O‘zbekiston: millatning tavallud topishi


Post Views:
558

XIV yuzyillik mobaynida mahobatli saltanatga asos solgan jahongir Amir Temur nomi bilan yuritilayotgan xiyobon XIX asr so‘ngida Toshkentning ramziy markaziga aylangan edi. Bir zamonlar bu joyda Turkiston o‘lkasining dastlabki general gubernatori Konstantin Kaufman (1818-1882), so‘ngroq esa Karl Marksga atab o‘rnatilgan yodgorlik o‘rnini bugun Temurning otliq haykali zabt etgan.

Sho‘rolar Ittifoqi qulashi barobarida jahongir Temur millat otasi, o‘zbek xalqining rahnamosi maqomini oldi. Ammo bu o‘rindagi jumboqli masala shunda ediki, uning avlod va vorislarini shimolroqdagi dashtlarda quvvatga kirgan o‘zbeklarning qabilaviy birligi hali 1500 yildayoq Transoksiana yoxud Movarounnahrdan siqib chiqargan hamda toki XIX asrda Rossiya imperiyasi ishg‘oliga qadar ushbu mintaqa ular hukmi ostida bo‘lgan edi.

Temurning o‘zbek millati dohiysiga aylanishi jarayonini kuzatishga intilishlarimiz sho‘rolar milliy siyosatining XX asr boshlaridagi inqilobiy ehtiroslarga to‘yingan mahalliy ziyolilar qatlami bilan o‘zaro munosabatlariga doir kam o‘rganilgan so‘qmoqlarida sargardon bo‘lishimizga olib kelishi tayin. Ammo tadqiqotlarimiz davomida, zamonaviy o‘zbek o‘zligi ildizlarini mahalliy ziyolilarning otashin intilishlari sho‘rolar davlatining mutlaqo sovuqqon faoliyati bilan ajabtovur tarzda hamohang bo‘lgan o‘sha dolg‘ali XX asr birinchi yarmidagi siyosiy voqyealardan qay ma’noda izlash lozimligi oydinlasha boradi. Chingiziy ekani dargumon bo‘lsa-da, zamoni kelgach Temur Chingizxon saltanatining davomchisiga aylandi (mo‘g‘ullar saltanatini amalda qo‘lga kiritdi). Uning olamshumul faoliyati qudrat va salohiyatda tengsiz davlat barpo etish bilan cheklanib qolmadi. Temur va uning vorislari hukmronligi munajjim Mirzo Ulug‘bek va shoir Alisher Navoiy kabi ilm va san’atning bemisl daholarini taqdim etgan tengsiz madaniy yuksalish davriga bois bo‘ldi. Temuriylar davri parvozi chingiziy davlat boshqaruvining islomiy madaniyat andozalari bilan uyg‘unlashuvidan iborat bo‘ldi. Turkiy lahja ayni shu davrda adabiy til mavqyei qadar yuksaldi va Chingizxonning Transoksiana yoxud Movarounnahrni meros qilib olgan uchinchi o‘g‘li ismi sharafiga Chig‘atoy tili deya atala boshlandi. Navoiy asarlari chig‘atoy nazmiyatini jahon mavqyei qadar yuksaltirib, toki XX asr qadar muttasil bardavom bo‘lgan adabiy an’anaga asos soldi. Chig‘atoy tili forsiy bilan baqamtilikda taraqqiy topdi. Shoirlarning aksari ikki tilli edi hamda bu holning tadriji o‘laroq, chig‘atoy she’riyati ko‘plab forsiy kalima va adabiy timsollarni tabiiy tarzda o‘zlashtirdi.

Temuriylar tarix sahnasidan tushganlaridan so‘ng ham chig‘atoy madaniyati o‘z ta’sirini saqlab qolgan edi. Chig‘atoy tili endi eski o‘zbek tili deb atalar, Alisher Navoiy esa o‘zbek adabiy shajarasida eng muhim o‘rinni egallar ekan, zamonaviy o‘zbeklar o‘zlarini ana shu asriy an’analarning bevosita vorislari, deb biladilar. Chig‘atoy merosi va zamonaviy o‘zbek xalqi o‘rtasidagi bog‘liqlik sho‘rolar davrida yana ham aniq shakliga ega bo‘ldi. Tabiiyki, sho‘rolar davlati Temurning o‘zini aslo siylamadi (rasmiy matbuotda «uning istilolari feodal xarakterga ega bo‘lib, behad ayovsiz tarzda olib borilganligi» muttasil urg‘ulanar edi), ammo Ulug‘bek va Navoiy singari siymolarga o‘zbek madaniyati daholari qatoridan mustahkam o‘rin hozirlandi. Navoiy tavalludiga besh yuz yil to‘lishi munosabati bilan ushbu sana 1941 yili Butunittifoq miqyosida keng tantana qilinar ekan, aynan mana shu voqyea o‘zbek sovet xalqining o‘tmish chig‘atoy merosiga o‘z tabiiy huquqini namoyish etishiga imkon berdi. O‘zSSR Xalq Komissarlari Kengashi huzuridagi Navoiy yubileyini o‘tkazish qo‘mitasi topshirig‘i bilan taniqli sharqshunos va tarixshunos olim Aleksandr Yakubovskiy o‘zbeklar tarixi bo‘yicha ilmiy asar tayyorladi. «O‘zbek xalqi etnogenezi masalasiga doir» deb nomlangan va faqat rus tilida nashr etilgan ushbu mo‘’jaz risola o‘zbek milliy o‘zligini aniqlashga doir hamon yagona salmoqli matn holicha qolmoqda. Ushbu risolasida Yakubovskiy «o‘zbek xalqi XV asrdan O‘rta Osiyoga kirib kela boshlagan, ammo butun mintaqani faqat XVI boshlaridagina to‘la zabt eta olgan Shayboniyxon boshchiligidagi ko‘chmanchi o‘zbeklardan debocha oladi, qabilidagi hamon urfda bo‘lgan qarashlar»ni shubha ostiga oladi va ushbu asosi mo‘rt qarashlar o‘rniga o‘zbeklarning, ular madaniyati va tili kelib chiqishi ancha qadimiyroq ekaniga oid boshqa puxta farazlarini taqdim etadi:

