Islom – tinchlik va bag‘rikenglik dinidir


Post Views:
8 486

«Mamlakatimizda hukm surayotgan millatlar va dinlararo totuvlikni, fuqarolar hamjihatligini yanada mustahkamlash, yagona xonadonimiz bo‘lmish O‘zbekistonda istiqomat qiliyotgan barcha insonlarning millati va dini, irqi va jinsiga qaramasdan, ularning tinchligini va osoyishtaligini ta’minlashbu boradagi ishlarimizniig asosiy ma’nomazmuniga aylanishi darkor».

Islom KARIMOV

1995 yil 16 noyabrda YUNESKO Bosh konferensiyasining 28-sessiyasida Bag‘rikenglik tamoyillari to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilindi. YUNESKO tomonidan bag‘rikenglikka oid yetmishdan ziyod xalqaro hujjatlar, konvensiya­lar qabul qilindi.

Deklaratsiyada irqi, jinsi, kelib chiqishi, tili, dinidan qat’i nazar, bag‘rikenglikni targ‘ib etish, inson huquqlari va erkinliklarga hurmat bilan qarash kabi majburiyatlar aks etgan. Albatta, xalqimizga azaldan xos bo‘lgan xislat bag‘rikenglik biz uchun an’anaviydir. Shu kundan e’tiboran Jahon afkor ommasi 16 noyabrni har yili «Xalqaro bag‘rikenglik kuni» sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. 1996 yilda BMT Bosh Assambleyasi har yili shu kunni Xalqaro bag‘rikenglik kuni deb nishonlashni taklif qilgan edi.

 «Bag‘rikenglik» so‘zi diyarli barcha tillarda bir xil yoki bir-birini to‘ldiruvchi mazmunga ega. Ularni umumlashtirib «bag‘rikenglik» chidamlilik, bardoshlik, toqatlilik, o‘zgacha qarashlar va harakatlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, muruvvatlilik, himmatlilik, kechirimlilik, mehribonlik, hamdardlik kabi ma’nolarga ega deyish mumkin.

«Bag‘rikenglik» chinakam islomiy fazilat bo‘lib, arab tilida «Samaahatul islam» deyiladi. Islomning bag‘rikengligini biz hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy namunalarida to‘liq va ravshan ko‘rishimiz mumkin. Zero, umuman risolatning maqsadi, asosiy vazifasi odamzotning bu dunyodagi hayotini yengillatib berish, oxiratda esa abadiy rohat makonidan o‘rin olishiga yordam berishdir. Shuning uchun Qur’oni Karimning uslubiga qarasak, o‘qiganimizda ba’zan mo‘minlarning qalbini junbushga keltiruvchi, ularning diqqatlarini muhim bir masalaga qaratuvchi xitob bilan boshlangan oyati karimalarni ko‘p uchratamiz. Bu oyatlarda «Yaa ayyuhallaziyna aamanuu», «Ey iymon keltirganlar!» degan buyuk xitob bilan boshlanadi. Demak, bu xitob bilan boshlagan oyatlarda aynan mo‘min-musulmonlarga tegishli masalalar kelgan bo‘ladi. Ammo Kalomullohning qolgan barcha oyatlari umuminsoniy, umumbashariy ko‘rsatmalar bo‘lib, ularda dinidan, irqidan, jinsidan qat’i nazar, Bani Odam nazarda tutiladi.

Alloh taolo «Isro» surasining 70-oyatida: – «Batahqiq, Biz Bani Odamni azizu mukarram qilib qo‘ydik», deydi.

Hadisi shariflarda ham xuddi shunday. «Kimki…» deb boshlangan barcha hadislarda mutlaq inson ko‘zda tutiladi. Masalan, «Kimki bir daraxt eksa va undan hayvonmi, qushmi, hasharotmi, odamzotmi yesa, uni ekkan odamga savob bo‘ladi», degan mazmundagi hadisni olaylik. Bu yerda har qanday inson nazarda tutilgan, uning dini yoki boshqa jihati qayd qilinmagan.

Yana bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz alayhissalom: – «Odamlarga rahm qilmaganga Alloh ham rahm qilmaydi», deganlar. Bu yerda ham musulmonlar emas, umuman har bir inson, har qanday odam tushuniladi.

Mana shu kabi oyat-hadislarda biz dinimizning bag‘rikengligini ko‘ramiz.

Yana bir misol. Payg‘ambar alayhissalomning huzurlariga bir guruh ansoriylar kelib, «Ey Allohning Rasuli! Saqif qabilasi hidoyatga kirmayapti, ularni duoibad qiling» deyishganida u zot alayhissalom «Allohumma, ihdi Saqifa» – «Allohim, Saqifni hidoyat qil», dedilar. Ansoriylar yana «Ey Allohning Rasuli! Ularni duoibad qiling» deyishdi. Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana «Allohim! Saqifni hidoyat qilgin» dedilar. Uchinchi marotaba so‘rashganda ham shu duoni qildilar. Mana, bag‘rikenglikning yorqin namunasi. Payg‘ambarimiz alayhissalomning bu muborak duolari ijobat bo‘lib, ana shu Saqif qavmidan keyinchalik buyuk zotlar, ulug‘ ulamolar yetishib chiqdi.

