Post Views:
1 002
Xudoyorxonning Angliyada, qirolicha Viktoriya huzurida boʻlgani, xonlik taqdiri borasida u bilan muzokaralar olib borgani haqidagi hujjatlardan xabardormisiz? Bu xon uchun Vatanni mustamlakachilardan asrab qolishning soʻnggi chorasi edi. Xudoyorxonning bu yoʻlda chekkan zahmatlari ozmuncha edimi?
Uning taxtga uch marta – 1845, 1862 va 1865 yillarda chiqib, yigirma besh yil chamasi mamlakatni boshqarganligi koʻpchilikka ayon. Xudoyorxon ilk bor 1858 yili akasi Mallaxon tomonidan, soʻngra 1863 yili mashhur Alimquli tarafidan taxtdan judo qilingan. Uch yildan ortiqroq muddat taxt sohibi boʻlgan Mallaxon 1862 yil boshida bir guruh saroy ayonlari tomonidan oʻldiriladi. Alimquli 1865 yili Toshkent shahriga bostirib kelgan rus askarlari tomonidan, u taxtga oʻtqazgan yosh Sulton Saidxon esa Buxoro amiri Muzaffar farmoyishiga koʻra qatl etiladi. Toshkentda hayot-mamot janglari borayotgan bir pallada Xudoyorxon amir homiyligidan foydalanib, Qoʻqon xonligi taxtini uchinchi bor egallaydi. Shundan soʻng 10 yildan ortiqroq muttasil hukmfarmolik qiladi.
Akasi Mallabekning Musulmonqulini yengishdagi jasoratiga tan bergan Xudoyorxon 1852 yildayoq xonlik taxtini unga taklif etgan, oʻzi uning xizmatida kamarbasta boʻlishini aytgan. Lekin Mallabek xon taklifini qabul qilmagan, ukasini oʻz raʼyiga yurgizadigan baʼzi maslahatlar berish bilan kifoyalangan edi. Oradan besh yil oʻtgach, mamlakat hududlaridan birida yuz bergan tartibsizliklarni bostirish uchun qoʻshin bilan joʻnab, oʻrniga vaqtincha Mallaxonni qoldirganida akasi darhol kuch toʻplab, hokimiyatni qoʻlga olishga qatʼiy kirishadi. Bundan xabar topgan Xudoyorxon darhol Qoʻqonga qaytib, oʻz taxtini egallaydi. Mallabek Qoʻqondan qochib ketadiyu bir yil chamasi vaqt ichida koʻp askar yigʻib, xonlik taxtini egallaydi. Xudoyorxon esa Buxoroga qochib, 4 yil davomida taxtga qaytish ishtiyoqida zahmatli hayot kechiradi. Ikkinchi marta taxt qoʻldan ketganidan keyingi muddat ikki yilni tashkil etib, bu davrda ham Xudoyorxon Buxoroda oldingi ayanchli hayotini davom ettirib, amir Muzaffarning barcha xoʻrliklariga chidab kun koʻradi.
Lekin uchinchi, soʻnggi bor taxtdan ajralishning Xudoyorxon uchun qanchalar zoʻr fojia boʻlganini soʻz bilan ifodalash qiyin. Xon taxtdan judo boʻlishidan ikki-uch yil oldin qirgʻiz jamoalari orasidan Isʼhoq Hasan oʻgʻli degan bir nosfurush Samarqandda mullavachchalik qilayotgan, asli xon avlodlaridan boʻlgan Poʻlatxon nomidan taxt daʼvosi bilan chiqadi va atrofiga koʻp askar toʻplab, katta xavf tugʻdira boshlaydi. Xudoyorxonning katta fojiasi shundaki, uning eng ishongan lashkarboshilari Abdurahmon oftobachiyu Iso avliyogacha, Margʻilon begi lavozimidagi inisi Sulton Murodu farzandlari Nasriddin bilan Muhammad Aminbekkacha oʻz qoʻl ostilaridagi oʻn minglab askarlari bilan birin-ketin soxta Poʻlatxon tomoniga oʻtib ketadilar. Xon uchun bundan koʻra dahshatliroq holni tasavvur etish qiyin. Xonni taxtni tashlab rus bosqinchilaridan panoh soʻrab borishga majbur etgan soxta Poʻlatxon, aslida nosfurush Isʼhoq Hasan oʻgʻli esa, taxtga aslo munosib boʻlmagan, oʻta toʻpori, jallodtabiat odam edi. U taxtda oʻtirgan uch oycha muddat ichida shuncha odamning qonini toʻkdiki, unga zamondosh muarrixlar asarlarini, arxivlarda saqlanib qolgan hujjatlarni koʻrganda kishining tepa sochi tikka boʻlib ketadi. Masalan, Umidiy-Havoiy “Maktubchai xon” dostonida soxta Poʻlatxon yosh goʻdaklarni kundaga qoʻyib chopishga zoʻr bergani uchun uni “Zahhoki soniy” deb ataydi. Xudoyorxonning soxta Poʻlatxon kundasiga qoʻyilib chopilishdan arang qutulgan oʻgʻli Ibn Yaminbek “Turkiston viloyatining gazeti”da chop etilgan tarjimai hol asarida bu qonxoʻr yaqindagina u bilan yonma-yon turib, akasi Xudoyorxonni taxtdan agʻdarish uchun kurashgan hamtovogʻi Sulton Murodbekning oʻzinigina emas, balki uning hali balogʻatga yetmagan olti oʻgʻlini, shuningdek, xonning biri uch yashar, ikkinchisi toʻrt yashar goʻdaklarini ham qilichdan oʻtkazganligini cheksiz alam bilan yozadi.