«Ko‘chmanchi o‘zbeklar faqat eng so‘nggi muhim unsur sifatidagina o‘zbek xalqi tarkibiga qo‘shildi. Ko‘p asrlik murakkab etnogenez jarayoni mobaynida bu hududlarda shakllangan O‘zbekistonning barcha turkiy aholisi o‘zbek xalqining asosidir va zinhor ko‘chmanchi o‘zbeklar emas. Kelgindi va ko‘chmanchi o‘zbeklar Movarounnahr turkiylari orasida ustun mavqyeda bo‘lgan va chig‘atoy tili deb yuritilgan lahjani o‘zlari uchun adabiy til o‘laroq so‘zsiz qabul qilganlari holati o‘ta muhimdir. O‘tmishga nazar tashlasak, ushbu til qoraxoniylar davri lahjasining taraqqiyot tizimiga aynan esh ekanini ko‘ramiz, zamonaviy nuqtai nazarga ko‘ra esa chig‘atoy lahjasi zamonaviy o‘zbek tili taraqqiyotining bosqichlaridan biridir»[1].

Shu munosabati bilan SK VKP(b) O‘rta Osiyo byurosi organi bo‘lgan «Za partiyu» gazetasi sahifalarida duch kelganimiz va «chig‘atoychilik»ni ayovsiz tanqid ostiga olgan maqola g‘oyat qiziqarlidir. Yakubovskiy risolasidan bor-yo‘g‘i 12 yil avval chop qilingan ushbu qahrli bitiklar muallifining uqdirishlari mana bular:

«Chig‘atoy adabiyoti… mazmun va shakliga ko‘ra zamonaviy o‘zbekka mutlaqo yot. …O‘zbek tilining boshlang‘ich ta’mali deb ko‘rilayotgan chig‘atoy lahjasi o‘zbeklarning hozirgi adabiy tilidan mutlaqo uzoqdir. Chig‘atoy lahjasining o‘ndan to‘qqiz ulushi arabiy va forsiy so‘zlar qorishig‘idan iborat. Shu sabab bu tilni oddiy bir savodxon o‘zbek tugul, sovet maktabi va inproslarini (maorif oliygohlari) bitirgan o‘zbek ziyolisi ham, agar u o‘z davrida eski Buxoroning diniy «mahadlarini» tamomlamagan bo‘lsa, tushuna olmaydi».

Hattoki Navoiy she’riyati ham «xudo va uning payg‘ambari targ‘ibotlari» bilan to‘ladir. Ushbu tanqidiy maqola muallifi Jalil Boybo‘latov nazarida «chig‘atoychilik» panturkizm, panislomizm va mahalliy millatchilikning bir shakli bo‘lib ko‘rinadi:

«Bu adabiyot sohasida baynalmilal proletar mafkurasi bilan aloqalarni uzish yo‘li, adabiy shovinistlarni voyaga yetkazish, va oqibat «oltin asrlar» mafkurasi bo‘lgan mistitsizmga qaytish yo‘lidir»[2].

Boybo‘latov maqolasi o‘zbek va rus tillarida bot-bot qayta e’lon qilindi va 1930-yillar o‘zbek sovet adabiyoti rivojlanish yo‘lini belgilashda muhim rol o‘ynagan omillardan bo‘ldi. Bu adabiyotda esa «chig‘atoychilik» tamom nazardan chetlashtirildi, unga biror o‘rin ravo ko‘rilmadi.

Chig‘atoychilik va o‘zbek ziyolilari

O‘rta Osiyoning ilk modernist ziyolilari (jadidlar) inqilob arafasida chig‘atoychilikka mustaqil tarzda yuz burdilar. O‘rta Osiyo Rossiya tarafidan istilo etilgach, mahalliy ziyolilar muttasil taraqqiyot va ilg‘or ma’rifatgina bu yurtni qudratli imperiya zulmidan qutqarish yo‘li ekaniga ishondilar. Ziyolilar (o‘sha davrlarda urf bo‘lgan milliy-ozodlik mavzusiga doir mulohazalardan) bu dunyo aslida o‘zaro muttasil raqobatda bo‘lgan alohida xalq va millatlar majmuidan iborat ekanligi haqidagi qoidani puxta anglab yetdilar. Modomiki shunday ekan, yashash uchun kurashda muvaffaqiyat qozonmoq uchun millat, avvalo, o‘z-o‘zini anglab yetmog‘i, ikkinchidan esa, taraqqiyot yo‘liga chiqish va o‘zini muhofaza eta olish uchun tashkillanmog‘i lozim. Ushbu mantiq jadidlarni o‘zlik masalasini yangicha tarzda, Rossiya va Usmonlilar davlati ziyolilari orasida ommalashayotgan o‘zlikni anglash intilishlariga uyg‘un tarzda, qo‘yishlariga olib keldi. O‘zaro umumiylik va ayniylik borasidagi asos tushunchalarni o‘zlashtirish muhim nuqta kasb etdi. Har ikki saltanatning musulmon ziyolilari daf’atan o‘z turkiy ildizlarini «kashf» etib, bundan iftixor tuyishni o‘rgandilar. Ushbu hodisani musulmon elitasining (sara namoyondalarining) jamiyat haqidagi tasavvurlarini parokanda etgan turkchilik g‘oyasining yuksalishi, deb atash mumkin edi. Etnik kelib chiqish, milliy o‘zlikka urg‘u berilishi O‘rta Osiyo jamiyatlaridagi hukmron tushunchalarni shakllantirgan diniy va sulolaviy prinsiplarning amaldagi inqirozi edi. Boz ustiga, jadidlar olg‘a surayotgan bu qarashlar o‘sha davr etnografik ilmining eng yangi tadqiqotlari, turkiyshunoslik va lingvistika yutuqlari bilan ham to‘yintirilgan edi. Garchi Rus va Britan imperiyasidagi ma’lum doiralar bu ikki tushunchani o‘zaro chalkashtirsa-da, ammo turkiylik o‘z holicha panturkizmga kechib o‘tishi mumkin emasdi. Aksiga olib, keyinroq soha olimlari ham ayni yanglish tasavvurni barqaror etishdi[3]. Nafsilambri, turkiylik tushunchasining talqini yagona emas, Usmonlilar saltanati ahli, totorlar va O‘rta Osiyo aholisi ayni tushunchaga turlicha qadriyatlarni joylagan edi. Xususan, O‘rta Osiyoda turkiylikning g‘oyaviy hosilasi aynan chig‘atoychilik bo‘ldi va ushbu mintaqaning o‘ziga xos turkiy merosi aynan mana shu shamoyilda yuzaga chiqdiki, bu shakl ko‘p hollarda turkiylikning boshqa ko‘rinishlari bilan ziddiyatlarga kirishdi.