Tariximizda bunday misollar juda ko‘p. Sahobalardan Tufayl ibn Amr ad-Davsiy roziyallohu anhu do‘stlari bilan kelib, «Ey Allohning Rasuli! Davs qabilasi haddidan oshdi, kufr keltirdi. Ularni duoibad qiling» deganlarida hazrati Payg‘ambar alayhissalom «Allohumma, ihdi davsan» (Allohim, Davsni hidoyat qil) deb uch marta duo qildilar. U zot alayhissalom Davsni duo qilish uchun qo‘llarini ko‘targanlarida Tufayl ibn Amr va uning sheriklari «Ana endi Davs halok bo‘ldi, Davsning sho‘ri quridi» deyishdi. Ular Payg‘ambar alayhissalom Davsni qarg‘aydi deb o‘ylashgan edi. Yo‘q, Payg‘ambar alayhissalom Davsga hidoyat so‘rab, «Robbim, Davsni hidoyat qilgin, ularni Madinaga musulmon holida keltirgin» deb duo qildilar.

Bundan boshqa holatlarda ham, bir guruh sahobalar mushriklarni duoibad qilishlarini so‘rab, u zotga murojaat qilishganda «Men la’natlovchi qilib yuborilmaganman. Men rahmat qilib yuborilganman» deganlar.

«Va maa arsalnaaka illaa rohmatal lil olamiyn» («Ey Muhammad alayhissalom! Biz sizni olamlarga faqat rahmat qilib yubordik») oyati so‘zimizning dalilidir.

E’tibor qilsak, bu oyatda Alloh taolo «olamlarga» degan. Nima uchun «olamlar» deyilgan? «Olam» deb Alloh subhanahu va taolodan o‘zga hamma narsaga aytiladi. Har bir jins, har bir toifa bir olamdir. Shuning uchun olam so‘zi ko‘plik shaklida ishlatilgan. Insoniyat olami, hayvonot olami, farishtalar olami, jinlar olami vahokazo olamlar bor. Demak, hazrati Payg‘ambar alayhissalom faqat musulmonlarga emas, butun bashariyatga, balki butun olamga, butun borliqqa rahmat o‘laroq yuborilganlar.

U zotning olamlarga qanday rahmat qilib yuborilganlariga bir namuna sifatida Islomning avvalida, to‘qqizinchi hijriy yilda Arab jazirasida, musulmonlar kuchli bir davlatga aylanib bo‘lganidan keyin ham Najron yepiskopi, nasroniy Abulhorisga yozgan maktublarini o‘qib ko‘raylik.

Tadqiqotchi Jorjiya Islom hukmron bo‘lgan davrdagi boshqa samoviy din ashoblari haqida shunday yozadi: «Hijratning to‘qqizinchi yiliga kelib, Islom dini butun arab jazirasini qamrab olgan bo‘lsa-da, Muhammad alayhissalom yahudiy va nasorolarni o‘z diniga kirishga majbur qilmaganlar, chunki ular ahli kitob edilar. Muhammad alayhissalom o‘zlarining Najron bosh yepiskopi Abulhorisga yozgan maktublarida Islom kelgach, arab jazirasida nasorolarning ahvoli yaxshilanganini aytib, jumladan, shunday so‘zlarni aytganlar:

«Bismillahir rohmanir rohiym! Allohning Rasuli Muhammaddan Najronning bosh yepiskopi Abulhorisga va uning barcha ruhoniylari va yepiskoplariga. Ammo ba’d. Bosh yepiskopga, uning ruhoniylari va boshqa yepiskoplarga ma’lum bo‘lsinki, sizlarning cherkovlaringiz, ibodatxonalaringiz qanday bo‘lsa, shundayligicha qoldiriladi. Sizlar o‘z ibodatlaringizda hur va erkinsiz. Birontangiz o‘z mansabi va maqomidan chetlashtirilmaydi. Diniy marosimlaringizda hech narsa o‘zgartirilmagani kabi, mazkurlardan ham hech narsa o‘zgartirilmaydi. Modomiki, yepiskoplar ahdga, ya’ni o‘zlarining asl injillariga sodiq qolsalar va undagi ta’limotlarga, ya’ni nasroniy dinining ta’limotlariga amal qilsalar, Allohning va Rasulining zimmasida, ya’ni himoyasida bo‘ladi. Kim ularni bu narsadan to‘ssa, u Allohnig va Rasulining dushmani bo‘ladi».

Hazrati Payg‘ambar alayhissalom yuborgan mazkur risola ahli kitoblar arab jazirasida, ya’ni Arabiston yarimorolida o‘z ibodatlarini emin-erkin ado etish huquqiga ega bo‘lganiga, hech kim ularni bundan to‘sib, tazyiq o‘tkazmaganiga dalolat qiladi. Hijratning to‘qqizinchi yilida Najron vafdi, ya’ni delegatsiyasi bosh yepiskopi Abulhoris boshchiligida Madinai Munavvaraga elchilar bo‘lib kelishgan. Barchamizga Islom tarixidan ma’lumki, to‘qqizinchi hijriy yil «amul mufud» (elchilar yili) deb nomlangan. O‘sha yili boshqa din vakillaridan, boshqa mamlakatlardan guruh-guruh bo‘lib elchilar kelishgani uchun shunday nomlangan. Abulhoris boshliq elchilar kelib, Nabiy alayhissalomning huzurlariga kirmoqchi bo‘lganlarida ular o‘zlarining rasmiy diniy liboslarini kiyib, u zotni masjidi nabaviyda ziyorat qilishgan. Ziyorat qilib bo‘lganlaridan so‘ng u zotdan ibodatlarini ado etish uchun ruxsat so‘rashgan. Nabiy alayhissalom ularga Madina masjidida ibodat qilishlari uchun sharoit qilib berganlar. Shunday qilib, ular musulmonlarning masjidida Baytul Maqdisga yo‘nalgan holda ibodatlarini ado qilishgan.

