Post Views:
197
…Mana shunday og‘ir va mashaqqatli damlarda uylanish navbati Usmonbek (Subutoy)ka keldi. Serfarzand Dolimbek eski udumga amal qilib, ancha ilgari – 1910 yili uzoq vaqt farzand ko‘rmagan ukasi Komilbekka o‘g‘li 3 – 4 yoshli Usmonbekni farzandlikka topshiradi. Bu tadbirda otalari Muhammadaminbek farmonbardor bo‘ldi. Bu voqyeadan ikki-uch yil o‘tgach, Komilbek dastlab qiz farzand ko‘radi va Kimyoxon ismini qo‘yadilar. Akasidan xursand bo‘lgan Komilbek qizi Kimyoxon omon-eson katta bo‘lsa, Usmonbekni kuyov qilajagini aytadi va aka-uka Dolimbek va Komilbek quda bo‘lishga ahdu paymon qilishadi. Yillar o‘tib, farzandlar muhabbat yoshiga yetadilar. Komilbek: “Akamning bolalari ko‘p, katta oila, buning ustiga zo‘r-bazo‘r oila tebratadi. Bitta-yu bitta qizim qiynalib qoladi”, – degan andisha bilan so‘zidan qaytadi. Bu ishda ayniqsa xotinlari Karomat buvi katta faoliyat ko‘rsatadi. Dolimbek: “Shu yerda ham o‘gayligini qildi,” deb undan qattiq ranjiydi.
Muhammadaminbekning ikkinchi xotini Umribuvidan tug‘ilgan qizi – Dolimbekning o‘gay singlisi (otasi bir, onasi boshqa) Tojixon nihoyatda tadbirkor, o‘z so‘zini aka-ukalariga, hatto Dolimbekka ham o‘tkaza oladigan, shaddot, ishbilarmon, uzoqni ko‘ra oladigan ayollardan bo‘lib, otasining hamma kelinlari ham uning izmidan chiqa olishmas edi. Ayniqsa, oilaviy masalalar uning maslahati va faol ishtirokisiz o‘tmas edi. Shunday vaziyatda Tojixon akasi Dolimbekka:
– Aka, shunga ham xafa bo‘lasizmi, Komilbek akam Usmonga qizi Kimyoni bermasa bermasin, Karimbekning qizi Rojiani kelin qiling, Kimyodan ham esli-xushli, chiroyli, yoshi ham baravar, – deydi.
– Ey Tojixon, qo‘ysang-chi, bu dimog‘dor akang qizini bermadi, ukasi Karim berarmidi?! Yana ikkinchi marta bo‘ynimni egishga majbur qilma. Xudo xohlasa mening ham farzandlarim ko‘chada qolmas, – deydi Dolimbek o‘kinch bilan.
– Aka, men sizning yuzingizni yerga qaratmayman. Ishoning, bu ishning boshidan oxirigacha tepasida o‘zim turaman. Karim, albatta, rozi bo‘ladi, – deb, butun ishni o‘z qo‘liga oladi va qamoqdagi ukasi Karimbekka voqyealarni batafsil yozib, xat kiritadi.
Karimbek xatni olib, uzoq o‘ylaydi: “zamon og‘ir, o‘zimning ahvolim nima kechadi – faqat Xudo biladi. Ikki yosh o‘g‘lim Munavvarbek va Arslonbek bir amallab kunini topib ketar, birovning hasmi bo‘lmish qizlarimning ahvoli nima bo‘ladi? Rojiadan keyingi qizlarim Robia va Iffat ham erta-indin voyaga yetib qoladi. Juda bo‘lmasa, Rojiani akam panohiga topshirsam, norasidalarimga ham otalik qilar. Qolaversa, Usmonbek ham aqlli-xushli, o‘qimishli yigit bo‘ldi”, degan xayollar bilan xat orqali roziligini bildiradi. Shu kunlarda uylariga sho‘ro odamlari kelib, mol-mulklarini musodara qilishlari xavfi juda katta edi. Shuning uchun bu voqyeaning ertasi kuniyoq kelinning sepini akasining uyiga tashib chiqa boshlaydilar.
Shunday qilib, to‘y harakatlari ham boshlanib ketdi. Dolimbek ancha boy ukasining qizi Rojianing ko‘ngli o‘ksimaydigan chiroyli to‘y qilishga qaror qildi. To‘y kuni belgilangach, Qo‘qon, uzoq Koshg‘ar va G‘ulja safarlarida birga bo‘lgan, yaqin do‘st tutungan To‘ychi Hofizni ham xizmatga, ham do‘st sifatida taklif qilgani uyiga bordi. Salom-alikdan keyin bir piyola choy ustida To‘ychi Hofiz so‘rab qoldi:
– Dolimbek, qaysi o‘g‘lingizni uylantiryapsiz?