Xonlikni bosib olishda alohida “fidoyilik” koʻrsatgan general-mayor Skobelov 1875 yil 4 noyabrda fon Kaufmanga bergan maʼlumotlarni oʻqisak, soxta Poʻlatxonning yuqoridagi ishlari ham holva boʻlib qoladi:
“Poʻlatxonni haddan tashqari shafqatsiz va oʻjar odam demoqdalar. Aytishlaricha, Poʻlatxon bir moʻʼtabar odamni oʻldirmaslikni iltimos qilgani uchun hatto oʻz otasini qatl etishga buyuribdi (Respublika Markaziy arxivi, 715-jamgʻarma, 1-qayd, 65-ish, 38-sahifa)”.
Ana shularning hammasidan keyin bu jallodlar jallodini “xalq ozodlik harakati rahnamosi” shohsupasiga koʻtarib, u haqda risola chop ettirayotgan, hatto unga qahramon sifatida maqtovlar aytayotgan baʼzi tarixchilarimizning haqiqatga zid ishlari kishini ajablantiradi. Shunisi ham borki, “Oʻzbekistonning yangi tarixi”da: “vatan ozodligi uchun jon olib, jon bergan xalq qahramoni, istiqlol jangchisi” deya koʻklarga koʻtarilgan soxta Poʻlatxon ezgu maqsadlar uchun soʻnggi nafasigacha kurashgan fidoyi shaxs emasdi, aslo. Buni shundan ham bilsa boʻladiki, u rus bosqinchilariga taslim boʻlish maqsadida 1876 yil 18 yanvarda Rossiya hukumatining Xoʻjanddagi hokimi baron Nolde huzuriga Mir Badal oxund boshchiligida 14 kishidan iborat elchilarni yuboradi. Nolde ularni Toshkentga joʻnatadi. Oʻsha kunlarda Peterburgda boʻlgan fon Kaufman buyrugʻiga koʻra soxta Poʻlatxon elchilari Qoʻyliqda toʻxtatilib, ular bilan hech qanday rasmiy uchrashuv oʻtkazilmay, orqasiga qaytarib yuboriladi (Respublika Markaziy arxivi. 1-jamgʻarma, 34-qayd, 327-ish, 7-11- sahifalar)».
Xullas, Xudoyorxon taxti uni tortib olganlarning hech biriga vafo qilmadi. Ularning hammasi oradan biroz vaqt oʻtgach, taxtga koʻz tikkan boshqa daʼvogarlar tomonidan qatl etildi.
Maʼlumki, Toshkent uchun hayot-mamot janglari borayotgan bir pallada Xudoyorxon amir Muzaffar homiyligidan foydalanib, xonlik taxtini uchinchi marta egallaydi. Shundan keyin oʻn yildan ortiq muttasil hukmronlik qiladi. Xuddi ana shu davrda chor askarlari xonlikning Xoʻjand, Buxoro amirligining Jizzax, Oʻratepa singari gʻoyat muhim ijtimoiy-iqtisodiy viloyatlarini bir yilning oʻzida, yaʼni 1866 yili bosib oladilar.
Ana shu bosib olingan viloyatlar hisobiga kengayib ketgan Turkiston gubernatorligi 1867 yilga kelib, general-gubernatorlikka aylantirildi, general-adʼyutant Konstantin Petrovich fon Kaufman oʻlkaning bosh hukmdori sifatida ish boshladi.
Xudoyorxon xonligining uchinchi muddatida qariyb 8 yil mobaynida ana shu oʻta shafqatsiz va ilonning yogʻini yalagan general-gubernator bilan murosayu madora yoʻllarini izlab, gʻoyat qaltis sharoitda saltanatni boshqarishiga toʻgʻri keldi. Fon Kaufman Xudoyorxonga qanday munosabatda boʻlganini koʻrsatuvchi baʼzi arxiv hujjatlarini keltiraylik. 1867 yil yozi oxirida general-gubernatorlik faoliyatini boshlagan fon Kaufman dastlabki oylardayoq Qoʻqon xonligi bilan munosabatlarini “xoʻja koʻrsin”ga yaxshilash payiga tushadi. Shu maqsadda oktyabr va noyabr oylarida Xudoyorxonga bir necha maktublar yoʻllab, ularda oʻzining Turkiston oʻlkasiga bosh hokim boʻlib kelganini, Rossiya imperatori Aleksandr II unga qanday huquq va imtiyozlar berganligini maʼlum qilgach, eng yaqin qoʻshni mamlakat boʻlmish Qoʻqon xonligi bilan general-gubernatorlik oʻrtasidagi asosiy masalalarni hal etish uchun nufuzli elchilar yuborishni taklif etadi. Shu munosabat bilan 3 dekabr kuni xonlikdan kelgan elchilarni tantanali qabul etish chogʻida Kaufman ularga: “yuqori martabali Qoʻqon xoni kabi keyingi yillarda Rossiya bilan doʻstona munosabatlarga sodiq boʻlganlar biz bilan qoʻrqmasdan ish olib borishlari va xotirjam boʻlishlari mumkin” desa (Respublika Markaziy arxivi, 715-jamgʻarma, 1-qayd, 35-ish, 292-sahifa), 1868 yil 29 yanvarda Xudoyorxonga nihoyatda xotirjam qiluvchi vaʼdalar berib, shunday yozadi: “Bizga qoʻshni davlatlarda xonlar bilan xaloyiq oʻrtasida nizolar chiqishiga buyuk rus podshohi hech qachon yoʻl qoʻymaydi”.
Shundan soʻng 1868 yil qish faslida Mirza hakim parvonachi boshliq elchilar Peterburgga boradilar, imperator ularni shaxsan qabul qiladi hamda oʻz nomidan Xudoyorxonning faoliyati maqtalgan maktub yoʻllaydi.
1870 yilga kelib Rossiya bosh vaziri knyaz Gorchakov bilan Xudoyorxon oʻrtasida yozishmalar boʻlib turadi. Shu davrlarda Qoʻqon xoniga imperator oilasidagi eng nufuzli kishilarga beriladigan “Svetloy” unvoni beriladi, javohir yulduzli birinchi darajali Stanislav ordeni bilan siylanadi.
1871 yil 24 martda fon Kaufman Xudoyorxonga yozgan maktubida: “Siz «oq podshoh”ning buyuk homiyligida ekansiz, Sizning har bir doʻstingiz bizning doʻstimiz, har qanday dushmaningiz esa bizning yovimiz boʻlib qoladi», deya juda katta vaʼda berib yuborgan edi (715-jamgʻarma, 1-qayd, 45-ish, 344-sahifa).
1872 yil boshida Qoʻqon xonligi taxtining valiahdi shahzoda Nasriddinbek Toshkentga kelganida uning sharafiga berilgan ziyofatda fon Kaufman Xudoyorxonni Gʻarbga borib, koʻp narsalarni oʻrganib qaytib kelgach, oʻz mamlakatini bir necha pogʻona yuksaklikka koʻtara olgan Petr I ga oʻxshatgan, “Yashasin Xudoyorxon!” deya qadah koʻtargan va eng toʻgʻri yoʻldan borayotgan rahnamo sifatida rosa ulugʻlagan edi (1-jamgʻarma, 34-qayd, 45-ish, 119-120-sahifalar).
Lekin oradan bir necha yil oʻtib, Qoʻqon xonligida toj-taxt talashuvlari xalq boshiga ogʻir kunlar keltirib, Xudoyorxon hal etish mumkin boʻlmagan muammolar girdobida qolganida fon Kaufmandan yordam soʻrar ekan, generalgubernator unga “nasihat” qilishdan nari oʻtmaydi. Soxta Poʻlatxon qoʻshinlariga bas kelolmagan Xudoyorxonga Toshkentga kelishni buyurib, uni qoʻriqlab kelish uchun 60 kishidan iborat kazak askarlarini yuborgan fon Kaufman xonning barcha qarshiliklariga qaramay, poytaxt Peterburgga borib imperatorning oʻzi bilan masalangni hal qilasan, deya aldab, majburan joʻnatib, Orenburg general-gubernatori Krijanovskiy tomonidan ushlab qolinib, huquqsiz mahbus sifatida ikki yildan ortiq afsus-nadomatda kun kechirishiga erishadi.
