Post Views:
1 481
Robi’ul avval oyi musulmonlar uchun nihoyatda mahbub oydir. Sababi, bu oyda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam tavallud topganlar. U zot Fil yilida Robi’ul avval oyining o‘n ikkinchisi, dushanba kuni (milodiy 570 yil, 20 aprel) tavallud topganlar. Alloh taolo insoniyatni halokatdan, zalolatdan qutqarish uchun, zulmatdan yorug‘likka chiqarish uchun so‘nggi Payg‘ambarni – Muhammad sollallohu alayhi vasallamni yubordi. Bandalariga cheksiz mehribon bo‘lgan Zot – Alloh taolo O‘zining oxirgi Payg‘ambarining ham ummatlariga mehribon bo‘lishini istadi. Shuning uchun ham u zotni O‘zi mukammal va go‘zal suratda tarbiya qildi, odob berdi.
Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari: «Menga Robbim odob berdi, o‘rgatdi, meni tarbiyaladi. Odobimni, tarbiyamni go‘zal qildi», deb aytganlar.
Hammamiz yaxshi bilamizki, Alloh taoloning kalomi bo‘lmish Qur’on tilovatidan va Allohning ismlari zikridan keyingi eng afzal, minglab savoblarni ato etuvchi kalomlar – bu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga aytilgan salavotlar va salomlardir.
Sahobalardan tortib, bugungi kungacha yashab o‘tgan olimu ulamolar, musulmonlarning shon-sharafiga aylangan azizlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak og‘izlaridan chiqqan har bir hadisni, u zotdan taqrir bo‘lgan har bir so‘zni, sunnatni ehtiyotlab, asrlar osha o‘zlaridan keyingi ummatga yetkazish yo‘lida jonlarini fido etdilar. Ularning davomchilari bu boradagi ishlarni hozirgi kunda ham davom ettirmoqdalar. Ana shunday ilmiy omonatlardan biri Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning shaxslarini, hayotlarini o‘rgatadigan siyrat ilmi hisoblanadi. Bu ilm hijratning o‘ninchi yilidan ko‘p o‘tmay, o‘ttiz yillik chahoryorlarning, buyuk va katta sahobalarning xalifalik davridanoq rivojlana boshlagan. Birinchilardan bo‘lib Vahb ibn Munabbih roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hayotlari, siyratlari, u zotning tashqi ko‘rinishlari, shakl-shamoyillari va axloqlarini yoritib beruvchi asar yozgan. Undan keyin Abu Muhammad Abdulmalik ibn Hishom va Muhammad ibn Ishoq al-Matlabiy kabi katta olimlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni xalqqa tanituvchi alohida katta jildli kitoblarni ta’lif qilganlar. Ana shunday fidoyi kishilarning beqiyos xizmatlari tufayli bugungi kunda butun musulmon ummati o‘zining mahbub Payg‘ambarlarini ajoyib tarzda tanish sharafiga muyassar bo‘lgan. Alloh ularning barchalaridan rozi bo‘lsin.
Har yili Robi’ul avval oyida butun musulmon olamida – arab davlatlari, Xuroson, Pokiston, Hindiston musulmonlari orasida o‘z Payg‘ambariga bo‘lgan ahdni yangilash, u zotga salavotlar yo‘llash, ishtiyoqni kuchaytirish, ixlosni oshirish uchun u zotning hayotlari bilan bog‘liq asarlarni o‘qish, siyratlari bilan tanishishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazish odat tusiga kirgan. Bu narsa bizda mavlid o‘qitish deb nom olgan. Hozir mavlid o‘qishning tarixi bilan qisqacha tanishib o‘tamiz.
