Azizlarxon eshon masjidi


Post Views:
97

Shayxontahur tumani Yalangqor, Chinor berkko‘chasi 2-uyda joylashgan. Azizlarxon (Azlarxon) eshon masjidi 1953 yilda I.F.Borodina tomonidan tarixiy yodgorlik sifatida qaydga olingan. Masjid xonaqoh va ayvondan iborat bo‘lib, ayvoni janubi-sharq tomonda, ikki qatorga beshtadan ustunlar qo‘yilgan. Kvadrat tarhga ega bo‘lgan xonaqoh gumbazi ancha oldin shikastlanib, ko‘chib tushgan. Xonaqohning ichki devorlarida joylashtirilgan tokchalar keyinchalik suvab tashlanganligi ko‘rinib turadi. G‘arbiy devorda mehrob, qolgan uch tomoniga esa eshiklar o‘rnatilgan (eshiklar ham keyinchalik yopib tashlangan). Masjid me’moriy jihatdan V.T.Boriskin boshchiligidagi tadqiqotchilar tarafidan ancha yaxshi o‘rganilgan.

chaqardagi-masjid Tadqiqotchilar uning qurilish uslubiga asoslanib, XVIII asr o‘rtalarida yoki 60-70 yillarida qurilganligini ta’kidlasalar-da, masjid tarixi xususida boshqa aniq ma’lumotlarga ega bo‘lmaganlar. Ushbu masjidning nomlanishi bevosita uning qiziqarli va jumboqli o‘tmishi bilan bog‘liq. Shu sababli masjid haqida batafsilroq to‘xtalib o‘tishimizga to‘g‘ri keladi.

Toshkent masjidlariga oid tarixiy hujjatlarni o‘rganish jarayonida Azizlarxon eshon masjidining hozirda saqlanib qolgan bir vaqfnomasini topishga muyassar bo‘ldik. Vaqfnoma va yana ba’zi hujjatlar atrofida yuritilgan fikr-mulohazalar ayrim masalalarga oydinlik kiritadi.

Mazkur vaqfnoma hijriy 1223, milodiy 1808-1809 yilga tegishli bo‘lib, unda Mirqurbonshayx azizon ismli shaxs tomonidan o‘z mulki bo‘lgan Arpapoya va Yalangqari mahallalaridagi katta bo‘lmagan yerlarni masjid foydasiga vaqf qilingani aytiladi. Vaqfnoma yupqa sarg‘ish qo‘qon qog‘oziga yozilgan bo‘lib, 21×31,2 sm hajmda, jami 12 qator. Vaqf hujjati qozi Isaxo‘ja ibn Yunusxon eshon (1240/1824), Muhammad Shohbadal mufti ibn mulla Shohmuhammad Amin (1240/1824), Muhammadjon mufti ibn Yunusxon Alaviy (?) hamda Mullaxon mufti ibn domulla Shohne’mat (1242/1826) muhrlari bilan tasdiqlangan.

Vaqfnomada avvalo voqif ya’ni, vaqf qiluvchi sifatida tilga olingan Mirqurbonshayx azizon shaxsi diqqatni tortadi. Zero, manbalarda masjidni qurdirgan shaxs tilga olinmasa-da, hozirda masjid joylashgan mahalla ahliga ma’lum bo‘lgan bir naqlda masjid “Mirqurbonshayx” ismli kishi tomonidan XVIII asr o‘rtalarida qurilgani ta’kidlanadi. Mazkur naqlga qaraganda, ushbu shaxs Arabiston mamlakatidan (?) bir necha safdoshlari bilan o‘rta Osiyo shaharlariga din targ‘iboti uchun kelgan. Jumladan, Mirqurbonshayx azizon Toshkentga kelgan va unga Yalangqari mahallasi o‘rni bo‘lgan yerlar berilgan ekan. Mirqurbonshayx azizon shu yerda masjid qurib faoliyat yuritgan. Hozirda masjid hovlisidagi chinor masjid qurilganda ekilgan bo‘lib, uning yoshi 300 yil atrofida ekan. Mirqurbonshayx azizon shu yerda bir eshonning qiziga uylanib farzandlar orttirgan va umrining oxirlarida Arabiston mamlakatiga qaytib ketganligi, farzandlari esa Yalangqari mahallasida yashab qolgani aytiladi.