Fon Kaufman shu voqeadan soʻng imzo chekkan ikki hujjat uning naqadar munofiqlik bilan ish tutganidan dalolat beradi va haqiqiy qiyofasini koʻz oldimizda gavdalantiradi.
Xudoyorxon taxtni tashlab, Xoʻjandda yashayotgan kunlardayoq fon Kaufman oʻz niqobini yirtib tashlaydi va xonlik taxtiga oʻtirganiga besh kungina boʻlgan Nasriddinxonga bunday deb yozadi: “Sizga maʼlumdirki, uzoq yillar davomida doʻst boʻlishimga qaramay, men hech qachon uning (otangizning demoqchi – qavs ichidagi barcha izohlar muallifniki) xatti-harakatini maʼqullagan emasman” (Oʻzbekistonning yangi tarixi, 1-jild, 156-bet).
Xudoyorxon Peterburgga borish umidida safarga chiqqach, oradan oʻn kun oʻtiboq fon Kaufman Qoʻqon xalqiga yozgan murojaatnomasida: “Sizlarning sobiq xoningiz Xudoyorni men Peterburgga joʻnatdim. Endi u sizlarga xon boʻlmaydi” degan soʻzlarni bitadi (715-jamgʻarma, 1-qayd, 63-ish, 46a-sahifa).
Mana shu gaplardan keyin oʻquvchida Kaufman Xudoyorxonning xatti-harakatlarini hech qachon maʼqullamagan boʻlsa, nega endi unga oliy darajadagi unvon va orden berilishini soʻrab, poytaxtdagi eng yirik amaldorlarga qayta-qayta yozma ravishda murojaat qildi va bunga erishdi? Qolaversa, Orenburgda tutib qolishni oldindan rejalashtirgan general-gubernator Xudoyorxonni ham, xonlik fuqarolarini ham u Peterburgga joʻnadi deb ishontirishi, hatto xon Peterburgga ketdi, deb gazetada bostirishi nega kerak boʻldi, degan savollar tugʻilishi tabiiy. Bu nihoyatda chigal savollarning javobi Turkistonning oʻsha vaqtdagi bosh hukmdori vijdoniga havola.
Qoʻqon xonligidagi taxt uchun kurashlar kuchaygandan-kuchayib, Xudoyorxon soxta Poʻlatxonning va uning yoniga qoʻshilgan eng yaqin kishilarining hujumlariga bardosh berolmay qolgan 1875 yil iyul oyi ikkinchi oʻn kunligida xonlikni himoya qilish uchun fon Kaufmandan harbiy yordam soʻrashga majbur boʻladi. Biroq xonlikning butun hududini bosib olishni ilgaridan rejalashtirib yurgan Turkiston general-gubernatori bu qulay vaziyatdan foydalanib qolish uchun, avvalo, xonning oʻzini Toshkentga chaqirish, uni hiyla-nayrang yoʻli bilan Rossiya ichkarisiga joʻnatish va shundan soʻng bu qoʻshni mamlakatga qarshi harbiy yurish boshlashni maqsad qilib oladi. Fon Kaufman goʻyo Xudoyorxonni uning dushmanlari hujumidan omon saqlash uchun 60 kishidan iborat kazak askarlarini yuborib, unga Toshkentga kelishni taklif etgan. Zotan, “Turkestanskiye vedomosti”ning 1875 yil 5 avgustdagi 31-sonida: “Sobiq Qoʻqon xoniga Xoʻjanddan Toshkentga koʻchib kelish taklif etildi”, degan soʻzlar bitilgan edi. Haqiqatan ham, gazetada yuqoridagi soʻzlar eʼlon qilinishidan avvalroq, yaʼni 24 iyulda Xudoyorxon fon Kaufman maslahatiga koʻra oʻz oilasi, yaqin ayonlari va bir guruh soqchi askarlari bilan Xoʻjandga kelib, shu yerda oʻn kun chamasi yashab turgan. Fon Kaufmanning qora niyatlaridan bexabar Xudoyorxon general-gubernator taklifiga koʻra Toshkentga kelayotganida koʻp yillar davomida xonga oltin togʻlar vaʼda qilgan oʻz valiyneʼmatidan haqiqiy najot topishni, bu yerdan rus qoʻshinlari va dahshatli toʻp-toʻpxonalari bilan Qoʻqonga qaytib, taxtni yana egallashni niyat qilgan, chamasi. Avvallari ikki bor taxtdan tushib, ikki bor taxtga oʻtirib, hayotning past-balandini koʻp koʻrgan xon Toshkentdagi eski qadrdonlariga uchrab, fon Kaufman bilan qanday muomala qilish haqida maslahat olish uchun oʻz xufiyasi Orif rikobni barvaqt Sayid Azimboy oldiga joʻnatadi. Toshkentliklar maslahatini Orif rikob Xoʻjanddan chiqib Toshkentga kelayotgan xonga yoʻlda yetkazadi.
