Post Views:
3 646
1917 yil 27 fevralda Petrograda boshlangan inqilob Turkiston o‘lkasiga ham o‘z ta’sirini o‘tkaza boshladi. Natijada, Turkistonda ham ishchi va soldat deputatlari sovetlari tuzila boshladi.
1917 yilda o‘lka muxtoriyati masalasi Turkiston ijtimoiy-siyosiy hayotida asosiy masala bo‘lib qoldi. Turkistonga muxtoriyat maqomini berish g‘oyasi nafaqat milliy ziyolilar o‘rtasida, hatto din peshvolari va oddiy halq ommasi orasida ham ommalashga edi. Ijtimoiy tafovutlarga qaramay, butun Turkiston jamiyatida o‘lkaning mustamlaka maqomini tugatishga intilish kuchli edi. Milliy ozodlik uchun boshlangan harakat bu yerda yangi xokimiyatning rus tashkilotlari bilan bir qatorda «Sho‘roi Islomiya», «Sho‘roi ulamo», «Mirvaj ul-islom», «Miftoq ul-maorif», «Ravnaq ul-islom», «Ittifoq ul-muslimin», «Turon» va boshqa turli musulmon tashkilotlari paydo bo‘lishiga olib keldi.[1]
«Sho‘roi islomiya»ning Toshkent tashkiloti tashabbusi bilan chaqirilgan Butunturkiston musulmonlarining 1-qurultoyi 1917 yil 16 aprelda ish boshladi. qurultoyda davlat boshqaruvi va uni tashkil qilish masalalari bo‘yicha Ahmad Zakiy Validiy ma’ruza qildi. Butunturkiston musulmonlari 1-qurultoyi so‘nggi majlisida markaziy organ-Turkiston o‘lka Musulmonlar Markaziy Sho‘rosi (Kraymussovet) tashkil etilishi haqida qaror qabul qilindi. Uning tashkil etilishidan asosiy maqsad milliy ozodlik harakatiga tashkiliy va markazlashtirilgan tus berish uchun barcha jamiyat, qo‘mita va tashkilotlarni birlashtirish edi.
Shunday qilib, Turkistonning birligi va yaxlitligi yo‘lida birinchi muxim qadam qo‘yildi. Afsuski, o‘lka musulmonlari siyosiy tashkilotlarining birlashish jarayonlari har doim ham bir tekis rivojlanmay, Munavvar Qori Abdurashidxonov boshchiligidagi «Sho‘roi Islomiya»dan 1917 yil iyun oyida «Sho‘roi Ulamo» ajralib chiqdi. «Sho‘roi Ulamo» tashkilotining tashabbusi bilan Toshkentda 1917 yil 17-20 sentyabrda turkistonlik musulmonlarning qurultoyi o‘tkazildi. Natijada «ulamochilar» bilan «Sho‘roi Islomchilar» o‘rtasidagi uzoq va keskin kelishmovchiliklarga qaramay, qurultoy kelishish yo‘llarini topishga muvaffaq bo‘ldi. «Sho‘roi Islomiya», «Turon», «Sho‘roi Ulamo»-barchasi birlashdi va yagona kuch sifatida ish ko‘rish vaqti kelgani alohida ta’kidlanib, «Ittifoqi muslimin» degan siyosiy partiya tuzishga qaror qilindi. Shuningdek, qurultoyda Turkistonning milliy davlatchilik tuzumi haqida turli fikrlar bildirildi.
Shunday qilib, «Ulamochilar» qurultoydagi asosiy masala Turkiston o‘lkasining kelejakdagi siyosiy boshqaruvi to‘g‘risida bo‘lib, unda demokratik Rossiya tarkibida hududiy muxtor federatsiya-«Turkiston Federativ Respublikasi» tuzilishi g‘oyasi ilgari surildi. Bunda Turkiston federatsiyasi o‘z pulini muomalaga chiqarishi, o‘z militsiyasiga ega bo‘lishi, o‘z chegarasini qo‘riqlash uchun qo‘shin saqlashi mumkin bo‘lishi ko‘zda tutildi. Urush vaqtida chegarani qo‘riqlash vazifasi esa Rossiya respublikasining hukumati tomonidan tashkil etilishi, Turkiston federatsiyasining butunlay Rossiya hukumati buyrug‘iga bo‘ysinishi ta’kidlandi.
Biroq 1917 yil oktyabr oyida Toshkent Soveti soldatlari o‘z tomoniga og‘dira boshladi, asli rossiyalik bo‘lgan ishchilar ham unga ergashdi. Toshkentdagi Oktyabr to‘ntarishi qatnashchilari 1 noyabrda Korovchenko va Muvaqqat hukumatining Turkiston Komitetini qamoqqa oldilar. Shu kuni Toshkent Soveti Turkistonda sovet hokimiyati o‘rnatilganini e’lon qildi. 1917 yil 1 noyabrda sovetlar Yangi Termiz va Kattaqo‘rg‘onda, 25 noyabrda Yangi Buxoro (Kogon)da, 28 noyabrda Samarqandda, 7 dekabrda Namanganda hokimiyatni o‘z qo‘liga oldi.[2]
Turkistonda bolsheviklar sinfiy kurash tamoyillariga amal qilib proletariat «manfaatlari» dan kelib chiqib siyosat yurita boshladilar. O‘lkadagi yangi tuzum Rossiya imperiyasining mustamlakachilik siyosatidan oshib tushdi. Turkiston o‘lkasi ikkinchi marta Markaziy Rossiyaga siyosiy va iqtisodiy jihatdan qaram bo‘la boshladi.
1917 yil 26-28 noyabrda Qo‘qon shahrida Turkiston o‘lka musulmonlarining favqulodda IV – qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Ma’lumki, musulmonlarning ushbu qurultoyi va unda qabul qilingan qarorlar sovet davri adabiyotlarida «millatchilar guruhining yig‘inida e’lon qilingan burjua muxtoriyati» deb talqin qilib kelindi. Xujjatlar esa ushbu holning butunlay teskarsi bo‘lganligini isbotlaydi. Masalan, muftiy Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘z ma’ruzasida qurultoyning Turkiston xalqlari tarixida ulkan ijobiy, tarixiy hodisa va burulish davri ekanini ta’kidlab, «Qurultoyimiz qabul qilayotgan qarorlar shuning uchun ham ahamiyatliki, unda Turkiston aholisining yevropalik vakillari ham ishtirok etmoqdalar»[3], dedi.
Qurultoy 1917 yil 27 noyabr kuni qabul qilgan qarorda: «Turkistonni Federativ Rossiya Respublikasi tarkibida xududiy jihatdan muxtor deb e’lon qildi hamda muxtoriyatning qaror topish shakllarini Ta’sis majlisiga havola etdi». 28 noyabrda tarkib topayotgan mazkur hukumatning nomi aniqlanib, u Turkiston Muxtoriyati deb ataladigan bo‘ldi.[4]
Butunrossiya Ta’sis majlisi chaqirilgunga qadar hokimiyat Turkiston Muvaqqat kengashi va Turkiston Milliy (millat) Majlisi qo‘lida bo‘lishi kerak, deb hisoblandi. Qurultoyda Turkiston Muvaqqat kengashi a’zolaridan Turkiston muxtoriyati xukumati (8 kishidan iborat) tuzildi. Bosh vazir qilib avval Muhammadjon Tinishboyev, so‘ngra Mustafo Cho‘qayev saylandi. Ayni paytda M.Tinishboyev ichki ishlar vaziri ham hisoblangan. Qo‘qon shahri mirshablarining boshlig‘i-qo‘rboshisi bo‘lgan Kichik Ergashning vakolati Turkiston Muxtoriyati tamonidan e’tirof etildi. Shuningdek, Ubaydulla Xo‘jayev harbiy vazir, Abdurahmon O‘razayev ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, Mustavo Cho‘qayev tashqi ishlar vaziri, Islom Sulton Shoahmedov bosh vazir o‘rinbosari, Yurali Agayev yer va suv boyliklari vaziri, Obidjon Mahmudov oziq-ovqat vaziri, Solomon Abramovich Gersfeld moliya vaziri qilib saylandilar.
Turkiston Muxtoriyati-milliy demokratik davlat edi. Muxtor xukumatni keng xalq ommasi qo‘llab-quvvatladi. Turkiston Muxtoriyati milliy qo‘shinni tashkil qilishga jiddiy kirishdi. 1918 yil boshida ularning soni 2000 askarga yetgan. Bundan tashqari, Qo‘qonda taxminan shuncha mirshab bor edi. Ularga Kichik Ergash qo‘rboshi boshchilik qilgan.
Turkiston Muhtoriyati xukumatining xalq orasida obro‘-e’tibori va nufuzi oshib borishi bolsheviklarni tashvishga solib qo‘ydi. Turkiston o‘lka Sovetlarining IV s’yezdi (1918 yil 16-29 yanvar) Turkiston Muhtoriyati hukumati va uning a’zolarini qonundan tashqarii holatda, deb hisobladi, hatto hukumat a’zolarini qamoqqa olish haqida qaror qabul qildi.[5] Bu bilan sovet xukumati yerli xalq milliy demokratik davlatchiligining dastlabki tajribasi bo‘lgan Turkiston Muxtoriyatini qonga botirib tugatishga qaror qildi.
S’yezd tugaganidan keyin uch kun o‘tgach, 1918 yil 30 yanvarda Turkiston o‘lkasi XKS muxtoriyat hukumatini tugatish uchun harbiy harakatlar boshladi. 1 fevralda (yangi hisob bilan 1918 yil 14 fevralda) Farg‘ona viloyatida harbiy holat e’lon qilindi.
1918 yil 29-30 yanvarda Qo‘qonda favqulodda vaziyat mislsiz darajada keskinlashdi. Ana shunday bir sharoitda 30 yanvarda Qo‘qon ishchi va askar deputatlari Sovetining majlisi bo‘ldi. Unda Turkiston muxtoriyatini ag‘daruvchi organ-inqilobiy qo‘mita (revolyutsion komitet) tuzildi. Uning raisligiga bolshevik Ye.G.Babushkin saylandi. Inqilobiy qo‘mita tarkibiga tub yerli aholi vakillaridan kiritilmadi.
Qo‘mita o‘z qo‘lida cheklanmagan hokimiyatni mujassamlashtirdi, unga katta vakolatlar: favqulodda choralar ko‘rish, hamma narsani sovet hokimiyatini himoya qilishga bo‘ysindirish va safarbar etish xuquqi berildi. Inqilobiy qo‘mita oldidagi eng asosiy bosh vazifa muxtoriyat hukumatini tugatish, shahar aholisini qurolli kuch bilan sovet hokimiyatini tan olishga majbur qilish, «Inqilobiy tartib» o‘rnatishdan iborat edi. Bu esa ommaviy qatog‘onlar uchun keng yo‘l ochib berdi.
Inqilobiy qo‘mita ishni Yevropalik ishchilar va temir yo‘lchilarni qurol bilan ta’minlashdan boshladi. Ayniqsa bolsheviklarning Qo‘qon shahridagi arman millatiga mansub dashnoqlarni: baqqollar, sartaroshlar va vino sotuvchilarni qurollantirishlari ommaviy qirg‘inlarni yanada dahshatli tus olishlariga sababchi bo‘ldi. Toshkent, Skobelev, Andijon, Namangan va boshqa shaharlardan harbiy madad so‘rab murojaat qilindi.
Aynan shu paytda, 1918 yil yanvari oxirlari-fevrali boshlarida Sovet hokimiyati tomonidan kuchli bosim ta’sirida Muxtoriyat tarafdorlari xatti-harakatlari xususiyati shahar soveti tuzulmalari bilan tinch-totuv yashashdan harbiy qarama-qarshilikka borishga tomon o‘zgara boshladi. Qo‘qon sovdeposi muxtoriyatchilarning qurolli qo‘zg‘olonga tayyorgarlik ko‘rayotgani belgilarini qayd etdi. Shahar hokimiyati bunga sovuqqonlik bilan qarolmasdi, chunki undagi harbiy qa’la 16 kishilik rota tomonidan qo‘riqlangan edi, xolos. Bu qarama-qarshilik ochiqdan-ochiq jangovar harakatlarga aylana boshladi. 29 yanvardan 30 yanvarga o‘tar kechasi sovet hokimiyati tomonida turgan harbiy qismlar Qo‘qondagi muxtor respublika xukumati bilan kurashni boshlab, mohiyatan Rossiyada birinchi bo‘lib fuqarolar urushini boshladi.[6]
Bu voqyea arafasida Qo‘qon shahar soveti plenumi ishtirokchilari Muxtoriyat hukumatidan 1918 yil 9 yanvarda Qo‘qonda tashkil etilgan qariyib 2 ming kishilik milliy qo‘shinni darhol qurolsizlantirish va tarqatib yuborishni talab etish haqida qaror qabul qildi.[7]
Ayni paytda, Turkiston o‘lkasi XKS Toshkent, Namangan, Samarqandda shahar Dumalarini tarqatdi. Sobiq general-gubernator kanselyariyasini tugatdi, «Burjua» gazetalrini yopdi. Paxta zahiralarini musodara etdi, neft qazib chiqarish, baliqchilik sanoati, «Xiva» kemachilik jamiyati, barcha bosmaxona va tipografiyalarda milliylashtirishni o‘tkazdi, FK (favqulodda komissiya) tashkil etdi, din davlatdan va maktab dindan ajratilganligini e’lon qildi.[8]
«Qo‘qon musulmon aholisi rus va armanlarni qirg‘in qilib, shaharning yevropaliklar yashaydigan qismini vayron etdi», – degan atayin tarqatilgan mish-mishlar bolshevistik sovetlarga sodiq harbiy bo‘linmalar orasida musulmonlarga qarshi qahr-g‘azab uyg‘otishga sabab bo‘ldi. Bu bilan bolsheviklar o‘zlarining ommaviy qatag‘onliklarining amalga oshirishida qizil armiya harbiy bo‘linmalaridan bemalol foydalanish uchun yo‘l ochdilar. Chunki Qo‘qon xukumatida bunday katta harbiy kuch yo‘q u bor-yo‘g‘i bir necha harbiy qismlar va qipchoq otliq soldatlariga tayanardi.
Muxtoriyatchilar 29dan 30 yanvarga o‘tar kechasi oq gvardiyachilar yordamida inqilobiy qo‘mita joylashgan Qo‘qon qa’lasiga hujum uyushtirish bilan bir qatorda telefon stansiyasini ham egallab oldilar. Ammo Qo‘qon harbiy inqilobiy qo‘mitasi telegraf va telefon aloqasi uzulgunga qadar sodir bo‘layotgan voqyea to‘g‘risida Toshkentga xabar berib, harbiy yordam so‘rashga ulgurgan edi. 31 yanvar kechasi soat uchda Farg‘onadan to‘rtta zambarak va to‘rta pulemyot bilan qurollangan 120 (ayrim ma’lumotlarga qaraganda 146) kishilik harbiy qism yetib keldi. Shu tunning o‘zidayoq inqilobiy qo‘mita Muxtoriyat hukumatiga talabnoma yo‘llab, kunduzgi soat uchga qadar qurol-yorog‘ni topshirish, vakolatlaridan voz kechib, sovet xukumatini tan olish shartini qo‘yadi. Muxtoriyat hukumati a’zolari bolsheviklar talabini javobsiz qoldirdilar. Shundan keyin inqilobiy qo‘mita Muxtoriyat a’zolarini hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqaradi.[9]
Ammo Mustafo Cho‘qayevning xotirlashicha «31 yanvar kunduz soat 12 da Xo‘qand bolsheviklarining bizga bergan ultumatumini tekshirib o‘tirganimizda bizga to‘xtovsiz miltiq ota boshladilar . bu miltiq otuvchilar bolsheviklar bo‘lib chiqdi. Bolsheviklarning ultumatumida bizga 2 soat muddat tayin etilgan va ul muddat 2 soat 20 minutda to‘lar edi: nechundir alar shartnomasini xilof harakatga kirishib muomila yo‘lini kesdilar. Sho‘roi islomiya yurtinda hukumat qo‘shinlaridan boshqa xalqda jiyilg‘on edi. Bolshevik soldatlari yaqinlashib kelarlar, degan xabarni eshitib boshqa xalq tarlan kibik xukumat kishilarida ikkinchi bosh qo‘shirg‘a yo‘l qolmag‘ach tarqalishdilar. Chunki xalq hukumatining alida bo‘lsa kelishurmiz, bolsheviklarga qarshi qurol ko‘tarmangiz»-degan so‘ziga quloq solmay, har qaysi borincha so‘g‘ish asboblarini olib o‘ramga chiqdilar. Bolsheviklarning va’dalarindan ilk ota boshlovlari xalqning ko‘nglini, olar muvaqqat hukumatigina tug‘il, butun xalqqa qarshi harakat boshladilar, degan qo‘rquv soldi. Bu vaqt muvaqqat xukumatning yo‘li butunlay kesilgan edi. qo‘qonda bo‘lgan bu ko‘ngilsiz voqyeani siyosiy sabablaridan boshdan ayoq yozuvni hozirgi zamon ko‘tarmiy».
Ana shu tariqa, Qo‘qon shahrida bolsheviklar maxalliy aholini qirib tashlashdan iborat ommaivy qatog‘onlarni boshlab yubordilar. Turkiston o‘lkasi XKS Turkiston Muxtoriyatiga chetdan keladigan har qanday yordamni oldini olish choralarini ko‘rdi. 1918 yil 14 fevralda butun Farg‘ona vodiysida harbiy holat e’lon qilindi. Farg‘ona temir yo‘lida esa qamal holati joriy etildi.
Albatta bunday og‘ir sharoitda Turkiston muhtoriyati o‘zini-o‘zi himoya qilishga ojiz edi. Muxtoriyatchilar boshlangan dahshatli qirg‘inga qadar tinch vositalar yo‘li bilan hokimiyatni qo‘lga olishga ishonar edi. Shunga qaramay, muxtoriyatchilar sovet qo‘shinlari hujumini uch kun qaytardi. Ular qo‘lga tushgan narsalar-tayoq, bolta, ketmon, oshpichoq, toshlar bilan qurollangan edi.
«Turkiston-turkistonliklar uchun!» shiori bilan chiqqan muxtoriyatchilar muqaddas urush-g‘azovat e’lon qildilar va viloyatlardan yordam kutdilar. Biroq, afsuski, muxtoriyatchilar boshqa joylardan yetarli darajada harbiy yordam olishmadi.[10]
Muxtor xukumat vaziyatning nihoyatda og‘ir ekanligini hisobga olib so‘nggi va oxirgi imkoniyatni ishga soldi hamda bolsheviklar bilan boshlangan muzokara tashabbuskori bo‘ldi. Bu muzokora 17 fevralda boshlandi. Muzokarada muxtoriyatchilar quyidagi talablarni o‘rtaga qo‘ydilar: 1. Shaharni birgalikda boshqarish va uning tarkibida muxtoriyatchilarning ko‘proq vakillari bo‘lishini ta’minlash.2. Harbiy qa’lani shu organning nazorati ostiga olish.3. Militsiyadan boshqa barcha kuchlarni qurosizlantirish. O‘lkada sovet hukumatining shariatga zid dekretlarini bekor qilish.
Ammo inqilobiy qo‘mita Muxtoriyatchilarning bu takliflarini rad etdi. Muxtor hukumat qanday bo‘lmasin qon to‘kmaslik uchun harakat qildilar. Harbiy vazir polkovnik M. Chanishev inqilobiy qo‘mitaga ultumatum qo‘yib, soat 4 gacha qa’lani topshirishni talab etdi.
Ammo musulmon ishchi va dehqonlar konferensiyasi qatnashchilari ultumatumni qaytarib olishni talab qildilar.
«Sho‘roi ulamochi»lar o‘z tarafdorlari bilan bunga norozilik bildirib, ultimatumni qaytarib olishga qarshilik qildilar. Muxtoriyat xukumati a’zolari o‘rtasida o‘zaro ixtilof kelib chiqdi. Mustafo Cho‘qay o‘g‘li boshchiligidagi hukumat mahkamasi ag‘darildi va xukumat boshqaruvi Qo‘qon shahar militsiyasi boshlig‘i Kichik Ergashga o‘tadi. 18 fevraldan 19 fevralga[11] o‘tar kechasi Toshkentdan o‘lka harbiy komissari Ye.Perfilyev boshchiligidagi zambaraklar bilan qurollangan qo‘shin yetib keldi. Perfilyev shaharni uch tarafdan o‘rab olib, 19 fevral kuni ertalab Ergashga talabnoma yo‘lladi. Ergash uning talablarini bajarishdan bosh tortgach, Perfilyev Qo‘qon shahrini 12 zambarakdan o‘qqa tutdi. Kunduz soat 1da boshlangan o‘q yomg‘iri shomgacha shaharni vayronaga aylantirdi.[12] Ammo shunga qaramay, muxtoriyatchilar taslim bo‘lmay, har bir binoni, har bir do‘konni, har bir karvonsaroyni mardlarcha himoya qildilar.
Ertasi kuni -20 fevral tongida vayron etilgan shaharga piyoda qo‘shinlar va dashnoqlarning jangovar qismlari kirdi. Qo‘qon o‘t ichida qoldi. Qo‘qondagi xunrezliklar, qatog‘on dahshatlarini amalga oshirganlarning o‘zlari ham e’tirof etganlar. O‘lka harbiy komissari Ye. Perfilyev jang tafsilotlarini shunday xikoya qildi. «Machitlarni yana bir necha marotaba to‘pdan o‘qqa tutishga to‘g‘ri keldi, qizil gvardiyachilar bo‘g‘izlangan Yevropaliklarning jasadlarini ko‘rganda shunday tutaqib ketdilarki, ularni hech qanday kuch to‘xtatib qololmasdi, askarlar oldidan chiqqan hamma narsani yakson qilib ketaverdilar. Hatto shunday holat ro‘y berdiki 5 ta qizil gvardiyachi yerli banditlarning 200 tasini oldiga solib quvladi. Otryad katta qahromonlik ko‘rsatdi. Jang ishtirokchilari orasida birorta ham qo‘rqog‘i yo‘q edi. Biz qiyinchilik bilan Toshko‘prikni qo‘lga kiritdik va Eski shaharga yorib kirdik. Isyonchilar to‘dasi Skobelev tomonga chekinishdi. Badavlat kishilar qimmatbaho boyliklarini, pullarini o‘zlari bilan olib qochdilar, lekin narsalari o‘zlariga nasib etmadi. qochayotganlarni tezotar to‘pdan o‘q uzib yanchib tashladik, bir qismini esa orqaga chekinishga majbur etdik. Ularning ko‘rpa-yostiqlari, gilamlari, qimmatbaho narsalari yo‘lda sochilib qoldi.»
Qo‘qonda dahshatli fojealar va qirg‘inlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va uning shaxsan ishtirokchisi M.K.Shkorupaning iqrori ayniqsa diqqatga loyiqdir: «Tinch aholining uylari, Turkiston Rossiya uchun ham tansiq bo‘lib qolgan manfaktura, g‘alla omborlari yonardi. Qo‘qon uch kun o‘t ichida qoldi». «O‘sha kunlarda,-deb yozadi tarixshunos Shomagdiyev Sh.A.,-talonchiliklar ham avj olgan. Askar, qizil gvardiyachilarga bo‘ysinmay qolgan olomon, mayda burjuaziya nima bo‘lsa shuni talab, toshib keta boshladi. Eski shahar va barcha do‘konlar tijorat firmalari, savdo qatorlari, banklar, mayda xonodonlar talon-toroj qilindi. Tolonchilar talagan mulklarini aravaga ortib, vokzal va qa’laga tashidilar. U yerda begona mulkni bo‘lib olish boshlandi».[13]
Sovet xukumatining Turkiston muxtoriyatini qonga bostirish uchun doshnoqlar otryadidan foydalanishi Qo‘qonda xaddan tashqari xunrezliklarni oshirib yubordi.
Doshnoqlar Qo‘qonda shifoxonani yoqib yubordi unda 500 ta yarador va kasallar bor edi. Qo‘qon paxta zavodi ishchilarining 50 ta xonadonini a’zolari so‘yib tashlandi. Qo‘qon shahrining o‘zida 10 maxalla axolisini so‘yib tashlab, bolalarni jovdidan o‘tkazdi.
Qo‘qon aholisi dahshatli qirg‘indan vahimaga tushib shaharni tark eta boshladi. Qo‘qon uch kun ma’shala bo‘lib yondi. Uylar, gazlama omborlari, non do‘konlari kuyib kul bo‘ldi. Eski shaharning uchdan biri to‘liq vayron etildi. qo‘qonda dahshatli manzara hosil bo‘ldi. Hamma yoqda o‘liklar uyimi. Ularning bir qismi kuyib ketgan.[14] Ingliz ayg‘oqchisi mayor Blekker ma’lumotiga qaraganda portlovchi moddalar va to‘plar yordamida qilingan xujum paytida shahar butunlay vayron etilgan, o‘sha kunning o‘zida 3000 ga yaqin odam o‘lgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, shu fojeali qirg‘in oqibatida 10000 dan ziyod kishi halok bo‘lgan. Shaharag 1918 yili kelgan ingliz kapitani A. Brun uni yarim bo‘sh holida ko‘rgan. Uning yozishicha, shaharni bosib olishda ishtirok etgan nemis, avstriyalik, vengr asirlaridan yonlangan soldatlar 100000 so‘mdan ortiq pulni o‘marishgan.[15]
Ayniqsa armani millatiga mansub dashnoqlar Qo‘qon shahrida mudxish vahshiyliklarni amalga oshirdilar. Qo‘qonda amalga oshirilgan ommaviy qatog‘onlarning qatnashchilaridan yana biri A.T. Karavaysev o‘z esdaliklarida bunday yozadi: «Konovalov to‘dasidagi arman dashnoqlari o‘zboshimchalikni haddan oshirib yubordilar. Ular Qo‘qonga kelguncha tinch aholini talab, qirg‘in qilgan»lar.[16]
Sovet hukumati qo‘shinlari eski shaharni, ayniqsa savdo tarmoqlarini, do‘konlar, rastalarni, omborlarni taladilar, qolganlariga o‘t qo‘yib yondirib yubordilar. Doshnoqi armanlar musulmonlar yashaydigan xonodonlarga bostirib kirdilar, hech kimni ayamasdan qirg‘in qildilar, hatto qariyalar va yosh go‘daklarga ham rahm qilmadilar. Yosh qizlarning nomuslarini haqorotladilar, ayol juvonlarni esa erlari ko‘z oldida zo‘rladilar. Ibodotxonalar, masjid va madrasalarni vayron qildilar. Hamma yerda qamoqqa olishlar boshlandi. Bunda «Muvaqqat hukumatiga biron-bir aloqasi borlarni qamoqqa olishdi va qa’laga jo‘natishdi. Order (ruxsatnoma) bilan va ordersiz qamoqqa olishdi. Ko‘pgina qamoqqa olishlar «o‘zboshimchalik» deb tan olindi. Ayrim qamoqqa olinganlarni suv va tergovsiz otib tashlandi».[17]
1918 yil 20 fevralda Turkiston muxtoriyati ag‘darilgach Turkiston muxtoriyati xukumati tarkibida bo‘lgan 54 a’zolaridan 30 kishi xibsga olinib sud qilindi. Qolganlari esa yashirinadi. Bir qismi xorijga qochadi, boshqalari esa yashirin faoliyatga o‘tib, sovet xukumatiga qarshi kurashning yashirin formasini tanlaydi.
Turkiston muxtoriyatini ag‘darish jarayonida Qo‘qon o‘t ichida qoldi. Qo‘qon shahridagi pochta 1000dan ortiq magazin va do‘konlar yonib kul bo‘ldi. 1500dan ortiq axolining uylari yonib ko‘chada qolishdi.[18]
Qo‘qonni tashlab ketishga majbur bo‘lgan Muxtor hukumatning a’zolari Farg‘ona shahriga borib xalqni namoyishga chorladilar. Ularni tub yerli mahalliy aholi qo‘llab-quvvatladi. Lekin sovet hukumati bu xarakatni ham qatag‘on mashinasi qizil armiya yordamida qonga botirib bostirdi. Muxtor hukumat a’zolaridan Xidoyatbek Og‘ayev, Mirodil Mirzaahmedov qatl etilgan.[19] Nosirxon To‘ra Namanganda, S.Gersfeld Samarqandda, Obidjon Mahmudov Buxoroda qo‘lga olingan. Ularni turli yillarga ozodlikdan maxrum etdilar.[20]
Ubaydulla Xo‘jayev, Abdulhamid Sulaymon (Cho‘lpon) Qo‘qondagi fojeaviy qirg‘inlarni Ashxaboddan Samarqandga kelayotganlarida yo‘lda eshitdilar va ular o‘z yo‘llarini o‘zgartirib Orenburg tomon yo‘l oldilar. Bu yerda ular Ahmad Zakiy Validiy To‘g‘on bilan uchrashdilar. U Orenburgda Boshqirdiston muhtoriyatining ichki va harbiy ishlari bilan band edi.[21]
Sovet xukumati Turkiston muxtoriyatini tugatish bohanoasida o‘lka xalqlarini qirg‘in qilish, daxshatli qatag‘onlarni boshlab yubordi. Qizil armiya va xususan arman dashnoqlari Qo‘qon shahridagi dahshatli qirg‘inlar va yondirish-vayronagarchiliklar bilan cheklanib qolmadilar. Ular Qo‘qon fojialari bahonasida butun Farg‘ona vodiysini vayron qilib, kultepaga aylantirmoqchi bo‘ldilar. Bu yo‘l bilan sovet xukumati mahalliy aholini qo‘rqitib umuman bosh ko‘taraolmaydigan qilib qo‘ymoqchi bo‘ldilar. Tarixchi olim Sh. Shomagdiyev bergan ma’lumotlarga qaraganda muxtor hukumat ag‘darilgach ham vahshiylik davom etgani yaqqol ko‘rinadai. Qo‘qon va uning atrofidagi tinch aholini talash va o‘ldirish holatlari to‘xtamadi. Faqat Qo‘qonning o‘zida uch kun davomida 10 ming kishi o‘ldirildi.[22] Qizil askarlar va dashnoqlar aholini daxshatga solish, qo‘rqitish maqsadida 1918 yilning boshlarida Farg‘ona vodiysidagi 180 shahar va qasabani yondirib kulini ko‘o‘kka sovirdilar. Ana shu dahshatli qirg‘in paytida Marg‘ilon shahrida 1000, Andijon shahrida 6000, Namangan shahrida 2000 Bozorqo‘rg‘on va Qo‘qonqishloq atroflarida 4500 turkistonlik musulmonlar shohid bo‘ldilar.[23] Bu albatta o‘lka xalqlarining mustamlakachi sovet hukumatiga nisbatan qahr-g‘azabi va nafratining kuchayishiga sabab bo‘ldi.
Ushbu dahshatli voqyealardan so‘ng harbiylar Qo‘qon shahrini tark etdilar. Soldatlar va qizil armiya «o‘zlari bilan vagonlarda talangan milliy boyliklar va ko‘plab vagonda asirlarni» olib ketdilar.[24] Harbiy sovetning qaroriga binoan shaharda zambaraklar bilan qurollangan alohida maxsus bo‘lim qoldirildi.[25]
Sovet tuzumi bu vaxshiylikni qo‘rqitish uchun amalga oshirdi, u Markazning roziligisiz «Muxtoriyat»ni Turkistonda hech kim va hech qachon o‘zboshimchalik bilan barpo etmasin degan maqsadni ko‘zda tutdi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, Turkiston Muxtoriyati tor-mor etilgach, 1917 yil dekabrida qozoq milliy demokratlari tomonidan Orenburgda tashkil etilgan Alash-O‘rda avtonomiyasi hukumatining taqdiri ham 1920 yil mart oyida shunday bo‘ldi.[26]
Turkiston muxtoriyati xukumati a’zolarini va ularni tarafdorlarini ta’qib etish, ularni qatag‘on domiga tortish siyosati sovet hokimiyati tomonidan bir zum bo‘lsa-da to‘xtatilmadi. Aksincha keyinroq bo‘lsa-da ularni butunlay jismonan yo‘q qilib tashlandi.
OGPUning O‘rta Osiyodagi Muxtor vakilligi huzurida tashkil qilingan “uchlik”ning 1930 yil 27 oktyabrdagi sud yig‘ilishida Turkiston muxtor xukumati a’zolaridan bo‘lgan Nosirxonto‘ra Saidkamolxonto‘rayevni 56 yoshida o‘tmishida sovet hokimiyatiga qarshi aksilinqilobiy “Qo‘qon muxtor xukumatida vazir lavozimida ishlagan” 1925 yildan 1928 yilga qadar sovet xukumatiga qarshi faoliyati uchun qamalgan. Hozirda ham sovet tuzumiga qarshi tashviqot olib bormoqda deb otuvga hukm etdi.[27] Xuddi shu kungi yig‘ilishda “uchlik” Nosirxonto‘ra Saidkamolxonto‘rayevning oila a’zolari va maslakdoshlari ustidan ham xukm chiqardi. Nosirxonto‘raning farzandlaridan Dadaxon eshon Nosirxonovni otuvga, Xasanxon Nosirxonto‘rayevni 6 yilag qamoq jazosiga xukm etildi.[28] Nosirxonto‘ra Saidkamolxonto‘rayevning shogirdlaridan Mullafozil Bobomuhammedov, Mullano‘mon Karimovlarni dastlab otuv jazosiga xukm etib, so‘ngra ijtimoiy kelib chiqishini hisobga olib otuv jazosi 10 yillik konslagerga qamoq bilan almashtirildi, Yuldashev Mullatojiboyni ham 10 yilga ozodlikdan maxrum etdi.[29] Nosirxonto‘raning xotinini akasi Saydullo Maqsudovni 5 yilga ozodlikdan maxrum etildi.[30]
Ammo zo‘rlikka, bosqinchilikka asoslangan va Turkiston muxtoriyatini tugatishga qaratilgan Sovet hukumatining shafqatsiz ommaviy qatog‘on siyosati mehnatkash xalq ommasi ko‘zi oldida bu xukumatning asl maqsadi va mohiyatini ochib tashladi. Natijada butun Turkiston xalqlari istiqlol uchun, erk va milliy ozodlik uchun kurashga otlandilar.