Bu davrning eng ko‘zga ko‘ringan namoyondalaridan biri Abdurauf Fitrat (1886-1938) edi. Buxoroda ta’lim olgan Fitrat so‘ngra Istambulda to‘rt yil (1909-1913) ilm bilan mashg‘ul bo‘ldi va turkchilik g‘oyalarini o‘ziga singdirdi. 1917 yildan e’tiboran u Temur siymosi O‘rta Osiyo milliy o‘zligining ta’mal asosi ekanini muttasil uqdirar edi. Uning talqinida Temur bir sulola asoschisi va jahongirdan O‘rta Osiyo turkiy millatining dahosiga, valine’matiga aylangan edi. 1918 yil oxirlarida Fitrat bir qancha maslakdoshlari bilan birga «Chig‘atoy gurungi» nomli madaniy birlik ta’sis etdi. Ushbu jamiyat «turkiy tilni yangilash, uning so‘zlik tizimi va badiiy adabiyotini boyitish uchun butun Turkiston bo‘ylab eski va yangi turkiy asar va manbalarni jamlay borish»ni[4] o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan edi. Keyingi ikki yil davomida tashkilot til va adabiyot masalalariga qaratilgan bir qator munozaralar uyushtirdi, shuningdek, imlo qoidalarini isloh qilish masalasini ko‘tarib chiqdi. Turkiylikni har jabhada yuksaltirishni bosh vazifa deb bilgan «Chig‘atoy gurungi» vakillari Botu, Uyg‘ur, Chingiz va Temuchin singari taxalluslar ostida asarlar bitdilar, Alisher Navoiyni Chig‘atoy adabiyotining ulug‘ asoschisi deya e’tirof etdilar.

Panturkizm g‘oyalarini tarqatganlik iddaosi bilan 1922 yilda «Chig‘atoy gurungi» faoliyatiga chek qo‘yildi va toki sho‘rolar zamoni so‘ngiga qadar bu tashkilot shu kabi malomatlardan qutula olmadi. Ammo bor haqiqat shunda ediki, gurung vakillari aslida butun faoliyatlari bilan usmoniylikka qarshi edilar, ular usmoniy turkchasiga asoslangan «umumturkiy til» g‘oyasining otashin raqiblari edilar. Ular, jumladan, Toshkentdagi musulmon maktablarida turk tili asosida ta’lim berilishiga qarshi kurash olib borishgan edi. Gap shunda ediki, Birinchi jahon urushi davomida asir olingan ko‘plab turk harbiylari 1918-1920 yillarda Toshkent maktablarida mudarrislik qilgan va mahalliy tilni turk tilining bir lahjasi sifatida ko‘rar, Toshkent shahar maorif sho‘’basi ijozati bilan musulmon maktablarida «ona tili»ni uch yil o‘qitilganidan so‘ng darhol «umumturkiy til» ta’limi boshlanar edi. Istambulda to‘rt yil yashab ko‘rgan Fitrat bu holni «o‘z tilimizga haqorat va uni nazarga ilmaslik» sifatida qabul qildi, illo, uning chuqur e’tiqodicha, aynan Chig‘atoy aslli o‘zbek tilida «barcha turkiy adabiyotlar ichida eng to‘kis, eng boy va qiymati tengsiz asarlar yaratilgan»[5] edi. Ta’kidlash lozimki, Fitratning Chig‘atoy merosiga murojaatlari tilni zamonaviylashtirish va «milliylashtirish»ga qaratilgan beqiyos istaklari va bu yo‘ldagi sa’y-harakatlari bilan hamisha hamohang edi. Aynan shu bois ham u yozma tilni og‘zakisiga yaqinlashtirish maqsadida imloni isloh qilish, yangi so‘z boyligi ustida ishlash hamda barcha jabhada arab va fors tillari ta’siriga qat’iy tarzda qarshi turish g‘oyalarini tinimsiz ilgari surib keldi. So‘nggi masala o‘ta mushkul edi, zotan, Chig‘atoy adabiyoti ko‘plab timsollar va kalimalarni aynan arab va forsiy manbalardan o‘zlashtirib, o‘ziga singdirgan edi. Bu yillarda vujudga kelgan va amalda esa o‘zbekcha ijodiyotning muhtasham davriga taalluqli yangi adabiyot an’anaviy andozalardan voz kechish, yangi so‘zlarni dadil tasarruf etish va voqyelikka yangicha tarzda badiiy yondoshuv xususiyatlarini o‘zida namoyon etdi[6]. Chig‘atoy va o‘zbek tillarining o‘zaro munosabatlari bag‘rida takomillashuv salohiyati mavjud edi va shu bois ham Fitrat turk va yoxud tatar tillaridan kalimalar o‘zlashtirish o‘rniga, bil’aks, zamonaviy o‘zbek tili qoidalarini aynan chig‘atoy tilining ichki mantig‘i asosida shakllantirish mumkinligiga chin dildan ishongan edi. Mana shu faoliyatlarga asoslanib aytish mumkinki, chig‘atoychilik aslida panturkizm qarashlaridan juda uzoqda edi va ehtimolki, mana shu tariqa O‘rta Osiyo yoxud Turkiston o‘zining turkiy dunyodagi alohida va xos o‘rnini namoyish etishni istagan edi.

O‘zbek millatining ta’rifi

Ziyolilarning otashin mubohasalari xalqning o‘zi tasavvur etgan o‘zlik tushunchalaridan ko‘p hollarda uzoq edi. Jadidchilik paydo bo‘lguniga qadargi o‘sha davrda  manbalarida o‘zbek millati haqida deyarli hech narsa uchramaydi. Rossiya istilosigacha O‘rta Osiyo aholisi turli guruhlarining o‘z-o‘zini anglami mintaqaning ijtimoiy va iqtisodiy tuzilmasi bilangina chambarchas bog‘langan va shu bois ham umumiylikdan ko‘ra xususiylikka moyil tarqoq ko‘rinishda edi. Mahalliy aholi o‘zini qay tarzda ta’riflashiga oydinlik kiritishni rejalagan 1921 yilgi etnografik tadqiqotlar «biror bir unsur — na til, na qabilaviy umumiylik, na boshqaruv uslublari va hatto qiyofaviy o‘xshashlik ham ushbu masalani tugal yechib bera olmasligini» aniqladi[7]. Aholini guruhlarga ajratish — ularning lisoniy va etnik toifalanishiga muvofiq kelmadi. Boz ustiga, bu tadbirlar u yoki bu guruh o‘zaro muomalada tasarruf etadigan til doirasini ham qamrab ola bilmadi. Ayrim guruhlar, masalan, Buxoro o‘zbeklari o‘zlarini aynan o‘zbek deb ataganlari holda mutlaqo forsiyda so‘zlashardi[8]. Antropolog Bolqiz Karmisheva 1949 yili Boljuvonda yana ham ajabtovur jamoatga duch keldi: ular o‘zlarining turkiy qabilaga mansub ekanlarini iftixor bilan ta’kidlar ekanlar, ayni paytda faqat tojik tilida muloqot qilishadi. Jumboqli bu holatdan chora sifatida ular o‘zlarini «turkiy asilli tojiklar»[9] deb hisoblashlari juda maroqli edi. Odatda Transoksiananing ko‘chmanchi xalqlari o‘zlarini o‘zbek deb atashardi. Shahar aholisi bo‘lsa, ko‘p hollarda, o‘ziga asosan yashash joyiga ko‘ra nisbat berar, bu ham kifoya qilmasa, o‘zini «sort» va yo «turkiy» deya bilardi[10]. Shu tariqa, O‘rta Osiyoning barcha o‘troq aholisi yagona o‘zbek millatini tashkil etadi, degan ko‘rinishdagi jadidlarning ta’kidlari bu masalada burilish yasadi va inqilobiy davrning siyosiy voqyealarida muhim o‘rin egalladi[11].

«U yoki bu xalq shakllanishi holatlarini uning xos nomi tarixidan farqlash»[12] lozimligi haqidagi Yakubovskiyning so‘zlari amalda tamomila teskari isbotini topdi. Yakubovskiy o‘zbek millati uni shu nom bilan atay boshlaganlaridan ancha avval mavjud edi, deb ta’kidlagan edi. Ammo fikri ojizimcha, vaziyat buning mutlaq chappasi edi: «o‘zbeklar» atamasi aynan o‘zbek xalqining o‘zi paydo bo‘lishidan ancha avval ham, ziyolilar yetakchilik qilgan siyosiy harakat sharofati bilan inqilob davrida yuzaga chiqqan, qolaversa, Sovet O‘zbekistoni qaror topishi ortidan tasdiq bo‘lgan xalqning o‘zidan ilgari ham mavjud edi. Inqilob alangalangan o‘sha 1917 yilda «o‘zbekchilik» u qadar muhim siyosiy o‘rin tutmagan, zotan, joriy siyosiy muhorabalar Turkiston deb atalgan hududga doxil tarzda kechayotgan edi. 1917 yil noyabrida Qo‘qonda e’lon qilingan (va to‘la ruslardan tashkil topgan Toshkent kengashining Qizil gvardiyasi 1918 yil fevralida barham bergan) muxtor hukumat «Turkiston xalqlari» nomidan faoliyat boshladi va mahalliy deputatlarning bo‘lg‘usi qurultoyida o‘lkaning rus aholisi ham to‘laqonli vakillar bilan ishtirok etishini kafolatlagan edi[13]. Ammo jadal odimlab borayotgan milliy uyg‘onish tufayli «Turkiston musulmonlari» jamoati, O‘rta Osiyo musulmon ziyolilari siyosiy tasavvurida, osongina o‘zbek millatiga aylandi va bu haqida 1920-yillarda dadil so‘z yuritila boshlandi.

Rus etnograf olimlari va statistika mutaxassislari mahalliy aholining milliy o‘zligi borasidagi jumboqni baribir yecha olishmadi va O‘rta Osiyo milliy turfaligiga oid 1917 yilga qadar ishlab chiqilgan har qanday hujjatlar notugal bo‘lib qolaverdi. Hattoki, milliy-hududiy chegaralash jarayonlari jadal borayotgan o‘sha 1924 yilda ham etnograf olim Vladimir Kun kuyinib mana bularni bitgan edi:

«Turkiston etnografiyasiga doir ixtiyorimizda bo‘lgan talaygina ilmiy adabiyotlarning bari, taassufki, mahalliy aholi turmushining aksar taraflarini yoritib bera olmaydi. Tadqiqotlarning asosiy mo‘ljali bo‘lgan Turkiston aholisining qabilaviy tarkibi va ularning mamlakat bo‘ylab joylashish xaritasi ham yetarlicha o‘rganilmagan»[14].

Eng murakkabi O‘rta Osiyoning o‘troq aholisini tahlil etish ishlari edi, Rossiya hukmronligining 50 yili davomida ham tajriba va tadqiqotlarga asoslangan tasniflashning imkoni bo‘lmadi[15]. O‘zaro chatishib ketgan «sortlar», «turkiy» va «o‘zbeklar» atamalari shu holicha yechilmay qolib ketdi. 1897 yilgi aholini ro‘yxatga olish davomida bu atamalarning barchasi o‘xshash ma’noda hujjatlarda qayd etildi. Kundalik hayotda esa rusiyzabon aholi va amaldorlar Turkistonning tubjoy aholisini «tuzemets» yoki soddaroq qilib «musulmonlar» deb atardi.