YUqorida ismlari tilga olingan olimlar siyrat bobida katta-katta kitoblar ta’lif qilganlar. Katta hajmdagi kitoblarni o‘qish, tushunish arablarning o‘zi uchun ham, endigina musulmon bo‘lgan boshqa xalqlar uchun ham qiyinchilik tug‘dirar edi. Ularni o‘qib chiqish uchun insondan vaqt, e’tibor, o‘ziga yarasha zehn talab qilinadi. Bu kabi omillar hamma kishilarda ham birday topilavermasligi hozirgi kunda ham, o‘tgan davrlarda ham tajribada sinalgan narsadir. Shulardan kelib chiqib, katta-katta kitoblarni muxtasar shaklga keltirish ehtiyoji tug‘ildi va ma’lum kishilar tomonidan bu ishlar amalga oshirildi. Lekin aksariyat kishilar tabiatida nasriy janrdagi asarlarni o‘qishdan ko‘ra nazm yo‘lida yozilgan asarlarni o‘qish, yod olishga qiziqish, rag‘bat kuchliroq bo‘ladi. Bu narsa ham asrlar osha tajribada sinalgan narsadir. Shundan kelib chiqib, birinchilardan bo‘lib Iroqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini bayon qiluvchi nazm yo‘lidagi kitoblar ta’lif etila boshladi. Keyinroq bu narsa butun musulmon olamiga tarqaldi. Misol uchun, bizning yurtimizda Toshkent shahrida shomlik (suriyalik) shoir va olim Imom Ja’far Barzanjiyning «Mavlidun Nabiy» nomli kitoblari, viloyatlarda esa ko‘proq Mulla Hilvatiy domlaning eski o‘zbek tilida, turk tilida yozgan «Mavlidun Nabiy» nomli asarlari o‘qib kelinmoqda. Maqsad, qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham, mo‘min-musulmonlarga o‘zlarining mahbub payg‘ambarlari bo‘lmish Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning ibratli hayotlari, tug‘ilgan yillari, kunlari, tug‘ilishlari haqida ma’lumot berish.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning siyratlari xususida so‘z boshlar ekanmiz, eng avval u zotning tug‘ilishlari haqida ma’lumot berib o‘tamiz. U zotning bobolari Quraysh qabilasining ulug‘i Abdulmuttolib bo‘lgan. Abdulmuttolibning to‘qqizinchi erka va suyukli o‘g‘li Abdulloh Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning otalari bo‘lgan.
Abdulloh o‘ta ziyrak, halol, Makkadagi qizlarning havasini keltiradigan darajada nihoyatda kelishgan yigit bo‘lgan. O‘zining sulbidan oxirzamon Payg‘ambari chiqishidan, umuman, Islom dinidan bexabar bo‘lgan Abdulloh barchaning ishonchini qozongan, halol-pok, ajoyib xulq egasi edi.
Abdulmuttolib o‘zi ko‘rgan tushiga binoan Zamzamning o‘rnini kovlayotganda o‘ziga yordam beradigan o‘g‘illari yo‘qligidan o‘ksib, «Agar Alloh taolo menga o‘nta o‘g‘il bersa, ulardan birini Uning yo‘lida qurbonlik qilaman», deb nazr atagan edi. O‘g‘illar ko‘zga ko‘rinib qolganda Abdulmuttolib o‘zi qilgan nazrga vafo qilishni, o‘g‘illaridan birini qurbonlikka so‘yishni iroda qildi. Lekin o‘n o‘g‘ildan qaysi birini so‘yishini bilmay, qiynaldi. Oxiri qur’a tashlab, kimga chek tushsa, o‘shani qurbonlik qilishga qaror qildi. Qur’a tashlangan edi, Abdullohning cheki chiqdi.
Butun Quraysh xalqi Abdullohni yaxshi ko‘rishardi. Otasi uni so‘yishga tayyorlana boshlaganda, qurayshliklar qarshilik qilib:
«Uni zinhor so‘ymaysan. Nazringga amal qilmaslikka uzr axtar. Agar sen bu ishni qilsang, boshqalar ham o‘g‘lini qurbonlikka so‘yishga odatlanadi. Unda odam qolmaydi, axir!» deb turib olishdi.
Bir tomonga Abdulloh, bir tomonga tuyalar qo‘yilib, qur’a tashlanganda har gal qur’a Abdullohga chiqib, tuyalar soni yuztaga yetganda tuyalarga chiqqach, Abdulmuttolib yuzta tuyani so‘yib, elga tarqatdi.
Abdulloh uylanadigan yoshga yetganida, otasi Abdulmuttolib o‘g‘liga munosib kelin izlay boshlaydi va Banu Zuhra qabilasining raisi Vahbning qizi Ominani kelin qilib oladi.
