Post Views:
6
Jurnal sahifasidan o‘rin berilgan xabarlar ham o‘ta muhim hisoblanadi. Jumladan, “Ikkinchi Qaror” deb nomlangan xabarda: Xo‘qanddagi musulmon rabochi ham soldatlarning 1-favqulodda syezdi. Syezd bo‘lingan (qo‘sh hokimiyat-muallif) xalq komissarlari sovetining chleni xizmat komissarining bayonotin tinglaganidan so‘ng hozirgi Turkiston o‘lkasindagi xalq komissarlari sovetining butun xalqning va ko‘proq musulmonlarning tilaklarin so‘zlovchi bo‘lolmaganliklarin, Turkistonning tilak va erki uning 2-syezdi tarafindan eʼlon etilgan muxtoriyat birla izhor qilinganligin ham Turkiston idorasining boshinda faqat Turkiston Muxtoriyatining hukumatigina tura olajagin inobatga olib, bo‘yla qaror berdi: Umummusulmonlar tarafindan uyushtirilgan va keyinroq musulmon rabochiy va soldatlari tarafidan to‘ldirilgan syezd idora ishining Xalq komissarlar soveti qo‘lindan darhol Turkiston muxtoriyati hukumatiga va xalq sho‘rosini topshirilurga teyushligina tilak bayon eta(dir) ham ushbu syezd muxtoriyatlik Turkistonda demokratiyaning hamma sinflari tarafidan chiqorilg‘on bo‘lib Turkistondagi butun proletariyatning fikrin bildiruvga qodir bo‘lganligidan 18 yanvarda xalq komissarlari tarafidan chaqirilajak soldat, rabochiy, krestyan, qirg‘iz va musulmon deputatlari sovetlarining syezdin ortiq ish deb hisoblaydi deyilgan.
Jurnalning keyingi xabari “Ishchilar syezdining telegromi” deb nomlandi. U syezdning raisi Yusufuf tomonidan “Xo‘qand. 1918 yil 27 dekabr” sanasi bilan tasdiqlangan va “Xo‘qanddagi musulmon rabuchi ham soldatlari syezdi tarafidan Ukraina, Boshqirdiston, Volg‘abo‘yi musulmonlari, Qrim, Finlandiya, Kavkaz, Sibiriya, Lotish, Belorussiya ham “Alash o‘rdasi” muxtoriyalarina ushbu mazmunda telegromlar yuborilgan: musulmon rabochiy, soldat ham krestyanlarning 1-favqulodda syezdi mundan avvalgi umum Turkiston musulmonlarining syezdi tarafidan eʼlon etilgan qimmatli Turkiston Muxtoriyatiga quvvat berub, o‘z taqdirlarin o‘zlari hal qiluvchilarga ham shunga imtiluvchilarga samimiy tabrik yuboradir.
Proletarga maxsus syezd ishonch bilan aytadir-ki, biz hammamiz o‘zlarimizning tashqi ishlarimizda birgalashib, o‘zimizga amaliy suratda doxiliy istiqlol oluv yo‘linda qarshi turuvchi hamma millatlarni marhamatsiz ravishda chetga tog‘ormiz.
Xalqning muxtoriyat oluv omillari, ulug‘ Rossiyadagi demokratiyaning qo‘shma xalq jumhuriyatlarini tashkil qilib, doimiy va naq ravishda tutoshsun edi deyiladi.
Jurnalning bu sonidan bosilgan o‘ta muhim xabarlardan yana biri Kastroma shahridagi asir turk zobitlarining Turkiston Mutoriyatini tabriklab yozgan xatidir. Unda qardosh turk zobitlari Turkiston xalqini Muxtoriyat hukumati atrofida birlashishga chaqiradi va xatni “Tutilon ishda muvaffaqiyat, otilon odimda muzaffariyat duosin edarak, ochdig‘ing majlisi, eʼlon etdiging muxtoriyati tabrik ediyoruz.
Istiqboling porloq o‘lsun. Istiqloling yaqin o‘lsun! deb yakunlaydilar.