Ushbu muammo bilan tanish bo‘lgan dastlabki sho‘ro rahbarlari uning yechimiga jiddiyroq kirishishga harakat qilishdi. Lenin 1920 yilda «O‘zbekiya, Qirg‘iziya (Bu yerda va keyingi o‘rinlarda «Qirg‘iz» va «Qirg‘iziya» atamalari hozirgi Qozog‘iston ma’nosini beradi. Hozirgi Qirg‘iziston esa u vaqtlarda RSFSR tarkibidagi Qoraqirg‘iz muxtor viloyati edi. Tarjimon izohi)  va Turkmeniyaga ajratilgan Turkistonning (etnografik va boshqa) xaritasini tuzish»[16] zarurati haqida fikr bildirgan edi. Ammo inqilob va fuqarolar urushi davri bu kabi etnografik ermaklar uchun bemavrid vaqt edi.

Bu yillarda Turkiston statistika komissiyasi jadal ish olib borar, ammo unda tahlildan ko‘ra ma’lumotlar to‘plashga ko‘proq e’tibor qaratilgan edi. Moskva va Petrograddagi institutlar ham ayni faoliyat bilan mashg‘ul edi. Ittifoqo, etnograf Vladimir Kun respublika Sovnarkomi qo‘llovida Turkiston tubjoy aholisi turmushini o‘rganish bo‘yicha ilmiy komissiya tashkil etishga muvaffaq bo‘ldi. 1921-1922 yil yoz oylarida etnografik safarlar uyushtirildi, ammo mablag‘ taqchilligi va bosmachilar qarshiligi tufayli komissiya ishlari yakunlanmay qolib ketdi[17]. Turkistonda yashayotgan elatlar ro‘yxati va shuningdek, turlicha bahonalar va ma’lumotlar tanqisligiga doir yozg‘irishlardan iborat qog‘ozlar ushbu komissiya ishining birdan-bir natijasi o‘laroq saqlanib qoldi[18]. O‘rta Osiyo xalqlarining etnik tasnifi hududiy chegaralanish jarayoni boshlangan 1924 yilga qadar ham uzuq-yuluq holicha edi. Chegaralarni aniqlash, shu tariqa, tayyor etnografik bilimlarga asoslanmadi, mutaxassislar xulosalariga zig‘ircha e’tibor qaratilmadi. Nafsilambri, ruslar amalga oshirgan etnografik tasniflar Turkiston ziyolilari uchun ham u qadar ahamiyatli emas edi. Inqilobga qadar bo‘lgan hamda Rossiya va Usmonlilar davlatida paydo bo‘lgan turkiychilikka oid mulohazalar jadidlar uchun asosiy manba bo‘lib xizmat qildi. Ayni paytda ular o‘sha mulohaza va qarashlardan Turkiston sharoiti va jadidlar rejalariga muvofiq keladiganlarini alohida tarzda istifoda etishdi.

O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish

O‘rta Osiyoda aholining milliy xususiyatlariga ko‘ra chegaralarni belgilash umumsho‘ro siyosati amalga oshirilar ekan, ushbu jarayonning hosilasi o‘laroq, xaritada yangi O‘zbekiston davlati paydo bo‘ldi. Bu ishlar VKP(b) tashkiliy byurosi 1924 yil yanvarida qabul qilgan qaroridan so‘ng daf’atan boshlanib ketdi:

«Turkistonga safari davomida o‘rt. Rudzutakka Buxoro, (imkon bo‘lsa) Xorazm va Turkistonning mas’ul xodimlari ishtirokida majlis o‘tkazib, Qirg‘iz, O‘zbek va Turkman viloyatlarining milliy prinsiplarga muvofiq chegaralanishi ehtimoli va zarurati borasidagi masalani o‘rganib chiqish vazifasi topshirilsin»[19].

Masala hali taxminiy xususiyatga ega bo‘lishiga qaramasdan, jarayonlar shiddatli tus ola boshladi. Masala har uch respublika kompartiyalari markazqo‘mlarida fevral va mart oylarida muhokama qilindi, aprelda esa ular qabul qilgan qarorlar VKP(b) O‘rta Osiyo byurosiga taqdim etildi va byuroda ishlab chiqilgan rezolyutsiya loyihasi Siyosiy byuroga yuborildi. Muvofiq dekret 1924 yil 4 iyunida qabul qilindi. Yoz davomida hududiy komissiya respublikalar chegaralarini aniqlab chiqdi. O‘z vakolatlarini bekor qilib, yangi respublikalar tashkil etilganini e’lon qilish uchun bu respublikalar ijroiya qo‘mitalari uchrashgan 1924 yil 18 noyabriga qadar asosiy ishlar yakunlab bo‘lingan edi[20].

