Post Views:
3 786
ISLOM INSTITUTI, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti (Zarqaynar 18-berk ko‘chasi, 47a -uy) – oliy diniy o‘quv yurti. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, muftiy Ziyovuddinxon Eshon Boboxon o‘g‘li tashabbusi bilan masjid imom-xatiblarining malakasini oshirish kurslari (1970) negizida 1971 yil Toshkentda tashkil etilgan. Dastlab Islom oliy ma’hadi deb nomlangan. 1991 yildan hozirgi nomda. Tashkil etilganda buyuk muhaddis Imom Buxoriy nomi berilgan. O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida. Dinlar tarixi va nazariyasini chuqur egallagan, islom dini asoslarini o‘zlashtirgan diniy xodimlar tayyorlaydi. Institut bitiruvchilariga islomshunos, imom-xatib va arab tili o‘qituvchisi ixtisosligi beriladi.
Institutda 4 ta kafedra mavjud: diniy fanlar (fiqh, usul ul-fiqh, aqoid, hadis, mustalah-ul-hadis, tafsir, faroiz, xatoba kabi diniy fanlar o‘qitiladi), ijtimoiy fanlar (falsafa, ma’naviyat asoslari, sotsiologiya, O‘zbekiston tarixi, islom tarixi, mazhablar va firqalar tarixi, dinlar tarixi, siyosatshunoslik, iqtisodiyot nazariyasi, ekologiya asoslari va boshqa fanlar o‘qitiladi), tahfizul-Qur’on (Qur’oni karim qiroati, tajvid, ulumul-Qur’on kabi fanlar o‘qitiladi), tillar (ona tili, arab tili, ingliz tili, fors tili, rus tili, balog‘at va xattotlik kabi fanlar o‘qitiladi). Kutubxonasida 20 mingdan ortiq asar saqlanadi.
Institutda ilmiy kengash, o‘quv-uslubiy kengash, murabbiylar kengashi, talabalar kengashi faoliyat olib boradi. Institutda 130 dan ortiq talaba o‘qiydi, 42 o‘qituvchi ishlaydi (2008). Institut tashkil etilgandan beri uni 1700 dan ortiq kishi bitirib chiqdi. Institut hududida tarixiy va me’moriy yodgorlik – Namozgoh masjidi mavjud.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/islom-instituti-2/