Bu kabi naqllar Toshkentdagi boshqa mozorlar uchun ham xos. Masalan, mavjud yozma ma’lumotlarda Xorun Rumiyning Rumdan, Abdujalil bobning Yamandan, Shom otaning Shomdan, Xoja Iso mujarradning Bag‘doddan, Xoja Nuriddinning Qoshg‘ardan kelgani ta’kidlanadi. Ayrim og‘zaki ma’lumotlarda esa, Mirqurbonshayx azizonning kelib chiqishini Suzuk otaga (Xoja Ahmad Yassaviy avlodi) ham bog‘lanadi.

Umuman olganda, Mirqurbonshayx azizon nomi yuqorida eslatilgan vaqfnomadan tashqari, yana ikki manbada tilga olingan. Ulardan biri Mirqurbonshayx azizon avlodi — Zayniddinxon eshonning 1284 yil (1867) sanasi ko‘rsatilgan muhrida, unda Zayniddinxon eshonning nasabi quyidagicha ko‘rsatilgan: “Zayniddinxo‘ja ibn Hodixo‘ja ibn Muhammadxo‘ja ibn Mirqurbonshayx azizon”. Ikkinchi ma’lumot Mirqurbonshayx azizonning kichik zamondoshi, muarrix Muhammad Solihxo‘janing “Tarixi jadidayi Toshkand” asarida, unda mazkur shaxsning ismi “Qurbonshayx azizlar” shaklida keltirilgan.

“Tarixi jadidayi Toshkand” asari muallifi Muhammad Solihxo‘ja Mirqurbonshayx azizonning asli Yalangqari mahallasidan bo‘lib, mashhur eshonlardan Yusufxon eshon Kamoloniyning zamondoshi ekanligi, shu mahallada o‘z masjidi bo‘lganligini tilga olib o‘tgan . Uning yozishicha, Yusufxon eshon Qo‘qon xoni Olimxon (1798-1810) zamonidan Muhammad Alixon (1822-1841) davrigacha hayot bo‘lgan. Demak, Mirqurbonshayx azizon ham XVIII asr ikkinchi yarmi XIX asr birinchi yarmida yashab o‘tgan. U holda masjidning qurilish sanasi Mirqurbonshayx azizon o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan paytlarga ya’ni, XVIII asr oxirlari yoki XIX asr boshiga to‘g‘ri keladi.

Lekin, Mirqurbonshayx azizonning Arabiston mamlakatidan (?) kelishi bilan bog‘liq naqlning qanchalik haqiqatga yaqinligini aytish qiyin. Chunki, ushbu ma’lumotni hozirgacha biror-bir yozma manbada uchratmadik. Mazkur naql mazmuni yoki hech bo‘lmaganda unga yaqinroq tafsilotlar hatto Zayniddinxon eshonning tilga olingan tariqat silsilasida ham kuzatilmaydi. Agar, Mirqurbonshayx azizon haqiqatan ham Arabiston mamlakatidan kelgan bo‘lganda, Zayniddinxon eshon shahardagi ko‘zga ko‘ringan tariqat namoyandasi sifatida bu haqda o‘zining kelib chiqishi, ajdodlarining kimligi haqida o‘z silsilasida faxrlanib bir og‘iz bo‘lsa-da, to‘xtalib o‘tgan bo‘lar edi.

Shuningdek, Zayniddinxon eshonning madrasadagi saboqdoshi va uning yaqin tanishi Muhammad Solihxo‘ja ham bu to‘g‘rida hech narsa yozmaydi. Aksincha, Mirqurbonshayx azizonni asli Yalangqari mahallasidan bo‘lganligiga ishora qiladi. Aslida, taxminan XIX asrning 30 yillarida tug‘ilgan Muhammad Solihxo‘ja Mirqurbonshayx azizonni yaqindan bilmagan. U haqidagi ma’lumotlarni ancha yillar o‘tgach, XIX asrning 80 yillarida suhbatdoshlaridan, ehtimol Zayniddinxon eshonning o‘zidan eshitganlari asosida yozgan. Shu sababli, Mirqurbonshayx azizon haqidagi naql xonadonning Zayniddinxon eshondan keyingi vakillari davrida yuzaga kelgan bo‘lishi ham ehtimoldan holi emas.