“Turkiston viloyatining gazeti”: “Xoʻqandning xoni Xudoyorxon Turkiston general-gubernaturi general-adyutant fon Kaufmanning ruxsatlari bilan Xoʻjand shahridin chiqib, sakkizinchi ovgʻustda Toshkand shahrigʻa keldilar”, degan xabarni bosgan edi (19 avgust 1875 yil, 20-son).
Ne-ne umidlar bilan fon Kaufman huzuriga yetib kelgan Xudoyorxon boshi xarsangga urilgandek lolu hayron boʻlib qoladi. Chunki Turkiston general-gubernatori uning katta harbiy kuch bilan yurtiga qaytib borib, taxtni qayta egallash orzusini sarob deb atab, “rusiya davlatidan katta nafaqa olib, shu mamlakat hududida yashash”ni taklif etgan edi.
Fon Kaufmanning hamma masala Peterburgga borib Rossiya imperatori bilan uchrashganidan keyin hal boʻlajagi haqidagi nayrangiga uchgan xon sarxush holda bu taklifni qabul qiladi. Fon Kaufman Xudoyorxonni Peterburgga joʻnatganligi haqida rasmiy doiralarda qayta-qayta gapirib, aslida uni Orenburgda erksiz mahbus holatida tutib qolajagi haqidagi fikrni u kunlarda oʻz atrofidagi eng ishonchli kishilardan ham sir tutgandi. Xullas, hali koʻnglida umid uchqunlari boʻlgan Xudoyorxon Peterburgga, imperator huzuriga boraman, degan niyatda yoʻlga tushadi. Ammo koʻnglining bir chekkasida Peterburgga ketyapmanu oʻz yurtimga qaytib kela olmasligim ham mumkin, degan mudhish xayol kezardi. Shuning uchun yoʻlni Turkiston shahriga burib, u yerda sevikli xotini Ogʻacha oyimni, aziz farzandlari Oʻrmonbek bilan Fansurullobekni baʼzi xizmatkorlar bilan birga qoldirib ketadi. Shundan soʻng Peterburg yoʻlidagi eng katta shaharlardan boʻlmish Orenburgga tushib, u yerning general-gubernatori Krijanovskiy bilan uchrashib, unga oʻz hol-ahvolidan xabar berish maqsadida shaharga kirib keladi. Biroq oʻsha kunlari Krijanovskiy shaharda yoʻq ekan. Uning mahkama xodimlari xonga general-gubernator shaharga qaytishini, kutish kerakligini qatʼiy ravishda taʼkidlaydilar. Oradan bir necha kun oʻtgach, shaharga qaytgan Krijanovskiy xonni yuzda soxta tavoze bilan kutib oladi, ular bir-birlari bilan sovgʻa almashgan ham boʻladilar. Oʻsha kunning ertasi yoki indiniga borib, Krijanovskiy Xudoyorxonni oʻz huzuriga chaqirib, unga poytaxtdan alohida koʻrsatma kelguniga qadar Orenburgda yashab turishi zarur ekanini aytadi.
Avvalda Rossiyaga erkin mehmon sifatida borib, sayohat qilib, dam olib kelaman, deb oʻylagan Xudoyorxon oʻzining erki yulib olinganini, yarim mahbus sifatida yashashga majbur ekanini endi tushunadi. Xonning erksiz kunlari boshlanadi, poytaxtdan oʻzi haqida qachon koʻrsatma kelishini general-gubernator mahkamasidan soʻray-soʻray holdan toygan Xudoyorxon endi Orenburgdan hali-beri ketishi mushkul ekaniga koʻnikib, shaharning Vodyanoy va Ataman koʻchalari chorrahasida bir yogʻoch uy sotib olib, oʻzi birga olib ketgan xotinlari, qarindosh-urugʻ va xizmatkorlari bilan birgalikda shu uyda yashay boshlaydi. Bu davrda Krijanovskiy xonni bir necha marta oʻz huzuriga chaqirib gaplashadi. Peterburg va Toshkentda Xudoyorxonning kelgusi taqdirini belgilab berishi mumkin boʻlgan idoralar va amaldorlar bilan yozishmalar olib boradi. Xudoyorxon Krijanovskiydan oʻzini Peterburgga imperator huzuriga yuborishni iltimos qilgan edi. Uning bu iltimosi imperatorga yetkazilganida, general-adʼyutant graf Geyden Krijanovskiyga 1875 yil 27 sentyabrda: “Oliy hazrat oʻz irodalarini maʼlum qilib, Xudoyor Sankt-Peterburgga kelmasin, deya buyurdilar”, mazmunida telegramma beradi (715-jamgʻarma, 1-qayd, 63-ish, 622-sahifa). Xudoyorxon oʻzining hajga borishiga ruxsat berishlarini iltimos qilgan edi. Shu munosabat bilan 1875 yil 6 noyabrda Rossiya harbiy vaziri Milyutin Krijanovskiyga: “hozir sharqda notinchlik boʻlib turgan sharoitda Xudoyorxonni Makkaga chiqarib yuborish noqulay boʻladi, kechiktirish kerak”, deb telegramma beradi (715-jamgʻarma, 1-qayd, 65-ish, 64-sahifa).