Karim quli “Ulamo jamiyatiga savollar”ini “Muhtaram muharrir afandi ushbuni moʻtabar jurnalingizda darj qilsangiz ekan” degan murojaat bilan boshlab, “Kamina mard ellik yildan buyon mardikorlik bilan kun ko‘rib ulamolarimiz va boylarimizga kamoli sidq ila xidmat qilib kelgan erdim. Bultur mustabid chor hukumatini nohaq farmoni birlan frontga borib xidmat qilib qancha azob mashaqqatlar tortib hurriyat sharofati bilan Vatanimiz o‘lon Toshkentga kelib, musulmonlarni o‘zaro bo‘lib turgan ko‘ngilsiz ishlarga aqlim hayron bo‘lib yurgan erdim. Noiloj so‘nggi voqealar munosabatlari birlan “Ishchilar dunyosi” orqali muqtadomiz o‘lon ulamolarimizga 4 moddalik savol berurman va ham tezdan javobini jurnalingiz orqali kutaman” deydi.
“Birinchi savol 5 yanvarda masjidi jomeʼdagi mitingda Ulamo tarafidan Xo‘qanddagi muxtoriyatni tanqid qilib, nihoyasinda bu hukumatning hech foydasi yo‘q tanimaymiz, degan qaror chiqarildi. Muvaqqat hukumatimiz aʼzolari millat vatanga xizmati bilan tanilgan ulamo va ham ziyoliy sinflarimizdan tashkil qilingan erdi. Baʼzi domlalarimizga o‘xshab islom dushmani o‘lon “Ostroumov” birlan oshlashgan emas erdi. Nima uchun shunday asossiz qaror chiqardilar?
Ikkinchi savol Xo‘qandda bo‘lib o‘tmish musulmon ishchi va soldatlarining favqulodda qurultoyida Sherali afandi Lapinni bergan maʼlumotiga qaraganda bizni shariat haqiqatparast va kambag‘alparvar. Shariatda ahnkor va riboxo‘rlik harom deydirlar. Hammaga maʼlumdirki, mazkur harom ishlar tamoman boylarimizdan zuhrga keladir. Shundog‘ bo‘lganda nima sababdan ulamolarimiz musulmon ishchi va kambag‘allarni huquqini himoya qilmasdan ahli sarvatlar bilan ish qilib ketdilar.
Uchinchi savol. Nima uchun Turk davlati va ham Misr, Tunis, Hinduston va shunga o‘xshash islom hukumatlari diniy ishlarni siyosiy ishlardan ajratib, qonuniy asos chiqarib diniy ishlarni ulamolarga dunyoviy ishlarni ziyolilarga topshirgan holda alholgacha mamlakatlarini idora qilib turubdirlar. Mazkur islom mamlakatlarini diniy ishdan siyosiy ishni ajratganlari shariatda bormi? Agarda shariatga to‘g‘ri bo‘lsa bizlar ham shul yo‘ldan yursak bo‘lmasmu?
4-savol hozirgi favqulodda ochlik va qimmatchilik zamoninda dehqonlardan ushr olmoq, boylardan zakot olmoq farz bo‘lgani holda nechun ulamolarimiz dehqon va boylarimizdan olib faqirlarni mamnun qilmadilar?” kabi savollarni ilgari suradi va idora Karimquli afandini fikrlariga qo‘shilib yo‘lboshchimiz ulamolarimizdan javob bissavob kutib qoladi.
Jurnalda nashr etilgan “Toshkentdagi musulmon tashkilotlari qarori” deb nomlangan xabarda 1918 yil 30 dekabrda Toshkentdagi “Fuqaho jamiyati”ning Mullo Sayfuddinxon Aʼlam raisligida o‘tkazgan majlisi va uning qarorini keltiradi. Unda: “1. Chor hukumatining zamoninda Turkiston krayina (o‘lka) joriy bo‘lgan polojeniya(nizom)sini bus-butun bekor va lug‘u (asossiz) etib, maxas shariat hukmlarini mukammal suratda ijro etilar.
