Post Views:
445
Davomi. 1-qismni o‘qish
Sharqiy Turkistondan tashvishli xabar…
Xon Sulton Sayidxon Toshkent o‘rdasiga kelib o‘rnashdi. Uning oldiga Muhammad Yoqubbek ham kelib, salomga kirdi. Amir lashkar Alimqulga bu paytda Sharqiy Turkistonning Qashqar shahridan xat-xabar kelgan bo‘lib, uni bu masala ko‘p o‘ylantirib qo‘ygan. Sarkarda Qashqar va uning atrofi, u yerda bo‘layotgan voqealarga ko‘pdan e’tibor berib yurgan edi. Chunki, Sharqiy Turkistondagi manchjurlar hokimiyatiga qarshi kurash jarayoni keskinlashayotgan vaqtlar edi. Muhammad A’lamning «Tarixi Xo‘ton» asarida «Abdurahmon Xo‘tonni olgach, o‘z ukasi Ibrohimni Andijon va Qo‘qonga yuborgan. U bilan birga 4 musulmon, 20 ta otliq kishi, 7 ta otga yuklangan sovg‘a-salom va 70 yombu ham yuborgan. Ibrohim olib kelgan maktubda «Biz shaharni oldik va islom ozod etildi. Biz sizni hukmdorimiz deb bilamiz. Agarda dushman bizga hujum qilib qolgudek bo‘lsa, sizdan madad tilurmiz», deb bitilgan edi»,deb yozgan (Muhammad A’lam. Tarixi Xo‘ton // Fransiya Milliy kutubxonasi. № M 3348-8. – 20b varaq). U o‘z shig‘ovuli va Sharqiy Turkistonga elchi bo‘lib borib yurgan Muhammad Toyibdan, Sharqiy Turkiston haqida ko‘p narsalar so‘raydi. Bu haqda Muhammad Yunus Toyib shunday deydi: «Janobi Amirlashkar Qashqar va uni tavobati ta’rifini va fuqarolari farmonbardor va jannati betakallufligini ko‘p eshitgan sababli, qilinadigan necha karrot ul viloyat avzoi va atvorini so‘rab, uni qo‘lga kirgizmoq va tasarruf qilmoq tavqi ko‘ngullariga tushgan va istilo topgan edi». Bu fikr bilan Alimquli uch kungacha hech kimni qabuliga kirgizmadi. Faqat shig‘ovulgina xabar olib turgan, xolos. Uchinchi kuni u Muhammad Yoqubbekni so‘radi. Muhammad Yoqubbek yetib kelgach, yuqoridagi xat yuzasidan uzoq fikrlashadi. Shundan so‘ng, uch kun o‘tgach, O‘rdaning barcha amaldorlari, harbiylar va beklarini yig‘ib, katta majlis o‘tkazadi. Qashqardan xat kelganini, bu xatda sharqiy turkistonlik xojalardan bo‘lmish Jahongirxo‘ja o‘g‘li Buzrukxo‘jani va unga qo‘shib bir qancha askar so‘rab, murojaat qilganini aytadi. Ushbu murojaatga qanday javob berish kerakligi haqida o‘rtaga maslahat soladi. Bu haqda yana Muhammad shig‘ovul shunday yozadi: «Bu mashvaratdan oxirlari bu ma’no qaror topdiki, Jahongirxon to‘ra o‘g‘li Buzrukxon to‘rani hozir qilib dedilarki: «Sizni Qashqarga to‘ra va xon qildim, ammo yurtdorlik va olmoqu bermoq va urmoq, o‘ldirmoq va azlu kasb va munga o‘xshash ishlar tamoman Yoqubbek Badavlat ixtiyorida bo‘ladur. Anga siz hargiz dahlu taaruz qilmay, xonlik va to‘ralik otiga qanoat aylab, ayshu ishratga mashg‘ul bo‘lib, Badavlat ishoratidan hargiz chiqmaysiz», deb o‘rtaga Qur’oni karimni qo‘yib, qasam ichdirib, ahdu paymon qildirdi»(Muhammad Yunus Toyib Toshkandiy. Tarixi Alimquli amirlashkar. – Toshkent: 2011.) Shundan so‘ng Muhammad Yoqubbek o‘ziga minmoq uchun Muhammad Toyibdan bir ot so‘ragan va Buzrukxo‘jani olib, Qashqarga jo‘nagan.