Omina Abdullohga uzoqroq qarindosh edi. Abdullohning akasi Hamzaning onasi Xola edi, Omina esa Xolaning tog‘asining qizi edi.
To‘ydan keyin, ko‘p o‘tmasdan, yangi kuyov tijorat maqsadida, xurmo olib kelish uchun otasining tog‘alari yurti – Yasribga jo‘nab ketadi. Ko‘p o‘tmay, o‘sha yerda vafot etadi. Bu paytda Ominaning homilador bo‘lganiga ko‘p bo‘lmagan edi. Yoshgina kelin homilador holida suyukli eridan ajrab, beva qoladi.
Kunlar ketidan kunlar, oylar ketidan oylar o‘tib, Fil voqyeasidan so‘ng ellik kun o‘tgach, Ominani to‘lg‘oq tutdi. Bu to‘lg‘oq boshqa onalardagi kabi og‘riqli to‘lg‘oq emas edi. Ominaning chaqalog‘ining dunyoga kelishi boshqa chaqaloqlarning dunyoga kelishidan butunlay farq qilardi. Go‘yoki bir nur – go‘dak xuddi sajda qilayotgandek holda yerga tushdi.
Omina go‘dakni olib, qaynotalari Abdulmuttolibga xabar yuboradi. Bu endigina navqiron o‘g‘lidan ajrab, musibatda yurgan otaning ko‘nglini ko‘tarish uchun bir katta tadbir edi. Abdulmuttolib xursand bo‘lib kelib, go‘dakni qo‘liga olib, o‘padi va Ka’baning ichiga olib kiradi. Alloh taologa hamd aytib, nabirasiga Muhammad deya ism qo‘yadi. «Muhammad» so‘zi «Maqtovi tinmay yangilanib turuvchi» degan ma’noni anglatib, bu ism hali arablarda tarqalmagan edi. Shu kundan boshlab Muhammad ismi qiyomatgacha eng mashhur va eng hurmatli ism bo‘lib qoldi.
O‘sha vaqtda arablarda bir odat bo‘lardi. Shaharda tug‘ilgan bolalar sahrolik ayollarga emizdirilar, ularning fikricha, sahroning havosi ham, odamlarining axloqi ham shaharnikidan yaxshi bo‘lgani uchun sahrolik ayollarni emib o‘sgan bolalar sog‘-salomat, o‘tkir zehnli bo‘lib o‘sardi. O‘sha yili qurg‘oqchilik bo‘lib, odamlar qiynalib qolishgan edi. Shuning uchun ayollarning niyati ham boyroq oilalarning farzandini emizib, bir oz daromad topish edi. Shuning uchun otasi yo‘q yetim Muhammad sollallohu alayhi vasallamni emizishga qiziquvchi ayollar topilmadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni emizish baxtiga Sa’d qabilasidan bo‘lgan Xalima ismli ayol musharraf bo‘ldi. Xalimaning ham boyroq oilaning bolasini olish niyati yo‘q emas edi. Lekin u yurmaydigan oqsoq ulovi sababli kech qolib kelgan, hamma boylarning bolalarini dugonalari egallab bo‘lgan edi. Avvaliga Xalima bu chaqaloqni olishni istamadi, lekin boshqa bola topilmagach, shuncha joydan kelib, quruq ketmaslik uchun hali tug‘ilmasdan yetim bo‘lib qolgan Muhammad sollallohu alayhi vasallamni olib ketishga majbur bo‘ldi.