Peterburgga, imperator huzuriga borish niyati barbod boʻlgach, Xudoyorxon Moskvada bir boy qarindoshi borligini, oʻshanikiga borib yashash orzusida ekanini maʼlum qiladi. Xonning bu maqsadiga imperator tomonidan moneʼlik yoʻqday edi. Chunonchi, Bosh shtab boshligʻi graf Geydenning Krijanovskiyga 1875 yil 21 noyabrda yozgan xatida imperator Xudoyorxonga mamlakatning Peterburg va Turkistondan tashqari hududlaridan yashash uchun oʻziga joy tanlashiga ruxsat bergani aytilgan (715-jamgʻarma,1-qayd, 65-ish, 221-sahifa). Biroq ikki yildan ortiq davr mobaynida bu masala ham hal etilmaydi. Tashqi dunyodan butunlay ajratib qoʻyilgan xon Orenburgda diqqinafas boʻlib yashayveradi. Ana shunday eng ogʻir bir vaziyatda Krijanovskiy odamlari unga xon toʻgʻrisida chaquvlarni tez-tez yetkazib turar edilar. Keyinchalik Boʻmbaydan Kaufmanga yozgan xatida Xudoyorxon: “Bir pora odamlarimizni tarafidin gubirnaturgʻa shikoyat qilibdurlarki: ot oldi va yana odam jam qilur, debdurlar. Bir necha odamlar ul tarafdin bizga xabar berdilarki, gubirnatur bahodir sizdin koʻp ranjibdurlar, deb soʻzlandi… Nohaq soʻzlar bizning haqimizda soʻzlandi”.
Ana shunday tang bir sharoitda 1877 yil 3 oktyabrga oʻtar kechasi Xudoyorxonning Orenburgdagi uyiga oʻgʻrilar tushadi. Yuqorida eslatilgan Boʻmbaydan fon Kaufmanga xatida Xudoyorxon “Shu asnoda uyimizgʻa oʻgʻri keldi va yana bir xafalik tushdi”, deb yozadi. Xon uyiga oʻgʻrilar tushganligi oʻsha davr matbuotida ham oʻz ifodasini topgan. Masalan, “Turkestanskiye vedomosti” oʻzining oʻsha yil 8 noyabrdagi sonida “Orenburgskiy listok”dan shu haqdagi xabarni koʻchirib bosadi. Unda, jumladan, bunday deyilgan edi: “3 oktyabrda, kechasi soat birda, sobiq Qoʻqon xoni Xudoyornikiga ikki foytunda yovuz niyatli nomaʼlum kishilar kelib, hovlidagi eshikka tiralgancha, derazaning bitta oynasini koʻchirganlar va kelganlarning biri derazadan ichkariga suqilib kira boshlagan, lekin Xudoyor hali uxlamay yotgan ekan, suqilib kirayotgan oʻgʻrini koʻrgach, u yonidagi temir soʻyil bilan oʻgʻrini shunday qattiq urganki, derazada qon dogʻlari paydo boʻlgan. Shundan soʻng barcha oʻgʻrilar tiraqaylab qochib ketganlar. Roʻy bergan bu hodisa yuzasidan tergov olib borilmoqda”.