Bu ulkan tarixiy voqeani, bu buyuk ibratni har bir musulmon, har bir inson bilishi lozim.

Payg‘ambar alayhissalom ahli kitoblarga hurmat bilan muomala qilar edilar, ayniqsa, nasorolarga alohida ehtirom ko‘rsatardilar.

Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadiki, Payg‘ambar alayhissalom rafiqul a’loga intiqol qilganlarida, ya’ni vafot qilishlaridan oldin bir yahudiyga o‘z sovutlarini garovga berib, undan 30 so’ arpa sotib olgan ekanlar. Oisha onamiz roziyallohu anho mana shu voqeani u zotning bag‘rikenglik borasida o‘z ummatlariga ko‘rsatgan eng katta ta’limlari, deganlar.

Darhaqiqat, Payg‘ambar alayhissalomga qarz beradigan sahobalar yo‘qmidi? Sahobai kiromlar hazrati Payg‘ambar alayhissalom uchun qarz tugul, mol-dunyo tugul jonlarini berishga ham tayyor edilar. Nihoyatda boy-badavlat sahobalar bor edi, butun boshli qo‘shinni qurol-yarog‘, ulov bilan jihozlagan, kiyim-bosh, oziq-ovqat bilan ta’minlagan sahobalar, hazrati Usmon kabi butun boshli bog‘larni, quduqlarni sotib olib, musulmonlarga vaqf qilib bergan sahobalar juda ko‘p edi. Lekin nima uchun Payg‘ambar alayhissalom g‘ayriddindan, yahudiydan ozgina arpani garov evaziga qarzga olyaptilar? Nima uchun zimmalarida qarz qolgan holda rafiqul a’loga intiqol qilyaptilar? Bularning barchasi Azizul Hakim Alloh taoloning cheksiz hikmatidir. Bu Islom ummatiga o‘ziga xos ta’limdir, ya’ni boshqa din, boshqa mamlakat, boshqa millat vakillari bilan ham ana shunday muomala qilish durustligini o‘rgatishdir. Demak, musulmon odam o‘zi yashayotgan jamiyatda har qanday inson bilan qo‘ni-qo‘shni bo‘lib yashashi, savdo-sotiq, oldi-berdi qilishi, ular bilan bordi-keldi qilishi mumkin ekan, do‘stona qo‘shnichilik munosabatlarini yo‘lga qo‘yishi joiz ekan.

Istiqlol xalqimiz uchun cheksiz imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Uning xalqimizga bergan baxt-saodatining had-hududi yo‘q. Buyuk ne’mat – mustaqillikning din ahliga ko‘rsatgan ta’siri yanada ulkan. Shukrki, istiqlol tufayli dinimiz va milliy qadriyatlarimiz, o‘tmish ajdodlarimizdan qolgan tarixiy merosimiz qayta tiklandi hamda diniy ta’limotlardan elimiz yana bahramand bo‘la boshladi.

Hur diyorimiz fuqarolari mustaqillik sharoitida erkin nafas olayotganliklaridan Alloh taologa cheksiz minnatdorlik izhor qilib, doimiy ravishda shukronalar qilmoqdalar. Vatanimiz mustaqilligi yildan-yilga mustahkamlanib, O‘zbekistonimiz halqaro miqyosda o‘zining munosib o‘rnini egallab, xalqimizning turmush darajasi, el-yurt farovonligi yanada ravnaq topmoqda. Ayniqsa, hukumatimiz rahbariyati diniy marosimlarini, ibodatlarini emin-erkin ado etishlari uchun lozim bo‘lgan barcha shart-sharoitlarni yaratib bermoqda.

Mustaqillik yillarida o‘zining tarkibi va mazmuni jihatidan xilma-xil millat, madaniyatlar birligidan tashkil topgan jamiyatimizda ham millatlararo totuvlikni saqlash, fuqarolarning hamjihatligi va bag‘rikengligini ta’minlash sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Zotan, xayrli ishlarda hamkor va hamjihat bo‘lib yashash, Yaratganning talabidir. Alloh taboraka va taolo:

 «Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz!..», (Moida surasi 2 – oyati) deb marhamat qilgan.

Mamlakatimizda e’tiqod erkinligi davlatimizning Asosiy qonunida kafolatlab qo‘yildi. Barcha islomiy qadriyatlar – masjid va madrasalarning binolari, nodir tarixiy manbalar, osori atiqalar musulmonlarga qaytarib berildi. Ularning emin-erkin ibodat qilishlari, diniy ta’lim olishlari, diniy adabiyotlar va ommaviy axborot vositalaridan bahramand bo‘lishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi.

Islom dinimiz avval boshdanoq insoniyatga asl muruvvatni, dindoshlariga, hatto boshqa din vakillariga ehtirom hamda bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lishni o‘rgatib kelgan va kelmoqda. Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) bu borada Islom ummatigagina emas, butun insoniyatga ibrat-namuna bo‘ldilar. Ul zot Madinaga hijrat qilganlarida davlat ishlaridagi birinchi amallari o‘sha yerlik yahudiylar bilan ularning aqidalarini hurmat qilishga asoslangan ahdnoma tuzish bo‘ldi. Janob Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ahli kitobdan bo‘lgan qo‘shnilari bilan yaxshi munosabatda bo‘lar, hadya berib, ulardan ham qabul qilar edilar.

Bunga quyidagi hadis shariflar asos bo‘ladi:

1) Hazrati Umar (roziyallohu anhu) ning o‘g‘li Abdullohning bir yahudiy qo‘shnisi bor edi. Abdulloh (roziyallohu anhu)  bir kuni tuya so‘ydilar. U kishi xizmatkorlariga «Qo‘shnimizni unutma dedi va bir oz vaqt o‘tib yana, «Yahudiy qo‘shnimizni ututmadingmi?» deb so‘radilar. Xizmatkor, taqsir hozir aytib edingiz. Qo‘shniga go‘sht ajratib qo‘ydik, hozir olib chiqib beramiz, dedi. Uch-to‘rt daqiqa o‘tib Abdulloh (roziyallohu anhu) xizmatkorni chaqirib, yana so‘radi. Shunda xizmatkor: «Uzr so‘rayman, shu paytgacha sizga itoatsizlik qilgan emasman, bilasiz. Keyin ham qilmayman. Nega qo‘shni haqida buncha qayg‘urasiz?» deb so‘radi. Shunda Abdulloh (roziyallohu anhu): «Men Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ning: «Jabroil (alayhis salom) menga hamisha qo‘shni haqida vasiyat qilar ediki, men yaqinda qo‘shniga ham meros berilsa kerak, deb o‘ylardim» deganlarini eshitganman dedilar.

2) Mujohid hikoya qiladi: «Bir kuni hazrati Umar (roziyallohu anhu) ning o‘g‘li Abdullohning (roziyallohu anhu) uyida edim. O‘g‘li qo‘y so‘yib, terisini shilayotgan edi. Abdulloh (roziyallohu anhu)  «Qo‘yni so‘yib bo‘lganingdan keyin, qo‘shnilarga berishni yonimizdagi yahudiy qo‘shnidan boshla», deb topshirig‘ini bir necha marta takrorladi. Oxiri o‘g‘li: «Necha marta aytasiz, ota?» deb ajablandi. Shunda Abdulloh (roziyallohu anhu) dediki: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qo‘shnichilik haqqiga shu qadar ko‘p o‘git berardilarki, biz qo‘shnini qo‘shniga voris qiladilar shekilli, deb o‘ylardik».

3) Movarounnahrning atoqli olimi Abdulloh ibn Muborakning bir yahudiy qo‘shnilari bor edi. Abdulloh o‘z bolalarini ovqatlantirishdan oldin kambag‘al qo‘shnilarining bolalariga ovqat berar, o‘z bolalarini kiyintirmasdan oldin o‘sha yahudiyning bolalarini kiyintirardilar. Odamlar yahudiyning oldiga kelib: «Hovlingni bizga sotgin», deyishdi. Shunda yahudiy: «Hovlimni ikki ming dinorga sotaman. Aslida uning narxi ming dinor. Keyingi mingi esa Ibn Muborakka qo‘shni bo‘lganim uchun», dedi. Keyinchalik o‘sha yahudiy Abdullohning duolari sharofatidan musulmon bo‘ldi.

Demak, ko‘nglida adovat bo‘lmagan hamda jamiyatda zarari tegmaydigan kishilar bilan yaxshi muomalada bo‘lib, ular bilan dunyoviy ishlarda hamkorlik qilish, shuning bilan birga, tinchlik ishiga rahna soladigan, nafaqat Islom dini, balki boshqa dinlar ravnaqiga ham ziyon yetkazish g‘arazida bo‘lgan kishilarga nisbatan murosasozlik qilib o‘tirmaslik dinimiz talabidir. Dinimizning asosi – Qur’oni karim va sunnati nabaviyada turli ko‘rinishdagi o‘zaro muomalalarda ham bag‘rikenglikka targ‘ib qilingan. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ko‘plab hadislarida g‘ayriddinga ham insoniylik yuzasidan yaxshi muomalada bo‘lishga targ‘ib qilganlar.

Yurtimiz mo‘min-musulmonlari bu an’analarga sodiq qolib, diniy va milliy ahillik va totuvlikka katta hissa qo‘shib kelmoqdalar. Bu borada butun jahon ahli bizga havas bilan qarayapti. Mamlakatimizda turli dinlar vakillari yagona maqsad – Vatanimiz O‘zbekistonning yanada gullab-yashnashi yo‘lida birlashmoqda. Bu borada turli tadbirlar, anjumanlar o‘tkazilib, mushtarak vazifalarni ado etib boriladi. Bir-birlarimizni diniy bayramlarimiz bilan qutlaymiz. Bu, shubhasiz, mamlakatimizda qaror topgan tinchlik-osoyishtalikda o‘z ifodasini topmoqda.

Islom o‘zidan avvalgi samoviy dinlarni (yahudiylik, nasroniylik) hurmat qilish bilan cheklanmay, o‘sha din ahllariga cheksiz muruvvatlar ko‘rsatgan. Ularning haq-huquqlarini qonun bilan mustahkamlab qo‘ygan. Madaniyati va an’analariga ehtirom bilan qaragan. Asrlar davomida bu qoidalarga amal qilib yashagan musulmonlar bir-birlariga va hatto oralarida yashaydigan ajnabiylarga, ahli zimmaga ham muruvvatning mislsiz namunalarini ko‘rsatib, butun insoniyatga ibrat bo‘lishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dan rivoyat qilingan hadisda esa: «Xalqning barchasi Allohning izmidadir. Ularning Allohga mahbubrog‘i ahliga naf beruvchirog‘idir», deyilgan (Bazzor rivoyati). «Kim ahli zimmaga biror zahmat yetkazsa, qiyomat kuni meni o‘zining dushmani sifatida ko‘radi» (Ahmad ibn Hanbal, Musnad).

Yurtimiz mo‘min-musulmonlari bu an’analarga sodiq qolib, diniy va milliy ahillik va totuvlikka katta hissa qo‘shib kelmoqdalar.

Barcha ulug‘larimiz bu nabaviy sunnatga qat’iy amal qilganlar. Bir kuni hazrati Umar roziyallohu anhu tilanchilik qilib turgan ko‘zi ojiz bir qariyani ko‘rib, undan hol-ahvol so‘ragan ekanlar. Bilsalar, u qariyaning ahli kitoblardan ekan. Shunda hazrati Umar roziyallohu anhu «Kim sizni bu ahvolga soldi?» deb so‘raganlar. Qariya «Jizyalar va keksaligim» dedi. U kishi ahli kitob bo‘lgani uchun zimmiy bo‘lgan, jizyani to‘lab, musulmonlar orasida emin-erkin yashab yurgan, ammo qarigach, ko‘zi ko‘rmay qolib, qarovchisi bo‘lmagani uchun qiynalib qolgan, shuning uchun tilanchilik qilishga majbur bo‘lib qolgan ekan. Bu gapni eshitgan hazrati Umar roziyallohu anhu qariyani yetaklab, uylariga olib ketganlar. Uylaridan ba’zi narsalarni olib chiqib berganlar, so‘ngra Baytulmolning xazinaboniga qarab, «Biz bu va bunga o‘xshaganlarga insof qilmabmiz. Yoshligida jizyasini olibmiz-u, keksayganda qarovsiz qoldiribmiz. Ularga u-bu narsa beringlar» dedilar, bu kabi odamlardan jizya olishni man qildilar.

Ijtimoiy ta’minotni, ya’ni yosh bolalar va qariyalarga beriladigan nafaqani insoniyat tarixida ilk bor hazrati Umar roziyallohu anhu joriy qilgan, degan gap shu va boshqa bir qancha voqyealarga asoslanib aytilgan.

Butun Islom ummati beshinchi roshid xalifa deb hisoblaydigan Umar ibn Abdulaziz xalifa bo‘lganlarida odamlarni to‘plab, «Kimda mening haqqim bor?» deb so‘ragan ekanlar. Bir zimmiy turib, «Ey mo‘minlarning amiri! Men sizdan Allohning kitobini so‘rayman», debdi. Bu «Allohning kitobi asosida hukm qilishingizni so‘rayman» degani edi. Xalifa «Nima deysan, ey zimmiy!» dedilar. Haligi zimmiy «Abbos ibn Valid ibn Abdulmalik» debdi. Abbos – Valid ibn Abdulmalikning o‘g‘li. U kishi avval xalifa bo‘lgan, keyin o‘rniga Umar xalifa bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, Abbos boyagi zimmiyga tegishli yerga da’vo qilayotgan ekan, chunki unga bu yerni Valid ibn Abdulmalik o‘lchab bergan, yerning hujjatini ham tayyorlab bergan ekan. Shuning uchun Umar ibn Abdulaziz «Nima deysan, ey zimmiy?» deganida zimmiy «Men sizdan Allohni kitobini so‘rayman» degan ekan. Shunda Umar ibn Abdulaziz «Ey Abbos, tur o‘rningdan, Validning kitobidan ko‘ra Allohning kitobiga amal qilganimiz yaxshiroq va loyiqroq bo‘ladi, uning yerini qaytarib ber» degan ekan.

Dinimizda g‘ayriddinlarga bo‘lgan adolatli munosabatning bu kabi misollarini juda ko‘plab keltirishimiz mumkin.

Barchamizga ma’lumki, yurtimizga hijriy to‘qqizinchi asrdan boshlab hanafiy mazhabi kirib kelgan. Bu ulug‘ xizmat imom A’zam Abu Hanifaning shogirdlari imom Muhammad bo‘lsa, u kishining shogirdlari hazrati imom Abu Hafs Kabirga nasib qilgan. Hozirgi kunda Buxoroda u zotning masjidlari, ziyoratgohlari bor. Buxoroda, umuman O‘rta Osiyoda hanafiy mazhabini ilk bor olib kelib, tarqatgan inson ana shu Abu Hafs Kabir rohimahulloh bo‘ladilar. Bu zot mujtahid alloma bo‘lganlar. Shu zot sabab bo‘lib, o‘sha davrda bizning diyorimizga hanafiy mazhabi kirib kelgan. Imom A’zam mazhabi boshqa mazhablarga qaraganda o‘zga dinlar va mahalliy urf-odatlarga nisbatan ancha erkinlik berishi bilan ham farq qiladi. Bu mazhab ana shunday xalqparvar mazhabdir. Hanafiya ta’limotini kamoliga yetkazgan vatandoshlarimiz, Abu Mansur Moturidiy, Abul Muin Nasafiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi yuzlab allomalar musulmonlar orasidagi g‘oyaviy tarafkashlikka barham berish, Islom dinining, ahli sunna val jamoa yo‘lining barqaror bo‘lib qolishiga ulkan hissa qo‘shganlar.

Xususan, bu zotlar islomiy bag‘rikenglik ruhini tarqatish borasida ham katta xizmatlar qilishgan. Diyorimizdan yetishib chiqqan allomalarning asarlarida diniy bag‘rikenglik bilan bog‘lik qadriyatlar targ‘ib qilingan g‘oyalarni ko‘p uchratamiz.