Sovet hokimiyatining Qo‘qon shahrida amalga oshirgan dahshatli ommaviy qatog‘onlaridan hatto Turkistonda yashayotgan Yevropa millatiga mansub eserlar, kadetlar va mensheviklarning vakillari ham nafratlangan edilar.
Menshevik-internatsionalistlar fraksiyasining boshlig‘i X.L. Veynshteyn Toshkent shahar Sovetining 1918 yil 23 fevraldagi yig‘ilishijda Respublika Harbiy Komissari Ye. Perfilyevning qizil gvardiyachi jangchilari bilan Qo‘qonda dahshatli qirg‘in qilganini taftish etish kerak va aybdorlar javobgarlikk tortilishi lozim, deb talab qildi. Jumladan u shunday degan edi: «Qiziq, sinfiy kurash nomi bilan armanlar va forslarning o‘zaro milliy kelishmovchiliklari xaqidagi gaplar, musulmonlardan qanday qilib himoyalanishimiz loyihasi to‘g‘risidagi fikrlar quloqqa chalinmoqda. Biz sinfiy kurash o‘rniga milliy kurash olib boryapmiz, bu ahvolni, shubhasiz, tabiiy hol deb hisobga olmaymiz. Lekin u mantiqan to‘la sovetlarning Turkiston o‘lkasida olib borayotgan siyosati oqibatidir. O‘lkada musulmonlar xohish-irodasi bilan hisoblashmay turib sotsializm qurishga intilmoqdamiz. O‘rtoq Perfilyev mehnatkash musulmon ommasi muhtoriyatini xohlamadi, qo‘llab-quvvatlamadi, deb ta’kidlab o‘tdi. O‘rtoq Perfilyevning o‘z fikrini isbotlashga asosi bormi? Uning asosi shundaki, qaysiki musulmonlar to‘pdan o‘qqa tutilgandan keyingina o‘zlarini bo‘ysinishga tayyor ekanliklarini bildirganini nazarda tutayotgan bo‘lsa kerak.
Yerli xalq Kuropatkinga o‘zlarining itoatgo‘yligini o‘shanday usullardan keyingina bildirmaganmidi? O‘rtoq Perfilyev Kuropatkin qo‘llagan usullar bilan yondoshmoqni mulohaza qilayapti. Ma’ruzada biz faqat milliy qirg‘inlarni ko‘rayapmiz: bunday usulni podsho monarxiyasi qo‘llagan. qaysi sotsialist bularga ishonishi mumkin? Siz Turkistonni tashlab chiqib ketasizmi? Agar bu yerli xalqning xohish-irodasi bo‘lsa-chi? Kimki bu to‘g‘rida gapiradigan bo‘lsa, sizlar darov uning ovozini o‘chirasizlar. Yo‘q sizlar sotsialist emas, o‘sha imperalist, o‘sha istilochisizlar. Veynshteyn o‘z fikrini davom ettirib…. Internatsionalistlar fraksiyasi nomidan zudlik bilan ro‘y bergan voqyeani taftish qilib, o‘rganib chiquvchi komissiya tuzishni, inqilobning qizil bayrog‘iga kimki dog‘ tushirgan bo‘lsa, oddiy gvardiyachidan tortib, otryad komandirigacha hamma-hammasini qa’tiy javobgarlikka tortishni talab qilamiz. Biz uchun ayrim kishilarning shuhrati emas, demokratiyaning vijdoni va tutgan yo‘li ahamiyatlidir. Inqilob bayrog‘idan dog‘ni yuvib tashlash kerak. Aybdorlar qonun oldida javob berishlari lozim».[31]
1918 yil yanvar oyidayoq Skobelev shahar xokimi V.D.Doriomedov «Znamya svobodo‘» gazetasida muxtoriyatchilarga hayrixoxlik bildirib, «Rus bolsheviklari har qanday muhtoriyatni tan olmadi va mazlum xalqlar o‘z xuquqlari va taqdirini xaqiqatan o‘zlari belgilamoqchi bo‘lganlarida bunga yo‘l qo‘ymadi»[32] deb yozgan edi.
Turkiston muxtoriyatiga qarshi amalga oshirilgan qatag‘on siyosatini ba’zi bir bolshevik arboblarning o‘zlari ham tanqid qilgan edilar. Jumladan, sovet hukumati arboblaridan D.J.Manjara shunday degan edi: «Milliy siyosatda yo‘l qo‘ygan xatolarimiz tufayli Qo‘qon muxtoriyat vujudga keldi… Uni yo‘qotish paytida yana bir xatoga yo‘l qo‘ydik. Qurol aslahasi deyarli bo‘lmagan muxtoriyatchilar joylashgan eski shaharni qamal qilish o‘rniga biz to‘plardan o‘qqa tutdik, keyin dashnoqlarning qurolli to‘dalarini ishga soldik. Natijada talon-taroj, nomusga tegish, qirg‘in boshlandi. Bundan muxtoriyatchilarga aloqasi bo‘lmagan tinch aholi katta zarar ko‘rdi.»[33]
Bulardan ko‘rinib turibdiki Turkiston muxtoriyatining tugatilishi jarayonida sovet xokimiyatining qatog‘on siyosati nafaqat yerli xalq balki boshqa xalqlarning jumladan, o‘sha tuzum uchun xizmat qilayotganlarning ham qahr g‘azabini qo‘zg‘atdi. Turkiston muhtoriyati millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash masalasini demokratik yo‘l bilan xal etishga bel bog‘lagan xalq va uning ilg‘or ziyolilari zakovati va irodasi zaminida vujudga kelgan edi. Tabiiyki, zo‘rovonlik, shovinizm bilan qurollangan yangi mustabid bolsheviklar rejimi milliy mustaqillikka intilishning har qanday ko‘rinishiga tish tirnog‘i bilan qarshi chiqdi. Sinovdan o‘tgan usul-xalqni aldash, shafqatsiz qirish, talash, qatog‘on qilish bu gall ham ishga solindi va ezgu niyatlar, katta maqsadlar bilan yuzaga kelgan milliy demokratik xukumat xali to‘liq shakllanib ulgurmayoq yo‘q qilindi. Turkiston Muxtoriyati xukumatining ag‘darilishi turkistonliklarni bolsheviklar rejimiga qarshi o‘z ona Vatanlarini himoya qilish uchun qo‘llariga qurol olishga majbur etdi. Bu qurolli harakatning mohiyati milliy ozodlik an’analarining davomi bo‘lib, istiqlol uchun kurash edi. Bu bilan Turkistonda ommaviy antisovet harakati boshlandi. Milliy ozodlik kurashi an’analarini o‘zida namoyon etgan istiqlolchilik harakatining xususiyati o‘sha davrdagi «Turkistonning Rossiyadan ozodligi uchun!», «Zolimlarsiz Turkiston uchun!», «Turkiston-turkistonliksiz uchun!» kabi siyosiy talablarida yorqin namoyon bo‘ldi.
Elmurod Zokirov
“Turkiston Muxtoriyatini ag‘darish chog‘ida sovetlarning yerli xalqqa nisbatan qo‘llagan qatag‘on siyosati” BMI. 3-qism
[1] O‘zbekistonning yangi tarixi. Ikkinchi kitob. O‘zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida -T.: Sharq. 2000.
[2] R. Shamsutdinov., SH Karimov. Vatan tarixi. (O’zbekiston sovet mustamlakachilik davrida). Uchunchi kitob. “Sharq” Toshkent-2010.
[3] R. Shamsutdinov., SH Karimov. Vatan tarixi. (O’zbekiston sovet mustamlakachilik davrida). Uchunchi kitob. “Sharq” Toshkent-2010.
[4] O‘zbekistonning yangi tarixi. Ikkinchi kitob. O‘zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida -T.: Sharq. 2000.
[5] A’zamxo‘jayev S. Turkiston Muxtoriyati.-T.: Ma’naviyat, 2000.-B.153-155.
[6] O‘zbekistonning yangi tarixi. Ikkinchi kitob. O‘zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida -T.: Sharq. 2000.
[7] O‘zbekistonning yangi tarixi. Ikkinchi kitob. O‘zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida -T.: Sharq. 2000.
[8] A’zamxo‘jayev S. Turkiston Muxtoriyati.-T.: Ma’naviyat, 2000.-B.147.
[9] O‘zbekistonning yangi tarixi. Ikkinchi kitob. O‘zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida. T.: Sharq, 2000.- B.66.
[10] A’zamxo‘jayev S. Turkiston Muxtoriyati.-T.: Ma’naviyat, 2000.-B.146.
[11] 1918 yil 1 fevraldan boshlab kunlar yangi sana bo‘yicha ko‘rsatiladi. Chunki Sovet hokimiyatining dekreti bilan 1918 yil 31 yanvardan keyin 1 fevral emas, balki 14 fevral deb hisoblandi.
[12] O‘zbekistonning yangi tarixi. Ikkinchi kitob……-B.66
[13] [13] R. Shamsutdinov., SH Karimov. Vatan tarixi. (O’zbekiston sovet mustamlakachilik davrida). Uchunchi kitob. “Sharq” Toshkent-2010.
[14] O‘sha asar.
[15] A’zamxo‘jayev S. Turkiston Muxtoriyati.-T.: Ma’naviyat, 2000.-B.149
[16] Vospomininiye uchastnikov grajdanskoy voynы v Andijanskoy oblasti. Vыpusk. 1.-Andijan, 1957. s-51
[17] Ulug‘ Turkiston. 1918 yil. 12, 14, 19 mart.
[18] Qo‘qon shahar tarixiy-o‘lkashunoslik muzeyi ilmiy fondi materiallaridan.
[19] O‘zR MDA, R-615-fond, 1-rыyxat, 97-delo, 75-varaq.
[20] Cho‘qayev M. Istiqlol jallodlari (1917 yil xotiralari) T.: G‘.G‘ulom nomidagi nashriyoti matbaa birlashmasi, 1992.-B.49.
[21] Zakiy Validiy. Xotiralar. «Sharq yulduzi», 1993 yil 7-8 son, 165-166 betlar.
[22] Shomagdiyev Sh.P. Ocherki istorii grajdanskoy voynы v Ferganskoy doline.- T.: Fan, 1961.- S.55.
[23] O‘sha joyda. _B.56.
[24] Ulug‘ Turkiston. 1918 yil. 19 mart.
[25] Pobeda Oktyabrskoy revolyutsii v Uzbekistane. T. 1. s.50.
[26] A’zamxo‘jayev S. Turkiston Muxtoriyati.-T.: Ma’naviyat, 2000.-B.151
[27] Sredneaziatskiy kishlak v godы bolshogo terrora (Sostaviteli: Shamsutdinov R.T., Yusupov E.Yu., Xoshimov M., Do‘stmatov E.P.) Andijon 2007. S. 7
[28] O‘sha joyda. B.8.
[29] O‘sha joyda. B.10.
[30] O‘sha joyda.
[31] Turkistan v nachale XX veka: k istorii istokov natsionalnoy nezavisimosti. Nauchnыy redaktor: R.Ya.Radjapova.-T.: Shark. 2000.-S.110-111.
[32] Alekseyenkov.P. Kokandskoy avtonomiya.-T.: 1931.s.6
[33] O‘zR MDA, R-1747-fond, 1-ro‘yxat, 1-ish, 67-varaq.
https://shosh.uz/uz/elmurod-zokirov-turkiston-muxtoriyatining-tugatilishi-hamda-keyingi-davrlarda-muxtoriyatchilarga-nisbatan-qo-llanilgan-ommaviy-qatag-onlar-iii/