Uyga yetib borguncha, yo‘lda yuz bergan mo‘’jizalar, u zot sollallohu alayhi vasallam bilan bog‘liq keyingi voqyealar tarixdan barchamizga ma’lum. Bolani emizar ekan, bu ayol oxirzamon Payg‘ambariga ko‘krak tutqazayotganini xayoliga ham keltirmas edi. Bu ayol yillar, asrlar osha oxirgi, eng afzal Payg‘ambarning emizgan onasi degan nomga sazovor bo‘lib, musulmonlar tilida Xalimai Sa’diya onamiz deb hurmatlanishini bilmas edi. Lekin u o‘zi emizayotgan bolaning hayotida ajoyib ishlar sodir bo‘layotganini sezardi. Uyiga baraka kirib qolganida, mollari to‘yib, daladan yelini sutga to‘lib qaytadigan bo‘lganida, hatto bir kuni ko‘chada Muhammad bilan qo‘shilib o‘ynayotgan bolalarini uxlatish uchun chaqirib, «Tashqarida yurmanglar, oftob urib ketadi», deganida, qizchasi: «Onajon, biz Muhammad bilan o‘ynasak, bizga oftob urmaydi. Chunki uning ustida doimo bulut soya solib turadi», deganida ayol bu bolaning boshqalarga o‘xshamasligini juda yaxshi sezgan edi…
Bolaning emizish muddati tugaganidan keyin ham Xalima undan ajragisi kelmadi. Muhammad sollallohu alayhi vasallam ikki yoshga to‘lganlarida, u zotni onalari huzuriga olib borib, «Yana bir oz mening oldimda tarbiya topsin», deb iltimos qildi. Omina onamiz bu taklifga rozi bo‘ldilar.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam to‘rt yoshga to‘lganlarida «shaqqussodr» – «ko‘ksini yorish» nomi bilan mashhur voqyea sodir bo‘ldi. Ya’ni farishtalar u zot sollallohu alayhi vasallamning ko‘kraklarini yorib, shaytonning nasibasini olganlari haqida xabar berdilar. Bundan qo‘rqib ketgan Xalima Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Omina onamizga qaytarib olib boradi.
Olti yoshga kirganlarida onalari u zotni Yasrib shahriga Abdulloh ibn Abdulmuttolibning qabrini ziyorat qilish uchun olib boradilar. Makka tomon qaytib kelayotganlarida, al-Avbaa nomli joyga yetganlarida Omina onamiz vafot etadilar. Onasining qornidagi holida otasidan ajragan Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam olti yoshda onalaridan ham ajrab, butkul yetim bo‘lib qoldilar.
Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni mana shunday tarbiya qilayotgan edi. U zot butun olamga, butun ummatga, qiyomatgacha yer yuzida yashab o‘tadigan jamiki insonlarga payg‘ambar edilar. Shuning uchun Alloh taolo u zotni odam bolasi yo‘liqishi mumkin bo‘lgan har qanday hodisa, qiyinchilik, mashaqqat bilan sinab ko‘rayotgan edi. Sinovlar ichida eng katta sinov, mashaqqatlar ichida eng katta mashaqqat yetimlikdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tug‘ilganlaridayoq yetim bo‘lib dunyoga keldilar. Olti yoshga yetganlarida onaizorlaridan ham ayrilib qoldilar. Albatta, bobolari, so‘ngra amakilari u zotni boqib, katta qildilar, mehr ko‘rsatdilar, lekin otaning diydorini ko‘rmaslik, go‘daklik chog‘dayoq onadan ayrilish misli ko‘rilmagan musibatdir. Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni ana shunday sinovlar qurshovida voyaga yetkazdi.
Qiziq… Bu ne hikmat, bu ne sinoat? Buning hikmati quyidagicha edi:
Birinchisi – u zot sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari shafqatli, rahmli bo‘lib, ummatga rahm, mehr-shafqat ko‘rsatsin.
Ikkinchisi – yetimlar uchun sharaf bo‘lsin. Boshqa yetimlar, Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham yetim bo‘lgan ekanlar, deb boshini baland ko‘tarib yursin, ko‘nglini cho‘ktirmasin.
Alloh taolo u zot sollallohu alayhi vasallamni avvaliga cho‘pon qilib qo‘ydi. Makkada ikki yil davomida Quraysh ahlining molu qo‘ylarini tirikchilik maqsadida boqib yurdilar. Nima uchun? Qo‘yga bo‘lgan mehribonlik ta’sirida tarbiya topgan zot Payg‘ambar bo‘lganda butun ummatiga mehribon bo‘lsin. Tarixiy manbalarda aytilishicha, qo‘y boquvchi qo‘ylarning ketidan yuraverib, qo‘ydagi halimlik, yumshoqlik uning xulqiga o‘tib qolarkan».