Masalan, buyuk alloma, moturidiya aqiydaviy yo‘nalishining asoschisi Abu Mansur Moturidiyning «Ta’vilotu ahlis-sunna» degan butun olamga mashhur tafsir kitoblari bor. U zot mazkur tafsirlarida, Haj surasining 40-oyati oyat tafsirida: «Cherkov va sinagogalarni (cherkov – nasroniylarning, sinagoga – yahudiylarning ibodatxonasi) vayron qilish man etiladi. Bu masalada ilm ahli orasida ixtilof yo‘qdir» deb yozganlar. Shuning uchun ham o‘n to‘rt asr musulmonlar hukmron bo‘lib yashagan yurtlarda ham cherkov va sinagogalar bugungi kungacha buzilmay saqlanib qolgan.

Samarqandlik ulug‘ faqih, buyuk mufassir Abu Lays Samarqandiy rohimahulloh o‘zlarining «Bahrul ulum» degan tafsirlarida ham Mumtahana surasining 8–9–oyatlarini sharhlab, shunday yozganlar:

«Sizlar bilan dinda urush qilmagan o‘zga din vakillari bilan bordi-keldi qilinglar, chunki Alloh taolo o‘sha oyatlarda «Sizlar bilan din borasida urushmaganlarga yaxshilik qilishingizda, ularga adolat qilishingizda hech qanday monelik yo‘q» degan.

Movarounnahrlik yana bir mashhur faqih, mufassir Abul Barakot Nasafiyning «Madorikut-tanzil» deb nomlangan tafsirlari hozir ham Islom olamida mashhurdir. Biz «Tafsiri Nasafiy» degan nom bilan mashhur bo‘lgan bu tafsirni rahmatlik ustozimiz shayx hazratlarining huzurlarida boshidan oxirigacha to‘rt yarim yil o‘qish baxtiga musharraf bo‘lganmiz. To‘rt jilddan iborat bu tafsir bo‘yicha ustozdan ijoza ham olganmiz. Bu ijozaning sanad silsilasi Abul Barakot Nasafiyning o‘zlariga borib taqaladi. Alhamdulillah, hozirgi kunda ushbu tafsirdan Toshkent Islom Institutining to‘rtinchi kurs talabalariga dars berish ham nasib qildi. Albatta, bu ishda ustozimizning xizmatlari beqiyos, Alloh u kishining ruhlarini shod qilsin.

Abul Barakot Nasafiy ushbu tafsirda mazkur oyatga: «O‘zga din vakillariga ehtirom ko‘rsatinglar, ularga so‘zda ham, amalda ham yaxshilik qilinglar» deb sharh berganlar.

Yuqoridagi oyat haqida Hakim At-Termiziyning asarlarida ham nasroniylarning ba’zi toifalari haqida fikr yuritilib, ular Payg‘ambar alayhissalom bashorat qilgan najot topgan firqa deb tafsir qilinadi. Moturidiy nasroniylarning qalbi musulmonlarga moyilroq, do‘stona munosabatga yaqin ekanini aytganlar. Abul Barakot Nasafiy ham nasroniylarning musulmonlarga ko‘ngli yaqinligini aytganlar, ular orasida mutavoze’, kamtar zotlar, olim va obidlar bor deb ta’riflab, ilm kimda bo‘lishidan qat’i nazar, albatta yaxshilikka yetaklashini alohida ta’kidlaganlar. Shayx Ahmad Yassaviy ham o‘z «Hikmat»larida: «Sunnat ermish, kofir bo‘lsa, berma ozor. Ko‘ngli qattiq dilozordan Xudo bezor» deb yozganlar. Burhoniddin Marg‘inoniy hazratlarining «Hidoya» asarida musulmonlar diyorida cherkov va ibodatxonalar buzilib ketgan bo‘lsa, ularni yana qayta tiklash joizligini alohida aytib o‘tganlar. Shuning uchun faqihlarimiz fiqh kitoblarida bu haqda alohida to‘xtalib, musulmonlar diyorida cherkov yoki boshqa ibodatxonalar buzilib ketgan bo‘lsa, o‘sha yerdagi nasroniylar uni tiklashni talab yoki iltimos qilib chiqsa, ularni qayta tiklash mumkinligi haqida boblar kiritganlar.

Islomiy bag‘rikenglik borasida bunga o‘xshash misollar juda ham ko‘p.

Azizlar! Dinimizning bag‘rikenglik fazilatini o‘rganar ekanmiz, gap borib aslida odob-axloqqa borib taqalishini ko‘ramiz. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, dinimizda g‘ayriddinlarga, xususan, nasroniylarga, yahudiylarga keskin muomala qilish, dushmanchilik qilish mumkin emas ekan.

Haqli savollar tug‘iladi: unday bo‘lsa nima uchun bugun biz musulmon birodarimiz bilan urushyapmiz? Nima uchun musulmon musulmonni bo‘g‘izlayapti, musulmon musulmonning qonini to‘kyapti? Nima uchun bugun dunyoning qayerida urush bo‘lsa, musulmonlar orasida bo‘lyapti?

Ming afsuski, bu kabi savollarning javobi bitta: Bularning barchasi Islomning aslidan uzoqlashish oqibatidir. Bir paytlar musulmonlar o‘zlarining go‘zal axloqlari bilan butun dunyoning Islomga kirishiga sabab bo‘lganlar.