Bevosita tarixiy ma’lumotlarga asoslanadigan bo‘lsak, vaqfnomada, Zayniddinxon eshon muhri hamda “Tarixi jadidayi Toshkand” asarida kelgan Mirqurbonshayx ismidagi “azizon” va “azizlar” atamasiga qaraganda, mazkur shaxs shahardagi yassaviya tariqatiga mansub mahalliy tasavvuf namoyandalaridan biri bo‘lgan. Sababi o‘rta asrlarda yassaviy shayxlarga nisbatan keng qo‘llanilgan “azizon” so‘zining ekvivalenti sifatida qo‘llanilgan “azizlar” so‘zi Toshkentdagi XVIII-XIX asrlarda shakllangan aksariyat yassaviya tariqati bilan bog‘liq mozorlarda ham kuzatiladi. (Masalan, Sultonshayx azizlar, So‘fishayx azizlar, Tularshayx azizlar, Himmatlik azizlar, Avazshayx azizlar va boshq.) Mirqurbonshayx azizon avlodlaridan Hodixon azizlar, Zayniddinxon eshon, Muhiddinxon eshon ham asosan jahriya-yassaviya (shuningdek, qodiriya) tariqatiga mansub bo‘lganlar.

Muhammad Solihxo‘ja Mirqurbonshayx azizon yashagan davrni Olimxon davridan Muhammad Alixon davrigacha deb ko‘rsatgan. Buni vaqfnomadagi dalillar ham tasdiqlaydi. Vaqfnomada, tuzilgan yil sifatida hijriy 1223 (milodiy 1808) yil sanasi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, u ancha keyin qandaydir sabablarga ko‘ra qayta ko‘chirilib, tasdiqlangan. Hujjatning tuzilgan yili Toshkentning Qo‘qon xonligi tarkibiga qo‘shib olingan yillarga (1808-1810) to‘g‘ri keladi. Bunga vaqfnomaning Muhammad Alixon davri Toshkent qozixonasi amaldorlari tarafidan tasdiqlangani ham dalil bo‘laoladi.

Odatda vaqfnomalarda uning tuzilgan sanasi raqam va so‘z bilan yozilgan bo‘lsa, ushbu vaqfnomada faqat raqam bilan yozilgan. Shuning uchun bu yerda hujjatni yozgan shaxs muhrlarda ko‘rsatilgan 1240/1824 yoki 1242/1826 sanasiga mantiqan yaqinroq bo‘lgan 1243/1827 sanasi o‘rniga yanglish holda 1223/1808 sanasini yozgan bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lganda ham muhrda ko‘rsatilganidek, 1240/1824 yildan keyin tasdiqlangan mazkur vaqfnomada Mirqurbonshayx azizonning “marhum” sifatida tilga olinmasligi uning bu davrda hayot bo‘lganidan darak beradi. Demak, Mirqurbonshayx azizon haqiqatan ham XIX asrning birinchi choragida hali hayot bo‘lgan.

Mirqurbonshayx azizonning avlodlariga kelsak, XIX asr 2-yarmi – XX asr boshiga tegishli ayrim vaqf hujjatlarida Mirqurbonshayx azizonning o‘g‘illari – Muhammadxo‘ja eshon va Ya’qubshayx Yalangqari mahallasida, Azizlarxon masjidi joylashgan ko‘chada istiqomat qilgani eslab o‘tilgan. O‘sha vaqtarda Muhammadxo‘ja hayot bo‘lmagan.

Masjidning nomlanishi bevosita Mirqurbonshayx azizonning keyingi davrda yashagan avlodlari — Hodixon azizlar yoki Zayniddinxon eshon faoliyati bilan bog‘liq. Sababi ularning ikkisi ham xalq orasida “Azizlarxon” nomi bilan mashhur bo‘lgan. Shuning uchun ham hozirda aholi orasida Azizlarxon eshon deyilganda uning Hodixon azizlar yoki Zayniddinxon eshon ekani haqida aniq bir fikr yo‘q.