Xuddi shunday bo‘ldi ham. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ummatlariga o‘ta mehribon zot edilar. Hatto vafot etishlaridan oldin u zotning so‘nggi so‘zlari ummatlari haqida, unga qayg‘urishlari haqida bo‘lganligi hammamizga ma’lum. Alloh taolo mana shunday mehribon zotni Islom ummatiga Payg‘ambar qilib yuborgan ekan, to‘rt narsa – u zotga iymon keltirish, u zotga itoat etish, u zotga muhabbat qilish, u zotdan o‘rnak olish insoniyatga qiyomatgacha vojib bo‘ladi.
Quyida ushbu to‘rt narsaning vojibligiga dalil bo‘ladigan oyatlar va hadislar keltiramiz.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Islom besh narsaga bino qilingandir: «Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh», deb shahodat keltirish, namozni to‘kis ado etish, zakot berish, haj qilish va Ramazon ro‘zasini tutish», dedilar».
Buxoriy, Muslim, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilishgan.
Iymonning beshta ustunining eng birinchi sharti shahodat kalimasi, ya’ni «Alloh taoloning ibodatga sazovor yagona Zot ekanligi va Muhammad sollallohu alayhi vasallam Allohning Payg‘ambari ekanligiga guvohlik beraman», deyishdir. Agar «Ashhadu anna Muhammadur-rasululloh» bo‘lmasa, «La ilaha illalloh» ham qabul qilinmaydi.
Alloh taolo «Hadid» surasida ikki oyatda marhamat qiladi:
«Hadid» «Allohga va Uning Rasuliga iymon keltiringlar…» (7‑oyat)
Boshqa bir oyatda esa:
««Hadid» «»Ey iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar va Uning Rasuliga iymon keltiringlar…» (28-oyat)
Ushbu oyati karimalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga itoat etish vojibligini ko‘rsatadi.
Yana Qur’oni karimda Alloh taolo O‘z Payg‘ambariga qarata aytadi:
Oli Imron «Agar Allohni sevsangiz, bas, menga ergashing, Alloh sizni sevadir va sizlarning gunohlaringizni mag‘firat qiladir. Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir», deb ayt» («Oli Imron» surasi, 31-oyat).
Kim Allohga muhabbati borligini da’vo qilsa, bu da’voning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi haqidagi hukm uning Nabiy alayhissalomga ergashishiga, itoat etishiga qarab chiqariladi. Agar u Nabiy alayhissalomga to‘g‘ri ergashsa, da’vosi to‘g‘ri. Ergashmasa, to‘g‘ri emas. Payg‘ambar alayhissolatu vassalomga ergashish har bir bandaga bitmas-tuganmas baxt-saodat keltiradi.
«Hashr» «…Rasul sizga nimani bersa, o‘shani olinglar va nimadan qaytarsa, o‘shandan qaytinglar. Allohdan qo‘rqinglar. Albatta, Alloh iqobi shiddatli(Zot)dir» («Hashr» surasi, 7-oyat).
Ushbu oyat u zotdan o‘rnak olish musulmonlar uchun vojibligini ko‘rsatadi.
Imom Buxoriy Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda aytiladi:
«Umar roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! Allohga qasamki, siz men uchun o‘zimdan boshqa hammadan ko‘ra mahbubroqsiz», dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘q, ey Umar! Toki meni o‘zingdan ham mahbubroq ko‘rmaguningcha bo‘lmaydi», dedilar.
Umar roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! Allohga qasamki, albatta, siz men uchun hamma narsadan, hatto o‘zimdan ham mahbubsiz», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ana endi bo‘ldi, ey Umar», dedilar».
U zot boshqa bir hadisda aytadilar: «Kim uchun men uning o‘zidan, ota-onasidan, hamma yaqinlaridan ko‘ra yaqinroq bo‘lmagunimcha komil musulmon bo‘la olmaydi».