Shularning hammasidan soʻng Xudoyorxon anchadan beri koʻnglida saqlab yurgan Makkaga joʻnash niyatini amalga oshirishga shitob bilan kirishadi. Baʼzi tadqiqotlarda aytilganidek, xon oʻzi bilan birga Orenburgga olib borgan ikki xotinini yurtiga, jiyani Akromxon toʻrani esa eng sevimli farzandi Oʻrmonbekka qarab turish uchun Turkiston shahriga joʻnatadi, xizmatkorlarining baʼzilariga ham javob berib yuboradi, Orenburg bankida saqlanayotgan mablagʻidan 32 ming rublni olib, 3 mingdan koʻprogʻini “xoʻja koʻrsin”ga qoldiradi. Oʻsha yilning 11 noyabrida uyidagi ikki xizmatkorga ovga ketayotganini aytib, qarindoshlari boʻlmish Sultonxon va Nurmuhammad degan kishilar hamrohligida yoʻlga tushadi. Avvaldan kelishib qoʻyilgan Turdi yofis va Nurjon toʻrani yoʻldan oʻzlariga hamroh qilishadi.
Tadqiqotchi A.Akram oʻsha safar vaqtida Xudoyorxon va sheriklari tomonidan zoʻrlab birga olib ketilmoqchi boʻlgan, maʼlum vaqtgacha ular bilan birga yurib, imkon tugʻilishi bilan xonning toʻriq oti va miltigʻini oʻgʻirlab qochgan Oʻtuja Jonovning keyinchalik tergov chogʻida bergan maʼlumotlarida Xudoyorxonning yonida toʻrt kishi, ulardan Sulton va Nurmuhammad oʻzbek, Nurjon toʻra qozoq va Turdi turkman ekani aytilganiga eʼtiborni qaratadi. Muhimi shundaki, Oʻtujaning aytishicha, Xudoyorxon va hamrohlari unga avval Angliyaga, soʻngra Turkiyaga bormoqchi ekanliklarini aytganlar, xon oʻz taxtiga qaytgach, Oʻtujaga koʻp boylik va mansab berishga vaʼda qilgan. Demak, Xudoyorxon haj ziyoratiga borishdan oldin Angliyaga bormoq niyatida boʻlgan. Lekin yurtidan tezroq chiqib ketish yoʻli Kobul orqali tushganidan, ikkinchi tomondan, chamasi, haj mavsumi yaqinlashib qolganidan (1877 yili haj mavsumi 17 dekabrdan boshlangan) Makkai mukarramaga yetib olishni moʻljallagan va boshqa safarlarini orqaga surgan koʻrinadi.
Xudoyorxon Orenburgdan qochishi bilanoq Rossiya hududlarida va xonliklarda uni darhol tutib, hukumat maʼmurlariga topshirish uchun keng faoliyat boshlab yuboriladi, poytaxtdagi mutasaddilar Orenburg general-gubernatori Krijanovskiy, fon Kaufman, Amir Nasrulloga ketma-ket koʻrsatmalar berishadi. Lekin bularning birortasi ham foyda bermaydi.
Xonning haj safari uchun yoʻlga chiqqandan keyin kirib borgan dastlabki mamlakati baʼzi manbalarda Eron, baʼzilarida esa Afgʻoniston deb koʻrsatiladi. “Turkiston viloyatining gazeti”da 1878 yil 21 iyunda bosilgan xabarda u dastlab Afgʻonistonga, u yerdan Eronga, soʻngra Iroq orqali Makkai mukarramaga borgani aytilsa, Isʼhoqxon Ibratning “Tarixi Fargʻona”sida “Anda (Eronda demoqchi) Amir Nasriddin shoh ekan. Anga xat yuborib soʻzlashganda, xonni kirmakigʻa qabul qilmay, afgʻon amiri Sheralixon ham olmay, toʻgʻri Afgʻonistonning ichi ila Peshovar shahrigʻa yurib, Peshovargʻa kirganda hamshaharlar istiqbol qilib, toʻgʻri Peshovargʻa kirib, Goʻrkand degan eski oʻrdagʻa tushgan ekan”. Ibratning yozishicha, shu yerdan xon Ahmadobodga, soʻngra Boʻmbayga, nihoyat Jidda orqali Makkai mukarramaga borgan.
Harqalay, Xudoyorxon izidan hajga borgan va xonni koʻrgan koʻplab kishilar bilan suhbatlashgan, xonning xorijdagi hayotiga oid tafsilotlarni aniqlagan andijonlik Mulla Muhammad Umarbek bergan maʼlumotlarga asoslanganini hisobga olsak, xonning Makkai mukarramagacha boʻlgan safar yoʻnalishi haqidagi Isʼhoqxonning fikrlari koʻproq ishonarli, deyishga asos bor.