Shayx G‘azzoliyning bir fikrlarini aytib o‘tish o‘rinlidir: «Bugungi kunda dindorlarning aybi tufayli dunyoning yarmi musulmon emas. Xuddi shuningdek, tariqatda ham soxta, johil pirlar odamlarning tariqatdan qo‘rqishiga, tasavvufdan ixlosi yo‘qolishga sababchi bo‘lib qolishdi», ya’ni musulmonlar o‘zlarining yomon axloqlari, yomon fe’llari bilan odamlarda Islomga nisbatan yomon tushuncha hosil qilib qo‘ydilar. Natijada odamlar Islomdan qo‘rqadigan bo‘lishdi, islamofobiya yuzaga keldi. Bu kishi barchaga ma’lum va mashhur Abul Hamid G‘azzoliy emas, balki Misrda, shayx Sha’roviylar bilan bir davrda yashagan Muhammad G‘azaliy rohimahullohdir.

Hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam butun odamzotga yaxshi muomala qilishga buyurganlar. Demak, dinimizning javhari, asl mohiyati inson zotini sevishdir. Har bir inson Allohning yo‘qdan bor qilgan, yaratgan bandasidir. Binobarin, insonning jismida, tabiatida hech qanday farq yo‘q, ammo gap uning sifatida. Gunohkor insonning biri kofir, biri munofiq, biri mushrik, biri fosiq, biri fojir, biri qotil, biri g‘iybatchi, biri yolg‘onchi, biri xaromxo‘rdir.

Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hafizahulloh «Gunoh qilgan odam haqida yaxshi gumonda bo‘lish avliyolarning xislatidir», deydilar. Shuning uchun bir gunohkor bilan tortishib qolsangiz, uni yomon ko‘rib, o‘zingizni undan baland olmang, chunki Alloh subhanahu va taolo sizning gunohlaringizni yashirib turgani uchun siz boshingizni baland ko‘tarib yuribsiz. Ehtimol, siz ko‘rgan gunohi uning uchun oxirgisidir, balki u tavba qilib, Allohning rizosini topar? Ammo sizning ibodatingiz ham oxirgisi bo‘lib qolishi, zalolatga ketib, Allohning g‘azabiga duchor bo‘lib qolishingiz ham mumkin-ku. Shuning uchun bir insonga muomala qilganda u qilgan gunoh-ma’siyatiga qarab muomala qilish kerak emas. Avvalo uning insonligini e’tiborga olish kerak. Mana shu amal sunnatdir.

Nima uchun dinimiz qo‘pollikdan, haqoratdan, so‘kishdan qaytaradi?

Ibn Kasir o‘z tafsirlarida taqvo haqidagi oyatlarning tafsirida: «Taqvodorlik avlodlarga ta’sir qiladi. Alloh taqvodor, solih odamning yetti pushtini muhofaza qiladi» deb yozganlar. Hazrati Muso alayhissalomning tarixlarida Xizr alayhissalom bilan birga ikki yetim bola yashaydigan uyning devorini tuzatib qo‘yganlari aytilgan. Alloh taolo ikkita aziz bandasini – ularning biri payg‘ambar, biri ilmi laduniy ato etilgan zot – uxlab yotgan ikki yetimga tekin mardikor qilib qo‘ydi. Nima uchun? Buning hikmati shu ekanki, o‘sha yetimlarning otasi solih odam bo‘lgan ekan. Ibn Kasir rohimahulloh shu oyatning tafsirida «O‘sha ikki yetimning bevosita tug‘dirgan otasi emas, yettinchi avlodidagi bobosi solih zot bo‘lgan» deb keltiradilar. Umuman, bir yomonlikning yetti pushtga urishi, yetti pushtini surishtirish degan istiloh bekorga qo‘llanilmaydi. Avlodlar orasida yetti pushtgacha o‘zaro aloqalar bo‘ladi. Qaysi bir suhbatimizda insonning urug‘i orqali nafaqat qon, suyak, tirnoq, soch kabi belgilar, balki irsiy ma’lumotlar ham o‘tadi, degan edik. Buni bugungi kunning yuksak taraqqiy etgan genetika, psixogenetika fani tasdiqlab turibdi. ta’riflab beryapti

Demak, bu ijobiy ta’sir Qur’on va sunnatning mahsuli, ilmning mahsuli ekan. Ammo yaxshilik yetti pushtga yetganidek, yomonlikning zarari ham yetti avlodgacha borishi ham bor.

YAqinda rossiyalik olimlar bir yangilikni ixtiro qilib, undan o‘zlari nihoyatda hayratlanishdi. Ularning aytishicha, odamzod yomon gap gapirsa, uyat so‘z aytsa, birovni so‘ksa, haqorat qilsa, bu narsa o‘sha zahoti o‘sha odamning ho‘jayralariga ta’sir qilar ekan. Bundan oldinroq yapon olimlari yomon so‘zlar suvning tarkibiga ta’sir qilishini isbotlab berishgan edi. Masoro Emoto degan yaponiyalik olim bir idishga suv quyib, tajriba o‘tkazdi. Suvning oldida yaxshi gaplar aytsangiz, mikroskopda suvning molekulalari chiroyli kristallarga aylanyapti. Yomon so‘zlar aytsangiz, so‘kishlar, haqoratlar aytilsa, suvdagi kristallar buzilib ketyapti. Bu bizdagi Qur’on o‘qib, suvga dam solishning xuddi o‘zi. Fotiha surasini 1000 marta o‘qib, suvga dam solinsa, uning shifo bo‘lishi shundan ekan, chunki suvning tarkibi butunlay o‘zgarib ketib, shifobaxsh xususiyatga aylanar ekan. Bu xususiyat mana, milodiy XXI asrda kashf etilibdi, vaholanki Payg‘ambar alayhissalom bundan o‘n to‘rt asr muqaddam Qur’onning shifo ekanini aytib ketganlar.