Ayni shu voqyealardan so‘ng yuzaga chiqqan munozaralar kinoyalarga to‘laligi va mutaxassislar fikrlariga mutlaqo o‘rin berilmaganligi bilan e’tiborni tortadi. Markaziy statistika komissiyasining bir necha qaydlarini istisno etganda, chegaralarni aniqlash jarayonida ekspertlar ishtirok etishmadi. Hududiy komissiya o‘ta shoshqaloqlik bilan ish yuritdi — muhim masalalar bir necha hafta ichidayoq yumaloq-yostiq hal qilinishi oqibatida masalaga aloqador etnografik hisobotlarni o‘rganib chiqishga komissiya a’zolarining vaqti bo‘lmadi. Qarorlar odatda muayyan ma’lumotlar asosida emas, bil’aks e’tirozlar va ana shu e’tirozlarga g‘ayri e’tirozlar asosida ishlab chiqilar edi. Misol uchun, o‘sha vaqtlar RSFSR tarkibida bo‘lgan Qirg‘iz respublikasining Markaziy ijroiya qo‘mitasi Jettisu (Semirechye) va Sirdaryo viloyatlari aholisining 93 foizini qozoqlar tashkil etadi, deb barchaga uqdirishdan qolmadi[21]. 1924 yil avgustida qozoq vakillari hatto Buxoro Xalq Sovet Respublikasida yashayotgan qozoqlar uchun alohida muxtor viloyat tashkil etish masalasini ko‘tarib chiqishdi. BXSRning o‘zbek namoyondasi bo‘lgan Muso Saidjonov Buxoro qozoqlarining soni 30 mingdan oshmasligini ko‘rsatib o‘tsa-da, unga e’tirozan qozoq delegati Narusbayev bu miqdor 360 mingdan yuqori ekanini aytib turib oldi. Munozaralar davomida qozoq aholisining soni u yoqda tursin, bu ikki vakil hatto so‘nggi Buxoro kengashi qurultoyidagi qozoq delegatlari soni bo‘yicha ham bir to‘xtamga kela olishmadi[22]. Avvalgi barcha aholini ro‘yxatga olish natijalari (1897 yilgi umumrossiya tadbiri va 1917 va 1920 yillardagi to‘liq bo‘lmagan qishloq xo‘jalik hisobi) xuddi shu tariqa shubha ostiga olindi, hududiy da’volar esa atigi tomonlar manfaatiga u yoki bu darajada muvofiq keladigan ayrim hujjatlar bilan asoslana boshladi. E’tiborlisi shunda ediki, jarayonning barcha jihatlari mustaqil tarzda mahalliy kadrlar tomonidan ishlab chiqildi, partiya komissiyalari esa chorasiz hollardagina mubohasali nuqtalarni hal qilishda ishtirok etardi. Milliy chegaralanish, shu tariqa, O‘rta Osiyo milliy kadrlari erishgan eng yuqori siyosiy yutuq va mintaqada milliy g‘oya tantanasiga aylandi.

O‘zbek loyihasi Buxoro xalq komissarlari kengashi raisi, Fitratning shogirdi Fayzullo Xo‘jayev tomonidan tayyorlangan edi. Xo‘jayev Sredazbyuro nazarida eng ishonchli odam sifatida ko‘rilardi. Ushbu hujjat dastavvalida shularni o‘qiymiz:

«O‘tmish zamonlarda Temur va uning vorislari davlatida mujassamlashgan o‘zbek xalqi keyingi asrlarda bo‘linishni boshidan kechirdi. Bir davlatda birlashgan xalqning parchalanib ketishi asrlar davomida xo‘jalik yuritish va siyosiy qurilmaning zaiflanishiga olib keldi. Ushbu fojealar silsilasining yakuni o‘laroq, xalqning iqtisodiy parokandaligi, davlat birligining boy berilishi va xonlik, amirlik va chorizm istibdodi ostida uning jismonan barbod bo‘lishi sodir bo‘ldi»[23].

Shunday qilib, Temur davlati aslan o‘zbeklar davlati deb, uning parchalanishi esa o‘zbek millatining iqtisodiy va siyosiy tanazzuli sababi, deb e’tirof qilinadi! Ushbu hujjat davomida o‘zbek xalqining qayta birlashuvi zarurligi sovet qurilishining hayotiy muhim vazifasi deya ta’kidlanadi:

«Ushbu vazifani zudlik bilan hal etishni inkor etish — O‘rta Osiyo xalqlari taraqqiyotiga to‘g‘anoq solib, millatlarni sun’iy tarzda bo‘laklashga qaratilgan hozirgi xatarli vaziyatni saqlab qoladi»[24].

Buxoro hududlari asosida yangi O‘zbekistonni tashkil etish zarurati ko‘rsatib berilgan ushbu loyiha Sredazbyuro tomonidan 1924 yilda tasdiqlandi. Shu tariqa paydo bo‘lgan O‘zbekiston (tarkibidagi Tojikiston ASSR bilan birga) O‘rta Osiyoning barcha o‘troq va chala o‘troq aholisini birlashtirdi va o‘zini Temur ta’sis etgan davlatchilikning bevosita vorisi, deb bildi.

Yangi O‘zbekiston fuqarolari endi o‘zbek bo‘lishga ko‘nikishlari lozim edi. Keyingi yillar mobaynida milliy tarixning bitilishi, madaniy merosning o‘rganilishi va imlo tilining andozaga solinishi jarayonlari umumiy o‘zbeklik tuyg‘ulari qaror topishiga ko‘mak berdi. Bu tuyg‘ular juda kuchli edi, ammo millat barpo bo‘lishi bilan bog‘liq har qaysi loyihada bo‘lganidek, bu hol millat yaratilishining shart-sharoitlari aslida qanday bo‘lganini unutishga olib keldi. Bu jarayonlar aslo oson kechmadi. O‘zbek madaniyatining muayyan jihatlari qanday ko‘rinishga ega bo‘lmog‘i lozimligi borasida eski ziyolilar, mahalliy kommunistlar, partiya rahbariyati va rus olimlari mutlaqo turli qarashlarga ega edi va bu hol, ya’ni o‘zbek madaniyati hamda o‘zbek sovet millati o‘zligini aniqlash masalasi keyingi davrlarda ko‘plab nizolarga sababchi bo‘ldi. Qarashlardagi tafovutlar ma’nosida O‘zbekiston SSSRning boshqa milliy respublikalaridan aslo farq qilmasdi, ammo bu o‘rinda biz yana chig‘atoychilik va Abdurauf Fitratga qaytamiz.