YUqorida tilga olingan vaqfnomada masjid Yalanqari mahalla masjidi sifatida eslatilgan. Muhammad Solihxo‘ja esa XIX asrning 70 yillariga tegishli xotiralarida masjid nomini keltirmagan. 1884 yilda 3 ta — imom Zayniddinxon, Badalboy Eshmuhammadboy o‘g‘li va eshon Azizlar masjidlari ro‘yxatga olingan. Ulardan dastlabki ikkitasini qurdirgan kishi tilga olingan. Uchinchisi esa eshon Azizlar tomonidan bunyod etilgani aytilsa-da, mazkur shaxsning asl ismi keltirilmagan.

1884 yilda ro‘yxatga olingan eshon Azizlar masjidi bugungi kunda saqlanib qolgan Azizlarxon eshon masjidi bilan aynan bir. Chunki, ushbu masjid va Mirqurbonshayx azizon vaqfnomasida tilga olingan masjidning vaqf mulklari (Yalangqor va Arpapoya mahallarida kichikroq vaqf yerlar) bir xil. Tilga olingan 1884 yilda masjidda Mirqurbonshayx avlodlaridan mulla Imomxon eshon Mahmudxon eshon o‘g‘li imomlik qilgan. Mulla Imomxon eshon avlodlari bugungi kunda ham Toshkent shahrida istiqomat qiladilar.

Arxiv qaydnomalarida Zayniddinxon eshonning ham masjid qurdirgani aniq tilga olingan. Ushbu masjid bugungi kungacha saqlanib qolmagan. Zayniddinxon eshon o‘z davrining chuqur bilimli kishilaridan bo‘lib, Beklarbegi madrasasida birga tahsil olgan saboqdoshi muarrix Muhammad Solihxo‘ja uni Beshyog‘och dahasining taniqli shaxslari qatorida eslab o‘tgan. N.Likoshinning yozishicha, Yalangqari mahallasida yashovchi Imom Zayniddinxon (t.y. 1833) qodiriya-jahriya tariqatiga mansub taniqli va boy (u yiliga 100 so‘m soliq to‘lagan) eshonlardan bo‘lgan. Uning Toshkentda 600 nafar, Toshkent viloyatida 100 nafar muridi bo‘lgan. Taxminan 1870 yilda namanganlik Mehmonxon eshondan irshod olgan Zayniddinxon eshonning o‘zi ham uchta xalfa tayyorlab ruxsat bergan . Zayniddinxon eshon juma kunlari ertalabdan to juma namozi vaqtigacha o‘z masjidida zikr tushgan va unda 100-200 kishi qatnashgan.

Arxiv hujjatlarida Zayniddinxon eshonning 1892 yilda Toshkentda yuz bergan vabo g‘alayoni yetakchilaridan bo‘lganligini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar ham talaygina. N.Likoshinning ta’kidlashicha, bu voqyeadan so‘ng isyonchilar tarafdori sifatida ayblangan Zayniddinxon eshon ko‘p o‘tmay oqlangach obro‘yi yanada ortib ketgan. 1911 yilda esa Zayniddinxon eshonning Yalangqari mahallasida yashovchi o‘g‘li Muhiddinxon eshon qodiriya-jahriyaga mansub eshonlardan ekanligi va 50 nafar muridi ham borligi qayd qilingan.

Azizlarxon eshon masjidi boshqa ko‘plab masjidlari singari 1920 yilda yopilgan va uning binosi turli muassalarga ixtiyorida bo‘lgan. Shu vaqt davomida bir necha bor yong‘indan zarar ko‘rgan. Yong‘in asoratlari hozirda ham masjid ayvoni shiftida sezilib turadi. A.Ismoilov biz bilan bo‘lgan suhbatda masjid hovlisidagi qabr masjid yopilgan 1920 yilda Kamolon qabristoniga ko‘chirilganligini hamda 2007 yil yozida ramziy qabr qayta tiklanganliginini ta’kidlab o‘tdi. Biroq, ushbu qabr kimga tegishli ekanligi aniq ma’lum emas.