2. Ahli islom ila ovrupolilar orasindagi 7 moddadan iborat bo‘lgan, chunonchi, qo‘l kesuv, qasos oluv, darra uruv, toshbo‘ron qiluv va bunga o‘xshash jismoniy jazolarning badalni ijro qiluvga ahli majlis maʼ al mamnuniyat rozilig‘in izhor etar.
3. Hozirda qozilar ustindan muvaqqat o‘larak nazorat qilib turuv uchun 5 tovushga qarshi aksariyat hohishi bilan Xo‘qanddagi muvaqqat hukumatga murojaat qilurg‘a qaror berildi(!).
4. Xo‘qanddagi muvaqqat hukumat marka chiqorganiga qadar, majlis markani yo‘q bo‘luvini lozim va maqbul deb topdi
5. Nikolay zamonida qozilarga berilgan iznning butunlay yo‘q bo‘luvini, pechatni hozirda kerak bo‘luv ehtimoli borligidan muvaqqat o‘larak pechat tani turuvini lozim topildi. Ushbu qarorni Xo‘qanddagi muvaqqat hukumatidan tasdiq va qabul ediliyur” deyilgan. Bu esa ulamolarning eng ilg‘or qismining o‘lkada faqat Turkiston muxtoriyati hukumatini tan olishini anglatar edi.
Jurnalning navbatdagi 3-soni 1918 yil 1 fevral sanasi bilan chop etildi. Bu sonda ham tarix fani uchun o‘ta muhim bo‘lgan xabar va materiallarga keng o‘rin berildi. Jumladan, “Musulmon mehnatkashlarining birinchi krayovoy syezdi” haqidagi axborotda quyidagilarni o‘qiymiz “… shul unvonda Xo‘qandda chiqadirgan “El bayrog‘i gazetasida muhtaram Bo‘lod afandi Xo‘qandda bo‘lgan musulmon ishchi va soldatlarining birinchi qurultoyin yozib biz ishchilarga nalar lozim va nimalar qilmoq kerakligi xususinda tubandagi maqolani yozadir. Biz uning ahamiyatiga ko‘ra jurnalimizga aynan ko‘chiramiz: “Xo‘qand shahri Sho‘roi Islom binosida 25 dekabrdan 30 dekabrga qadar musulmon mehnatkashlarining I krayovoy syezdi bo‘lib o‘tdi. Syezd muhim qaror, ahamiyatlik talablar vujudga keltirdi.
Mundan burun Farg‘onada ikki marta oblastnoy syezdlar bo‘lib, o‘zlarining talablarin tilaklarin, ahvoli zamonga nazarlarin munozara etganlar edi. O‘zlariga bir xat harakat chizib, bir muncha nishona o‘tqizib harakatga kirishganlar edi. Lekin, xalqimizning huzurinda buning yangilik bir narsa bo‘lgani, xususan xalqimizning munday narsadan bexabarligi sababli ul harakatlar baʼzi moneʼlarga ham uchradi. Lozim darajada rivoj topib keta olmadi. Ammo, hozirda bo‘lsa, unga yo‘l ochildi. Mamlakat o‘z ishin o‘z qo‘liga olmoq to‘g‘risida zo‘r bir qadam tashladi. Hukumat saylandi, ishga kirishildi. Agarda hukumat aʼzolari orasiga ushbu sinfning manfaatini himoya qiluvchi, buning mustaqil suratda bir ishga kirmog‘ini xohlag‘uvchi faol bir erkin muhit zarur….
Maʼlumki, bu sinf o‘z oramizda bo‘lgan bir xil qilu qollardan (gap so‘zlar – muallif) qutulub, mustaqil suratda maydonga chiqa olur edi. Bizning mamlakatimizda bu sinf yangidan dunyoga chiqqan emas. Balki, Turkiston xalqi qancha eski-burung‘i bo‘lsa, bu ham shuncha eski, shuncha burung‘idir. Lekin, bir partiya suratida dunyoga chiqishi, muqaddas bir maqsad uchun kurashadirgan, dunyo pahlavonlarining sinfiga tizilib harakat etishi, bu yil inqilobdan keyin vujudga kela boshladi. G‘arb dunyosinda va ham Rossiyada hozirgi kunda bu sinf nihoyatta ulug‘ joyni ishg‘ol qilib istibdod binosin yiqitmoq uchun bo‘lgan kurashda birinchi safda turadir. Ammo, bizda yangi bo‘lib rus inqilobi muning tarixiy mag‘iz va manbaidir.
Bu zamongacha Turkiston siyosiy hayotida siyosiy talashda dunyo muxoribasiga bir narsa qo‘sha olmasa mamlakatimizda tug‘ulib keladirgan ushbu yangi sinf birlan oliy maqsad uchun kurashguvchilardan yonlariga yangi bir quvvat, yangi bir kuch beradir. Agarda bu sinfda rasmiy bir shaklda kirib o‘zining hayotin turmushning har bir tomirinda tajassum etdira olsa, Turkiston uchun zo‘r muvaffaqiyat, Sharq dunyosi uchun ulug‘ bir hadya bo‘ladir. Bu sinfning dunyoga chiqishi nisbatida hayotiga doir adabiyot, bularning maʼnaviy ehtiyojin to‘ldiradirgan kitob va matbuotining lozimiga shubha yo‘q. Bizda bu to‘g‘risida haqiqiy bir mulohaza, jiddiy bir fikr yuritilmagandir. Ammo, g‘arb dunyosida bularning maishatiga doir asar va matbuot, zo‘r bir ilm, ulug‘ bir “fan” tashkil olg‘ondir.
Russiya inqilobi bizda milliy askarga qancha muhtojligimizni ko‘rsatsa, mehnatkash sinfiga nihoyatda ehtiyojimiz borlig‘ini bildiradir. Hozirgi kunda Turkistonning bulg‘onib yotgan siyosiy hayotida, rus rabochisi, rus krasniy gvardiyasi katta bir joyni ushlagani holda, bizdagi yo‘qliq, milliy talabni aytmakka, aytgan miqdorini amalga qo‘ymakka ulug‘ moneʼlardan bo‘lib turadir. Masalan, Ukraina, Finlandiya mehnatkashlari o‘z xalqining istiqloli uchun kurashib, moneʼlarni yiqitib sindiradirlar. Har millat mahkumiyatdan chiqib alohida yashab taraqqiy topganida, muqaddas maqsadga yetmog‘i mumkin ekanligini biladir, tushunadirlar. Chunki, mahkum millatning adabiyoti ham milliyati ham qisilgani sabablik ul millat erkin yuraolmaydir. Boshqalar qatorida bora olmaydir. Nodon millatning nodon mehnatkashi, dini, millati ikkinchilar tarafindan qisilgan, jabr-zulm ko‘rgani uchun ixtiyorsiz o‘z millatini qutqarmoqqa kapitalistlar bilan bir sinfda turib millati uchun kurashmoqqa majbur bo‘ladir. Mehnatkashni kapitalistlardan ayirib sotsializm yo‘liga tortishdirmoq madaniy millatlarning mehnatkashlari qatorinda bordirmoq uchun mutloq ul millatga istiqlol berib, o‘z ishin o‘z qo‘liga topshirmoq o‘z ixtiyori ila taraqqiy topdirmoq kerakdir.
Adabiyoti siqilgan millatning rabochisi nodon bo‘lgani sabablik mazkur maqsadning vujudga chiqishi kechikadir. O‘zining ulug‘ kurashchilaridan bo‘lgan ulug‘ bir sinfni yo‘qotqon bo‘ladir… Bizning mehnatkashlarimiz ham Iskobulofda bo‘lgan oblastnoy syezdi va shahrimizda bo‘lgan ushbu krayovoy syezdda birinchi quvvatli ovozlarin eshittirdilar… Muning birlan bizning mehnatkashlar sinfining hayotinda muhim bir davr, umidli bir sahifa ochildi. Ravshan yo‘l, yoruq istiqbol xohlab qolamiz deydi.
“Ulamo jamiyatining taklifi” sarlavhali xabarda 18 yanvar kuni Toshkentda ochilgan soldat, rabochi krestyanlar syezdiga Ulamo jamiyati tarafidan kiritilgan takliflar aynan keltiriladi: “1- hozirdagi bolsheviklar hukumati joyida to‘xtasin va ammo hukumatini va maslagini Turkistonda turguvchi uruslarga va ajnabiylarga yurguzsin va ham Russiya jumhuriyatining Turkistondagi mushtarak ishlariga nazorat qilib to‘xtasun.
2-Turkistonga eʼlon qilingan muxtoriyat to Turkiston uchreditelniy sobraniya (taʼsis majlisi)ga qadar musulmonlarga maxsus bo‘lsun va musulmonlar o‘z oldilariga alohida hukumat tashkil qilsunlar. Jami doxiliy ishlarni shariatga muvofiq ijro qilib turmoqlari uchun.
3- Musulmonlar bilan ajnabiylarning o‘rtasidagi ishlar va daʼvolar ikki hukumatning ittifoqlari ila alohida komissiyalarda va sudlarda ko‘rilsun.
4 – Musulmonlarning muxtoriy tashkilotlari shariatga muvofiq bo‘lib, mehnatkash toifalarni huquqlarini qatʼiy darajada himoya qiladirgan bo‘lsun, yaʼni kapitalizmga hech bir yo‘l berilmasun, ribo va sudxo‘rlik yo‘q bo‘lsun. Chekdan tashqari nohaq foyda qilmaslari uchun katta savdogarlarning va zavodchilarning ishlarining ustidan taftish bo‘linib daromadlari hisobga olinib to‘xtasun. Boylardan joriy zakot va ushr olinib, ishchi va kambag‘allarning foydasiga sarf etilsun. Mehnatkashlarni huquqlarini himoya qilmoq jihatida shariatga muvofiq alohida qonun tuzilsun va ham podsholik yerlari yersiz faqirlarga taqsim topib vasiqalik bilan egalarining tasarrufida to‘xtasun.
Ushbu tartiblar to Turkiston uchriditelniy sobraniya (Turkiston idora usuli) tasdiq qilinganicha joriy bo‘lib tursun va ammo uchriditelniy sobraniyani chaqirmoq tartibini bolsheviklar hukumati Musulmon muxtoriyati bilan ittifoqlashib chaqirsun” deyilgan. Takliflardan ko‘rinib turibdiki, Toshkent ulamolari Muxtoriyat hukumatini mutlaqo rad etgan emas. Aksincha, taʼsis majlisigacha Turkistonning tub aholisi uchun masʼul hukumat sifatida tan olmoqda. Demak, asl ziddiyat jadidlar va ulamolarning xalq oldidagi yetakchilik uchun intilishlari natijasi edi. Mavjud ko‘ngilsizliklar esa ulamolarning ham yoshlarning ham orasida bo‘lgan ayrim “xufya”larning “buyurma” asosidagi qilmishlarining samarasi bo‘lgan deb taxmin qilishimizga ham imkon beradi.