Ikki yarim yil davomida Fitrat BXSR hukumati tarkibida, jumladan, maorif vaziri sifatida mehnat qildi. U butun boshli musiqashunoslik bo‘yicha tadqiqotlar bilan boyitilgan dastur asosida sharqiy musiqa maktabiga asos soldi (xalq kuylarini notalarga ko‘chirib, gramplastinkalarga muhrlash ishlariga rahbarlik uchun Viktor Uspenskiyni jalb qildi). Fitrat Arminiy Vamberi va Vasiliy Bartoldlar qalamiga mansub O‘rta Osiyo tarixiga oid asarlarni o‘zbek tiliga o‘girishda tashabbus ko‘rsatdi. Ammo, Sredazbyuro xodimlari uning faoliyatini haddan ziyod millatchilik deb hisoblashar va shu sabab 1923 yilgi yirik tozalashlar davomida u hukumat tarkibidan chiqariladi. Keyingi ikki yil davomida Moskvada yashagan Fitrat o‘zini butunlay tadqiqot ishlariga bag‘ishladi. 1925 yil so‘ngida O‘zbekistonga qaytgach esa O‘rta Osiyo adabiyoti va musiqasiga doir bir qator yirik asarlarini nashr ettirdi. Boybo‘latovning ashaddiy tanqidlariga uchragan «O‘zbek adabiyoti namunalari» ana shu asarlari qatorida edi. Ilmiy jihatdan puxta ishlangan ushbu risolasida Fitrat o‘zbek mumtoz adabiyotining eng sara kulliyotini yaratdiki, bu asar zamonaviy o‘zbek adabiyoti uchun bir dasturilamal kabi shamoyil kasb etgan edi.

«Bizning o‘lka faqat XVI asrga kelib o‘zbeklar yurti deya atala boshlagan esa-da, O‘rta Osiyoda turkiylar bundan ancha zamonlar ilgari yashay boshlaganlari hech kimga sir emas. Ularning o‘z holicha mustaqil taraqqiy etgan o‘z adabiyotlari bor ediki, o‘zbeklar yuksalishi bilan bu Chig‘atoy adabiyoti deya yuritila boshlangan edi»[25].

Yakubovskiy 1941 yilda bitgan asarida qariyb mana shunday mantiq asosida mulohaza yuritgan, ammo 1929 yili Fitrat ayni mantiq ortidan ayovsiz tanqidlarga nishon bo‘lgan edi.

Mafkuraviy jabha

YUqorida ko‘rib o‘tganimizdek, Boybo‘latov Fitratni mistitsizm, panislomizm, panturkizm va millatchilikda ayblaydi. Bundan tashqari uni, o‘zining tili bilan aytganda, quyidagi masala tashvishga soladi: «Bu o‘rinda beixtiyor savol tug‘iladi, — deydi Boybo‘latov, — ne sababdan aynan Chig‘atoy adabiyoti zamonaviy o‘zbek proletar adabiyotiga asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin?»[26]. Ammo u boshqa bir mantiqli savolni o‘rtaga tashlashni xayoliga ham keltirmaydi: proletariatning o‘zi mavjud bo‘lmagan sharoitda qay yo‘sinda proletar adabiyoti paydo bo‘lishi mumkin? Chindan ham inqilobiy o‘sha davrda o‘zbek proletariatidan hali nishona ham yo‘q edi, axir. 1920-yillarda sovet iqtisodiyoti rivojlanar ekan, O‘rta Osiyo oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa faqat paxta yetishtirish ekani oydinlasha bordi. Sanoat sohasiga yo‘naltirilgan yotirimlar aytishga ham arzimas darajada ekanligi mahalliy ziyolilarning noroziliklariga sabab bo‘lgan edi.

Boybo‘latovning Fitratga hujumlari sadoqati va mafkuraviy sofligiga hamisha shubha bilan qarab kelingan eski ziyolilarga (ya’ni jadidlarga) qarshi partiya 1926 yilda boshlab bergan «mafkuraviy jabha»ning bir qismi bo‘lib, ushbu bosimlar jadidlarni muhim madaniy masalalardagi ishtirokini yo‘qqa chiqarishi va shu bilan partiya tashkilotlari rolini yana ham oshirishi lozim edi. O‘zbekiston Komfirqasining birinchi kotibi va o‘zini so‘lqanot kommunist deb bilgan Akmal Ikromov, albattaki Sredazbyuro ko‘rsatmasi bilan, ushbu jabhaga boshchilik qildi. Keyingi yillarda sho‘rolar muassasalarida shakllangan (ularning ko‘plari Moskvada tahsil olishgan edi) yosh ziyolilarning butun boshli guruhi jadidlarni millatchilik, panislomizm va panturkizmdan tortib aksilinqilobchilik va aksilsho‘ro faoliyati kabi kurakda turmas barcha gunohlarda ayblab, ularga qarshi umumiy kurashga qo‘shildi. Shunday bo‘lsada, Boybo‘latovning o‘zi bu guruhga mansub emasdi. U mahalliy chekistlardan bo‘lib, Fitratni aksilsho‘roviy faoliyatga aloqador, deb bilardi[27]. Fitratga bu ayblovlarga qarshi matbuotda javob qaytarish imkoni berilgan bo‘lsa-da, ammo u va maslakdoshlari ustida qora bulutlar quyuqlashmoqda edi. Matbuotda ularga qarshi malomatlar muttasil chop qilinar, yosh adiblar o‘zlarining «proletar» nasablarini xaspo‘shlasa, chekistlar mafkuraviy soflik muhofazasiga otlanganlarini baralla ma’lum qilishardi. 1930 yilda Narkomprosni (maorif xalq komissarligi) millatchi kayfiyatidagi ziyolilardan tozalash tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Fitrat doxil eng taniqlilarga, qisman Fayzullo Xo‘jayev vasiyligi sabab, hozircha tegishmadi. 1937 yilda esa Xo‘jayevning o‘zi (Akmal Ikromov bilan birga) Komfirqa g‘azabiga duchor bo‘lgach, «eski ziyolilar»ning omonlikka ilinjlari ham bitgan edi. 1937 yilda ularning barchasi hibsga olinib, keyinroq (ko‘plari 1938 yil oktyabr kechalarining birida) otib tashlandi.