Shunday qilib, Muhammad Yoqubbekning Qo‘qon xonligidagi hayoti, siyosiy, harbiy va davlat arbobi sifatidagi faoliyati mazkur voqeadan so‘ng tugadi. Bu voqea 1864 yilning dekabr oyida yuz bergan bo‘lib, bu paytda u 44 yoshda edi. Taqdir taqozosi bilan, Muhammad Yoqubbek u yerdan o‘z Vataniga qaytmadi. Ammo Qo‘qon davlatchiligi an’analarini Sharqiy Turkistonda o‘zi tashkil etgan Yettishahar davlatida davom ettirgan.
Muhammad Yoqubbek Sharqiy Turkistonda
Ettishahar davlatining tashkil topishi
Sharqiy Turkistonda kechgan voqealar yurtimiz tarixida qanday o‘rin tutadi?
Hozir Xitoy davlati tarkibida bo‘lib, Shinjon Uyg‘ur avtonom o‘lkasi,deb nomlangan bu yurt, jangovar ajdodlarimiz qatnashgan ulug‘ tarixiy voqealarga guvoh bo‘lgan. Masalan, Sohibqiron bobomiz Amir Temur, salkam ikki asrlik mo‘g‘ul istibdodiga xuddi shu joyda barham berganlar. Abduqahhor Ibrohimovning «Vatan tuyg‘usi» kitobida yozilishicha, Sohibqiron Amir Temur Sharqiy Turkistonni yovlardan ozod etib, Markaziy va g‘arbiy Turkiston bilan birlashtirgan. Keyinroq, Sharqiy Turkistonni 1822–1842 yillarda hukmronlik qilgan Qo‘qon xoni Muhammad Alixon ibn Umarxon o‘ttiz ming kishilik lashkar bilan borib, manchjur bosqinchilari asoratidan qutqaradi. Shu g‘alabasi evaziga Muhammad Alixon «G‘oziy» unvoniga musharraf bo‘lgan. Umuman, Turkiston tarixida bunday unvonni olgan hukmdorlar barmoq bilan sanarlidir. O‘z davrida Vatan tuprog‘ini bosqinchilardan tozalashda favqulodda xizmatlar ko‘rsatgan Mahmud G‘aznaviy, Amir Temur, Sulton Husayn (Boyqaro) va Muhammad Alixon ibn Umarxonlar yuksak «G‘oziy» unvoniga sazovor bo‘lishgan.
Sharqiy Turkiston 1755–1759 yillar Xitoyda hukmron bo‘lgan va tarixda Chin deb atalgan manchjurlar sulolasi (1644–1911) tomonidan bosib olingan. Shu zamonda mazkur mintaqada mavjud bo‘lgan Yorkent xonligi (1475–1759) va Jung‘or xonligi (1636–1759) kabi ikki davlat yo‘q qilingan. Ana shundan keyin mahalliy xalqlar o‘z milliy davlat tuzumini qayta tiklash maqsadida tinmay kurashdilar. Bu kurashlarga esa Yorkent taxtining vorislari bo‘lmish Sharqiy Turkiston xo‘jalari sulolasi boshchilik qilgan.
Qashqarga yuborish uchun Buzrukxo‘jani tanlash tasodifan bo‘lmagan. U oldingi Yorkent xonligi taxtining vorislaridan biri va 1825-1828 yillar Sharqiy Turkistonda manchjurlar hukmronligiga qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘olonning yetakchisi Jahongirxo‘janing yagona tirik qolgan o‘g‘li edi. Buzrukxo‘ja Toshkentdan Qashqarga 1864 yil dekabrda yo‘lga chiqqan. Kuzatuvchilar asosan, Qo‘qon xonligi hududida istiqomat qilayotgan qashqarliklar, turli sabablarga ko‘ra yer-suvidan ajralgan beklardan tashkil topgan bo‘lib, ular ichida Muhammad Yoqubbek va boshqalar ham bor edi.