Jurnalning mazkur sonida chop etilgan “Milliy askarlar” mavzusidagi maqola esa Muxtoriyatning harbiy ahvolini yoritishga qaratilgan. Unda: “Hozirda Xo‘qand shahrida rasmiy suratda qo‘liga yarog‘ tutgan milliy askar va militsiyamiz bir ming chamasi bo‘lgan edi. 9 yanvar kuni mullo Abdurazzoqboyning bog‘ida shularning “ko‘ruv”i (manevr) yasaldi. Bu “ko‘ruv”ga Muxtoriyatlik Turkistonning muvaqqat hukumati aʼzolaridan Islom afandi Shoaxmedov bilan Ubaydulla afandi Xo‘jayev tashrif buyurgan edilar. Bu yigitlarimiz tamom yig‘ilib yetganidan so‘ng Ubaydulla Xo‘jayev ularga xitoban: “Sizlar Muxtoriyatlik Turkistonning birinchi qahramon o‘g‘ullari bo‘ldingiz. Siz bu xizmatlaring faxr qilsalaringiz arziydur. Chunki, suyuklu Vataningiz himoyasiga birinchi marta o‘laroq sizlar o‘z ixtiyoringiz bilan askar bo‘ldingiz! Turkiston mamlakatining kelajakda baxt va saodatga erishmog‘i sizlardan boshlansa kerak. Sizlarni Muxtoriyatli Turkistonning muvaqqat hukumati aʼzolari tarafidan tabrik qilaman va alar tarafindan sizlarga salom erishdiraman va ham sizlarning tarafingizdan hukumat aʼzolariga hozir borib salom aytaman” dedi. Bu so‘zlarni eshitganidan so‘ng milliy askarimiz nihoyatda mamnun bo‘ldilar. Bundan so‘ng Ubaydulla afandi milliy askarlarga bir og‘izdan “Omin” deb duo qiluvni so‘radi. Jumla yigitlar o‘zlarining Vatan millat yo‘lida har biri fidokorlikka hozir ekanligini so‘ylab baland ovoz ila guldurashib “Omin” sadolarini ko‘kka chiqardilar.
Bundan so‘ng hukumat rijollari (kishilari – muallif) qaytib ketdilar. Askar boshliqlari yigitlarni tartibga solmoq ila mashg‘ul bo‘ldilar. Bu qadar turk bolalarining jon va dillari bilan Vatan va millat yo‘lida har bir fidokorlikka ko‘ksilarini kerib, hozir turuvlarini ko‘rganda tarixdagi Chingiz va Temur bobolarimizning qahramon askarlari xotirga kelib, kishining ko‘zidan beixtiyor sevinch yoshlari oqar edi. Keyingi xabarlarga qaraganda yana bir ming askar yig‘ilib, hozir muvaqqat muxtoriyat hukumatining ikki minglik mukammal musalloh (qurollangan – muallif) askari bo‘ladir” deyilgan.
“Ishchilar dunyosi” jurnalining 4-soni 1918 yil 1 mart sanasi bilan chop etildi. Bu paytga kelib Turkiston Muxtoriyati qonga botirilgan, bolsheviklar va arman doshnoqlari tomonidan Qo‘qon shahri vayrona aylantirilib, xalqning fig‘oni yeru ko‘kni tutib ketgan edi. Jurnaldagi ilk maqola “Toshkentdagi ishchilarga hech kim yordam qildimi?” deb nomlanadi. Tahririyat bu savolga javob qilib, “Hech kim yordam bermadi. Boylar urushdan foydalanib matolarning ustiga narx qo‘yib, o‘z boyliklarini oshirdilar. Ulamolar yoshlar bilan Sho‘roi Islomni tuzdilar. Ulardan ulamo yana ajralib chiqdi. Saylovlarda “3” (ulamolar) “jinni”, “10” (jadidlar) “do‘zaxi” deb bir biri bilan rosa yoqalashib ketdilar. Tushgan ionalarini ham xalqqa emas ko‘proq o‘zlarining urushlariga sarfladilar. Biz-da avvaliga ochganimiz duxturxona, so‘ng gazeta chiqardik. Sabot va matonatimiz bor, ammo pul yo‘q bo‘lgan bir og‘ir sharoitda ish olib bordik. Ulamo bo‘lsa madrasa islohotini ilgari surdi, Sho‘roi Islom Turkiyadagi “Ittihod va taraqqiy” ga o‘xshamoqchi bo‘ldilar. Natijada xalqni bo‘lib hamma rejalarning rasvosini chiqarib yubordilar. Bu ketishda bir yilda Turkiston armanining yurtidanda vayrona bo‘lib ketadir” deb fikrini yakunlaydi.