Bir kuni bir odam: «Hyech tasavvur qila olmayman, qanday qilib Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam biz uchun eng mehribon va yaqin bo‘lgan ota-onamizdan ham suyukliroq bo‘lishi kerak ekan», debdi. U odam bu gapni o‘z tasavvuri va dunyoqarashidan kelib chiqib aytgan edi. U kishining e’tiroziga javob quyidagichadir: Qiyomat kuni hamma o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib qoladi. Yana savobimizdan so‘rab qolmasin, deb ota-ona o‘z farzandidan, farzand o‘z ota-onasidan qochadi. Na aka-uka, na ota-ona, na er-xotin, na oshna-og‘ayni bir-biriga yordam beradi. Hamma o‘zini o‘ylab, ahvoli tang bo‘lib turgan o‘sha Kunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga shafoat qilish huquqi berilar ekan. U zot: «Gunohi kabira qilgan ummutimga mening shafoatim bordir», deganlar.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, yuqorida sanab o‘tilgan to‘rt narsa, ya’ni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga iymon keltirish, itoat etish, muhabbat qilish, u zotdan o‘rnak olish uchun biz yetti narsani – u zotning hayotlarini, siyratlari va sifatlarini, sunnatlari va xulqlarini, xilqatlari va tarjimai hollarini bilishimiz lozim. «Vojibga olib boradigan yo‘l ham vojibdir» degan qoida shu yerda ish beradi. U zot kim bo‘lganlar, qanday yashaganlar, atrofdagilar bilan qanday muomalada bo‘lganlar – bularning barchasini bilganimizdan so‘nggina biz yuqorida zikri kelgan vojib amallarni bajarishga intilamiz.
Siyrat olimlari alohida kitoblar yozib, ularda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini batafsil yoritib berganlar. Vatandoshimiz Imom Termiziy rahmatullohi alayhining qalamiga mansub «Shamoili Muhammadiya» nomli asar bu bobda ta’lif etilgan kitoblar ichida eng mashhuri sanaladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini o‘rganish, bilish, ularga amal qilish har bir musulmonning burchidir. Sunnatni kishilar nihoyatda tor doirada tushunadilar. Holbuki, u nihoyatda keng ma’nolarni, tushunchalarni o‘z ichiga oladi. Shuning uchun ham sunnatga muhaddislar boshqacha, faqihlar boshqacha, usulul fiqh olimlari yana boshqacha ta’rif beradilar.
Muhaddislar istilohida sunnat – Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan asar bo‘lib qolgan gap, ish, taqrir, xalqiy (tana tuzilishi), axloqiy sifatlar va tarjimai holga tegishli ma’lumotlar.
Fuqaholar istilohida sunnat – shariat tomonidan jazm etmagan holda talab qilingan narsa bo‘lib, uni qilgan odam savob oladi, qilmagan odam iqobga qolmaydi.
Usuli fiqh ulamolari istilohida sunnat – Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan, shar’iy hukmga dalil bo‘lishga salohiyati bor har bir gap, amal yoki taqrir.
Biz farz, vojib, sunnat amallarni ajratishda ko‘pincha xatoliklarga yo‘l qo‘yamiz. Shariat qilishni jazm ila, shubhasiz va qat’iy dalil bilan talab qilgan, Qur’oni Karim ila sobit bo‘lgan, ya’ni Alloh taolo buyurgan amallar farz amallardir. Bunday amallarni qilgan odam savobga qoladi, qilmagan odam gunohkor bo‘ladi, inkor qilganlar esa kofir bo‘ladi. Vojib amallarning hukmi ham xuddi shunday.
Sunnat uch xil bo‘ladi: sunnati muakkada, sunnati mashhura, sunnati zoida.
Sunnati muakkada, ya’ni ta’kidlangan sunnat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam domo qilib yurgan, uzrsiz tark qilmagan, tark qilish yomon ko‘rilgan va malomatga sabab bo‘ladigan, bajarish dinning barkamolligidan hisoblangan amallar. Jamoat bilan namoz o‘qish, azon, sunnat namozlar shular jumlasidandir. Bu darajadagi sunnat vojibdan keyingi o‘rinda turadi.