Buzrukxo‘ja Qashqarga 1865 yil yanvar oyida yetib kelgan. So‘ng oradan ko‘p o‘tmay, xo‘ja Qashqar xonligining xoni, deb e’lon qilingan. Buzrukxo‘ja umrida siyosiy ishlarga va davlat boshqaruviga aralashmaganligi tufayli, Qashqarda tartib o‘rnatib, o‘z hokimiyatini mustahkamlashni qo‘ldan boy bera boshlagan. Muhammad Yoqubbek uchun bunday vaziyat qo‘l kelgan. Tez orada u Qashqar armiyasiga qo‘mondonlik qilish huquqini qo‘lga kiritgan. Muhammad Yoqubbekning harbiy sohada tajribali ekanligi unga nisbatan mahalliy xalqning hurmat-ehtiromi yanada oshishiga sabab bo‘lgan. Chunki, manchjurlar hukmronligi davrida mahalliy xalq vakillari harbiy ishlardan butunlay uzoqlashtirilgan edi.
Harbiy bosh qo‘mondon lavozimiga tayinlangan kunidan boshlab Muhammad Yoqubbek Qashqarda mahalliy xalq vakillaridan zamonaviy qo‘shin tuzishga kirishgan. Oradan bir necha oy o‘tmasdan u tashkil qilgan qo‘shinning soni 13 ming kishiga yetgan. 1865 yil Qashqar va Kuchar xonliklari o‘rtasidagi yuz bergan janglar shuni ko‘rsatadiki, uning qo‘shini son jihatdan bir necha barobar ortiq raqiblar ustidan g‘olib chiqib, o‘zining jangovar ekanligini ko‘rsatgan. Ushbu qo‘shin yordamida Muhammad Yoqubbek Qashqar xonligining doirasini kengaytirishga kirishgan. Eng avval u uzoq vaqt ichida qurshovda yotgan shahar qal’asini manchjurlardan ozod qilgan. 1865 yil aprel oyida Sharqiy Turkistondagi yirik qal’alarning biri bo‘lmish Yangihisor qal’asini egallagan. Mana shularga o‘xshagan qator g‘alabalardan so‘ng Muhammad Yoqubbek Qo‘qonga sovg‘alar bilan elchilar yuborgan. Ammo bu elchilar amirlashkar Alimqulini tirik uchrata olmagan. Zero, shu yilning may oyida Alimquli Toshkent atrofida bo‘lgan rus qo‘shiniga qarshi urushda halok bo‘lgan edi. Toshkent Rossiya imperiyasi qo‘shinlari tomonidan bosib olingach, bu yerdan ko‘plab kishilar Qashqarga Muhammad Yoqubbek huzuriga borgan.
1867 yil yozga qadar bo‘lgan bir yildan ortiq davr ichida Muhammad Yoqubbek bir necha marta harbiy yurish qilib, Kuchor, Yorkent, Qashqar xonliklarini birlashtirgan. Uch xonlik asosida shakllangan davlat Yettishahar davlati deb ataldi. Zero, bu davlat doirasiga Qashqar, Yorkent, Xo‘ton, Oqsuv, Uchturfon, Kuchor, Qorashahar kabi Sharqiy Turkistonning yetti shahri kirgan edi. Shunday qilib, Muhammad Yoqubbek Qashqarga kelgandan keyin 4-5 yil davomida Sharqiy Turkistonning asosiy qismini birlashtirdi, uning iqtisodiy va siyosiy rivojlanishiga sharoit yaratdi.
O‘z davrining atoqli sarkardasi va davlat arbobi Muhammad Yoqubbek tarixi va faoliyati hali o‘z tadqiqotchilarini kutib turibdi. Yurt ozodligi uchun kurashgan va harbiy ish tarixida ulkan iz qoldirgan Muhammad Yoqubbek siymosi hali ko‘p esga olinadi, degan umiddamiz.
Sherali QO‘LDOShEV, tarix fanlari nomzodi.
Baxtiyor HAYDAROV, jurnalist.
https://shosh.uz/uz/muhammad-yoqubbek-xitoydagi-yettishahar-davlatining-pskentlik-hukmdori-2-maqola/