“Ishchilar dunyosi”ning 5-soni 1918 yil 15 mart kuni dunyo yuzini ko‘rdi. Jurnalning eng tushkun bir kayfiyatni qo‘zg‘ovchi mazkur soni boshdan oyoq Turkiston Muxtoriyatining mashʼum qismatini bayon etishga bag‘ishlangan. Ayniqsa, “Kim aybli?” sarlavhani o‘qigan odamning ko‘z oldida mislsiz dahshatli fojialar namoyon bo‘ladi. Unda “Mo‘minning birodari moʻmin bo‘lgani holda musulmon birodarlarimizning boshiga musiybat tushsa buning qayg‘usini albatta, barobar o‘rtoqlashuviga to‘g‘ri keladir. Bu albatta inkor etilmaslik bir haqiqat ekanligi kun kabi oshkoradir.
Ish shunday bo‘lsa, biz salomatlikni erlari Xo‘qand fojiasiga qaysi ko‘z ila qaramoq to‘g‘ri keladir. Iymon keltirganimiz taqdirni yozmishina qaramasdan biz islomiyatni bu xabarlar chin ekanligidan, razolatdan, safolatdan, atolatdan, jaholatdan qutqaruv umidinda umum Turkiston vakillari syezdinda (Xo‘qand, 1917 yil 27 noyabrda) nafsi shaxsiyalari qurboni o‘lmasdan haq yerli MUXTORIYAT eʼlon qilgan erlargami? Taʼna va bilchiroqlar irg‘itib faqat sizlar Avtonomiya eʼlon qildingiz, bu falokatni o‘zingiz boshladingiz, falon qildingiz, jazolaringizni torting, deb muxtoriyatni, saodatni, to‘g‘risi din yo‘linda jon bergan shahidlarni ruhlariga duo-yu fotiha, o‘quv o‘rniga; ul shohidlarning muborak jasadlariga tahqir qilub o‘tarmizmi?…
Daho Armaniston intiqomini turkistonlilardan olamiz, deb salla o‘rab musulmonlar tarafida bo‘lib, salla choponni tashlab, qo‘llariga qurol olib istiqbolimizni chechaklarini (yosh bolalarni) qirmoq uchun jasorat etgan. U to‘p pulimyotlarni qulog‘ini buragan, muqaddas masjid va madrasalarimizga otdirgan, butun shaharni xarob qilganida, tomlar, uylar ostinda vo hasrato deb fig‘onlarini falakdan oshirib, og‘izlarinda millat deb, kalimai shahodatni talqin qilib jon bergan harbzadalar kim? Madrasalar ichinda kitoblarini quchoqlab “Yo, robbiy” deb ruhdan ayrilgan mudarris va talabalar kimlar?
Millatdoshingiz musulmon, islom bolasi islom va tug‘on qardoshingiz, turk o‘g‘li turk, turkistonlilardir!!!
Oh, ming-ming taassuflar o‘lsinkim, bizdan bu shahidlarga duoyu takbir o‘rniga tahqir qiluv lozimdirmi? Jazolari shul deb izhor xursandlik qilamizmi? Bil farz jazolari shul bo‘lganida kim ayblik bo‘lur? Taqdirmi ayblik? Yo bo‘lmasa Muxtoriyat olingiz, umummusulmonlar birlashingiz deb Isrofil surini tortgan oliy marhamatlik tovorish Troskiy ila Lenin afandilar ayblikmi? Yoki Muxtoriyat deb og‘izlarida, bo‘g‘izlarida o‘lka syezlarida, Maskov soveshaniyasinda, har yerda mitinglarda muxtoriyat deb hayqirib, demokraticheskiy respublika (xalq jumhuriyati) bo‘lsun avtonomiyaga layoqatimiz yo‘q, federatsiya bo‘lganda qora kuchlar kuch-quvvatlik chiqib xon zamoni bo‘lib chiqmasin, degan so‘zlarga qarshi bir qancha so‘zlar ila “ana” yoshlar kofir, eʼtiqodlari sust, deb takfir va tahqir qilib atashganlar… ko‘pda o‘tmadi butun Toshkent ahlini yakpora ittifoqlari to‘lquni ila bo‘lgan muxtoriyat namoyishi kuni umumni ittifoqini ko‘rib kayflari uchub muvaqqat hukumatga bayʼat va qasamyod qilib turib 4 kungina o‘tmasdan muvaqqat hukumatni quvvatsiz deb asossiz vajhlar ila umumni aldab bayʼat va qasamlarini tortib olgan (kimlarga isteʼfoda yo‘lini yaratgan) musulmonlarni o‘zlari orasinda rozi emaslar, burjuaziya avtonomiyasi deb, Peterburg‘ga telegram berilurga sababchi bo‘lgan ehtiromli “Ulamo jamiyati” ayblimi?