Sunnati mashhura – mashhur sunnat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qilingan rivoyat bo‘lib, adadi mutavotir darajasiga roviylaridan bitta yoki ikkita yetmay qolganidir. Sahobalardan keyingi ikkinchi asrdagi tobe’inlar va uchinchi asrdagi taba’ tobe’inlar adadi mutavotir darajasida, ammo sahobalar ozchilik bo‘lganidir. Dushanba, payshanba kunlari ro‘za tutish shuning misolidir.
Sunnati zoida – yeyish-ichish, yurib-turish, uxlash kabi ishlarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga iqtido qilish. Sunnati zoidaga amal qilish sunnat emas, muboh bo‘ladi. Misol uchun, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdek uxlayman, yurganlaridek yuraman, deyish muboh bo‘ladi. To‘g‘ri, u zot sollallohu alayhi vasallamning yeyish-ichishlarida, uxlashlarida, yurish-turishlarida ba’zi ta’kidlangan joylari bor, ularga amal qilish sunnat, lekin ulardan tashqarisi mubohdir. Ulamolarimiz har yili Robi’ul avval oyida mavlidlarni joriy qilib, har bir musulmon bilishi lozim bo‘lgan ana shunday narsalarni o‘rganish, o‘rgatish ishlarini yo‘lga qo‘yganlar.
Har bir xalq, har bir din, har bir tuzumda o‘z ulug‘larining tug‘ilgan kunlari, oylarini nishonlash an’anasi mavjud. Biz musulmonlar ham rahnamomiz, rahbarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilgan kunlari, oylarini yaxshi bilishimiz, e’tiborli bo‘lishimiz, uni munosib nishonlashimiz lozim. Lekin ming afsuski, bizda mavlid hozirgi kungacha bir oz ixtilofli masalalardan biri bo‘lib kelmoqda. Bu muborak oy har yili tortishuvlar bilan qarshi olinadi: bir tomon mavlid qilishni bid’at deydi, ikkinchi tomon esa uni yoqlab chiqadi. Ikki tomon ham butun kuch-g‘ayratini sarflab, o‘z fikrini oqlashga harakat qiladi. Albatta, mavlidni bid’at deydiganlar ham, uni yoqlaydiganlar ham bu bilan o‘zlarining Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatlari cheksizligini namoyish etishga urinadilar. Lekin aslida bu kabi tortishuvlarga sarflangan kuch-g‘ayratni, vaqtni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni tanishga, u zotni yoshlarga, xalqimizga tanitishga, ayniqsa, yoshlarga ta’lim-tarbiya, odob berish masalalarida u zotning bergan ta’limotlaridan unumli foydalanishga sarf qilsak, to‘g‘ri yo‘l tutgan bo‘lardik.
Bugungi kunda xalqimiz, xususan yoshlarimiz orasida omonatdorlik, halollik, halimlik, saxiylik, umuman, barcha yaxshi sifatlar kun sayin yo‘qolib bormoqda. Bugun dunyo olimlari Makka va Madinada, hatto Haramda yoshlar orasida o‘zidan kattalarga salom berishdek Qur’oni karimda, hadislarda ulug‘langan xislat kamyob narsaga aylanib borayotganidan havotirga tushib, katta-katta ilmiy anjumanlarda shu masalani ko‘tarib chiqishmoqda. Bu narsa yoshlar orasida odobsizlikning, yoshi kattalar orasida esa subutsizlikning paydo bo‘lishiga olib kelmoqda.
Odamlar orasida omonatdorlik degan sifatning yo‘qolib borishi natijasida o‘zaro ishonchsizlik kuchayib, kishilar hech kimga ishonmaydigan bo‘lib bormoqda. Bir odam sherikchilikni iltimos qilib kelsa, aldab, chuv tushirib ketmasmikan, deya cho‘chib turadigan ahvol yuzaga keldi. Bu narsa ham odamlar orasidagi mehr-oqibatni kemirib tugatadigan eng katta illatlardandir. Farzandlarimizga ta’lim-tarbiya berishda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘gitlari, nasihatlarini asosiy qo‘llanma qilib olishimiz, o‘zimiz ham u zotning hayotlaridan o‘rnak olib yashashimiz bu illatlarning davosidir.
Rahmatulloh SAYFUDDINOV
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi
https://shosh.uz/uz/mavlidi-sharif-2/