– Usmonni, – deb javob berdi Dolimbek.
– Ha, Usmonbekni yaxshi bilaman, ajoyib ovozi bor, dutorni ham juda yaxshi chaladi. Mening 60 yillik tavallud kunimda ajoyib qo‘shiq aytib, dutor chalganidan hamma katta-yu kichik, hatto mashhur san’atkorlar ham hayratga tushgan edilar. Xudo xohlasa, u yaxshi san’atkor bo‘ladi. Darvoqye, kim bilan quda bo‘lyapsiz?
– Ukam Karimbek bilan.
– Juda yaxshi bo‘libdi-da, ukalaringiz Komilbek va Karimbeklar – shahrimizning eng e’tiborli, xalq uchun kuyib-yonadigan kishilari.
– Hozir ikkovi ham qamoqda, usta.
– Eshitdim, bek, shoir Abdulladan (Abdulla Avloniy bo‘lsa kerak – U.D.) eshitdim. Alloh ularni o‘z panohida saqlasin. Shunday vaziyatda ukangizning qizini kelinlikka olib, juda yaxshi ish qilibsiz, Karimbekning ham yukini ancha yengillatibsiz. Xudo xohlasa, albatta boraman, bek, – deb xayrlashdilar.
Adam va oyimning aytishlariga qaraganda, to‘y ko‘ngildagidek juda chiroyli o‘tadi. To‘ychi Hofiz va sozandalarning orombaxsh kuy-qo‘shiqlari to‘yga o‘zgacha fayz, tarovat bag‘ishlaydi, ustoz san’atkor to‘yana sifatida mashhur Usta Usmon yasagan juda chiroyli dutor sovg‘a qiladi: dutor pardalari ichiga “Usta Usmon” deb naqsh bilan bitilgan. Hozir bu dutor Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti dotsenti Kenjabek Dolimov uyida saqlanadi.
Shu tariqa, Tojixon ammaning oqilona tadbirlari tufayli oyim Rojiabonu Usmonbekka turmushga chiqdilar, Dolimbek unga ham otalarcha g‘amxo‘rlik qildi, aks holda u ham singillari Robia va Iffat kabi baxtsiz bo‘lishi haqiqatdan uzoq emas edi.
Har qanday og‘ir, fojiali sharoitlarda ham hayot to‘xtab qolmas, inson yashash uchun kurashar ekan. 1935 yili Dolimbek qizi Manzura, katta kelini Adolat va nabiralarining yillik ta’ziya marosimlarini o‘tkazib, Nu’monbekni Isamuhammadning qizi Inobatxonga uylantiradi.
Dolimbek otam va Marziya buvim 1936 yili “Turon” kutubxonasida ishlayotgan oltinchi farzandi Akbarbekni Tojixon ismli qizga uylantirishadi. Ular 1937 yilda To‘xtabek va 1939 yilda Chingizbek ismli o‘g‘illar ko‘rishadi. Bu oila ham otam Dolimbekning kichkina hovlisida istiqomat qiladi.
1939 yili Dolimbek otam va Marziya buvim qizlari Muazzamni Muslim zargarning o‘g‘li Qayumjon Muslimovga uzatadilar. Qayumjon psixologiya o‘qituvchisi bo‘lib, pedagogika texnikumida dars berar edi. Qayumjon va Muazzam 1940 yili o‘g‘il ko‘radilar, unga buvasi Muslim zargar Paromuz deb ism qo‘yadi. Qayumjon Ikkinchi jahon urushining dastlabki oylaridayoq Vatan himoyasiga ketadi va bir yil o‘tgach, qattiq yarador bo‘lib qaytadi. Toshkentda u operatsiya qildiradi, ammo jarrohlik stolidan omon chiqmaydi. 1944 yilda Muazzam ammam o‘g‘illari Paromuz bilan biz yashaydigan ota hovlisiga qaytib keladi. Biz Paromuz bilan Sag‘bondagi – eski qabriston orqasidagi 11-maktabda o‘n yil birga o‘qiganmiz, o‘sha yillarda maktab bo‘yicha o‘qishda uning oldiga tushadigan, maktab jamoat ishlarida faol qatnasha oladigan o‘quvchi yo‘q edi, maktab, tuman, shahar va hatto respublika olimpiada va konferensiyalarida faol ishtirok etar, dasta-dasta mukofot kitoblar bilan taqdirlanar edi. 1957 yili maktabni oltin medal bilan bitirib, ToshMIning davolash fakultetiga o‘qishga kirdi. U institutda ham juda yaxshi o‘qidi – Lenin stipendiati (sobiq sho‘ro davridagi eng katta stipendiya oluvchi a’lochi-talaba) bo‘lib o‘qidi va institutni imtiyozli diplom bilan tugatdi. U o‘qish davomida Beshog‘ochdagi kushxonada medbrat sifatida kechalari navbatchilik qildi, beva onasiga ro‘zg‘or ishlarida yordam berdi. 1963 – 1967 yillarda Sirdaryo viloyatining Guliston tumani shifoxonasida, keyinroq Viloyat shifoxonasida jarroh bo‘lib xizmat qildi. 1968 yili O‘zbekiston sil kasalliklari va uni davolash ilmiy-tadqiqot instituti aspiranturasiga katta tanlovdan muvaffaqiyat bilan o‘tdi. 1972 yili akademik Shokir Alimovich Alimov rahbarligida sil kasalini jarrohlik yo‘li bilan davolash bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini katta muvaffaqiyat bilan himoya qildi va o‘zi ham katta jarroh bo‘lib yetishdi, eng murakkab operatsiyalarni mustaqil amalga oshirish darajasiga yetdi. Afsuski, bundan keyin u ilmiy ishni davom ettirmadi, bo‘lmasa, bu sohadagi izlanishlarini davom ettirishda katta ilmiy imkoniyatga, iqtidorga ega edi, yetakchi olimlarning ham e’tiborini qozongan edi. Toshkent davlat pediatriya institutining xirurgiya kafedrasida shu kunga qadar dotsent lavozimida ishlab keldi, hozir nafaqada. Paromuz va xotini Klara – Xondamir, Nigora, Sanjar va Jamshid ismli to‘rt farzandning ota-onalari. Ular hammasi oliy ma’lumotli.
Muazzam ammam davrimizning ulug‘ shoiri Abdulla Oripov yozganidek:
Sevgidan yetimu umrdan yarim,
Qaqragan ko‘ksida yolg‘iz belanchak.
Abadiy firoqni, hayhot, do‘stlarim,
Abadiy visol deb bildi kelinchak, –
yolg‘iz o‘g‘illari Paromuzga butun umrlarini baxshida etdilar. Muazzam ammam 1999 yili 82 yoshlarida vafot etdilar va vasiyatlariga binoan ular Sag‘bon qabristoniga – onalari Marziya buvim va eng katta opalari Manzura ammam yoniga dafn etilganlar.
Shu tariqa, Ikkinchi jahon urushi ham Dolimbek oilasi boshiga katta falokat va fojia toshlarini yog‘dirib, qilichini qayrab kirib kelgan edi. Dolimbek otam va Marziya buvim Toshkent tibbiyot institutini yangi bitirgan ikki o‘g‘li Ziyodbek va Sultonbekka xalq, Vatan himoyasi uchun oq fotiha berishdi. Xuddi shu 1941 yili noyabr oyida sovet hukumati 32 yoshli Akbarbek Dolimovni millatchi, xalq dushmani kabi ayblovlar bilan qamoqqa oladi. Ikkala o‘g‘il – Ziyodbek va Sultonbek urushning dastlabki kunlaridan boshlab, yapon militarizmiga qarshi kurashda ham faol qatnashdilar.
Ikkinchi jahon urushi xalqimizning buyuk g‘alabasi bilan tugadi. Omon-eson qolganlar, hatto mayib-majruhlar ham ona-Vataniga qaytmoqda, qurbonlarning oilalari abadiy bitmas-tugamas dard-iztirobda, yana ba’zilarning qaytishini esa har kun, har soat sabrsizlik bilan kutadilar. Ziyodbek va Sultonbek ham ota-ona quchog‘iga sog‘-salomat, yorug‘ yuz bilan qaytishdi. SHo‘ro hukumatining qatag‘onlari jahon urushidan ham o‘z xalqi uchun dahshatliroq ekanki, Akbarbek Dolimov qaytmadi. Akbarbek Dolimovning fojiali qismatiga maxsus bobda to‘xtalamiz.