Xudoyorxon haj ziyoratiga borish jarayonida ham, haj arkonlarini ado etgandan keyin ham uning boshiga koʻp musibatlar tushadi. Havoiy-Umidiy “Maktubchai xon” dostonida Xudoyorxon oʻz jamgʻarmasidan 50000 soʻm olib, yoʻlga tushganini, Makkaga borish yoʻlida mablagʻining barini oʻgʻriga oldirgani, faqat bitta oltin soatigina qolganini raqam qilsa, “Turkiston viloyatining gazeti” 1878 yil 21 iyundagi sonida: “Sheralixonning (Afgʻonistonning oʻsha vaqtdagi amiri) Kobuldan yuborgan farmoyishi boʻyicha, Xudoyorxonning qoʻlidagi barcha pullarini olib, oʻzini Eron mamlakatiga oʻtkazib yuboribdur”, deyilgan. Bu maʼlumotlarning qaysi biri toʻgʻri boʻlganida ham, harqalay Xudoyorxon hajga borish vaqtida oʻzi va hamrohlarining tirikchiligi uchun zarur boʻlgan asosiy mablagʻidan mahrum etilgan. Lekin xonga sadoqatidanmi yoki unga rahmi kelganidanmi, Boʻmbayda istiqomat qilayotgan fargʻonaliklar unga 1000 rupiy pul jamlab berib, haj yoʻliga solib yuborganliklarini Isʼhoqxon Ibrat ilgariroq aytganimiz Mulla Muhammad Umarbek hoji tilidan bayon etadi. Yoʻl-yoʻlakay oʻzining hamyurtlaridan hoji Muhiddin Buxoriy, hoji Yusufali Margʻinoniy, Qori Abdulhakim Margʻinoniy, hoji Sodiq Konibodomiy va boshqalar bilan uchrashib, ulardan iltifot koʻrgan xon Jidda orqali Makkai mukarramaga yetib oladi. Haj ruknlarini ado etib, haj muddati tugagandan keyin yana boshiga ketma-ket kulfatlar tushadi. Makkada, haram yaqinidagi eski bir oʻrdada hoji Shahid Kalon eshon Namangoniy va uning solih farzandlari Yusufxon toʻra hamda Omon xalifa bilan birgalikda istiqomat qilib, har kuni besh vaqt namozni haramning oʻzida ado etib yurgan kezida ilgari xonning Namangan tarafdagi soliq yigʻuvchilaridan boʻlgan va egri qoʻllikda ayblanib, mol-mulki musodara etilib, xonlik hududidan badargʻa qilingan Sodiq sarkor Ortiq sarkor oʻgʻli oʻch olish niyatida ataylab Xudoyorxon orqasidan kelib, katta bir tosh bilan urib, ikki tishini sindiradi.
Bu ish yuzasidan tergov boʻlib, aybdorni 4 yil qamoqqa hukm qilayotganlarida xon “mening daʼvom yoʻq”, deb unga beriladigan jazoni koʻp jihatdan yengillashtirishga erishadi.
Xudoyorxon Makkada yana bir muncha muddat istiqomat qilgach, uning bilagiga yomon yara chiqadi. Bu haqda xonning oʻzi keyinchalik fon Kaufmanga yozgan maktubida aniq maʼlumot beradi: “Bir necha vaqtlardan soʻng Makkada qoʻlimizga bir jarohat chiqdi va bu jarohatdin doʻxtiri Makka bir necha goʻshtlarni kesib oldi va yana olti oy Makkada turduk. Jarohat yaxshi boʻlmadi. Va yana bir necha odamlar soʻzlariki, Hindustonda koʻp yaxshi doʻxturlar bor, dedilar. Ul sababdin Boʻmbayga kelduk. Doʻxtiri inglis jarohatni koʻrdi, doriyu darmon qildi. Muddati besh oy Boʻmbayda turduk. Jarohat yaxshi boʻldi”. Demak, qoʻliga chiqqan yara azobini xon bir yil chamasi tortgan, soʻngra undan forigʻ boʻlgan.
“Ana shu yara chiqishidan oldingi va jarohat tuzalganidan keyingi qaysi muddatlarda Xudoyorxon qayerda boʻlgan va qanday ishlar bilan shugʻullangan?”, degan savol kelib chiqadi. Bu haqda maʼlumotlar kam uchraydi va ularning zidligi koʻzga tashlanadi. Shunga qaramay, ularni tahlil etishga va baʼzi xulosalar chiqarishga urinib koʻramiz. Chunki bu maʼlumotlarning muayyan qismi Xudoyorxon, avvalo, Boʻmbayga, undan Angliyaga, qirolicha Viktoriya huzuriga qanday borganligi va bu ishning oqibatlari bilan bevosita bogʻliqdir.
Sharif Yusupov
“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining 2004 yil 48-sonidan olingan
https://shosh.uz/uz/xonning-so-nggi-ilinji-birinchi-maqola/