Azizlarxon eshon masjidi Toshkent shahridagi qadimiy masjidlardan biri bo‘lib, uni kelgusi avlodga yetkazishning yagona yo‘li unda ta’mirlash ishlarini imkon qadar tezroq boshlashdir.

1-ilova. Azizlarxon eshon masjidi vaqfnomasi (tarjima)

Bir bo‘lak yer hududi bayoni. Toshkent shahri Arpapoya mavzeida jolashgan. G‘arbdan butunlay Mirsiddiq Miromon o‘g‘li mulki bilan, sharqdan butunlay Idriskeldi Mirzatoy o‘g‘li mulki bilan tutashgan, shimol tomondan omma arig‘i qirg‘og‘iga tutashgan.

Va yana bir bo‘lak yer hududi bayoni. Mazkur shaharda Yalangqari mahallasida joylashgan. Chegaralari shu tariqada: g‘arbdan Azamatxo‘ja Yormuhammad o‘g‘li mulkiga, ba’zan Hodixon Azizlar Muhammadxo‘ja marhum o‘g‘li mulkiga tutashgan. Sharq tomondan butunlay Shom otaning fayzosor mozori bilan, shimol tarafdan ham butunlay yuqorida tilga olingan Hodixon azizlar mulki bilan tutashgan. Bu hududning ham atrofi ma’lum bo‘ldi.

… Ammo ba’d, vaqflar sahifasi shunday tahrir qilindi. Bas, saodatmandlik yo‘lining xayrliligi shudirki, sadaqai joriya berish “dunyo oxiratning ziroat yeridir”. Va shuning uchun sharofatpanoh, sahovatoyin eshon Mirqurbonshayx azizon tarix 1223 (1808-1809) sanada tani sihatligi va barcha tasarruflari o‘tadigan holatda o‘z rag‘bati bilan mo‘’tabar sha’riat bo‘yicha shar’iy jihatdan shu tariqa: “o‘zimning xolis mulkim bo‘lgan yuqorida nomi zikr qilingan hududlarni Yalangqari mahalla masjidi uchun sahih vaqf qildim” — deb iqror bo‘ldi.

Masjidning chegaralari quyidagicha: g‘arbdan tamoman omma ko‘chasi bilan, shimoldan tamoman ushbu masjidning tahoratxonasi bilan, janubdan ham omma ko‘chasi bilan tutashgan, barcha hududi ma’lum va zohir bo‘ldi.

Va yana janob voqif shart qildiki, ushbu vaqfdan nimaiki hosil bo‘lsa avvalo mutavalli tavliyat haqiga ushr olsin, qolgani masjid imorati zaruriyatiga sarf qilinsin. Agar masjid imorati ehtiyoji bo‘lmasa vaqf qilingan yer hosilidan masjid vazifasiga sarf qilsinlar. Kimki, bunga xilof ish qilsa oxirat kuni o‘zi javob beradi.

Majlisda hozir bo‘lganlar: mulla Shohne’mat valadi …, mulla Tursun Bobo domla, mulla To‘qboy domla, mulla Yarashboy, mulla Badal, mulla Rahimboy, Jahongirxon, mulla Xudoybergan, Erkaxo‘ja eshon, Saidxon, mulla Bozorcha, mulla Xoldorboy qori, mulla Yusuf, mulla Abdulla va boshqa musulmonlar.

Muhrlar: Qozi Isaxo‘ja ibn Yunusxon eshon (1240/1824) Muhammad Shohbadal mufti ibn mulla Shohmuhammad Amin (1240/1824) Muhammadxon mufti ibn Yunusxon Alaviy (?) Mullaxon mufti ibn domulla Shohne’mat (1242/1826)

Sultonov Uktambek Abdulganiyevich, tarix fanlari nomzodi
Toshkent masjidlari tarixi Toshkent, 2010. — B.124-130.

https://shosh.uz/uz/azizlarxon-eshon-masjidi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x