1947 yil. Qahraton qishning ayozli kechasi. Marziya buvim charaqlab turgan yulduzlarga qarab: “Yulduzlar! Jigargo‘sham Akbarga salom aytinglar! Men undan mingdan-ming roziman!” deya Allohga iltijo qilib, hayot bilan vidolashganlari hamon ko‘z oldimda. Bundan keyin yana qancha o‘n yilliklar o‘tib ketdi, lekin Akbarbek Dolimovdan darak bo‘lmadi. O‘n to‘rt farzandni dunyoga keltirib, ularni tarbiyalagan, Vatan va Xalq xizmatiga topshirgan Marziya buvim farzandi Akbarbekning o‘lik yoki tirikligini ham bilmay farzand dog‘ida hayot bilan vidolashdilar. Rahmatli qadrdonimiz, akamiz To‘rabek Dolimov quyidagi so‘zlarni aytganda, ming bora haq edi: “Hyech bir o‘zbek oilasi Dolimovlarchalik sho‘rolarning ming xil fojiasini, qabohatlarini o‘z boshidan kechirgan emas. Jahon tarixida hech bir hukumat o‘z fuqarolariga bunchalar dahshatli, uzluksiz qatag‘onlarni yog‘dirgan emas. Buni hech qachon unutib bo‘lmaydi”.
Vafotlari oldidan Marziya buvim qizlari Muazzam ammamga shunday vasiyat qilgan ekanlar: “Dunyoga kelib hech bir ro‘shinolik ko‘rmagan g‘arib qizim Manzuraoy va bokira, norasida nabiralarim bag‘riga dafn etinglar. Chunki ularning bir umr baxtsiz bo‘lishi va hayotining fojia bilan tugashida mening va otasining ham ayblari bordir. Alloh o‘zi kechirsin”. Vasiyatlariga binoan buvim butun ajdodlari dafn etilgan Zayniddin buva yoki Chig‘atoy qabristoniga emas, Sag‘bon qabristoniga – qizlari Manzura va to‘rt nabiralari yoniga dafn etilganlar. 1975 yili to‘rt aka-uka onalari Marziya buvim, opalari Manzura ammam va uning to‘rt farzandiga bag‘ishlab marmar lavha o‘rnatishdi.
O‘sha 1947 yili Marziya buvimning qabrlari so‘vimasdan Dolimbek oilasi boshiga yanada katta falokat tushadi. Dolimbekning endi 20 yoshga kirgan nihoyatda ko‘hli kenja qizi Mahbubani o‘ldirib ketishadi, lekin uning tirigi ham, o‘ligi ham topilmaydi. Opododam Nu’monbek boshchiligida to‘rtala aka-uka har qancha harakat qilishmasin, eng e’tiborli davlat va partiya tashkilotlariga murojaat qilishmasin, jinoyatchilar topilmaydi. SHo‘ro hukumati va partiya organlari bu jinoiy ishni, haqiqatni aniqlash yo‘lidan emas, aksincha, yashirish, bosdi-bosdi qilish yo‘lidan boradi. Natijada, bu fojeiy ish Dolimovlar oilasi uchun sirligicha qolib ketdi. Shu tariqa, Dolimovlar oilasi sho‘ro hukumatining ibtidosidan to intihosiga qadar rohatini emas, fojealarini, adolatini emas, qabohatini, chuchugini emas, zahrini ko‘p tatib ko‘rdi, hammavaqt sovet hukumatining qora ro‘yxatida turdi. Ular har qancha ilm-ma’rifatli bo‘lishmasin, fanda ulkan muvaffaqiyatlarga erishishmasin, jafokash o‘zbek xalqining hurmat-e’tiborini qozonishmasin, 75 yilik sho‘rolar davrida ro‘shnolik ko‘rishmadi, uning ta’qibi ostida yashashga majbur bo‘ldilar. Haqiqatan ham sho‘ro hukumatining mustamlakachilik siyosati chor Rusiyasining mustamlakachilik siyosatidan yuz chandon dahshatli, fojiali edi. Chunki sho‘ro hukumatida bolshevistik totalitarizm bilan mustamlakachilik siyosati birlashib ketgan edi.
Bolsheviklar tomonidan qo‘yni puch yong‘oqqa to‘ldirilgan mahallalar yo‘qsillari “zamon-zamon bizning zamon” deb yuraverdilar: na biror o‘qishning va na biror hunarning boshini ushladilar. O‘n besh-yigirma yil o‘tgach, o‘sha-o‘sha “boy xo‘janing tayog‘i” bo‘lib qolaverdilar.
Davomi bor…
Ulug‘bek Dolimov
«Ahli irfon»
Toshkent, «Akademnashr», 2015
https://shosh.uz/uz/sulola-dolimovlar-shajarasi-to-ylar-va-yo-qotishlar/