ABULQOSIM MADRASASI — Toshkentdagi meʼmoriy yodgorlik. Madrasa, masjid va xonaqohdan iborat. Qurdirgan shayx nomi bilan atalgan. Eng eski binosi — xonaqoi Moʻyi Muborak 1820-y. bunyod etilgan, 1850-y. Madrasa qurilgan. Dastlab bir qavatli boʻlgan. Madrasa chortoq tarhli (55×46 m), hovlisi (22×28 m) atrofida miyonsaroy, darsxona, masjid, toʻrda Moʻyi Muborak xonaqohi (6,1×6,1 m) joylashgan. Hovliga old va orqa tomonidagi peshtoq orqali kiriladi. Binoni bezashda asosiy eʼtibor bosh tarziga qaratilgan boʻlib, peshtoq (bal. 16 m) ning ikki yonida guldasta-minoralar qad koʻtargan. Ularning tepa qismi gumbazli mezanalar bilan yakunlangan. Darsxona, maktabxona (murabba tarhli — 6,12×6,12 m), ikki qavatli hujralardan iborat. Madrasa oldidagi hovuz, keyinchalik qurilgan hammom 1940-y. larda buzilgan. Madrasa eshiklarini oʻratepalik Usta Hasanboy oʻyma naqsh bilan bezagan. Taʼmirlashda A. Solihov, X. Nishonov, O. Polvonovlar qatnashgan (1979). Madrasada Abdulla Qodiriy oʻqigan. 1983-y. dan Oʻzbekiston tarixiy va madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish jamiyatining Toshkent boʻlimi joylashgan.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые