KABACHKA, qovoqcha (Cucurbita pepo var. giraumontia) — qattiq poʻstli qovoklar guruhiga mansub sabzavot ekini. Bir yillik, bir uylik, palakpoyasi qisqa oʻsimlik. Gretsiya va Italiya K. lari turlari bor. Mevasi shakli uzunchoq, silindrsimon, ogʻirligi 350—400 g., sirti silliq, tuyey och yashil, toza pishganda novvotrang. Mevasi 40—45 kunda yetiladi. Tarkibida (%) quruq modda — 4,9, shu jumladan, qand — 2,55, oqsil — 0,55, yogʻ — 0,13, kalsiy, fosfor va klechatka bor. 2—4 kunlik yosh mevasi sirkalash uchun,yetilgan mevalari pazandachilikda va konserva sanoatida ishlatiladi, yirik mevalari yangiligida chorva mollariga beriladi (1 kg =0,07 ozuqa birligi) va silos qilinadi. Tabobatda uning guli kaynatilib, suvi yaralarni muolaja qilishda qoʻllaniladi. Oʻzbekistonda Grek 110 navi ekiladi. Urugʻlari tuproq harorati 12—15° ga yetganda 5—7 sm chuqurlikda ekiladi. 1 ga maydonga oʻrtacha 2,5 kg urugʻlik sarflanadi. Erta hosil yetishtirish uchun koʻchatini tuvaklarda oʻstirib, qorasovuklardan keyin 20—25 kunligida ochiq maydonlarga ekish mumkin.
Botir Azimov.