Yo‘q, ming marotaba yo‘q! “Val qadar xoyra va shorra min Alloh taolo” (taqdirdagi yaxshilik ham yomonlik ham Allohdandir) mazmunincha hech kim aybli emas!!!
Bu bobda yana takroran ayta olamizkim, taqdirga havola qilganda u muqaddas maslak yo‘lida qurbon bo‘lgan shahidlar ruhlariga jonlarimiz achib duo-yu fotiha qilmasak… Islomiyatga, millatga zo‘r jinoyat qilg‘on bo‘lsamiz kerak.
Yana qo‘rqamiz-kim, bizlarni bu taʼnalarimizga Xudovandi akbarni qahri kelib, bir jazoi falokatlar bila boshimizga Xo‘qand fojialarindanda yomonroq falokat va balolarni yog‘dirmasun edi…
Omon! Yo robbiy, naqadar zamoni azob vaqtlarina qoldik. Bir tarafdan ochlik, bir tarafdan muhtaram ulamoi kirom ismi bilan shuhratlangan, ulamo ismlarini qoralagan shaxsiyatparastlarni umumiy bir zararlari va boshimizga tushgan falokatlarga chindan o‘zlari sababchi bo‘lgan bir zamonlarida, bechora masʼum, qonlik muqaddas o‘lim topgan shahidlarimizga taʼna tuhmat va bilchiroq otuvlari “shahid emaslar” deb. Qachon bitar ekan bu milliy xoinlar. Qachon qutular ekan bu xoinlar changalidan millati islom va butun Turkiston musulmonlari deyiladi.
Jurnalning so‘nggi 6-soni 1918 yil 1 aprel sanasi bilan bosmadan chiqdi. Bu sonda ham tegishli davrni o‘rganishda o‘ta muhim o‘ta dolzarb mavzularga bag‘ishlangan qator xabar va maqolalar o‘rin oldi.
Xullas, “Ishchilar dunyosi” jurnali Turkiston Muxtoriyati tarixini yoritishda shubhasiz, o‘ta muhim tarixiy manba hisoblanadi. Boisi Qo‘qon bilan muntazam aloqada bo‘lgan jurnal tahririyati “ishchi”lar nomi ostida faoliyat yuritib Toshkentda, umuman o‘lkada bo‘layotgan barcha voqeʼliklardan xabardor edi. Ayniqsa, jurnal sahifalaridagi “Mullo G‘oziy” (G‘ozi Yunus), “Ishchi” (G‘ozi Yunus) va G‘ulom Zafariylar qalamlariga mansub maqolalar, sheʼrlar, o‘lkadagi ocharchilik voqealari va kundalik xabarlar ham o‘quvchi uchun tegishli davrning o‘tkir ijtimoiy muammolari haqida keng hamda ishonchli axborot beradi.
Bahrom IRZAYEV
“Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi katta ilmiy xodimi
“O‘zbek milliy davlatchiligi tarixida Turkiston Muxtoriyatining o‘rni va roli” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari,
2017 yil 12 oktyabr
https://shosh.uz/uz/ishchilar-syezdining-telegromi-ishchilar-dunyosi-2-qism/