuldi.
Shu payt nogoh nol kelib qoldi,
Bir uni shart yoniga oldi.
Shu yo’l bilan o’nga aylandi,
Va ayovsiz jangga shaylandi.
Hamma nolni yoniga tortdi,
Uning qadri, qimmati ortdi.
To’qqiz mahkam ushladi nolni –
To’qson bo’ldi, ko’ring bu holni.
Shunday qilib, nol talash bo’ldi,
Raqamlarga qiymat bosh bo’ldi.
Shoyad manzur sizga bu qissa,
Ushbu erur qissadan hissa:
Kamsitmang hech cho’pni, xasni ham,
Toshu kesak, baland, pastni ham.
Yetti emas, ming o’ylab so’ng deng,
Nol bo’lmasa, ming ham birga teng.