Demak, yomon so‘z aytilsa, insonni qonida o‘zgarishlar boshlanadi, genetik jihatdan uning molekulalarida o‘zgarish boshlanadi. Ma’lumki, gen avloddan avlodga o‘tadi, ko‘zimizga ko‘rinmasa ham, ota-ona va farzandlar o‘rtasida mustahkam aloqa bo‘ladi, irsiy ma’lumotlar o‘tib turadi. Ayniqsa, bola voyaga yetayotgan davrda ota-onasiga doimiy ravishda bevosita bog‘liq bo‘ladi, ulardan bevosita ta’sir oladi.

Rossiyalik olimlarning aytishicha, yomon so‘zlar aytilganda insonning qonida buzilish boshlanadi, hatto inson o‘zini o‘zini nobud qilish holatiga tushib qoladi. Darhaqiqat, doimo so‘kish, haqorat bilan, kufr so‘zlar bilan yashab o‘tgan odamni ko‘rsangiz, uning hayotida hech bir yaxshilik bo‘lmaganini ko‘rasiz, chunki u o‘zini o‘zi barbod qilyapti, yo‘q qilyapti, qonini, genini buzyapti. Ammo u nafaqat o‘zini buzadi, balki bu buzilish uning yetti avlodigacha meros bo‘lib qoladi.

Fan-texnika taraqqiyoti dinimizning ana shunday buyuk haqiqatlarini kashf qilmoqda, buni g‘ayriddin olimlar, mutaxassislar ixtirof qilishyapti. Ammo ming afsuski, shu muqaddas dinning ba’zi vakillari nafaqat g‘ayriddinlarga, begonalarga, balki o‘zining birodariga, millatdoshiga, vatandoshiga hasad, adovat, gina kudurat bilan qaramoqda. Vaholanki, dinimiz insoniyatga bag‘rikenglikni o‘rgatish uchun yuborilgan.

Dinimizda bag‘rikenglikni shunday tushunish lozimki, unda inson tugul hayvonga ham ozor berish yo‘q, hayvon tugul nabototga besabab zarar yetkazish yo‘q. Hatto urushda, inson hayotiga xavf tug‘ilib turgan vaziyatda ham bog‘-rog‘larni bekorga yo‘q qilishdan, daraxtlarni behuda kesishdan qaytarilgan.

Shuning uchun ham bugungi murakkab davrda o‘z axloqimiz bilan dinimizning beqiyos fazilatlarini namoyon qilish biz musulmonlarning zimmamizda farz bo‘lib turibdi. Bugungi dunyoda Islom haqida, musulmonlar haqida noto‘g‘ri tushuncha shakllanib qolgan. Dinimizga, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sha’nlariga tuhmat, ta’na-malomat toshlari otilmoqda. Bu da’volarga raddiya berib, ularning puch, asossiz ekanini isbotlash, dunyo afkor ommasining ko‘ziga asl haqiqatni ko‘rsatib qo‘yish, dinimizning sha’nini oqlash zimmamizdagi eng muhim farz bo‘lib turibdi. Shuning o‘zi Islomga eng go‘zal, eng ta’sirli da’vat bo‘ladi.

Buyuk  ajdodlarimizning boy madaniyat va ma’rifat buloqlaridan bahramand bo‘lgan xalqimiz nafaqat millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik balki dinu-diyonat, iymonu-e’tiqod, odobu-axloq, mehru-muruvvat, oila, farzand tarbiyasi, ota-ona hurmati va izzati borasida ham o‘ziga xos keng fe’llik, sahovat va mo‘’tadillik tamoyillariga amal qilib kelmoqda. Mamlakatimiz tarixan ko‘p millatli o‘lka bo‘lganligi tufayli bu zaminda turli-tuman din vakillarining emin-erkin yashashlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Yurtimizdagi boshqa tashkilotlar qatori diniy jamoalar ham jamiyat taraqqiyotida tobora faol ishtirok etib, xalqimizning ma’naviyati va qadriyatini tiklash, o‘zligimizni anglash, eng asosiysi, mustaqilligimizning mustahkam va boqiy bo‘lishiga hissalarini qo‘shmoqdalar.

Har bir inson, butun jamiyat o‘zaro munosabatlarni xalqlarning turli-tuman urf odatlari, madaniyati va qadriyatlarini tan olgan holda bag‘rikenglik asosiga qurishi zarur. Zero, tinch-totuvlik, bag‘rikenglik taraqqiyot garovidir.

Alloh taolo aziz va mustaqil yurtimizda yashayotgan barcha dindorlarni tinchlik, totuvlik o‘zaro hurmat va e’tiborda istiqomat qilishlarida madadkor bo‘lib, Ona-Vatanimizni turli balo va ofatlardan hifzu himoyasida saqlasin, Alloh O‘zi bizlarni Haq dinidan ayirmasin va iymonimizni doimo hamroh qilsin!

Rahmatulloh SAYFUDDINOV,
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi

https://shosh.uz/uz/islom-tinchlik-va-bag-rikenglik-dinidir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x