Xotima

1941 yili Yakubovskiy quyidagilarni bitgan edi:

«SSSRning boshqa xalqlari bilan birga bahamjihat kommunistik jamiyat qurayotgan zamonaviy o‘zbeklar o‘z asoslarini, kelib chiqish o‘zaklarini bilmaydigan xalq emasdir… Ushbu xalq O‘zbekiston hududlarida kechgan o‘zining olis va davomli taraqqiyot tarixiga egadir. Bu xalq adabiyoti va tiliga doir tadqiqotlar ham Xo‘ja Ahmad Yassaviydan debocha olib, Lutfiy va Alisher Navoiy orqali hozirgi zamon o‘zbek adabiy tili holatiga tomon bo‘lgan uzluksiz taraqqiyot silsilasini namoyon etadi»[28].

Garchand Yakubovskiy ilmiy va «etnogenetik» asoslarga tayanib ayni shu xulosalarga kelgan bo‘lsa-da, Fitrat ularni to‘la-to‘kis quvvatlagan bo‘lardi. Taassufki, bu vaqtda ushbu ulug‘  jadid, uch yildirki, allaqayerdadir noma’lum qabrda yotar edi. Oradan ko‘p o‘tmay, 1940-yillardayoq sovet o‘zbeklarining o‘zligiga doir rasmiy nazariya maqomini olgan g‘oyalar uchun, Fitrat va uning maslakdoshlari shu tariqa o‘z jonlari bilan tovon to‘ladilar.

Adib Xolid, tarixchi

 

1) Yakubovskiy A.Yu. K voprosu ob etnogeneze uzbekskogo naroda. Tashkent, 1941. S. 1, 12, 13.

2) Baybulatov Dj. Uzbekskaya literatura i chagataizm // Za partiyu. 1929. № 3–4. S. 99–111.

3) Turkiylik yuksalishiga doir, shuningdek, Rossiya va Usmonlilar davlati ziyolilari o‘rtasidagi g‘oyaviy hamkorlik borasidagi mufassal tahliliy asarlar haligacha mavjud emas. Bu boradagi yagona asar 1929 yilga oiddir: Akçuraoğlu Y. Türkçülük // Türk Yılı. Ankara, 1928. S. 288–459. Oriyentalizm va turkologiya sohasida XIX asrda erishilgan kashfiyotlar muhimligi borasida: Gökalp Z. Türkçülüğün esasları. Istanbul, 1923. S. 5–10.

4) Chig‘atoy gurungi // Ishtirokiyun. 1919. 4 fevral.

5) Imlo islohotiga bag‘ishlangan anjumanda Fitrat so‘zlagan nutqqa qaralsin: 1921 yil yanvarida bo‘lgan birinchi o‘lka o‘zbek til va imlo qurultoyining chiqorgan qarorlari. Tashkent, 1922. S. 35–40.

6) Ushbu she’riyatning eng yaxshi namunalari «Chig‘atoy gurungi» nashr etgan to‘plamga kiritilgan: Yosh o‘zbek shoirlari [Molodыye uzbekskiye poetы]. Tashkent, 1922.

7) Kun V. Izucheniye etnograficheskogo sostava Turkestana // Novыy Vostok. 1924. № 6. S. 351.

8) Suxareva O.A. Buxara XIX – nachala XX v.: pozdnefeodalnыy gorod i yego naseleniye. M., 1966. S. 129–139.

9) Karmыsheva B.X. Ocherki etnicheskoy istorii yujnыx rayonov Tadjikistana i Uzbekistana. M., 1976. S. 76.

10) Podrobneye ob etix voprosax sm.: Khalid A. The Politics of Muslim Cultural Reform: Jadidism in Central Asia. Berkeley, 1998. P. 184–215.

11) Turkistonda 1917 yilda kechgan siyosiy voqyealar mana bu asarda tahlil etilgan: Xalid A. Turkestan v 1917–1922 godax: borba za vlast na okraine Rossii // Tragediya velikoy derjavы: natsionalnыy vopros i raspad Sovetskogo Soyuza. M., 2005. S. 189–226.

12) Yakubovskiy A.Yu. Ukaz. soch. S. 1.

13) Agzamxodjayev S. Istoriya Turkestanskoy avtonomii (Turkiston muxtoriyati). Tashkent, 2006.

14) Kun V. Ukaz. soch. S. 350.

15) Abashin S.N. Natsionalizmы v Sredney Azii: v poiskax identichnosti. SPb., 2007.

16) Lenin V.I. Zamechaniya na proyekte resheniya SK o zadachax RKP(b) v Turkestane // Polnoye sobraniye sochineniy. M., 1970. T. 41. S. 435–436.

17) Kun V. Ukaz. soch. S. 351–354.

18) Zarubin I.I. Spisok narodnostey Turkestanskogo kraya. L., 1925. 1922 yilda bitilgan ushbu risola faqat Turkiston bartaraf etilgan 1925 yildagina nashr etildi.

19) Rossiya i Sentralnaya Aziya. 1905–1925 gg. Sbornik dokumentov / Sost. D.A. Amanjolova. Karagandы, 2005. S. 399.

20) Ushbu jarayon mana bu manbada ajoyib tarzda ifoda etilgan: Haugen A. The Establishment of National Republics in Soviet Central Asia. London, 2003.

21) Rossiya Federatsiyasi davlat arxivi. F. 1318. Op. 1. D. 12. L. 144.

22) Rossiya Federatsiyasi ijtimoiy-siyosiy tarix davlat arxivi (RGASPI). F. 62. Op. 2. D. 109. L. 73. Oqibatda Qozoq muxtor viloyati tashkil etilmadi.

23) RGASPI. F. 62. Op. 2. D. 101. L. 1.

24) Tam je. L. 3.

25) Fitrat A. O‘zbek adabiyoti namunalari. Tashkent, 1928. S. XI.

26) Baybulatov Dj. Ukaz. soch. S. 100–101.

27) Turdiyev Sh. Fitrat maxfiy siyosiy kuzatuvda // Milliy tiklanish [Tashkent]. 1996. 17 dekabrya.

28) Yakubovskiy A.Yu. Ukaz. soch. S. 18–19.

Manba

https://shosh.uz/uz/o-zbekiston-millatning-tavallud-topishi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x